Zolim podsho bolalar uchun ertak hisoblanadi. O’qing va zavqlaning. Bir bor ekan, bir yo‘q ekan, qadim zamonda bir podsho bor ekan. U shu qadar zolim va johil ekanki, ta’biga kelgan har qanday noma’qul ishni ham qilaverar ekan.
Bir kun podsho jarchi qo‘yib chaqirtiribdi: “Kimki o‘lsa, egasi uni mozorga tomma-tom eltib qo‘ysin. Agar shunday qilmasa boshi o‘limda, moli talonda!”
Podshoning bu amri el-yurtni juda qiynab yuboribdi. Podshodan hamma bezor bo‘libdi. Bir kambag‘al keksa shoir bor ekan, u podshoning huzuriga boribdi. Podsho:
— Ha, nimaga kelding? — deb shoirga o‘dag‘aylabdi. Shunda shoir she’r o‘qib, kambag‘al, beva-bechoralarning xonavayronligini, och-yalang‘ochligini, tortayotgan azob-uqubatlarini tasvirlab, podshoning “O‘likni tomdan olib yurilsin!” degan amri xalqni qiynab qo‘yganligini, bitta o‘likni ko‘mish uchun odamlar besh-o‘n kun sarson bo‘layotganligini aytibdi va she’rining oxirida podshodan:
— Bundan sizga nima foyda? — deb so‘rabdi.
Shoirning bu she’ri podshoni g‘azablantiribdi. “Bu miyasini yegan chol menga nasihatgo‘ylikka kelibdi!” deb darhol shoirni zindonga tashlatibdi va “Oltmish yoshdan oshganlarning boshi kesilsin!” deb ikkinchi farmon chiqaribdi.
Jallodlar uyma-uy yurib, qayerda oltmish yoshdan oshgan odam bo‘lsa, tutib o‘ldiraveribdilar. Oltmishdan oshganlardan ba’zilari turli yo‘llar bilan o‘limdan qochib qutulibdilar.
Bir kun podsho o‘ttiz yoshgacha bo‘lgan lashkarlarini otlanishga amr qilibdi va “O‘ttiz bir yoshga chiqqani bo‘lsa ham qoldirilsin: uning aqli ancha qisqa bo‘ladi”, debdi. Podshoning bir vaziri bor ekan. U podshodan:
— Shohim, nega bunday deysiz? — deb so‘rabdi.
— E, ahmoq, nodon, sen nimani bilasan? — debdi bo‘g‘ilib podsho. — Men tajribamdan o‘tkazganman: o‘ttizdan oshgan odamning aqli past, esi kam bo‘ladi. Og‘ziga nima kelsa, shuni so‘zlayveradi. Unday odamning nima keragi bor! Ikkinchi bu gapni gapirma, og‘zingga qo‘rg‘oshin quydiraman!
Podsho lashkarlari bilan uzoq safarga otlanibdi. Ular yurib-yurib bir tog‘ga yetibdilar. Тog‘ yonida bir katta daryo hayqirib oqar ekan. Podshoga bu yer yoqib qolib, shu yerda qo‘nishga amr qilibdi. Podsho kechasi daryo labida suvni tomosha qilib o‘tirsa, daryo ichidan bir juft gavhar shamchiroq ko‘rinibdi. Podsho lashkarlarning biriga o‘sha gavharni olib chiqishni buyuribdi. U podshoning aytganini qilish uchun daryoga sho‘ng‘ibdi, lekin qaytib chiqmabdi. Podsho ikkinchi kishini chaqirib, daryoga sho‘ng‘ishga buyuribdi. U ham bedarak ketibdi. Qo‘ying-chi, shu kecha yuzga yaqin odam birin-ketin suvga sho‘ng‘ib, birortasi ham qaytib chiqmabdi. So‘ngra lashkarlardan biri:
— Shohim, daryo tagiga yetib bo‘lmaydi. Shuncha sho‘ng‘igan kishilardan birortasi ham chiqmadi. Bekorga o‘lishdan nima foyda? — degan ekan, podsho g‘azablanib:
— E, esi past, daryo tagi chuqur bo‘lsa, gavhar ko‘rinib turarmidi! — deb dahshat qilib, uni o‘limga buyuribdi.
Lashkarlar orasida bir yigit bo‘lib, uning sakson yashar otasi bor ekan. Podsho oltmish yoshdan oshganlarni o‘limga buyurgan vaqtda haligi yigit otasini yashirib qo‘ygan ekan. Cholning shundan boshqa o‘g‘li yo‘q ekan. Yigit podsho bilan safarga chiqib ketayotganda chol yig‘lab bunday debdi:
— Bolam, bugun sen uzoq safarga jo‘nab ketasan. Mening sendan boshqa hech kimim yo‘q. Kelguningcha ahvolim nima kechadi? Podshoga borib ayt, meni o‘ldirsin, sen meni ko‘mib ket. Yo bo‘lmasa bir iloj qilib meni ham olib ket.
Yigit otasining holiga rahmi kelib, bir sandiq yasatib, otasini shu sandiqqa solib, olib ketgan ekan.
Daryoga sho‘ng‘ish navbati shu yigitga kelganda, darrov kelib sandiqni ochib, yig‘lab:
— Ota, mendan rozi bo‘ling, — degan ekan, otasi:
— Nima bo‘ldi, bolam? — deb so‘rabdi.
O‘g‘li voqeani otasiga aytib beribdi.
Chol o‘ylab turib:
— Daryo labida daraxt bormi? — deb so‘rabdi. O‘g‘li:
— Ha, bir tup katta chinor bor, — debdi.
— Bo‘lmasa, — debdi chol, — gavhar o‘sha daraxtda bo‘lsa kerak, iloji bo‘lsa, o‘sha daraxtni bir qarab boq, o‘g‘lim, senga navbat kelsa, yugurib o‘sha daraxtga chiq, agar gavharni topsang uni liрpangga tugib, o‘sha yerdan turib suvga sho‘ng‘i, keyin suvdan chiq! Gavharni podsho qo‘liga shunday qilib opchiqib bermasang, u nodon senga azob beradi.
Yigit otasi bilan rozi-rizolik tilashib, podsho qoshiga kelibdi. Podsho uni ko‘rishi bilan:
— Gavharni olib chiq! — debdi. Yigit to‘ppa-to‘g‘ri daraxt ustiga chiqib ketayotgan ekan, podsho:
— Suvga tush, dedim senga, nega daraxtga chiqasan?! — deb do‘q uribdi. Yigit aytibdi:
— Shohim, men juda qattiq sho‘ng‘iyman. Shuning uchun suvga o‘zimni daraxt tepasidan turib tashlamoqchiman. Gavhar yetti qavat yerning tagida bo‘lsa ham uni albatta olib chiqaman!
Yigit daraxtga chiqishi bilan bir juft gavharning bir qush uyasida yarqirab turganini ko‘ribdi. Uni darrov olib, beliga tugibdi-yu, o‘zini daryoga otibdi, bir sho‘ng‘ib, quruqqa chiqibdi.
Podsho: “Kimki gavharni olmasdan chiqsa, terisini shildiraman, ming xil azob bilan o‘ldiraman!” degan ekan.
Yigit daryodan chiqib, bir juft gavharni podsho oldiga qo‘yibdi.
Podsho yigitni xursand qilish o‘rniga, unga bir xo‘mrayibdi-da:
— Atigi shumi, boshqa yo‘q ekanmi! Agar shuni olib chiqmaganingda kallangni sapchaday uzardim! Bo‘ldi, tur, yo‘qol! — deb yigitni haydab jo‘natibdi.
So‘ngra podsho bu yerdan ko‘chishga buyruq qilibdi. Ko‘chib bir joyga boribdilar. Qarasalar, suv labida juda ko‘p chumoli yurgan emish. Podsho:
— Chumolilar bu yerda nima qiladi? — debdi. Bunga hech kim javob bera olmabdi. Keyin podsho hammani yig‘ib:
— Har kuni ikkita odamdan so‘rayman. Тa’bimga yoqar javob qilsa, xo‘p-xo‘p, bo‘lmasa uni o‘limga buyuraman! — debdi.
Buni eshitgan haligi yigit yana otasi oldiga borib, voqeani so‘zlab beribdi. Chol:
— “Bir kuni tug‘ilmoq, bir kuni o‘lmoq bor” deganlar, o‘g‘lim, — debdi, — sen podshoga borib: “Men javob beraman”, degin. Agar so‘rasa: “Daryoning tagida yog‘liq xumcha bo‘lsa kerak, chumolilar shunga aylanib yuribdi”, degin. Agar “Xumchani olib chiqib ko‘rsatasan”, deb qolsa, xo‘p degin-u, bir daraxt ustiga chiq, qo‘lingga o‘q-yoyni olib, podshoning og‘zini poylab otki, til tortmay o‘lsin. Bitta podsho deb shuncha navqironning bekorga nobud bo‘lishi yaxshi emas.
Yigit otasining oldidan chiqib, podsho yoniga kelib:
— Shohim, bu savolingizga men javob beray, — debdi va otasi o‘rgatgan so‘zlarni aytibdi. Podshoning achchig‘i kelib:
— Chumoli daryoning tagidagi yog‘liq xumchaga aylanishib nima qiladi?! Bu javobing juda bemaza javob! — debdi va jallod chaqirib:
— O‘ldir buni! — deb buyuribdi. Yigit:
— Shohim, men o‘sha xumchani daryodan olib chiqib ko‘rsatsam bo‘ladimi? — deb so‘rasa, podsho:
— Olib chiqib, ko‘rsat! — debdi. Yigit darhol daraxt ustiga chiqibdi.
Podsho: “Bu yigit daryoga o‘zini daraxt ustidan tashlaydi”, deb qarab turibdi. Yigit daraxtga chiqibdi-da, qo‘liga o‘q-yoyni olib, podshoning og‘zini mo‘ljalga olib, o‘q uzibdi. O‘q podshoning og‘zidan kirib, orqasidan chiqibdi. Podsho o‘sha zahotiyoq til tortmay o‘libdi. Hamma undan bezor bo‘lgan ekan. Lashkarlar kelib yigitni quchoqlab “Xo‘p ish qilding”, deb xursand bo‘libdi. Shunda yigit:
— Bu ishni men sakson yashar otamning maslahati bilan qildim. Afsuski, qancha-qancha otalarimizni bu zolim podsho bekorga o‘ldirib yubordi, — debdi-da, otasining nasihatini ularga birma-bir aytib beribdi. Yigitlar cholning bu ajoyib maslahatidan minnatdor bo‘lishib, uni o‘zlariga boshliq qilib ko‘taribdilar. Ular ichida bir shoirnamo odam bor ekan. U haligi cholning bunchalik o‘tkir aqliga qoyil qolib:
— Qari bilganni pari bilmas, — degan ekan. Zolim podsho bolalar uchun ertak sizga yoqqan bo’lsa marahamat boshqasini ham o’qib ko’ring.
Bolajonlar o’rganishlari uchun eng sara she’rlar to’plami :
- 8-mart haqida she’rlar
- Otajonlar haqida ertak
- Do’st va do’stlik haqida she’rlar
- Islomiy diniy she’rlar
- Ayollar haqida she’rlar
Eng sara topishmoqlar to’plamidan ham bahramand bo’ling :
- Turli xil qiziqarli topishmoqlar
- Chol’gu asboblari haqida ertaklar
- Topishmoqlar javoblari bilan
- Uy xo’jalik asboblari haqida sara topishmoqlar
- O’simliklar haqida sara topishmoqlar to’plami