Bosh sahifa » She'rlar to'plami » Alla. alla matni, alla she’ri

Alla. alla matni, alla she’ri

by administrator

Ushbu sahifamizda onajonlar uchun alla qo’shiqlari , alla she’ri va matni keltirilgan.

Alla haqida.

O’zbek allasi – bolla tarbiyasi uchun  bitilgan shoh asar. Bolalarimizning ruhiyatiga, ko‘ngliga imonni, qanday niyatlarni solsak, ularning kamoloti shunga qarab bo‘y ko‘rsatadi. har bir xonadonning o‘ziga yarasha tarbiya yo‘rig‘i bor…

Farzand kelajagi uchun eng muhimi, u tug‘ilgan kezlaridanoq qay yo‘sinda tarbiya bermoqlikdadir. Sut bilan kirgan narsa, jon bilan chiqadi, deyishadi. Alla, avvalo, go‘dakning borlig‘iga ma’naviy ozuqa sifatida singadi. Mana, gap qaerda.

Ma’naviy yorug‘likdan bahramand bo‘lishning ilk daf’asi, bosh bo‘g‘ini alla bilan bog‘liq. Alla eshitmay tarbiya topish, ulg‘ayish tafakkurni ajoyib tamoyillarga chog‘lantirishda kemtiklikni yuzaga keltiradi.

Alla she’ri.

Ko‘rar ko‘zim, alla-yo.
Suyar so‘zim, alla-yo,
Alla, bolam, alla-yo.
Shirin jonim, alla-yo,
Issiq nonim, alla-yo.
Alla, bolam, alla-yo, alla,
Do‘mboqqinam, alla-yo, alla.

Alla.

Osmondagi oyim, alla,
Mening shirin choyim, alla.
Alla, bolam, alla,
Jonim bolam, alla.
Alla, bolam, alla-yo.
Sahar chog‘i bo‘libdi,
Ichim nurga to‘libdi.
Alla, bolam, alla,
Jonim bolam, alla.
Jigarimning porasi, alla.
Ko‘zginamning qorasi, alla.
Alla, bolam, alla,
Jonim bolam, alla.

*
Alla qilsin, bolam-o,
Uyquda orom olsin-o.
Alla, alla, deganda,
Jimgina uxlab qolsin-o.
Alla, bolam, alla,
Ikki ko‘zim, alla.
*
Uxla, qo‘zim, alla-yo,
Shakar so‘zim, alla-yo.
Ukam yigiar, tunda ham
Alla aytadi onam.
Qo‘shiqlari muloyim,
Obbo qilsin, alla-ey,
Uxlab bersin, alla-ey,
Alla, alla, alla-ey.

alla qo'shiqlari matni

* * *
Jon bolam, erkatoyim,
Bulbulginam, alla.
Mehribonginam, alla.
Uxlasin oppoqqinam,
Shunqorginam, alla.
Onajonisi gulbog‘i, alla,
Erkatoyginam, alla.
Otajonisi zo‘r tog‘i, alla,
Yop-yorug‘ oyginam, alla.

*
Kichkinasan, lolasan,
Alla, bolam, alla.
Qachon katta bo‘lasan?
Alla, bolam, alla.
Bog‘ ichida chaman gullar,
Alla, qo‘zim, alla.
Sayraydi shaydo bulbullar,
Alla, qo‘zim, alla.
Tol ichidan tanlab olgan
Tol chavkonim bolam, alla.
Gul ichidan iskab olgan
Gul-u rayhonim bolam, alla.
Alla, bolam, alla,
Jonim bolam, alla.
Ikki ko‘zim, alla,
Shirin so‘zim, alla.

Alla qo’shiqlari matni

Alla aytay tong otguncha,
Uyqu kelmas kun botguncha,
Nuri diydam, alla,
Qo‘zichog‘im, alla.
Alla, alla, alladan-ay,
Kokillari tillodan-ay.
O‘qib kelgan mullodan-ay,
Alla, qo‘zim, alla.
Alla, qo‘zim, ol, qo‘zim,
Olmalari nor qo‘zim.
Anjirlari bol qo‘zim,
Alla, bolam, alla.
Umrimning shirin oni,
Oq bug‘doyning noni.
Hamma yomon ko‘rsayam,
Oyisining joni, Alla-yo, alla.
Qizil gulning joni,
Dilimning mehmoni.
Darding olay o‘zim,
Onasining joni,
Alla-yo, alla.
Sen boshimning bahori,
Sen umrimning nahori.
Sen qalbimning ohori,
Onasining shunqori,
Alla-yo, alla.

* * *
Alla aytib uxlataman,
Alla, qo‘zim, alla.
Qanday seni yupataman,
Alla, bolam, alla.
Kichkinasan, lolasan,
Alla, bolam, alla.
Qachon katta boiasan?
Alla, bolam, alla.
Alla, alla, orastasan,
Alla, qo‘zim, alla.
Gunohi yo‘q norastasan,
Alla, bolam, alla.
Bog‘ ichida chaman gullar,
Alla, qo‘zim, alla.
Sayraydi shaydo bulbullar,
Alla, qo‘zim, alla.
Sendan kelar gulisi,
Alla, bolam, alla.
Ota-onamning birisi,
Alla, qo‘zim, alla.
O‘ymali to‘nlar bo‘yingga,
Alla, qo‘zim, alla.
Qo‘ydan-qo‘chqor to‘yingga,
Alla, bolam, alla.
Senga allalar aytaman,
Alla, qo‘zim, alla.
Soyalaringda yotaman,
Alla, bolam, alla.

* * *
Qarchig‘ay qushning bolasiday,
Daraxt boshi uyasiday.
Daraxt boshin yel olsa,
Shaydullodir onasi-ey.
Alla, bolam, alla.
*
Men seni alla qilay, alla,
Ko‘tarib katta qilay, alla.
Alla ? jonning rohati, alla,
Uyqu ? ko‘zning quvvati, alla.
O‘rik yog‘och ? beshiging, alla,
O‘rgilib ketsin onang, alla.
Tut yog‘ochdan beshiging, alla,
Termulib o‘tsin onang, alla.
Alladan olgin orom, alla,
Ulg‘ayib o‘s subh-u shorn, alla.
Yaxshilik bilan mudom, alla,
Dunyoda tarqatgil nom, alla.
El sevarim, alla,
Bo‘l chevarim, alla!

* * *


Gulim-a, ona gulim,
Bog‘imda bulbulimsan.
Besh inimning ichinda
Yolg‘izgina singlimsan,
Alla-yo, alla.
Otasining serkasi
Uxlab qolsin, alla-yo.
Onasining erkasi
Bo‘lsin inson sarasi,
Alla-yo, alla.

*
Alla mening bir gulim-o,
Gulga qo‘ngan bulbulim-o,
Alla-yo, alla.
Alla aytarman o‘zingga-yo,
Uyqular kelsin ko‘zingga-yo,
Alla-yo, alla.
Alla jonim, otingdan-ey,
Nur yog‘ilsin murtingdan-ey,
Alla-yo, alla.
Alla jonim, orom ol-ey,
Ko‘zing yumib, uxlab qol-ey,
Alla-yo, alla.
Alla seni yalqasin-o,
Panohida saqlasin-o,
Alla-yo, alla.
Qaynoq qonim san mani-ey,
Otam-onam san mani-ey,
Alla-yo, alla.

* * *
Alla, qo‘zim, alla,
Qo‘zichog‘im, alla.
Qo‘zichog‘im qo‘y bo‘lsin-ey, alla,
Qo‘ylar to‘yga buyursin-ey, alla.
Alla, bolam, alla-yo,
Alla, qo‘zim, alla,
Qo‘zichog‘im, alla.
Yo‘rg‘ala, toy, ot mindiray, alla,
Sen bilan ishqim tindiray, alla.
Alla, bolam, alla-yo,
Alla, qo‘zim, alla,
Qo‘zichog‘im, alla.
To‘ylaringga qo‘y so‘yayin, alla,
Qo‘y emas, qo‘chqor so‘yayin, alla,
Alla, bolam, alla-yo….

Bolaginam bolasi.

alla matni

Bolaginam bolasi, alla,
Qantak o‘rik donasi, alla.
Qantdan ham shirin ekan, alla,
Bolaginamning bolasi, alla.

Bog‘da uzumning g‘o‘rasi, alla,
Tog‘da kiyikning bolasi, alla.
Do‘ppisida ukkipari, alla,
Bu kimning nevarasi, alla.

Asaka yo‘li to‘p chinor, alla.
Bolalar otini qamchilar, alla.
«Buvi» degan tilingdan, alla,
Obinovvot tomchilar, alla.

Alla, alla ahdi bor, alla,
Yotadigan taxti bor, alla.
Otasi boru, onasi bor, alla,
Shu bolamning baxti bor, alla.

Oymoma yuzing, alla,
Yulduzlar ko‘zing, alla.
Ota-onang gul bo‘lsa, alla,
G‘unchasi o‘zing, alla.

Tog‘dagi gulim, alla,
Uydagi bulbulim, alla.
Onasi yaprog‘im, alla,
Bolasi yumshog‘im, alla.

Olmalardan beshigi, alla
Olib qo‘ysin otasi, alla.
Behilardan beshigi, alla.
Belab qo‘ysin buvisi, alla.

Allalari yodimda, alla.
Belanchagi yonimda, alla,
Momosi alla aytar, alla,
Nevarasin otindan, alla.

O’rgilayin o’zingdan.

O‘rgilayin o‘zingdan, alla,
Shamchiroqdek ko‘zingdan, alla.
Obinovvot tomchilar, alla,
«Buvi» degan so‘zingdan, alla.

Aylanayin qarog‘im, alla,
Uyda yongan chirog‘im, alla.
Do‘stim ko‘rsa, yarashib, alla,
Dushmanimga yarog‘im, alla.

Qalam-qalam qoshingdan, alla,
Qalandarlar aylansin, alla.
Xumor-xumor ko‘zingdan, alla,
Xumoralar aylansin, alla.

Chimchilab qo‘ygan burningdan, alla,
Chimqo‘rg‘onliklar aylansin, alla.
Angishvonadek og‘zingdan, alla,
Arovonliklar aylansin, alla.

Qo‘lvog‘ingning qatidan, alla,
Qo‘ng‘irot ellari aylansin, alla.
To‘shagingning taxidan, alla,
Turkman ellari aylansin, alla.
Beshigingning bandidan, alla,
Bog‘dod ellari aylansin, alla.

O‘rik yorochdan beshiging, alla,
O‘rgilab ketsin onang, alla.
Tut yogochdan beshiging, alla,
Termulib o‘tsin onang, alla.

Jiydalardan beshigi, alla,
Jirkanmasin opasi, alla.
O‘riklardan beshigi, alla,
O‘ynatadi akasi, alla.

Babalaki bo‘ppisi bor, alla,
Boshchasida do‘ppisi bor, alla.
Kayvoni buvisi bor, alla,
Sarkori buvasi bor, alla.

Alla bolam qo’shig’i.

alla bolam qo'shig'i

Qo‘zim o‘sib qo‘y bo‘lsin, alla,
To‘plaganim to‘y bo‘lsin, alla.
To‘ylar to‘yga ulansin, alla,
Davlat kelib o‘ralsin, alla.

Tog‘lar boshi qormidi, alla,
Beshiklari tormidi, alla.
Uzoq-uzoq joylarda, alla,
Baxshidasi bormidi, alla.

Alla deyman, ***, deyman, alla,
Shu o‘g‘limga to‘y deyman, alla.
To‘ylarini elim yesin, alla,
Duolari bunga tegsin, alla.

Karnay chalib to‘y beray, alla,
Surnay chalib to‘y beray, alla.
O‘g‘iljonm to‘yiga, alla,
Uch-to‘rt qo‘ra qo‘y beray, alla.

Tasma tasadduk, bo‘yiga, alla,
O‘yinchi kelsin to‘yiga, alla.
Yuzlari oppoqqina, alla,
Lablari qaymoqqina, alla.

Xalqador qozon to‘yingga, alla,
Mast bo‘lay o‘zim bo‘yingga, alla.
Charx ursinu aylansin, alla,
Ishvakor jonon tuyingga, alla.

Tomga sepdim sedona, alla,
Terib yesin bedona, alla.
Beda bog‘i uzilsin, alla,
Kuyov bo‘lib suzilsin, alla.

Alla deyman, haq deyman, alla,
Haqdan tilagim ko‘pdir, alla.
Yetkazsa tilagimga, alla,
O‘lsam armonim yo‘qdir, alla.

Islomiy alla matni.

Farzandli uyga yog‘ar rahmat, alla,
Farzandsizlar chekar zahmat, alla.
Qiz  dunyoning zeb-ziynati, alla,
O‘g‘il xonadonning davlati, alla.

Suyansang, so‘rilar bo‘lay, alla,
O‘t yoqsang, mo‘rilar bo‘lay, alla.
Boshingda parvonang bo‘lib, alla,
Uyingda cho‘rilar bo‘lay, alla.

O‘smalar siqay qoshingga, alla,
Do‘ppilar tikay boshingga, alla.
Allalar aytib uxlatay oyimchani, alla,
Beshikka solib tebratay begimchani, alla.

Alla aytay jonim bolam matni.

Alla, alla, oppog‘im, alla,
Gul ichida yaprog‘im, alla.
Kizil gulning butog‘i, alla,
Onang shuning adog‘i, alla.

O‘zing gulzor bog‘imsan, alla,
Suyanishga tog‘imsan, alla.
Qorong‘u kechalarda, alla,
Yondirgan chirog‘imsan, alla.

Sutdan oppoq, guldan islim, alla,
Bu dunyoda yo‘qdir misling, alla.
O‘g‘illarimning sultoni, alla,
Senga tasadduq. shu jonim, alla.
Orzularim oltin toji, alla,
Mening jonim  shuning boji, alla.

Alla, bolam  bozorim, alla,
Diqqat bo‘lsam, yozarim, alla.
Uxla, ko‘zi xumorim, alla,
Orom ol, beozorim, alla.

Oq shohidan ro‘molim, alla,
Oq yuzingni artayin, alla.
Cho‘lpon ko‘zingni yum qo‘zim, alla,
Senga alla aytayin, alla.

Bog‘imdagi gul-g‘uncham, alla,
Uxlab olsin to‘yguncha, alla,

Ko‘k guli yulduzgina, alla,
Oy yorug‘ yolg‘izgina, alla.
Oy  yuzi, yulduz  ko‘zi, alla,
Muncha shirin bu qizgina, alla.

Alla, alla oppog‘im, alla,
Gul ichida yaprog‘im, alla.
Yaproqlari so‘lmagay, alla,
Paymonasi to‘lmagay, alla.

Tavsiya etamiz:Bolalar uchun raqamlar haqida eng qiziqarli she’rlar.

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar