Bosh sahifa » Sherlar » Ravnaq tarjimai hol. Ravnaq g’azallari va she’rlari.

Ravnaq tarjimai hol. Ravnaq g’azallari va she’rlari.

by nafisa nafisa

Ravnaq tarjimai hol. G'azallari va she'rlari.

Ravnaq tarjimai hol.

Pahlavonquli Ravnaq (1725—Xorazm — 1805) — shoir. Xivadagi Sherg‘ozixon madrasasida o‘qigan. Dastlab Xiva xoni Abulg‘ozi Soniy (1742—47) ni maqtab she’rlar yozgan.

1768 yilda taxtga o‘tirgan G‘oyibxon ta’qibidan qochib, bir necha yil sarson-sargardonlikda yurgan. So‘ng Xiva madrasalaridan birining hujrasida faqirlikda hayot kechirgan.

O‘zbek, fors va arab tillarida, asosan, lirik janrlarda ijod qilgan. Yagona qo‘lyozma devoni bizgacha yetib kelgan. U 286 she’r — 5251 misra: 258 g‘azal, 22 muxammas, 5 qasida va 1 mustazoddan iborat. She’rlarining asosiy mavzui insonga va ijtimoiy hayotga munosabat masalalaridir. Ravnaq g‘azal janrini tematik jihatdan boyitgan. G‘azallarida insoniy ishq-muhabbatni, tabiat va hayot go‘zalliklarini madh etish bilan birga davr va taqdirdan, zamona nosozliklaridan shikoyat qilgan. Navoiy (14 ta), Fuzuliy (3 ta), Mashrab, Xurramiy va boshqaning g‘azallariga muxammaslar bog‘lagan.

Ravnaq qasidalari an’anaviy uslubdan farq qilib, muayyan shaxs yoki voqeaga emas, shoir yashab turgan ijtimoiy hayotga bag‘ishlangan, ularda amaldorlar insofga chaqirilgan («Muncha javring degil…» va b.). Ravnaq she’rlari g‘oyaviy va badiiy jihatdan qimmatli.

Ravnaq g’azallari.

Surtub yuzumi tun kecha dildor eshigida,
To subh umidim edi diydor eshigida.

Ko‘rmak tilabon orazi xurshid misolin,
Bor erdi ko‘zum tonggacha bedor eshigida.

Nogah yuzi sha’shaasi jong‘a solib o‘t,
Kul qildi vujudimni bayakbor eshigida.

Gar ko‘rsa jamolin bo‘lur erdi mahi Kan’on
Jon naqdin etib sarf xaridor eshigida.

Har subh nedin yerg‘a qo‘yar chehrai zarrin,
Xurshid agar bo‘lmasa bemor eshigida.

G‘am shomi ul oy ko‘yida gardung‘a chekib oh,
Ko‘z yoshim erur kavkabi sayyor eshigida…

Savdozadalar nolasidin kunda bo‘lur garm,
Yuz-yuz qiyomat kabi bozor eshigida.

Ne xizmatinga kim yuz yil agar tursa urub bosh,
Shahlarg‘a qachon bo‘lg‘usidur bor eshigida.

Dardoki qilur ul buti Chin noz uza yuz noz,
Harchand niyoz aylasam izhor eshigida.

Ravnaq harami ko‘yig‘a yetkanga erur farz,
Gar Ka’ba tavofi ko‘rinur or eshigida.

* * *

Na bir qosidki yetkursa salomim jona jonimg‘a,
Na bir mahramki, arz etsa salomim dilsitonimg‘a.

Xiromi qomati har dam qiyomat oshkor aylar,
Nechuk tashbih etay shamshodni sarvi ravonimg‘a.

Desangkim hajr aro jonu dilim boru yo‘qin aylay,
Yuzung oinasini ro‘baro‘ tut imtihonimg‘a.

Jamoling bir ko‘rub, jon bermagimga bermayin fursat,
Chekib tiyg‘i tag‘ofil qolma, ey jallod, qonimg‘a.

Fig‘onkim, la’li xandoning ko‘zumdin bo‘lg‘ali pinhon,
Jahon g‘arq o‘ldi seli ashki chashmi xunfishonimg‘a.

Bir o‘tdur manda, vahkim, uchqunidin kul bo‘lur olam,
Keturmay tog‘ toqat so‘zishi dog‘i nihonimg‘a.

Emas rangi hino ul sho‘xi qotil ilgida, Ravnaq,
Qo‘li qon bo‘ldi, shamshiri jafo chekkanda jonimg‘a,

* * *

Bu kun bir dilrabo ko‘rdumki sochi ol yangog‘ uzra,
Anga mengzarki sunbul chirmashibdur gulg‘a bog‘ uzra.

Chiqib yuz noz ila serpib niqobin lolagun yuzdin,
Ul oy siynamda haryon dog‘larni qo‘ydi dog‘ uzra.

Labikim ko‘nglumu ko‘z mardumin ham bahramand etti,
Muanbar xolkim jon nuqtasi yanglig‘ dudog‘ uzra.

Kavokiblar durur husn osmoni burjida yoxud
Tuzilmish dona-dona injular siymin saqog‘ uzra.

Soching vasli muyassar bo‘lmag‘ondin, ey pari, go‘yo,
Emas tishlarg‘a yuz g‘am nish sonchilmish tarog‘ uzra.

Yuzing sham’i latofatdur furo‘zon kun charog‘idin,
Erur oltun utog‘ang sho‘lalig‘dur ul charog‘ uzra.

Junun sahrosida sargashta jonlar bo‘ynug‘a, Ravnaq,
Erur zanjiri zarrin silsila bodom qabog‘ uzra.

* * *

Yondim sevarim, xoh inon, xox inonma.
Kuydi jigarim, xoh inon, xoh inonma.

Daryoi g‘ami ishqinga mustag‘raq o‘lubman,
Oliy guharim, xoh inon, xoh inonma.

Xoki sari ko‘ying aro bo‘ldum sanga pomol,
Ey toji sarim, xoh inon, xoh inonma.

Ishqingda jununim erur ul nav’ki, o‘zdin
Yo‘qtur xabarim, xoh inon, xoh inonma.

Jon rishtasig‘a soldi gireh fikri miyoning,
Nozik kamarim, xohi inon, xoh inonma.

La’ling g‘amidin g‘uncha kabi ko‘nglum erur qon,
Gulbargi tarim, xoh inon, xoh inonma.

Jondin guzarim bor, vale la’li labingdin
Yo‘qtur guzarim, xoh inon, xoh inonma.

Haryon chamani siynada yuz lola ochibdur,
Dog‘i jigarim, xoh inon, xoh inonma.

Zahri g‘ami hajring meni o‘lturgani yetti,
Ey lab shakarim, xoh inon, xoh inonma.

Bar bod berur har kecha avroqi saharni
Ohi saharim, xoh inon, xoh inonma.

Ravnaq kabi ishqingda kuyub barqi balodin,
Yo‘qtur asarim, xoh inon, xoh inonma.

* * *

Ey malak siymoki, olam xalqidur hayron sango,
Ahli insondur demak olamda ne imkon sango.

Xo‘bro‘lar husn mulkida gadoyingdur sening,
Desalar bo‘lg‘ay ravo, xo‘blar aro sulton sango.

Partavi nuri yuzing etmish munavvar olami,
Chun malohat avjida derlar mahi tobon sango.

Qil nigah, tangri uchun, bir lahza holi zorima,
Muddatedur bo‘lmisham men zoru sargardon sango.

Istabon vasling saharlar nolayu faryod etib,
Bulbuli zoram men, ey sho‘x gul, hayron sango.

Ko‘rmadim hargiz bu gulshanda seningdek nozanin,
Qilsa bo‘lg‘ay, ey pari, hardam fido yuz jon sango.

Ishq aro Ravnaq Masih anfosi topmas dardingi,
La’li ruh afzosining anfosidur darmon sango.

* * *

Jilva qilib noz ila ul sanami komyob,
Jonu ko‘ngul xaylig‘a soldi yana iztirob.

Chiqti haramdin ul oy, sho‘ri qiyomat solib,
Emdi nechuk bo‘lmag‘ay, kishvari olam xarob.

Ko‘rgach oni, vo, bu ne, sho‘rishi g‘avg‘o edi,
Nolai ushshoqdin topti jahon inqilob.

Chehra ochib ul pari pardai gulfomdin,
Zeri shafaqdin magar bo‘ldi ayon oftob.

Jonu ko‘ngul zoridur, oshiqi diydoridur,
Zulf ila ruxsoridur — tiyra shabu mohtob.

Lola ruxi siymbar, ko‘zlari bodomi tar,
Qatlima hardam chekar xanjari nozu itob.

Zulfida xamdin gajak, beliga sonchib etak.
Qatlima chizg‘ab bilak, qonima aylab shitob.

G‘orati iymon etib, dahrni vayron etib,
Noz ila javlon etib, gul yuzi g‘arqi gulob.

Jonni men onsiz netay yo boshim olib ketay,
Yo o‘layu yo yitay, muncha nedur so‘zu tob.

Ko‘z yo‘lidin har sahar, qon bo‘lub oqib jigar,
Mavj urubon chashmalar, yer yuzida g‘arqi ob.

Zulfi kamandi bila Ravnaq anga mubtalo,
Ko‘nglida yuz ibtilo, jonida ming pechu tob,

* * *

Haramdin chiqti ul sarvi gulandomim xirom aylab,
Jahonni shu’lai ruxsoridin o‘rtab, tamom aylab.

Ochib oy orazin gul-gul tamoshoi jamolidin,
Guliston ayladi g‘amgin ko‘ngulni shodkom aylab.

Namoyon etti ruxsor uzra mushkin donai xolin,
Musalsal sochlari jon qushlari tubig‘a dom aylab.

Na kofirdur ko‘zungkim, ahli din qonin ichar hardam,
Chekib tiyg‘i g‘azab bedod etardin qatli om aylab.

Emas ko‘k domani uzra shafaqkim chashmi jalloding,
Ulus qonin to‘kardin oni go‘yo la’lfom aylab.

Sharobi la’lidin ul oy azal subhida ko‘nglumni,
Xiromi mast qildi, gardishi chashmini jom aylab.

Erur mansux ul kundin beri afsonai Majnun,
Chu tushtum vodii ishq ichra tarki nangu nom aylab.

Falak soqiysidin jomi tarab ko‘z tutmakim, har kun
Qo‘yar qatling yuzi zahri ajaldin talxkom aylab.

Rabotedur jahon, Ravnaq, o‘tar el korvon yanglig‘,
Muningdek rahguzarda bo‘lmag‘ay turmoq maqom aylab.

* * *

Ne niholi umr erur sarvi xiromoningcha xo‘b,
Ne guli bog‘i Eram gulbargi xandoningcha xo‘b.

Ne jamolingdek erur zebo ruxi huri bihisht,
Ne erur kavsar zuloli obi hayvoningcha xo‘b.

Ne dami Iso erur jonbaxsh anfosing kabi,
Ne quyoshning partavi ruxsori toboningcha xo‘b.

Ne nabotu qand erur shirin labing alfozicha,
Ne aqiqi nobdur la’li durafshoningcha xo‘b.

Qayda bo‘lg‘ay jilvai tovusi gulzori Eram
Tarzi raftori qadi mastona javloningcha xo‘b.

G‘amzang andoqkim to‘kar eldinki, jallodi ajal
Mohir ermastur nigohi chashmi fattoningcha xo‘b.

Ravnaq, ul gul ko‘yida vaqti saharlar bog‘ aro,
Nolai bulbul emastur ohi afg‘oningcha xo‘b.

* * *

Va’dai vasl berib aylamak ehmol nedur,
So‘ng yana yuz hiylau makr bila ol nedur.

Muddaiy harne sanga desa qabul aylab oni,
Rad qilib so‘zlarim, etmak meni badhol nedur.

Umr o‘tub, g‘am bila zoye’ meni bebaxtg‘a hayf,
Bilmadim men onikim toleu iqbol nedur.

Bilmanamkim, bu qadar aksi murodimg‘a mudom,
Gardishi davri muxolif falaki zor nedur.

Subhi ayshimni qilib zulmati nagbat qaro shom
Anglamam hafta nedur, balki mahu sol nedur.

Ichurur davri falak balki manga g‘am zaharin,
Anglamon ta’mi nabotu shakaru bol nedur.

Kimgakim jonni fido ayladim ixlos bila,
Demadi lutf ila bir kun sanga bu hol nedur.

O‘zgalar boshi yetib ko‘kka bu davron aro, lek,
Baxtim etmak meni g‘am xaylig‘a pomol nedur.

Ravnaqo, kunji qanoatdin etib o‘zni farog‘,
Yugurib it kabi qilmoq talabi mol nedur.

* * *

Dunyoi dunki kimga dey oning vafosi bor,
Har dam vafo elig‘a tuman ming jafosi bor.

Har sohibi kamolki, bordur jahon aro,
Izzat toparg‘a qayda falakning rizosi bor.

Nodon azizu muhtaramu, lek xordur
Har odameki donishi tab’i rasosi bor.

Ne deb shikoyat aylayin zoli charxdin,
Ne javrining shumorau ne intihosi bor.

Juz zoti lamyazal samadi hayyi loyamut,
Har zi vujudkim oning oxir fanosi bor.

Xurshid sajdagohi kelib ostoni do‘st,
Tufrog‘idin falak ko‘zining to‘tiyosi bor.

Ravnaq, qilurg‘a ahli vafoni jigar kabob,
Xurshid demagilki, falak o‘tlu tosi bor.

* * *

Ul parivashki quyoshdek guli ruxsorasi bor,
Oshiq o‘lturmak uchun g‘amzai xunxorasi bor.

Somiriydin o‘turub sehr fusunsozlig‘in,
Jodui mast iki nargisi ayyorasi bor.

Tilamas marham ila oni faroham qilmoq,
Kimki g‘amzang qilichidin jigar porasi bor.

Qomating bo‘lsa qayu diydag‘akim maddi nazar,
Qayda bo‘stoni Eram sarvig‘a nazzorasi bor.

Baski g‘am tunlarida bo‘ldi ko‘zum yoshidin
Qayda bu nav’ falak axtari sayyorasi bor.

Kelsa ne zoli falak hodisasidin, ey dil,
Sabru taslimdin o‘zga na oning chorasi bor.

Tiyg‘i hijroning urub zaxm dili Ravnaqqa,
Marhame qo‘yki, oning bag‘rida ko‘p yorasi bor.

* * *

Inoyat chog‘i bizga do‘st istig‘noi nozin ko‘r,
Vale bir necha dunlarg‘a oni nazru niyozin ko‘r.

Qo‘yib davrida yuz baxshoyishidin shodlig‘ elg‘a,
Va lekin biz tarafg‘a lashkari g‘am turkitozin ko‘r.

To‘la aylab diramdin barcha dunlar jaybu domonin,
Qoshida benavolarning tihi dasti niyozin ko‘r.

Bizingdek notavon ushshoqni ko‘yig‘a yovutmay,
Taqarrub bazmig‘a mahram raqibi hiylasozin ko‘r.

Aziz aylar arozilni, xor aylar aziz elni,
Sipehri siflaparvarning bu bir aks imtiyozni ko‘r.

Ne afsungardururkim elga ko‘rguzmay vafo oxir,
Baqosiz dahri foniyning arusi hiylabozin ko‘r.

Falak davronida Ravnaq murodi bo‘lmayin hosil,
Hamisha baxti nofarjomdin so‘zu gudozin ko‘r.

* * *

Xo‘blar jahonda sendek sohibjamol emastur,
Jannat guli yuzingdek ranginu ol emastur.

Huru pari seningdek marg‘ub emas ko‘ngulg‘a,
Kavsar suyi labingg‘a shirin zulol emastur.

Xurshidu oyg‘a nisbat qilmoq seni ne loyiq,
Husn ichra chun sangakim onlar misol emastur.

Har jilvasida go‘yo zohir bo‘lur qiyomat,
To‘biy qadingga o‘xshash ra’no nihol emastur.

Ne ofati zamonsen, ey nozanin parizod,
Bir kimsa yo‘q jahonda husninga lol emastur.

Mastona ko‘zlaringni maxmuri bo‘lg‘an elg‘a,.
La’ling mayidin o‘zga daf’i malol emastur.

Har Laylivashg‘a oshiq bo‘lg‘anlar ul parig‘a,
Majnun bo‘lub meningdek oshufta hol emastur.

Zahri firoq ranji ishq ichra chekmaganlar
Shoyistai shifoi no‘shi visol emastur.

Ravnaq chekib g‘amingda gardung‘a shu’lai oh,
Hijron tuni ko‘ziga uyqu halol emastur.

* * *

Ne ishvau, ne nozu karashma, ne adodur,
Bilmon bu ne jon ofati, ne hur liqodur.

Ne holima bir go‘shai chashmini nigohi,
Ne dardima juz la’li ravonbaxsh davodur.

La’li g‘amidin garchi erur talx dimog‘im,
Lekin shakari lablari ranjimg‘a davodur.

Ko‘rdum yuzining ollida gulni mingidin bir,
Ne husni tarovat anga, ne rangi safodur.

Zebo ko‘zu yuz ko‘zga gulistoni Eramdin,
Gulzori jamolin dog‘i ne nash’u namodur.

Qatlim chog‘i barmoqlari ul sho‘xning o‘lmish
Qonim bila gulgun demakim, rangi hinodur.

Gar tishlarining vasfini sharh etsa Atorud,
Ne gavhari avsofig‘a haddu ne bahodur.

Jonimg‘a sitamdin yodamay gardishi davron,
Ne shevai bedodu, ne jabru, ne jafodur.

Ravnaq ko‘tarib qo‘lni, maloyik degay omin,
Qoshiki ijobat chog‘i mehrobi duodur.

* * *

Ne jo‘rai zamonada bor erkan e’tibor,
Ne oshno deganda sabotu ne ustuvor.

Ne yoru do‘st va’dasida bordurur vafo,
Ne poydor elga muhabbat ne barqaror.

Ne holdoni anisu, ne hamdardu hamdami,
Ne bir rafiqi yakdila, ne yori g‘amgusor.

Mumkin erur topilmoqi ahli zamonda
Ne oshnon sodiqu, ne yori do‘stdor.

Dey kimga dardi holimikim jurmi fazl uchun,
Pomol qildi gardishi badmehri zo‘rkor.

Gar o‘tsa nazm martabasi toqi arshdin,
Ahli suxanni xor qilur charxi bemador.

Bilmon ne yuzdin ayladi tarki vafou mehr,
Bu do‘stlarki bor edi Ravnaqg‘a xostdor.

* * *

Bu ne tole’ edikim qilmadi imdod hanuz,
Bo‘lmadi xotirimiz qayg‘udin ozod hanuz,

Ohkim aylamadi hech bizing sori nigoh,
Shohidi davlat ila baxti xudodod hanuz.

Adam ahlida, fig‘onkim, meni nokom kabi
Gardishi davri falak bergan emas yod hanuz.

Umr o‘tub, ohki, bir dam falaki buqalamun
Shevai mehru vafo qilmadi ijod hanuz

Ko‘r jahon da’binikim, bo‘lg‘ali bunyod eliga
Qila olg‘uncha qilur zulm ila bedod haiuz.

Kimnikim bir-ikki kun ayladi mehmon o‘rtar,
Qilmayin kom ravo, ushbu g‘amobod hanuz.

Baxti sho‘rida nelar kelturubon boshimg‘a,
Umr o‘tub tole’ uyi bo‘lmadi obod hanuz.

Odam avlodig‘a ko‘rgazmadi naqshi vafo,
Toqi ayvoni falak bo‘lg‘ali bunyod hanuz.

Ravnaqo, muncha taradduddin erur ne hosil,
Bo‘lmasa manglayimizning harami bod hanuz.

* * *

Chiqsa noz aylab haramdin sho‘xi siyminsoq qiz,
Vusmalik qoshin qilur sarfitnai ofoq qiz.

Yorutur erdi ko‘zum xilvat saroyin bir kecha,
Kirsa erdi qo‘ynuma ul to‘lg‘on oydek oq qiz.

Ne uchun ta’zim etar husniga mohi choravar,
Gar emas xurshiddek mahvashlar ichra toq qiz.

Qilmas ermas marhamat huri paridin iltimos,
Ko‘z uchidin boqsa gohi ko‘rguzub ishfoq qiz.

Bir qoshiq qonim itiga aylagay erdim bihil,
Bir meni tiyg‘i nigahdin istasa cholmoq qiz.

Anbarin xoli qilur jonlar mashomin atrsoy,
Istasa zunnori zulfin bo‘ynuma taqmoq qiz.

Kosa-kosa qon yutay tokay xumori hajridin,
Jomi vaslingda netar qilsang dumog‘im chog‘, qiz

Jonni qurbon aylar erdim lahjai shirinig‘a,
Kelsa ahvolim so‘rarg‘a shakkarin dudog‘ qiz.

Gar malohatlik esa ondin ko‘rungay ko‘zga xo‘b,
Xoh bo‘lsun turku tojik, xoh erur qalmoq qiz.

Kimdururkim bo‘lmag‘ay Ravnaq oning oshuftasi,
Gar ko‘runsa, ko‘zga bir mahbuban ofoq qiz.

* * *

Ohkim, tushgali bu zoli falakka ishimiz,
Dard taskinig‘a yo‘q holi dil aytur kishimiz.

Borho elning erur aksi murodi anga esh,
Charxi nosoz bila mumkin emas sozishimiz.

Bu na bedoddurur nolishimizdin, ey charx,
Ehtiroz etki, muruvvatdin emas ranjishimiz.

Qadrimiz, ohki, dunlardin emas mingdin bir,
Yuz Falotundin agar bo‘lsa raso donishimiz.

Muncha ne ondin erur bexabar ul zolimki,
Ohi dardona chekib, ko‘kka yetar nolishimiz.

Hazar, ey zolim, o‘shul ohi sahargohdin et,
Kim o‘tar erdi sipardin bu xadang otishimiz.

Muddaiy aylamayin dasti sitamdin qo‘toh,
Tokay ul xiyrasar o‘lg‘ay sababi kohishimiz.

Vahm et, xasmki, tufroqqa qo‘yib ro‘i niyoz,
Do‘st dargohig‘a bosh qo‘ymoq erur varzishimiz.

Jonimiz qayda falak qonin ichardin suvug‘ay,
Har qachon ko‘rsant ani baski g‘ajirur tishimiz.

Tinmoq o‘lmas nafase javr ila bedodidin,
Qaydin o‘lg‘ay bu falak davrida oroyishimiz.

Muncha ne soldi qaro kunni falak boshimiza,
Bilmadukkim ne edi, Ravnaq, anga qilmishimiz!

* * *

Keldingu ketding ko‘rinmay, ey pari paykar sanam,
Ko‘nglima dog‘ uzra qo‘yding dog‘, alam uzra alam.

Tut bu kunlarni g‘animat, bo‘lma ko‘p mag‘ruri husn,
Qilmag‘il men notavong‘a muncha bedodu sitam.

Gar manga ko‘ying muyassar bo‘lsa, ey sarvi ravon,
O‘lsam etmay orzui gulshani bog‘i Eram.

Gar meni maxmuringga tutsang muhabbat sog‘arin,
Istamasman shohlig‘, qilmon tamanno jomi Jam.

Sarvi ozod aylagay qaddingg‘a arzi bandalik,
Jilva qilsang bog‘ aro andoqki tovusi haram.

Deb emishsen pok domonlig‘ musallamdur mango,
Pok dil ahli nazarg‘a aylagil lutfu karam.

Garchi har dam o‘lturur Ravnaqni hajring g‘ussasi,
La’li jonbaxshi xayolingdin topar jon dam-badam.

* * *

Evrulay boshinga, zebo sanamim, dildorim,
Gul’uzorim, sevarim, mohi shakar guftorim.

Ne bo‘lur, tangri rizosi uchun, ey sangin dil,
Goh-gohi so‘rasang holi dili bemorim.

Vasldur marham anga, chekma, tabibo, zahmat,
Topmag‘ung chorai dogi jigari afgorim.

Gul o‘zin pora qilib, bulbul o‘lur devona,
Bog‘ aro qo‘ysa qadam sho‘xi pari ruxsorim.

Ne tilar jonu ko‘ngul menda taajjub biri yo‘q,
G‘orati ishqidin ar qolg‘on emas osorim.

Sadafi chashmim aro, qani, kirib tutsa maqom,
Husn daryosida oliy guhari shahvorim.

Tirguzur Isoyu Maryam kabi o‘lganlarni
La’li jon parvaridin so‘zlari shakkarborim.

G‘amzadin ko‘z yumub ochg‘uncha to‘kar yuz mingdin,
Tiyg‘i bedod chekib, chiqsa ko‘zi xunxorim.

Subhidam mast chiqib tovus kabi bog‘ aro,
Jilvai noz qilur ul qadi xush raftorim.

Bo‘lg‘ali g‘amkadayi ishq maqomim, Ravnaq,
Ming g‘amim bor, vale so‘rg‘ali yo‘q g‘amxorim.

* * *

Xush kelibsan buyon, parizodim,
Qadi sarvi ravon parizodim.

Ko‘z yo jon uyidadur joying,
Marhabo, mehmon parizodim.

Barq urar dahr aro jamolingdin,
Nuri xurshidson parizodim.

To‘ti yanglig‘ erur tiling go‘yo,
So‘zi shakkarfishon parizodim.

Dur socharsen labing takallumdin,
Sho‘xi shirin zabon parizodim.

Ishvai nozing o‘lturur elni,
Nozanini jahon parizodim.

Tushti husning sadoi g‘ulg‘ulasi
Rum to Isfahon, parizodim.

Shuhratingdur zamon sahifasida
Doston-doston, parizodim.

Bulbulim, gul jamolingga shaydo,
Ey yuzi bo‘ston parizodim.

Ko‘ksung ustidagi qo‘sha noring
Qildi bag‘rimni qon, parizodim.

Ko‘rmay el nozanin go‘zallar aro
Sen kabi navjavon, parizodim.

G‘amzang o‘qini o‘tkarib jondin,
Qoshlaringdur kamon, parizodim.

Qildi Ravnaqni sunbulig‘a asir
Sochi anbarfishon parizodim.

* * *

Ul o‘tlig‘ chehrakim olamg‘a o‘t solmish jamolidin,
Quyosh parvona yanglig‘ o‘rtanur ruxsori olidin.

Yuzi mehri falakni zarra yanglig‘ beqaror aylab,
Erur mahjub mohi iyd aning mushkin hilolidin.

Shihob ermaski aylar mayli avji osmon uzra,
Gahikim kechalar oh ursam ul mahvash xayolidin.

Xumori chashmi mastig‘a iloj ermas mai kavsar,
Gar ichmas bodai la’li labi shirin zulolidin…

Labi qilg‘ach takallum jon topar ushshoqkim, go‘yo
Bo‘lur zohir Masiho mu’jizi oning maqolidin.

Jahon ahli yonib kul bo‘lg‘ay, ahvolimg‘a qon yig‘lab,
Desam gar shammai mahzun ko‘ngul dardu malolidin.

Emas behuda to‘biy gulshani firdavs aro pinhon,
Nihondur el ko‘zig‘a sarvi qadding infiolidin.

Nedur ozurda jon topmoq ko‘zining qatlidin, Ravnaq —
Ki, hardam toza ruhe yetkurur shirin maqolidin.

* * *

Ayladi yor jahondin safar, afsus-afsus,
Qildi g‘am ko‘nglumi zeru zabar, afsus-afsus.

Bo‘lg‘ali xoki rah ul mehri umidim pinhon,
Manga shom o‘ldi bu g‘amdin sahar, afsus-afsus.

Kechalar yodima tushgan soyi ul mohliqo,
Narxdin qildi fig‘onkim: guzar, afsus-afsus.

Vodarig‘oki, ajal bodi xazoni esibon,
Gulshani umrig‘a yetdi zarar, afsus-afsus.

Qilmangiz aybki, g‘am dashtida majnun bo‘lmay,
Emdi naylay meni sho‘riday (…), afsus-afsus.

Ne o‘t erdi buki yak son tutashib kul bo‘ldi,
Sho‘lai ohim ila bahru bar, afsus-afsus.

Yor yuzin tutdi oqib diydai giryonimdan,
Har taraf lujjai xuni jigar, afsus-afsus.

Anjum ermas, shabi motamki chiqib dud bmla,
Chirmashur ko‘kka damidin sharar, afsus-afsus.

Dod etay kimga qo‘lingdin falaki sho‘badaboz,
Zohir etding manga yuz sho‘ru shar’, afsus-afsus.

Ne qilay chora, ne aylay meni motamzada, oh,
Gar bu nav’ o‘lsa qazou qadar, afsus-afsus.

Chun kamondori qazo bersa ajal o‘qig‘a shast,
yo‘q anga bo‘lg‘ali mone’ sur (?), afsus-afsus.

Kimki dunyo uyidin qildi baqo sori xirom,
Bo‘lmasa kimsaki ondin xabar, afsus-afsus.

Bemuruvvatlik erur beshai davroni sipehr,
Ravnaqo, qilmasang ondin hazar, afsus-afsus.

* * *

Ne oy yuzlik, shakar guftorlig‘ zebo sanamdur bu,
Qayu zebo sanamkim, nozanin sar to qadamdur bu.

Yuzin ko‘rgach bo‘lur Majnun kabi sho‘ridau shaydo,
Erur huri bihishtiy yo parizodi Eramdur bu.

Adou noz ila mastona javlon aylagan chog‘da,
Degil kabki dariy yo ulki tovusi haramdur bu.

Zihi shirin shamoyil dilraboi olam oshubi,
Qiyomat jilva, mahshar ishva, ne qoshi qalamdur bu.

Musalsal turrai zulfi girehgiringda bilmonkim,
Giriftor aylagan jon qushlarini hech g‘amdur bu.

Hayoti jovidon elga bag‘ishlab jon fido la’ling,
Ularman rashkdin, ne hasrati dardu alamdur bu.

Manga no‘shi labi jonparvaringdin bo‘lmayin ro‘ziy,
Yutarman lahza-lahza, vahki, ne xunobi g‘amdur bu.

Desam shirin dahoning birla zebo qoshlaring vasfin,
Ne yanglig‘ gavhari shahvorni durji adamdur bu.

Junun dashtida to bo‘ldum baliyat mulkini shohi,
Boshimda derlar o‘tlug‘ ohni oltun alamdur bu.

Ichib may qon to‘karga chiqsa ul gulgun qabo sarxush,
Degaysen g‘amzasin ne xanjari olmosdamdur bu.

Ne til birla sifat aylay oning xolu xatin, Ravnaq,
Yozilg‘on safhai orazda ne mushkin raqamdur bu.

Mustazod.

Mastona chiqib qatlima bodom qabog‘i,
beboki sitamgar,
Bir ilgida jomi mai gulrang oyog‘i,
bir ilgida xanjar.
Chashmi siyahidin meni mast etsa ajab yo‘q
to ro‘zi qiyomat,
Bir g‘amzasi mastona shakarrez dudog‘i,
chun bodai kavsar.
Olam elini ko‘z yumub ochg‘uncha qilur qatl,
gar to‘kmak uchun qon,
Jallod ko‘zi g‘amzasidin cheksa pichog‘i,
chun kofiri Xaybar.
Ne nurdurur shu’lai husningdaki ko‘rmay
to bo‘lg‘ali bunyod,
Xurshidi jamoling kabi raxshanda charog‘i,
bu gunbazi axzar.
Savdosi sari zulfida boshimga chiqib dud,
yondim tutay erkan,
Hijron o‘ti siynamda qo‘yib dog‘ uza dog‘i,
chun lolai ahmar.
Savdozada g‘am dashtida Majnun kabidurmen,
ovorai shab-ro‘z,
Haryon qilib ul sho‘xi parivashni so‘rog‘i,
po‘yanda chu sarsar.
G‘am shomi ul oy ko‘yida Ravnaq kabi to subh,
tosh uzra urub bosh,
Ne aysh, ne rohat manga, ne xobi farog‘i,
ne farsh, ne bistar.

Navoiy g’azallariga muxammas.

Garchi a’jozi Masiho la’li durposhindadur,
Yuz jahon bedodgarlik g‘amzai qoshindadur,
Sho‘rishi ro‘zi qiyomat ko‘i avboshindadur,
O‘n sekiz ming olam oshubi agar boshindadur,
Ne ajab chun sarvi nozim o‘n sekiz yoshindadur.

Chiqsa gulgun to‘n kiyib, mastona ul chobuksuvor,
Oshiq o‘lturmak uchun ilgida tiyg‘i obdor,
Jilvasidin tong emas bo‘lmoq qiyomat oshkor,
Desa bo‘lg‘aykim yana ham o‘n sekkiz yil husii bor,
O‘n sekkiz yoshinda muncha fitnakim boshindadur.

Yuz yamog‘lig‘ to‘n kiyib ulkim gadoni kuldurur,
Mohi Qan’on bebaho husnig‘a oning quldurur,^
Uylakim bozori mahshar ko‘yida g‘ulg‘uldurur,
Un sekiz yil dema, yuz sekson yil o‘lsa o‘ldurur,
Husn shohi ul balolarkim ko‘zu qoshindadur.

Ul quyoshkim ko‘yida o‘zni gado qilmish Masih,
Mu’jizoti la’lig‘a jonin fido qilmish Masih,
Ahli dunyodin qochib azmi samo qilmish Masih,
May ketur, ey mug‘ki, yuz hayrat aro qolmish Masih,
Bul’ajablarkim bu eski dayr xuffoshindadur.

Chora aylab yuzg‘a davron ofatidin bahri ashk,
Oqizur Ravnaq havodis kulfatidin bahri ashk,
Mavj urub gardung‘a hijron shiddatidin bahri ashk,
To Navoiy to‘kdi ul oy furqatidin bahri ashk,
Har qachon boqsang quyosh aksi oning boshindadur.

Tavsiya etamiz: Muqumiy she’rlari. Muqimiy ijod yo’li.

Navoiy g’azallariga muxammas.

Ne sitam gar yetsa sendin, jonajonim sen mening,
Bordurur erking ne qilsang, hukmronim sen mening,
Xoh qahr et, hoh lutf et, mehribonim sen mening,
Gar jafo qil, gar vafo kim, dilsitonim sen mening,
Gar meni o‘ltur, agar tirguzki, jonim sen mening.

Xoh rahmu iltifot et, xoh et xuni jigar,
Xoh shod et, xoh :g‘amgin, yo‘q manga sendin guzar,
Xoh bo‘l g‘oyib ko‘zumdin, xoh bo‘l maddiy nazar,
Xoh ra’no qad bila, borg‘il yonimdin jilvagar,
Xoh kel qoshimg‘akim, sarvi ravonim sen mening.

Jazbai ishqing ko‘ngulg‘a bo‘lg‘ali ilhomi g‘ayb,
Yo‘qturur devonai shaydolig‘img‘a shakku rayb,
Vodii shavqing aro qilsam junundin choki jayb,
Jilva aylab har zamon afg‘onu ohim qilma ayb,
Ham sen-o‘q chun boisi ohi fig‘onim sen mening.

Jon berib dildorning topmon vafosidin nishon,
Hech oshiq yori, yo rab, bo‘lmasun nomehribon,
Dardi hijrondin o‘larga yetmisham men notavon,
La’lidin bir-ikki so‘z mazkur qil, ey xasta jon,
Bori bu bir-ikki damkim mehmonim sen mening.

Bo‘lma g‘ofil kechalar ohimdin, ey gul xirmani,
Kim, shafaq ermas qizil o‘tdek falakni domani,
Xok o‘lub ishqing yo‘lida Ravnaqing jonu tani,
O‘ldi mehringdin Navoiy, bevafo debsen ani,
Ertagi nozuk mizoji, badgumonim sen mening.

Fuzuliy g’azallariga muxammas.

Hodisoti dahri dundin ko‘nglinga g‘am bo‘lmasun,
Gar xilofi ra’ying etsa charxi toram bo‘lmasun,
Gul’uzoringdin tihi gulzori olam bo‘lmasun,
Bori mehnatdin niholi qomating xam bo‘lmasun,
Boshimizdan soyai sarvi qading kam bo‘lmasun.

To jahon ayvoni bunyod o‘ldi, ey qoshi qalam,
Bo‘lmamish mavjud hargiz sen kabi zebo sanam,
Ko‘zga baskim nozanindur surating sar to qadam,
Ko‘rmasam ruxsori la’li chashmi g‘amzang dam-badam
Umr bir on, bir zamon, bir lahza, bir dam bo‘lmasun

Subhidam chiqsa guliston sayrig‘a sonchib etak,
Ishtiyoqi tiyg‘i nozing gulga qon aylar yurak,
Ko‘rmadi bir sen kabi qotilni davroni falak,
Sendin ofat keldukin bilsa edi haqdin malak,
Iltimos aylardikim dunyou olam bo‘lmasun.

Ohkim, munglig‘ boshimg‘a tushgali savdoi ishq,
Soldi yuz sho‘ri qiyomat boshima g‘avg‘oi ishq,
Olamu odam erur masti mai minoi ishq,
Der emish zohidki bo‘lmoq aybdur savdoi ishq,
Bu so‘zi fosh etmasun, rasvoi olam bo‘lmasun.

Ravnaqo, zohidlara diydori jonon hayfdur,
Oshiqi komillara ishq ichra bo‘hton hayfdur,
Kimki bemori muhabbat bo‘lsa darmon hayfdur,
Ey Fuzuliy, zavqi dardi ishqa nuqson hayfdur,
Ehtiyot et punbai dog‘ingda marham bo‘lmasun.

Qasida.

Muncha javring degil, ey charxi sitamkor, nedur,
Har ne etmak bu qadar zulm padidor, nedur.

Yuz tuman zaxm yetib xanjari bedodingdin,
Ahli donish jigarin qilmoqing afgor, nedur.

Lahza-lahza oqizib xuni jigar ko‘zlaridin,
Qilmoqing oni iki Qulzumi zaxxor, nedur.

Toqi a’loda yomonlarg‘a berib joyi qaror,
Yaxshilarni urasen yerga, bu kirdor nedur.

Kimki nodondur etib oni jahon ichra aziz,
Kimki donodur, oni aylamaking xor, nedur.

Kimki johildur, oni loyiqi iqbol ko‘rub,
Kimki olimdur, oni qismati idbor, nedur.

Kimki dun o‘lsa surayyo uza oni chiqarib,
Sarfaroz aylamaking oni bu miqdor, nedur.

Kimki ganjinai donishda duri nobdurur,
Taxtaband etmak anga garmii bozor, nedur.

Kimgakim ko‘rsang agar fazli kamoloti shuur,
Foqai faqrg‘a qilmoq oni duchor, nedur.

Kimki nokasdur o‘zin davlata yetgach unutib,
Qayda bidgay onikim do‘st nedur, yer nedur.

Kim bu gulshanda esa sarv kabi ozoda,
Qaro tufroq uza qilmoq oni hamvor, nedur.

Kimki xurshid kabi bo‘lsa sarafrozi jahon,
Qilmoqing oni qaro yerga nigunsor, nedur.

Kimki mir’oti zamirida oning bo‘lsa jilo,
To‘kmaking oyinai tabig‘a zangor, nedur,

Kimki egridur o‘lub shahlar o‘ngunda majro,
Sohibi manzalati mahrami darbor, nedur.

Kimki sultondur etib toji saririn barbod,
Kimki darvesh esa bejubbai dastor, nedur.

Kimki dun o‘lsa etib mu’tabari olam oni,
Qilmoq ul siflani sohib zaru diynor, nedur,

Mard elin yerga urub yor o‘lasen nomarda,
Degil oni mangakim, senda bu atvor, nedur.

Olami dun aro mumtoz etib ul siflanikim,
Bilmayinkim hadafi gavhari shahvor, nedur.

Kim xiyonatgar erur so‘zda uzun unga zamon,
Xozani gavhari ganjinai sarkor, nedur.

Muncha, ey gardishi davri falaki sho‘badaboz,
Bo‘lmoqing dushmani dorandai novor, nedur…

Kimki ablahdur, oni dahr etibon zarrinpo‘sh,
Komig‘a do‘nmak oning gunbazi davvor, nedur.

Kimki mehr o‘lsa ishi lek oning podoshi,
Tuzmak ul g‘amzadag‘a kiynai paykor, nedur…

Kim suxandondur o‘lub tut anga xunobi jigar,
Bilmay el oniki oshomig‘a me’yor, nedur.

Kimki tug‘di onadin o‘ylaki girdobi balo,
G‘arq etarga oni bu Qulzumi zaxxor, nedur.

Kimki nomard erur boshig‘a davroni sipehr
Abri nayson kabi har lahza duru bor, nedur.

Osmon birla zamin farqini dark etmagan el,
Tutub odam o‘zini boshida pindor, nedur.

Vah, ne badmehr sen ey dahri dag‘al, davringda
Bilmaduk oniki, sayri guli gulzor nedur.

Noqis el aysh surub, ahli maishat g‘amdin
Kim, kamol ahlidur olam ko‘ziga tor, nedur.

Norasolarg‘a berib siymni xirman-xirman,
Kim rasodur g‘ami xarvor uza xarvor, nedur.

Kimki dun himmat esa ko‘kka chekib oni jahon,
Jomi xurshid oning bazmida sarshor, nedur.

Kimki tuz bo‘lsa zamondin to‘la sog‘ar-sog‘ar
Qon yutub, kulbai ahzonda jigarxor, nedur.

Kim laim o‘lsa bo‘lub rutbada angushtnamo,
Moldor ahlig‘a ul qofila solor, nedur.

Xor etib ishga yarar elni falak turfa bukim,
Moyili tarbiyati mardumi nokor, nedur.

Dahr elin arbadadin aylaguvchi zeru zabar,
Gardishi sho‘badai axtari sayyor, nedur.

Kim ko‘kartursa fasohat chamani ichra nihol,
Vahki, qo‘ymoq oni bebargu bebor, nedur.

Ko‘rmayin sof zamir elga ravo no‘shi murod,
Bag‘rig‘a urmoq oning nishtari xunxor, nedur.

Soqiyo, tut manga bir jomki, aylab ani no‘sh,
Bilmayinkim ravishi charxi jafokor, nedur.

Kim sharir o‘lsa salotin qoshida qurb topib,
Loyiqi borgahi xaymai xirgoh (?) nedur…

Kimki nokasdur o‘zin turfaki odam sog‘inib,
Nuktagiri suxani mardumi hushyor, nedur.

Bilmanam ne edi jurmim manga sendin, ey charx,
Ranj-ranj uzraki, ozor uza ozor, nedur.

Kimki ozodadurur, aylab oni zoru zalil,
Ko‘rmaking muncha malomatg‘a sazovor, nedur.

Neki taqdirdurur o‘zga yozilmas, Ravnaq,
Tavba qil, yova demakdinki bu guftor, nedur.

Tavsiya etamiz: Noqis tarjimai holi. G’azallari va Navoiy g’azalliga muxammas.

manba

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar