Mundarija
Mujrim Obid zullisonayn shoir.
Mujrim Obid — (taxallusi; asl ismi-sharifi Mirakxo‘ja o‘g‘li, 18-asrning 2-yarmi — hozirgi Buxoro viloyati Vobkent tumani Kumushkent qishlog‘i — 19-asrning 1-choragi) — zullisonayn shoir. O‘z davri Buxoro adabiy muhitining zabardast vakili. Tarjimai holiga oid ma’lumotlar yetarli emas. Ba’zi manbalarda shoirning ismi Obidxo‘ja, otasining ismi Mirakxo‘ja ekanligi qayd qilingan.
Mirarab madrasasida tahsil ko‘rgan. Dastlab Mujrim taxallusi bilan she’rlar yozgan. 19-asrning boshlarida Amir Haydar unga Obid taxallusini bergan. Lekin u Mujrim taxallusidan ham voz kechmay, har ikkala taxallus bilan ijod etgan. U Amir Haydar saroyida muboshirlik vazifasida ishlagan. 80 yilcha umr ko‘rgan shoir hayotining so‘nggi yillarida qashshoqlikda yashagan. She’rlarida bevafo dunyodan, adolatsiz zamondan, oqibatsiz odamlardan nolish — shikoyat ohanglari aks etgan.
Turkiy ijodida Navoiy va Mashrab, forsiy she’rlarida Bedilga izdoshlik qilgan. Uning turkiy devonida 459, forsiy devonida 206 g‘azal bor. Devonlarida, shuningdek, muxammaslari, qit’alari, ruboiylari, «Hasbi hol» masnaviysi mavjud. Asarlari to‘liq holda nashr etilmagan. G‘azallaridan namunalar hamda qit’a va ruboiylari bosilib chiqqan. Forsiy devoni mukammal emas.
Mujrim-Obid an’anaviy uslubda go‘zal ishqiy g‘azallar yaratgan. Ularda so‘fiyona ruh kuchli. Og‘ir hayot yo‘lini bosib o‘tgan shoirning aksar she’rlarida shikoyat, qasrat ohangi ustun. Forsiy-arabiy so‘zlar ko‘p uchrashi jihatdan she’rlarining tili murakkab, lekin uslubi sodda, ifoda tarzi ravon. Sharq adabiyotini chuqur bilishi, yetuk iste’dod sohibi ekanligi she’rlaridan sezilib turadi. She’rlari ohorli va go‘zal tashbehu timsollar, teran falsafiy umumlashmalar, keskin ijtimoiy fikrlarga boy. Qit’a va ruboiylarida shoirning axloqiy qarashlari, pand-nasihatlari aks etgan. Umuman, dunyoning nomukammalligi, jamiyat qusurlari, odamlar fe’lidagi illatlarni tanqid qilish shoir she’riyatining asosini tashkil etadi.
G’azallari va she’rlari.
Zamona har kima bir tarz ro‘zgor qilur.
Biravni vosili davlat, biravni xor qilur.
Biravni qo‘lig‘a berur madori mulki jahon,
Biravni to dam o‘tguncha bemador qilur.
Biravni g‘am bila, qayg‘u bilan ado aylar,
Biravni ishrati olamg‘a poyidor qilur.
Biravni diydai binosidin judo aylab,
Tamomi umrin asokashga intizor qilur.
Biravga siymu zar behisob ro‘zi etar,
Biravni bir pul uchun yo‘l yuzida zor qilur.
Visol birla yil o‘tsa zamoncha ko‘rinmas,
Biror zamongina hijronni yil shumor qilur.
Falakdin har nechakim dardu g‘am nuzul aylar,
Yurogim ichra kelib, jo tutub diyor qilur…
Biravni ko‘nglida kibru g‘urur, zavqu huzur,
Biravni ko‘yi g‘ariblikda xoksor qilur.
Ko‘ngulki jazbai ishq o‘qiga nishona erur,
Chu dard teksa qachon bir zamon qaror qilur.
Bu dayrda kishi bir-birdin ayrila tushsa,
Sharobi vasl nafas etmayin xumor qilur.
Biravga mehri fulus jahonga shatta urar,
G‘aribu g‘amzadalar ko‘nglini shikor qilur.
Biravki ko‘ngliga ishq o‘tidin sharora tushar,
Junun boshig‘a tusharga nechuk qaror qilur.
Chunonchi ahli muhabbat yo‘luqsa bir-biriga,
Hikoyati g‘amu afsonasi, baror qilur.
Chu oshno hamaga beg‘araz erur Mujrim,
Aning uchun hamani holis e’tibor qilur.
* * *
Guliston ichra kirsam holima sarvu suman yig‘lar,
Qilur bulbul fig‘onu nolalar birla chaman yig‘lar.
Eshitsalar mani boshimga tushgan muncha savdoni,
Biyobonlarda Majnun, tog‘ ichinda Ko‘hkan yig‘lar.
Osildi ishq tug‘yoni bilan Mansur dor uzra,
Analhaq na’ra tortib, cho‘bayi doru rasan yig‘lar.
Yurak qon bo‘lmag‘uncha didadin xunoba yo‘q jori,
Birovga tekmasa bir dardi bedarmon qachon yig‘lar.
Mening ishqim hadisi tushsa gar mahfil arosig‘a,
Kuyar parvona-yu, motamda sham’i anjuman yig‘lar.
Bu hasrat birla oxir dahri fonidin guzar qilsam,
O‘qub g‘amnomai hajrimni har bir mardu zan yig‘lar.
Alisher Navoiy G’azallari va ruboiylar to’plami
Oxir ul bedodgar qasdi meni jonimdadur,
Yoki, tig‘in tez etarga muddao qonimdadur.
Ko‘ching ey mardumki bir tun bo‘lmag‘aysiz g‘arqi xun,
Muncha selobi balokim chashmi giryonimdadur.
Erga tushgan shu’lasiga toqati nazzora yo‘q,
Ul haroratkim maning xurshedi tobonimdadur.
Sog‘inurman kosh Majnun bo‘lsa erdi ulfatim,
Hurmatim tutmas xirad ahliki, davronimdadur.
Xoh sotsun, xoh qo‘ysun, xoh ozod aylasun,
Bandai farmonidurman hukm sultonimdadur.
Har kima dardu alam darkor, kelsun manda bor,
Chug‘zi oliy himmatam, bu ganj vayronimdadur.
Ko‘nglum afgor o‘lg‘anin andin xaloyiq fahm etar,
Kim xaroshi dog‘ kashfi ohu afg‘onimdadur.
Tifllar devonadur deb, oldilar tegra to‘shim,
Necha tifli ashk ko‘rkim yona mijgonimdadur.
Esdin ozg‘on, telba bo‘lg‘on, charx urg‘on, bag‘ri dog‘,
Xalq har til bila yod aylar mening shonimdadur.
Har kim o‘z holig‘a olam yona o‘z nafsig‘a band,
Hech kim bilmas na hasratlar mening jonimdadur.
Til shikoyatg‘a turib, o‘z holima solmay nazar,
Nafsima boqsamki, ul ham bandi nuqsonimdadur.
Mujrim anglab xalqi olam ko‘rdilar ko‘zga haqir,
Bilmadilar xosiyatlar bandu zindonimdadur.
* * *
Ko‘nglumni hirsu nafsu havo xona qildilar.
Aqlimni oldilar, meni devona qildilar.
Dushman so‘zumni aydi yomon, do‘st ko‘rdi xush,
Minnat alarg‘a til bila afsona qildilar.
Mardumki, ko‘zu qoshdek edi yaxshi oshno,
Ne toptilar bazmdaki, begona qildilar.
Ul sham’i bazm partavidin jong‘a tushti o‘t,
Go‘yo meni mushobihi parvona qildilar.
Kofir ko‘zi, qaroqchi qoshi, o‘g‘ri kifrigi,
Muncha sitamni qaysi musulmona qildilar.
Ul ko‘y itlari sorig‘a ayladim guzar,
Shodamki, xulqu xo‘yi muhibbona qildilar.
Onlarki, to‘la boshlari mag‘zi xirad edi,
Har shod, g‘amni qismati peshona qildilar.
Sandin ham o‘tti ilgari Mujrim shumori ko‘p,
Andin xabar yetishmadi oyo na qildilar.
* * *
Har so‘zda har biravga ne shirin nukoti bor,
Bol tomdi og‘zidinki tilinda naboti bor.
Tasxir bo‘lmag‘an kishi qolmas bu dahr aro.
Ul sho‘xning bu nav’da gar iltifoti bor.
Vaslini istagan o‘zidin qat’ etar hayot,
Andin kechar biravni, kerakli hayoti bor.
Shohini ko‘nglum etmadi parvoz — boli yo‘q,
Har qushg‘a [kim] boqarman ucharg‘a qanoti bor.
Ishq ahlining do‘konida yo‘qtur matoi sabr,
Oshiq yo‘q ulki, qavlanu fe’lan saboti bor.
Sharhi g‘aming ruqumig‘a devoni xotirim,
Mijgon qalam, qora yoshu ko‘zdin davoti bor.
Xalqi zamona ta’nayi Mujrimliging qilur,
Ogoh yo‘qki, haqdin umidi najoti bor.
* * *
Seningdek yordin begona bo‘lmoq bor ekan oxir,
Muqimi kunji hasratxona bo‘lmoq bor ekan oxir.
Falotun tab’lar birla o‘zumni teng bnlur erdim,
Na bildim, bexirad, devona bo‘lmoq bor ekan oxir.
Umid birla tuzub erdim hisori oshnolig‘ni,
Bu ta’mirimg‘a ham vayrona bo‘lmoq bor ekan oxir.
G‘ami ishqingni, jono, har necha eldin nihon tutdum,
Xaloyiq og‘zida afsona bo‘lmoq bor ekan oxir.
Qochaydim o‘t degandin, o‘tmas erdim joni shirindin,
Jamoling sham’ig‘a parvona bo‘lmoq bor ekan oxir.
Ko‘zum mag‘ruri vasl erdimu ko‘nglumda havo o‘zga,
Nigohi oshno begona bo‘lmoq bor ekan oxir.
Bo‘lub Mujrim va lekin kaj yozilg‘on xatti peshoni,
Mukallaf jonibi zindona bo‘lmoq bor ekan oxir.
* * *
Eshitdim ul pari ag‘yor birla oshno bo‘lmish,
Meni ko‘zumg‘a bu ravshan jahon shomi qaro bo‘lmish.
Ko‘zum oqu qarosi do‘stlar bo‘lmas xaridorim,
Magar bozori mehr ichra matoim kam baho bo‘lmish.
Jahondin shavkat oti qat’u kulli murtafi’ bo‘ldi,
Ki bu bechorag‘a ahbob ko‘p nomehribon bo‘lmish.
Hujumi hasratu g‘amdin silindi hosili jismim,
Kamoli za’f ko‘rkim po‘st birla ustixon bo‘lmish.
Qaribsan ham ko‘ngulni zavqi dunyodin ko‘tarmassan,
Nader Mujrim demay xalqi jahon ishing xato bo‘lmish.
* * *
Darig‘ aylanmadi charxi falak bir kun maromimg‘a,
Tazarvi baxt ilinmay, rom bo‘lmay o‘tti domimg‘a.
Yaqosig‘a qo‘lum yetmay, cholib domonidin tutmay,
Falak ne qilg‘animg‘a aylanibdur intiqomimg‘a.
Qorang‘u ro‘zgoram balki xoram, joni afgoram,
Ajab yo‘qtur agar tabdil topsa subh shomimg‘a.
Bu kunlarkim jahonni buzg‘udekdur shiddati ohim,
Quyosh qo‘rqub kirolmas muncha to‘fonlig‘ maqomimg‘a.
Uyum atrofini selobi ashkim qildi daryoye,
Eshik masduddur, ey g‘am, bukun kelma salomimg‘a.
Nuqudi umr xalqi dahr savdosig‘a sarf o‘ldi,
Qiziq bozor sard o‘ldi hama savdoyi xomimg‘a.
Ne obidlig‘da masruram, na Mujrimlig‘da mahjuram,
Nu tole’ yor yo‘q, miqdor yo‘qdur muncha nomimg‘a.
* * *
Guliston intizoring, sarv qadingni xiromon qil,
Qaro zulfingni och, sunbul dimog‘ini parishon qil.
Chekar bulbul fig‘on, gul g‘uncha aylar pirahan pora,
Bukun men nola aylay, sen dog‘i choki giribon qil.
May ich, mahbub quch, mutrib bilan chu beg‘am o‘lturg‘il,
Oyog‘ing qo‘yma zinhor ilgidin o‘lguncha davron qil.
Qizorib chiqti gardundin quyosh mehring so‘rog‘inda,
Takalluf bartaraf xurshedi ruxsoringni tobon qil.
Boshingg‘a har nechuk savdo ketursa dahr oshubi,
Haros etma qo‘lingdin kelsa, ayshingni du chandon qil.
Seni qo‘ndurg‘ali qildim muhayyo jon aro joying,
Buzuq koshonamizg‘a bir kecha o‘zungni mehmon qil.
Samandingni jilovin saqla Mujrim dodxohingdur,
Desun arzini xohi dora cheku xohi zindon qil.
* * *
Na xushdur har kishig‘a ishq o‘tdin asar bo‘lsa,
Samumi oh birla yo‘q taajjub bahravar bo‘lsa.
Ko‘zi xunob ila to‘lg‘an, chiroyi za’faron bo‘lg‘on,
Muhabbat birla qon yutqan eranlardin nazar bo‘lsa.
Fano mayxonasidin no‘sh aylab har kishi jome,
Ko‘rarlar nash’ai dilhoh, kimning halqi tar bo‘lsa.
Xush ul rindeki molu mulki olam ko‘zga ilmaydur,
Qaro tufroqcha bilmas, oldida anbuh zar bo‘lsa.
Muhabbat ko‘nglung ichra bo‘lsa, qobil hamdaming uldur,
Yuroki dardsizni dema hamdam gar padar bo‘lsa.
Alam maydonida razm ayla Obid, himmating keng tut,
Na dersan el quloqig‘a eshitmak birla kar bo‘lsa.
* * *
Ayg‘il manga ko‘nglim nedur asrori nihoning
Lol o‘ldi magar hajrida go‘yo bu zaboning.
Aqlim sening aqlingduru hushim seni hushing,
Jismim seni jismingduru jonim seni joning.
Sen podshohi mulki tanu qal’ai jonsan,
Ilgim, oyog‘im ikkalasi taxti ravoning.
Bir maslahatim ayg‘ilu yo‘limg‘a ravon qil,
Shoyadki qabuli haq esa ushbu ravoning.
Shodim borida shodsan, g‘am bila g‘amda,
Jonim meni jonim edi qo‘ynimda makoning.
Ey bulbuli tab’im na havodur bu chamanda,
Behuda erur nolau faryodu fig‘oning.
Obidni balolarga giriftor qilibsan,
Ayg‘il manga ko‘nglum nedur asrori nihoning.
* * *
Ne taraf azm aylasam oldimda istiqbol g‘am,
Boqmay o‘tsam ham kelur, soya kabi dunbol g‘am.
Kecha hambolinu kunduz hamdami yori safar,
Har qayon borsam anisim muncha mohu sol g‘am.
Ey masihim bir zamon boshimg‘a yetkurgil qadam,
O‘lgali yettim, manga ko‘rguzdi bu ahvol g‘am.
Ey xush o‘l rindi xarobotiki bir sog‘ar bila,
Osmon yemrulsa kelmas ko‘ngliga misqol g‘am.
Hamdilillah, ishq aro sohib rivoji dahr man,
Dard baxtu toleim idbordur, iqbol g‘am.
Soqiyo, may berki tavba eshikin masdud etay,
Tobakay qilsun mani mahjurni pomol g‘am.
Gohi Obidlig‘ otim birla qilib ko‘nglimni shod,
Gohi Mujrim deb yozib, o‘zimga hasbi hol g‘am.
G‘ami dunyoga chirmashg‘on sari holing zabun bo‘lgay.
Baytlari.
Harifi soda tab’lar ko‘p baloga mubtalo.
* * *
Dushmanni o‘zingga mahrami jon qilma,
O‘z joningga muncha jabru nuqson qilma.
El mashvarati birla har ish topar saloh,
Ish qilma o‘z oldingcha, pushaymon qilma.
* * *
Umr yoshdin o‘tar, havas dildin,
Ayog‘ing hech uzilmagay gildin.
Koru boring erur pushaymonlig‘,
Bori sudu ziyon parishonlig‘.
* * *
Ne taraf azm aylasam oldimda istiqbol g‘am,
Boqmay utsam ham kelur soya kabi dunbol, g‘am.
* * *
Suchuk til birla, ey Obid, bu g‘amli dilni shod etgil,
Ki jon tandin vijod etguncha bu shirin zabon yaxshi.
* * *
Bu masaldur, Obido, xalq ichrakim, qaysi yatim,
Og‘zi tegdi oshqayu, burnidin qachon qon kelmadi.
* * *
Ko‘rdiki kimda bordur davlat anga duchordur,
Naf’i yetg‘ay xayolig‘a o‘zni oshno qilur.
Birovni g‘am bila, qayg‘u bila ado aylar,
Birovni ishrati olamg‘a poydor qilur.
Birovni diydai binosidin judo aylab,
Tamomi umrin asokashga intizor qilur.
Birovga simu zar behisob ro‘zi etar,
Birovni bir pul uchun yo‘l yuzida zor qilur.
* * *
Chekib minnat adadsiz, ruyi rohat kurmadim hargiz,
Azaldan, ey birodarlar, jafokashga vafo bo‘lmas.
* * *
Hech birodardan manga kelgan emas buyi vafo,
Ahli olamda maningdek purjafoe bormikin?
Mehr izlab qahr ko‘rgan, sharbat izlab zahr nush,
Ruyi rohat kurmagan mehnatadoe bormikin?