Bosh sahifa » Sherlar » Rizoiy she’rlari va tarjimai holi.

Rizoiy she’rlari va tarjimai holi.

by nafisa nafisa

Rizoiy she'rlari va tarjimai holi.

Rizoiy hayoti she’rlari.

“XURShID VA MALIKAI DILOROM” DOSTONIDAN

Xitoy podshosi keksa Xisrav va uning vaziri Haydar farzandsizlik dog‘ida kuyadilar. Vazirning tavsiyasiyasi bilan Xisrav Shohimardon qabrini tunaydi.
Xisrav adlu dodni ilkiga oldi. Necha vaqtdin so‘ng podshohning zaifasining bo‘yunda xomila qoldi, ammo vazirning zaifasining bo‘yunda ham homila qoldi. Alqissa to‘qquz oy, to‘qquz kun, to‘qquz soat o‘tdi, ikkisining zaifasi bir kechada tug‘dilar. Ko‘rsalar, ikkisi ham o‘g‘ul turur, go‘yo ikkisi Yusufi soniy tururlar, ko‘rganlar hayron bo‘lur erdilar. Podshohga suyunchiladilar. Ersa podshoh ko‘p molu dunyo farovon berdi. Vazir ham mol bis’yor berdi. Ondin so‘ng to‘y boshladilar, qirq kecha-kunduz to‘y etdilar, o‘ttuz ikki sozni bir quloqdin tuzdilar. Qirq kungacha aysh-ishrat bila bo‘ldilar. Ondin so‘ng od qo‘ydilar: podshohning o‘g‘lin odin Xurshid, vazirni o‘g‘lin odini Zevar qo‘ydilar.
Ondin so‘ng podshoh vazirga aydi: — O‘g‘lungni munda olib kel — tedilar. Vazir ham olib keldi. Ikkisini ham podshohning oldig‘a kelturdilar. Podshoh ikkisiga qaradi, ammo, bir-biriga o‘xshar, yuzlari oftobdek. Bularni ko‘rub, xushvaqt bo‘lub bir so‘z aydi:

Chun bulbuli go‘yodek shirin suxan o‘g‘lonlar,
Ham g‘unchai xandondek ko‘nglum savan o‘g‘lonlar.

Ko‘nglumda edi armon, jonimdi anga qurbon,
Ham dardima darmon, ham ko‘nglum olon o‘g‘lonlar.

Cho‘llarni g‘azol ovlab, ot yaxshisini saylab,
Aysh ila nashot aylab, ham sho‘xi shanang o‘g‘lonlar.

Ot ustina minganda, o‘q-yoyini olg‘onda,
Dushmanlari ko‘rganda yakson qilon o‘g‘lonlar.

Ham ofati davrondek, ul shoh Narimondek,
Go‘yoki Yusufjondek mujgon xandon o‘g‘lonlar.

Bahromni qula olmas, Rustamni go‘za ilmas,
Dushmanda o‘chin qo‘ymas, davron suron o‘g‘lonlar.

Ta’rifin bayon etgan bu xasta Rizoyidur
Bechora bu Xisravg‘a darmon bo‘lon o‘g‘lonlar.

Alqissa o‘g‘lonlar yetti yoshig‘a kirdilar, olarni mullog‘a berdilar. Bir necha yillar o‘qudilar olim, dono bo‘ldilar. Alg‘araz o‘n olti yoshig‘a kirdilar, andog‘ pahlavoni zabardast bo‘ldilar. Ikkisi ham mehribon erdilar, bir-birini bir soat ko‘rmasa betoqat bo‘lur erdilar.
Alqissa podshoh vazirga aydi: — E vazir, o‘g‘lumg‘a bir kam qirq hujrani ko‘rsatkil, — dedi. Vazir Xurshidjong‘a bir kam qirqni ko‘rsatdi, birin ko‘rsatmadi. Shahzoda harchand zori qildi, vazir qabul qilmadi. Qaytib keldilar. Shahzoda «Muni ochib bo‘lmasmakan» deb, bir kecha otasining yonidin kilidlarni olib, ul hujrani ochib, ichkari kirdi. Ko‘rdikim, bir farizodning suvrati turubtur. Ul suvrati olib ko‘rdi, behush bo‘lub yotdi; bir kecha-kunduzda o‘ziga kelmadi. Podshoh o‘g‘lini qayda erkanin bilmadi, harchand axtardi, topmadilar, hayran bo‘ldilar. Shul vaqtda vazir aydi:—Ey podshohim, yoningizni qarang, kilidlar bormu?
Podshoh yonini qaradi, topmadi. Vazir aydi: — Man ul hujrani ko‘rsatkanim yo‘q erdi, onda kirgandur — tedi.
— Man borib ko‘rayin — deb, vazir ul hujraga bordi. Ko‘rsa, eshiki ochuqdur. Ichiga kirib ko‘rdi, shahzoda behush bo‘lib yotibdur. Vazir o‘zina kelturdi, shahzoda o‘ziga keldi. Vazir aydi: — E shahzoda, sizga na voqia bo‘lubdur, behush yotibsiz?
Onda shahzoda bo‘lg‘on voqialarni bir-bir bayon qilib, — vazirga qarab bir muxammas o‘qudi:

Man bu jonni naylaram, oromi jonim bo‘lmasa,
Orazi gul, sarv qad, qoshi kamonim bo‘lmasa,
G‘uncha lab, fista dahon, shirin zabonim bo‘lmasa,
Naylayin man gulshani bog‘i bahorim bo‘lmasa,
Bir gadoyam dar-badar, shohi jahonim bo‘lmasa.

Suvratingni ko‘rgali bo‘ldim yuzinga intizor,
Gul yuzing to ko‘rmaguncha yo‘q turur sabru qaror,
Ko‘zlarim yoshi qurumas yig‘labon laylu-nahor,
Orazi vaslingg‘a yetmay bo‘lmisham man sharmisor,
Bir gadoyam dar-badar shohi jahonim bo‘lmasa.

Man kirib mayxonada yursam qalandarlar bilan,
Ishqida Qaqnus kibi kuysam Samandarlar bilan,
Sayri gulzor etmadim bir o‘zga dilbarlar bilan,
Ichmanam mayxonada mayni sumanbarlar bilan,
Bir gadoyam dar-badar shohi jahonim bo‘lmasa.

Bilmanam bul voqia yo rost bo‘lg‘ay yo xayol,
Soldiyu boshimg‘a ishq aylab sipehrini hilol,
Kecha-kunduz yig‘labon man o‘tkaribman moh-sol,
Bu judoliq dardining ostinda bo‘ldim poymol,
Bir gadoyam dar-badar shohi jahonim bo‘lmasa.

Sansizin ey dilbarim emdi bu jonni naylaram,
Tan ichinda to‘tiyu ruhi ravonni naylaram,
Ham niholi qomati sarvi ravonni naylaram,
Bulbuli sho‘ridaman, bul bo‘stonni naylaram,
Bir gadoyam dar-badar shohi jahonim bo‘lmasa.

Ey pari paykar sening qayda makoning bilmanam,
To hayotim boricha istab yo‘lingdin qolmanam,
Topmag‘uncha to seni ko‘zda yoshimni silmanam,
Ko‘nglimi xurram etib, gulshanda hargiz gezmanam,
Bir gadoyam dar-badar shohi jahonim bo‘lmasa.

Xisrav o‘g‘li oshiqi Xurshid derlar odina,
Bir ko‘ngulni bog‘labon ul ko‘zlari mastonina,
Ham shahidi ishq o‘lub, girsam junun bozorina,
To o‘luncha qaytmasam to yetmayin diydorina,
Bir gadoyam dar-badar shohi jahonim bo‘lmasa.

Vazir aydi: — Ey shohzoda, bul viloyatda har kimning qizin xohlasang, olib berali — tedi. Shohzoda qabul qilmadi. Vazir aydi:—Andog‘ bo‘lsa, o‘zing ketarmusan? — tedi. Shohzoda — Ore, ketarman — tedi. Onda vazir aydi: — Yurgil, otang yonig‘a borali — deb, shohzodani otasining yonig‘a olib bordi. Shohzoda otasig‘a qarab, ruxsat tilab bir so‘z aydi:

Solg‘il quloq otajonim,
Manga bir ish bino bo‘ldi,
Ruxsat bergil mehribonim,
Ishq o‘ti mojaro qildi.

Qulluqda man kamina,
Kirdim oshiqlar safina,
Bir parining suvratina,
Bu ko‘ngul mubtalo bo‘ldi.

Ruxsat bersangiz ketali,
Jahonni biz gasht etali,
Bir parizodning xayoli,
Manga yuz ming balo bo‘ldi.

Ruxsat bering Zevar bilan,
Man ketarman himmat bilan,
Necha bo‘lak lashkar bilan,
Manga ishqi sano bo‘ldi.

Bosib ketsam baland dog‘lar,
Olamg‘a solib so‘rog‘lar,
Gasht etib bog‘-charbog‘lar,
Yuz-ming manga balo bo‘ldi.

Otajonim, bering ruxsat,
Boshima tushubdur kulfat,
Azalda yozilg‘on qismat,
Manga haqdin rizo bo‘ldi.

Oshiq Xurshid fig‘on aylar,
Ko‘zindin sochilur durlar,
Karomatli necha pirlar,
Manga ham rahnamo bo‘ldi.

Alqissa bu so‘zdin so‘ng vazir birla podshoh bir pinhon joyig‘a kirib maslahat qildilar. Oxir vazir aydi: — Maslahat ul turur: yonig‘a yuz o‘g‘lon qo‘sharmiz, javob berib yuborurmiz; bir kun, ikki kun yururlar, biri non, biri osh deb, yig‘lashurlar, oxir-nochor bo‘lub, qaytarlar — tedi. Ersa podshohga ma’qul bo‘ldi. Ondin so‘ng Zevarni yonig‘a qo‘shdilar, va yana yuz o‘g‘lon hamroh qildilar. Ot-yarog‘larin tayyor etib, va yana bir qachir zar berib ruxsat berdilar. Ammo, podshohning uch g‘ulomi bor erdi: biriga Bulbul, biriga Sunbul, va yana biriga Jamshid der erdilar. Bularni ham hamroh qilib… xudoyi taolog‘a topshurdilar. Bular yo‘lg‘a ravona bo‘ldilar. Podshoh birla vazir yig‘lashib qoldilar.
Emdi bulardin so‘z eshiting. Alg‘araz, uch kun yo‘l yurdilar, ersa, ul o‘g‘lonlarning toqati qolmadi, biri non, biri osh deb yig‘lar erdilar. Shohzoda bularning zorliqin ko‘rub, Zevarg‘a aydi:— Bularni qaytarib yubormak kerak… Ey Zevarjon, emdi bu o‘g‘lonlarni javobini bergil, qaytsunlar — tedi. Onda Zevarjon olarning har qaysisig‘a yuz tillo berib, yubordilar, uch g‘ulomini olib qoldilar. Ondin so‘ng besh kishi yo‘lg‘a ravona bo‘ldilar. Necha kunlar yo‘l yurdilar, necha dog‘lar, necha cho‘llardin oshdilar. Alqissa kelur erdilar, ko‘rdilar, bir odam ko‘zin ko‘kka tikib, osmong‘a qarab o‘lturur. Bular hayron bo‘lib aydilar:— Na korasan, ko‘kka boqib, na qilursan? — deb so‘rdilar, javob bermadi. Shohzoda bobog‘a qarab bir g‘azal aydi:

Ayo bobo, solg‘il quloq,
Na qilursan, na korasan?
Bizlarga san bergil javob,
Yo g‘aribsan, bechorasan?

Ne uchun ko‘kka boqarsan?
Ko‘zda yoshingni sochorsan,
Bu yera na ish etarsan?
Yo oshiqi parvonasan?

Na bu cho‘lda jayron bo‘lur,
Na kiyigi, qulon bo‘lur,
Na komili eran bo‘lur,
Na oqili farzonasan?

Na savdolarg‘a yo‘luqding,
Boshing olib, cho‘la chiqding?
Yo birovga mehring solding?
Yo jillisan, devonasan?

Xurshid kelur Zevar bila,
Sirring ayg‘il g‘amli qula,
Bizni solg‘il yaxshi yo‘la
Ey odami mardana san!

Ul odam bularg‘a javob berib, aydi: — Ey yigitlar, xudoyi taolo mani cho‘ldin cho‘la soldi — deb, bir so‘z aydi:

Ey yigitlar eshitsangiz,
Man ajab armona tushdim,
Maning holimni bilsangiz,
Cho‘ldin cho‘listona tushdim.

Necha yillar ilm o‘qudim,
Ilmning yodinda bo‘ldim,
Eli-xalqimdin ayrildim,
Otashi hijrona tushdim.

Mani maktabg‘a berdilar,
Ilmi nujum o‘rgatdilar,
Yulduz borin bildurdilar,
Man cho‘li ummona tushdim.

Kechalar ishim hoy bilan,
Ishim yo‘q maning joy bilan,
Dono ishi xudoy bilan,
Man yo‘li burhona tushdim.

Kimsalar anodin dug‘ar
Bir nechaning jonin olar,
Olar yulduzi yo‘q bo‘lar,
Olarg‘a darmona tushdim.

Ey yigit, manga Donobobo derlar, ilmi nujumda maningdek usto yo‘q turur. Yer yuzindaki odamlarning yulduzlarin bilurman, kim o‘lsa, yo onadin tug‘sa, oni ham bilurman — deb, bir-bir bayon qildi. Ersa shohzoda mundin bu so‘zni eshitib, aydi: — Ey bobo, bu yigitni sanga shogird berurman — tedi. Ersa, bobo qabul qildi. Sunbulni anga shogird berdilar.
Ondin so‘ng yo‘lg‘a tushub ravona bo‘ldilar. Necha manzillarni qat’ etib borar erdilar, otlari yaramay, halok bo‘ldi. Piyoda oyoqlari qabarib, goh o‘lturub, goh yurub borur erdilar. Bir joyg‘a bordilar, ko‘rdilarkim, bir odam qo‘lunda to‘qmoq, yerni urub yurur. Bular oni ko‘rub, hayron bo‘ldilar. «Bu na kora odam» deb, yonig‘a borib, salom berdilar, bobo javob bermadi. Bular so‘z so‘rdilar, javob bermay, ishiga mashg‘ul bo‘ldi. Shohzoda munga qarab, javob so‘rab bir g‘azal aydi:

Ayo, bobo, na korasan?
Kel sirringni ayon ayla,
Bu yerda na ish qilursan?
Biza sirring bayon ayla.

Yo yurugan ahmaqmusan?
Yo birovdin nohaqmusan?
Erni urub to‘qmoqlaysan,
Kel sirringni bayon ayla.

Qo‘lg‘a to‘qmoqing olursan,
Erning maynina urarsan,
Zavolina san qolursan,
Biza sirring ayon ayla.

Yo jillisan — devonasan?
Yo soqiyi paymonasan?
Yo oshiqi parvonasan?
Kel sirringni bayon ayla.

Ey bobo, san beri kelgil,
Xurshidning so‘zini etkil,
Nasihatim qabul etkil,
Kel beri san, bayon ayla.

Alqissa andin so‘ng, bobo, bularg‘a qarab, qo‘liga sozin olib, bir varsaqi aydi:

Ey yigitlar bilsangiz, bu yerlarda bo‘lurman,
Ahvolimni so‘rsangiz, xurram kezib yururman.

Ishim maning bul erur: tortsam yerning tanobin,
Mag‘rib birla Mashriqqa bir lahzada borurman.

Piri komil oldinda necha yillar o‘qudim,
Ko‘p zamonlar bo‘lubdur, zindalikni qilurman.

Man yig‘laram bu yerda ilmim maxfiy qolur deb,
Shogird istab doimo hayron bo‘lub yururman.

Umrim oxir bo‘lubdur, Qumri yig‘lar, oh chekar,
Doyim ishim bul erdi, zikr aytibon yururman.

Alqissa Qumri bobo bu javobni aydi:— Ey yigitlar, manga Qumri tanobkash derlar, yerning tanobin tortib, bir soatda Mag‘rib birla Mashriqg‘a borurman. Emdi bir shogird istab tururman, ul ilmni o‘rgatsam — tedi. Ersa, shahzoda, Jamshidni anga shogird qo‘ydilar. Ondin so‘ng yo‘lg‘a ravona bo‘ldilar. Necha manzil-marohilni tay qilib borur erdilar, bir cho‘lda bir bobo qo‘sh surub yurur. Borib, salom berdilar. Bobo o‘z ishiga mashg‘ul turur, ko‘rdilar, bobo, o‘n sari bug‘doyni sefdi, bir soatda ko‘kardi, pishdi, yig‘nadi, duvdi, sovurdi, o‘lchadi, yana o‘n sari keldi. Boboni bu ishiga hayron bo‘lub, shahzoda, bobog‘a qarab, bu javobni aydi:

Farishtadek oq saqolli jon bobom,
Kelgil, bobo, ahvolingdin xabar ber,
Haq yo‘lina andishali jon bobom,
So‘zla, biza, ahvolingdin xabar ber.

Bobojon bu yerda qo‘shni qo‘sharsiz,
Qo‘lg‘a olib bug‘doylarni sefarsiz
Pishurubon bug‘doylarni o‘rarsiz,
Kelgil, bobo, ahvolingdin xabar ber.

Saning bu ishinga bo‘ldim man hayron,
Bobojon, boshinga bo‘layin qurbon.
Bir damda ko‘tarding, bobojon, xirmon,
Kelgil, bobo ahvolingdin xabar ber.

Bobojon bu ishing bo‘lmadi balli,
Xirmoningni bori bo‘ldi o‘n sari.
Yo magar, bobojon, bo‘lubsan jilli?
Kelgil, bobo, ahvolingdin xabar ber.

G‘arib bobom, bizlar yona kelmading,
Bizlarni, bobojon, go‘za ilmading.
Xurshidni so‘zina quloq solmading,
Kelgil, bobo, ahvolingdin xabar ber.

Alqissa Xurshid bu javobni aydi, ersa, bobog‘a ta’sir etdi. Bobo bularg‘a qarab, boshidin o‘tkan voqialarni bir-bir bayon qilib, bir muxammas o‘qudi bobo bechora:

Xudo bizni yaratdi kavni makon ichinda,
Kecha-kunduz yurubon yuragim qon ichinda,
Eli-xalqdin judoman bo‘lub hayron ichinda,
Soqi azal mayini sundum dumon ichinda,
Aytub haqning zikrini bu cho‘liston ichinda.

Soqi azal mayini xaloyiqqa sunarman,
O‘zi bergan tuxmini sefib oni ekarman,
Kasbi ziroat aylab, qo‘shin oni surarman,
O‘lganlarni jonini yana olib berurman
Aytub haqning zikrini bu cho‘liston ichinda.

Ey yigitlar, menga Boboyi Jon-ota derlar. Men bug‘doylardin bir qismni olib, o‘lgan odamning ustina sochsam, tebranur, va yana bir qiomni olib sochsam, turub o‘lturur, va yana bir qismni olib sochsam, tirilur — tedi. Ersa, shahzoda, Bulbulni ham anga shogird berdilar.
Yana yo‘lg‘a ravona bo‘ldilar. Bir necha kun yo‘l yurdilar, oyoqlari qabarib, och, suvsizlikdin tang bo‘ldilar… Nogoh ko‘rdilar bir tog‘ning kanorida bir kafacha havli ko‘rundi. Anga harib bordilar. Ichiga kirib ko‘rsalar bir kanfir o‘lturur. Salom berdilar. Ul kanfir bularning salomin olib aydi: — Ey o‘g‘lonlarim, qaydin kelib, qayda borursizlar?— dedi. Shahzoda qo‘lig‘a sozin olib, momog‘a qarab aydi:

Eshit, momo, arzi holim so‘zlayin,
Boshima bir savda tushdim-da keldim,
Boshimdin o‘tkanin bayon aylayin,
Bir pari ishqina tushdim-da keldim.

Malikadur odi, o‘zi parizod,
Necha ish boshima bo‘lubdur bunyod,
Bulbul kibi aylab nolau faryod,
Ishq bahrina tushub, cho‘mdim-da keldim.

Bog‘i Eram derlar oning joyina,
Borib kirsam oning bog‘u ko‘shkina,
Bulbul kibi kirsam sayrab qo‘ynina,
Oning ishqi birla uchdim-da keldim.

Suvratin ko‘rubon bo‘lubman hayron,
Momojon, etarsan dardima darmon,
Yo‘llaridur oning toza guliston,
Bog‘ining gulidin termaka keldim.

G‘uncha kibi og‘zi, o‘zi bir jonon,
Yuzlaridur oning ofati davron,
Momojon, qolmasun ichimda armon,
Lablarin mayidin ichmaka keldim.

Kelurman, momojon, dog‘lardin oshib,
Ishqning daryosinda ham qaynab-doshib,
Bog‘ining mevasin tersam sinashib,
Oning birlan davron surmaka keldim.

Xisrav o‘g‘li Xurshid derlar odimni,
Bilib ol, momojon, asli zotimni,
Malikai Diloromi — Shohruh qizini —
To‘y-tamosho qilib olmoqa keldim.

Ey momojon, man Xitoydin, Malikai Diloromni izlab chiqdim. Bu, vazirim turur — deb, bir-bir bayon qildi.
Momo aydi: — Ey bolam, necha shohlar, necha shohzodalar o‘tdi, ola bilmadilar — deb, momo, qo‘lig‘a sozin olib, qo‘rquv berib bir so‘z aydi:

Xurshid bilan Zevar, quloq solinglar.
Sizlar Malikani ola bilmassiz,
Maning bu so‘zimni bilib olinglar,
Malikaga qarshu tura bilmassiz.

Necha shohlar lashkar bilan keldilar,
Bog‘ining degrasin qurshab oldilar,
Malika tig‘idin bari o‘ldilar,
Sizlar onga hargiz bora bilmassiz.

Bahrom bila Jamshid yana Iskandar,
Malikaga olar kishi qo‘ydilar,
Ola bilmay olar qaytib ketdilar,
Olardek sizlar ham bo‘la bilmassiz.

Nechalar aytardi oh bilan afg‘on,
Istayub dardina topmadi darmon,
Qasd etdi, bo‘lmadi, Barzo‘y Dehqon
Olardin ilgari bo‘la bilmassiz.

Tangsuq-momo derlar maning odima,
Inoning, bolalar, aytg‘on so‘zima,
Yiqilsangiz, bolam, maning o‘zima,
Bo‘lmasa, maqsuda yeta bilmassiz.

Alqissa Tansuq-momo bu javobni aydi: — Ey bolalarim, man enagasi bo‘lurman, oni hech kim ola bilmadi, oning qilig‘indin hech kim qutulmas — tedi. Ersa, shahzoda bir tabaq tillo to‘ldurub, momoning oldinda qo‘ydi. Momo tilloni ko‘rub, xushvaqt bo‘lub aydi:—Ey bolalarim, sizlar bir oz uxlang, man sizlarga bir oz taom pishurayin — tedi.
Momo taom tayyor qilib bularni uyg‘otdi. Bular turub, nahori etdilar. Ondin so‘ng momo aydi: — Ey shahzoda, siz aning uhdasidin kela bilmassiz, ammo Zevarjon uhdasidin kelur — tedi. Onda shahzoda aydi: — Momojon, o‘zing bilursan — dedi. Onda momo «yo‘lin o‘rgatayin» deb, aydi: — Ey Zevarjon, san mundin borsang, bog‘ining bir suv kiraturg‘on to‘shugi bor, shul to‘shukka borib qarag‘il. Oning bir oti bor, sani ko‘rgach bir kishnar, san o‘zingni pinhon qil. Malika otining ovozin eshitib, ko‘shk ustina chiqib qarar. Kishi ko‘runmasa, yana ko‘shkina kirib yotar. O‘zingni pinhon qil. Yana otga ko‘rungil. Ot yana kishnar. San o‘zingni pinhon qil. Malika chiqib qarar, kishi ko‘runmasa yana qaytar. Alqissa, uch yo‘la ko‘rungil. Uchlanchida ham kishi ko‘rmasa, Malika dar qahr bo‘lub, otig‘a bir shaffat urar; ot qo‘rqib, titrab turar, andin so‘ng Malika kirib uyiqlar. O‘n kecha-kunduz uxlasa kerak. Ul suv kiraturg‘on yerdin kirgil. Ko‘shkka yaqin borursan. Ot zo‘r qilib sanga havola qilur. San o‘zingni ko‘shk ustina olsang, xo‘b, va illo-agar o‘zingni ola bilmasang, ot sani pora-pora qilur — deb, bir-bir bayon qildi.
Ondin so‘ng, momo, bir necha — ko‘p yifak chiqorib, uzun yif tobladi. Aydi: — Ey bolam, bul yiflarni olib, Malikaning ko‘shkina chiq. Malika uyquda yotar. Uning qo‘l-oyoqin bog‘lag‘il. Ammo, ko‘p yolborur, ko‘p hiylalar qilur, qabul qilma, vaqtoki onasining haykalindin ont bermaguncha.
[Zevar, Malikai Diloromning bog‘iga borib, Tansuqmomo o‘rgatgan hiylalarni bajaradi. Malika taslim bo‘lib, Zevarga tegmoqchi bo‘ladi, lekin Zevar bu xizmatni do‘sti uchun qilganini, Malika, Xurshidni qabul qilishi lozimligini aytadi].
Parizod aydi: — Saning podshohzodingni na haddi bo‘lg‘ay, saningdek bahodir, bohusn, bakamol bo‘lg‘ay?! Man o‘zingni qabul qilurman, na uchunkim, bu ishlarni san bajarding. Emdi podshohzodingni ko‘rayin, saning birlan barobar bo‘lsa, qabul qilurman; bo‘lmasa, o‘zingni qabul qilurman — deb, onasining haykalin olib, ko‘ksina urdi. Zevarjon ondin so‘ng Malikaning qo‘l-oyoqin bo‘shatdi… Alqissa Malikai Dilorom bu javobni aydi:—Ey Zevarjon, maning xayolim — o‘zing birla davron surarman der erdim. Emdi san shohingni ta’rif etkil — tedi. Onda Zevarjon shahzodani ta’rif etib bir so‘z aydi:

Ta’rifin etayin eshit nigorim,
Shohim maning olam ichra ballidur,
Har zamon ko‘rmasam, yo‘qtur qarorim,
Ishqida nechalar, bilsang, jillidur.

Qoshlari yoy kibi, husni munavvar,
Har bir yuzi oning xurshidi anvar,
Er yuzinda yo‘qtur andog‘ dilovar,
Nozikdur sarvdin nichka bellari.

Od etib o‘tubdur Zol, Narimon,
Ovozada go‘yo Rustami Doston,
Yuzin ko‘rsang oning, toza guliston,
Tamosho aylasang ajab yuzlari.

Shohim kibi bo‘lmas arzu samoda,
Yuzin ko‘rgan shohlar bo‘lur piyoda,
Parizodim, yolg‘on so‘z yo‘q aroda,
Suxanvar bobinda shirin tillari.

Xizmata kelmisham man g‘arib Zevar,
Bo‘lubdur oq yuza zulfing muattar,
Qabul et shohimni, qilmag‘il azbar,
Boshinda jig‘asi ajab zarlari.

[Malikaning talabi bilan Zevar Xurshidni keltiradi Shunda Malika bul ham yomon ermas erkan… Muning donoliki bormu yo yo‘qmu, bilayin deb Xurshidga so‘roqlar berib, to‘la javob olgandin keyin, Xurshid ham Malikaga so‘roqlar berib, to‘liq javob oladi. So‘roq-javoblar, umuman, diniy tushunchalar bilan tuzilgan. Masalan:]

Savoli parizod:
Ul na qushdur doyim kitobin o‘qur?
Ul na bog‘dur doyim nazarin solur?
Na shahrdur yiqib, to‘tisin olur?
Oshiq Xurshid, biza mundin xabar ber.

Javobi shahzoda:
Lavhul-mahfuz kitob, Azroil qushdur,
Dunyo bir bog‘ turur nazarin solur,
Tan bir shahr erur to‘tisi jondur,
Parizodim, bizdin xabar bo‘yladur.

…Shahzoda savol qildi, Malika javob berdi:

Parizodim, sandin xabar so‘rarman,
Ul na guldur, na yag‘murda ochilur?
Ul na jomdur, na soqining alinda?
Ul na maydur navbat bilan ichilur?

Javobi Malika:
Xurshidjonim javobingni berayin,
Odam guldur, duo birla ochilur,
Falak soqi, ajal mayi alinda,
Ul maydurkim navbat birla ichilur.

…Alqissa ikkisi bu javobni aytushdilar. Ersa parizod aydi: — Ey Zevarjon, shahzoda ham yomon ermas erkan, harna bo‘lsa, saning xotiring uchun qabul qildim.
Alqissa, Zevarjot aqdi nikoh qilib, Malikai Diloromni shahzodai Xurshidga berdi, shahzoda ham qabul qildi. Oshiq-ma’shuq murodlariga yetdilar.*

Tavsiya etamiz: Zahriddin Muhammad Bobur g’azallari. Bobur she’rlari

manba

 

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Attestatsiya
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar