Bosh sahifa » Sherlar » Marhabo Karimova sara she’rlari

Marhabo Karimova sara she’rlari

by nafisa nafisa

Marhabo Karimovaning eng mashhur ma’noli she’rlari.

Marhabo Karimova sara she'rlari

Marhabo Karimova she’rlari.

Marhabo Karimova (26-fevral 1957-yil) – oʻzbekistonlik shoira. Karimova Oʻzbekiston yoshlar uyushmasi aʼzosi, Doʻstlik ordeni sohibasidir. Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Abdulhay Karimovning turmush oʻrtogʻi. Shoiraning shu kungacha 30dan ortiq kitoblari nashr qilingan.

Taqdir.

Tanlab-tanlab, o‘lchab bo‘y,
Orzilab qilinar to‘y,
Qo‘shilar bo‘riga qo‘y,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?

Olovni suvga qo‘shar,
Soddani quvga qo‘shar,
Atay qilganga o‘xshar,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?

Bir badfe’lga bir zebo,
Bir ko‘lmakka bir daryo,
Bir nodonga bir dono,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?

Gul bilan gul bo‘lsa jam,
Bo‘lmas edi ko‘zlar nam,
“Men baxtliman”, degan kam,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?

Sahro bilan bog‘ yashar,
Jarlik bilan tog‘ yashar,
Jinni bilan sog‘ yashar,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?

Chaqqonga bir ilmiliq,
Jiddiyga bir serqiliq,
Yashash kerak sip-silliq,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?

Er yayraydi kuy tinglab,
Xotin o‘tirar esnab,
Qovushmaydi gapga-gap,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?

Bo‘lmagurga bo‘lgulik,
Tavba! Tavba degulik,
Olloh, bu ne ko‘rgulik?!
Shu ham taqdir bo‘ldimi?

Bir yaxshiga bir yomon,
Oh, bu qanday imtihon?
Yurak bag‘ring bo‘lar qon,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?

Tikanga shuncha mehr,
G‘unchaga shuncha qahr,
Insofdanmi shu axir?
Shu ham taqdir bo‘ldimi?

“Vaqti bo‘b qoldi”, deymiz,
“Taqdir keb qoldi”, deymiz,
Baxtsiz o‘g‘il, baxtsiz qiz,
Shu ham taqdir bo‘ldimi?

Qilib qo‘yib o‘zimiz,
Jovdiraydi ko‘zimiz,
Keyin aytar so‘zimiz:
Shu ham taqdir bo‘ldimi?

Maslahat.

Men o‘zimni sevaman,
Menga o‘zim yoqadi,
Endi menga baribir,
Kim qanaqa boqadi.

Nuqsonlimi, qorami
Yuzim — mening yuzimdir.
Dunyoda eng chiroyli
Bitta odam — o‘zimdir!

Qo‘lim kalta va lekin
Yo‘qdan ko‘ra, shukur, bor.
Bu dunyoda hech odam
Emas mendek baxtiyor.

Gap eshitsam jilmayib,
Kaltak yesam kulaman.
Chap yuzimga urishsa,
O‘ngin tutib beraman.

Yurak degan qabrga
Armonimni ko‘mganman.
Va ustida bolamga
O‘yin tushib berganman.

Har tong qarab oynaga
Deyman: mening g‘amim yo‘q.
Men sog‘lomman! Men zo‘rman!
Tashvishim yo‘q, kamim yo‘q.

Noxushliklar — yov, lekin
Men ulardan qarz emas.
Hech qaysisi jonimni
Tikishimga arzimas.

Xomush bo‘lar ba’zilar
Sochin oqin sanashib.
Menga esa turibdi,
Ajinlar ham yarashib.

Tikan — tikan, gul — guldir,
Har narsa o‘z holicha.
Azizlarim, dunyoni
Qabul qiling boricha.

Oson yashay desangiz,
Maslahatim olvoling.
O‘zingizni ozgina
Jinnilikka solvoling.

Ne kun ko‘rsam bariga
Olloh rozi — men rozi.
Yaratganning qo‘lida
Eng to‘g‘ri tosh-tarozi.

Yashashga emas, bizni
Imtihonga tashlabdur.
Pirim — o‘sha kovushsiz
Devonayi Mashrabdur.

Ko‘ylagimni so‘rashsa,
To‘nimni ham berayin.
Tikanlarning ichidan
Lolalarni terayin.

Qizim qaytib keptimi?
Ajab bo‘pti, xo‘p bo‘pti!
Bugun yana boyibman,
Bitta tashvish ko‘p bo‘pti.
Narxi qancha, opkeling,
G‘amingizni olaman.
Bor pulimga tashvishu
Kamingizni olaman.

“G‘am” so‘zidan o‘zimga,
“Shodlik” so‘zin yasayman.
Man shunaqa, o‘zimni
Xursand qilib yashayman.

Telba ekan-ku, deya,
Kulmangiz Marhaboga.
Barcha hisob-kitobni
Qo‘yib qo‘ydim Olloga.

Ayollar haqida chiroyli she’rlar to’plami

Quda bo’ldik.

Yashar edik bo‘lib o‘rtoq,
Bir-birovga ochib quchoq,
O‘tsiz qoldi endi o‘choq
Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

Yoqalashdik yoshlarni deb,
Shu ikki beboshlarni deb,
Birov yegan oshlarni deb,
Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

Aka-uka, opa-singil,
Gaplashardik gangir-gungir,
Arazlashdik qoldi ko‘ngil,
Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

Qarindoshlar taraf-taraf,
Jovdirashar bizga qarab,
Gurunglasholmaymiz yayrab,
Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

Qo‘shnim edi jonajonim,
Bitta edi dasturxonim,
Qo‘shilganda endi qonim,
Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

Yaxshiydi-ya niyatimiz,
Chiqib qoldi illatimiz,
Esizgina mehnatimiz,
Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

Qaramasdik o‘ngu chapga,
Quloq soldik mayda gapga,
Hasrat qildik chor tarafga,
Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

Farzandlar-ku yashar birga,
Yomon bo‘ldi faqat bizga,
Ko‘rpa kuydi, tirik burga,
Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

Eslab yomon so‘zimni man,
Urishaman o‘zimni man,
Endi ochdim ko‘zimni man,
Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

Minnatli osh-tuzim qursin,
Andishasiz nozim qursin,
Shu chaqimchi qizim qursin,
Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

Ogoh etay endi sizni,
Begonaga bering qizni.
Nima jinlar urdi bizni,
Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

Marhaboxon, bu dunyo keng,
Kimki to‘yga shimarsa yeng,
Tavakaltu alalloh deng,
Quda bo‘ldik — judo bo‘ldik.

Saida Zunnunova she’rlar to’plami.

Telefondagi suxbat.

Qizim qildi qo‘ng‘iroq,
Ovozida hayajon.
Dedi: — Sizni ko‘rishga
Bormoqchiydim, onajon.

Kecha o‘tsam bo‘lardi.
O‘g‘limning mazasi yo‘q,
Sindiribdi qo‘lini,
Bilasiz-ku, o‘zi sho‘x.

«Qarasang bo‘lmasmidi?!»
Deb urishdi dadasi,
Bir narsa bo‘lsa, menga
Yopishadi hammasi.

«Beparvosiz» deb rosa,
Javradilar qaynonam.
Yaxshi ham dam olishga,
Ketgandilar qaynotam.

Ovsinim ham, tug‘dim deb,
Qo‘lin urmaydi ishga,
Supur, sidir, kir, ovqat,
Ko‘milganman yumushga.

Yon qo‘shnim erimni bir,
Ayol bilan ko‘ripti,
Shu kunlarda o‘zi ham,
Boshqacharoq yuripti.

Og‘riyapti simillab,
Negadir chap kuragim,
Biron dori ichsammi,
Sanchiyapti yuragim.

Keyingi haftalarga,
Bir oz bo‘shab qolaman,
Bolalarni bog‘chadan
Olamanu boraman.

Bir xalta olma, uzum,
Pishiraman qatlama,
Anjir olib boraymi?
Nima yeysiz, ayting-da.

Endi qon bosimingiz,
Oshmay qoldi yaxshiyam.
Mol yog‘i, quyruq yog‘in
Yemang endi astiyam.

Dedim:- Qon bosim hayvon
Yog‘idan ham oshadi,
Bolalarning o‘y, tashvish,
Dog‘idan ham oshadi.

Ovozingni taniboq,
Dori ichib olgandim,
Bir g‘amni aytmasaydi
Deb tashvishda qolgandim.

Dedi:- Qilib beraymi,
Yog‘siz go‘shtdan chuchvara?
Qatiq ko‘katlar solib,
Ichib olardingiz-da.

Shodlik eleksiri bor,
Deydilar shokoladda.
Yesangiz olib boray,
Yaxshisidan bir xalta.

Dedim:- Shokoladingdan,
Har kun olib ye o‘zing,
Qaynonangga, eringga,
Kulib tursin yuz-ko‘zing,

Tashvishingni uyingga,
Ko‘mib kelgin, jon qizim,
Mening oldimga faqat
Kulib kelgin, jon qizim!

Qaynonangning samimiy
Salomingni olib kel.
Eringning faqat shirin,
Kalomini olib kel.

Yomonlab kelsang, men ham
Yomon ko‘rib qolaman,
Uchrashganda ularga,
Qovoq solib olaman.

Yana o‘zingga qiyin,
Ninalarin sanchishar,
Seni bir chivin chaqsa,
Mening jonim achishar.

Bolalaring haqida ham,
Eshitay yaxshi xabar,
Yiqilmasin, sinmasin,
O‘zing ham bo‘lma kasal.

Eringgayam kuyunma,
G‘amdan so‘ladi yurak,
O‘zingni ehtiyot qil,
Erga sog‘ xotin kerak.

Jon bolam, jigargo‘sham,
Qilgin sabru qanoat,
Kelgin biznikiga ham,
Ering bersa ijozat.

Bir yozilib ketasan,
Marhabo ham keladi.
U she’r aytsa, kennoying
O‘yin tushib beradi.

Bizning uyda yashash yo‘q,
Keng dunyoni tor qilib,
Qo‘shiq aytib beraman,
O‘qlog‘ni «dutor» qilib.

Xalta-palta ko‘tarma,
Suyunsin desang, onam
Yuragingni to‘ldirib
Quvonch olib kel, bolam.

Kulib yashang.

Shodlik g‘amdan ziyoda,
Tashvish qilib netasiz.
Bu besh kunlik dunyoda,
Kulib yashang, yutasiz.

Muammolar bo‘lsa ko‘p.
Ishxonada ish to‘p-to‘p.
Hammasiga deb xo‘p-xo‘p.
Kulib yashang, yutasiz.

Farzandlar ko‘rsatar bo‘y,
Qilishingiz kerak to‘y
O‘yladingiz qanday o‘y?
Kulib yashang yutasiz.

Gohi notinch uyingiz,
Dilga sig‘may kuyingiz,
Barini unutib-siz,
Kulib yashang yutasiz.

To‘lmasa ro‘zg‘or g‘ori,
Gaz, svet, kerak dori,
Shumi muammo bori?
Kulib yashang yutasiz.

Eshitmang hech mish-mishni.
Ortga tashlang tashvishni.
Qiling shu bitta ishni,
Kulib yashang yutasiz.

Og‘ritib boshingizni
Oqizmang yoshingizni.
Otmasdan toshingizni.
Kulib yashang yutasiz.

Sog‘mi o‘g‘il-qizingiz.
Topilar rizq, tuzingiz.
O‘ylang axir o‘zingiz.
Kulib yashang yutasiz.

Toptab g‘urur, oringiz,
Urishdimi yoringiz?
Taqdirda shu boringiz,
Kulib yashang yutasiz.

Tabassum sizga qalqon,
Oila issik makon,
Arz kilmasdan hech qachon.
Kulib yashang yutasiz.

Yaxshi kilib niyatni,
Ko‘taring kayfiyatni,
O‘qing kitobu-baytni.
Kulib yashang, yutasiz.

Qayg‘u tomon solmang yo‘l,
Sevinchlarga bering qo‘l,
Ishoning, eng to‘g‘ri yo‘l,
Kulib yashang, yutasiz.

Tursunoy Sodiqova she’rlar to’plami.

Hali ayol bo‘lmabsiz, poshsho.

Uyni bezab, tuzatsang ham,
Erni kutib, kuzatsang ham,
O‘nta qizni uzatsang ham,
Hali ayol bo‘lmabsiz, poshsho.

Uyingizga kelin kelgan yo‘q,
Yuragingiz xali quvnoq, sho‘x,
Kaftingizda tutmagansiz cho‘g‘,
Hali ayol bo‘lmabsiz, poshsho.

Tashvish sizdan bir qadam nari,
Mehnatlarning kelmadi gali,
Zo‘r sinovlar oldinda hali,
Hali ayol bo‘lmabsiz, poshsho.

Ko‘zlaringiz hali surmalak,
Ko‘ylagingiz yoqa, tugmalik,
Uyingizda g‘alva yo‘q, tinchlik,
Hali ayol bo‘lmabsiz, poshsho.

Ko‘ngil qushi sayrab turipti,
Orzulardan yayrab turipti,
Yovu kunni poylab turipti,
Hali ayol bo‘lmabsiz, poshsho.

Bir begona qush kelib unda,
Ahlatingiz «titadi» kunda,
Bilmaslikka olasiz shunda,
Hali ayol bo‘lmabsiz, poshsho.

Qanday gulsiz, isingiz chiqar,
Chin qiyofa, tusingiz chiqar,
Yo tillo, yo misingiz chiqar,
Hali ayol bo‘lmabsiz, poshsho.

Marhaboxon, she’r yozmay keting,
Nima qilay bo‘lmasa, ayting?
Tinch kunlarning qadriga yeting,
Hali ayol bo‘lmabsiz, poshsho.

Kelinlarni yomonlamang.

Bugun onam qo‘ng‘iroq qildi,
Tinchligimi so‘radi obdon,
Farzandlarim holini bildi.
Dedim: «ona, tinchmi xonadon?”

So‘z boshladi, volidam sekin:
«Birozgina holim bo‘lmadi.
Kelinimdan aylanay lekin,
Kecha kunduz tinim bilmadi.”

O‘ylab qoldim, qizi bo‘lib men,
Ahvolidan xabar olmabman.
Yonlarida bo‘lib sal emin,
Bir kechaga birga qolmabman.

Ayrimlarga shu aytar gapim,
Keliningiz ayblab yurmang.
Mana tegib qo‘ymadi nafim,
To‘g‘ri gapga labingiz burmang.

To‘g‘risiyam bu bor haqiqat,
Onalarga kelinlar qarar.
Qizlar kelar faqat oz muddat,
Kelin zoti koriga yarar.

Choy damlagan, ovqat pishirgan,
Kir chirini yuvgan ham kelin.
Erinmasdan hizmatin qilgan,
Hatto tiyib turarmish tilin.

Biz boramiz mehmon bo‘lgani,
Kulgusini qo‘ymas yuzidan.
Anglab yetdim, vaqt o‘tgan sari
Kelinimni qo‘yma o‘zidan.

Men yashayman.

Yig‘lab qoldi bemor boyaqish,
Bir oygina umri qolganmish,
Dedim: «O‘sha do‘xtirga deng «Kish!»
Men yashayman, xudo xohlasa».

Deyishsa ham «darding bedavo»,
Ayting: «Jonim egasi Alloh»,
Deng: «Noumid bo‘lmayman aslo,
Men yashayman, xudo xohlasa».

Pichoqtiqib, kovlasa og‘riq,
Bo‘lib qolsam qoqsuyak, oriq,
Gunohlarimdan bo‘lib forig‘,
Men yashayman, xudo xohlasa.

Derlar, gunohga — g‘am kaforat,
Dard, tashvishli har dam — kaforat,
Bunga sahih hadis kafolat,
Men yashayman, xudo xohpasa.

Vujudimda bu dardim mehmon,
Siylash kerak mehmonni mezbon,
Kuzataman yutsam hamki qon,
Men yashayman, xudo xohlasa.

Yaqinlarim ko‘zi to‘la g‘am,
Dillarida iztirob, alam,
Degim kelar «tashvishmi, shu ham»
Men yashayman, xudo xohlasa.

Birov haqqin yeb yursam kuying,
Yolg‘on-yashiqdeb yursam kuying,
Iymonim bor quvoning, kuling,
Men yashayman, xudo xohlasa.

Bitta yotgan kasal o‘lguncha,
Ketib qolar sog‘lardan qancha,
Bu dunyoda ishlarim shuncha,
Men yashayman, xudo xohlasa.

Bir oy bo‘lsa, bir oy-da, o‘rtoq
Shu vaqgga ham shukur, beadoq,
Mumkin qancha yaxshi ish qilmoq,
Men yashayman, xudo xohlasa.

O‘ttiz kunda o‘ttiz ming dona,
Aytish mumkin tasbeh, shukrona,
Vaqgingizni chog‘ qiling, ona,
Men yashayman, xudo xohdasa.

Aka, uka, jigar, do‘st, yanga,
Sizlarni ham qiynab qo‘ydim-a,
Rozi bo‘ling xizmatingizga,
Men yashayman, xudo xohlasa.

Faqat qo‘rqmang sal cho‘chitvorsam,
Ko‘zim yumib indamay qolsam,
Bo‘lib sokin, bedardu, beg‘am,
Men yashayman, xudo xohlasa.

Buni o‘lim demang, iltimos,
Inson yana tirilmog‘i rost,
Bu vaqgincha sukunat, xolos,
Men yashayman, xudo xohlasa.

Muhimi shu: garchi bemorman,
G‘am-azobdan tunlar bedorman,
Shu lahzada tirikman, borman,
Men yashayman, xudo xohlasa.

Dard bahona tozaryapman, deb,
Ozsam, bo‘yga uzaryapman, deb,
Borgan sari tuzalyapman, deb,
Men yashayman, xudo xohlasa.

Musibatdan o‘chsa ham hushi,
Yashash kerak umid-la kishi,
Noumidlik shaytonning ishi,
Men yashayman, xudo xohlasa.

Marhabo Karimova she’rlari.

Boshqa adib she’rlari

manba

 

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar