Bosh sahifa » Sherlar » Mujrim Obid she’rlari va g’azallari. Tarjimai holi.

Mujrim Obid she’rlari va g’azallari. Tarjimai holi.

by nafisa nafisa

Mujrim Obid she'rlari va g'azallari. Tarjimai holi.

Mujrim Obid tarjimai holi.

Mujrim-Obid — (taxallusi; asl ismi-sharifi Mirakxo‘ja o‘g‘li, 18-asrning 2-yarmi — hozirgi Buxoro viloyati Vobkent tumani Kumushkent qishlog‘i — 19-asrning 1-choragi) — zullisonayn shoir. O‘z davri Buxoro adabiy muhitining zabardast vakili. Tarjimai holiga oid ma’lumotlar yetarli emas. Ba’zi manbalarda shoirning ismi Obidxo‘ja, otasining ismi Mirakxo‘ja ekanligi qayd qilingan.

Mirarab madrasasida tahsil ko‘rgan. Dastlab Mujrim taxallusi bilan she’rlar yozgan. 19-asrning boshlarida Amir Haydar unga Obid taxallusini bergan. Lekin u Mujrim taxallusidan ham voz kechmay, har ikkala taxallus bilan ijod etgan. U Amir Haydar saroyida muboshirlik vazifasida ishlagan. 80 yilcha umr ko‘rgan shoir hayotining so‘nggi yillarida qashshoqlikda yashagan. She’rlarida bevafo dunyodan, adolatsiz zamondan, oqibatsiz odamlardan nolish — shikoyat ohanglari aks etgan.

Turkiy ijodida Navoiy va Mashrab, forsiy she’rlarida Bedilga izdoshlik qilgan. Uning turkiy devonida 459, forsiy devonida 206 g‘azal bor. Devonlarida, shuningdek, muxammaslari, qit’alari, ruboiylari, «Hasbi hol» masnaviysi mavjud. Asarlari to‘liq holda nashr etilmagan. G‘azallaridan namunalar hamda qit’a va ruboiylari bosilib chiqqan. Forsiy devoni mukammal emas.

Mujrim-Obid an’anaviy uslubda go‘zal ishqiy g‘azallar yaratgan. Ularda so‘fiyona ruh kuchli. Og‘ir hayot yo‘lini bosib o‘tgan shoirning aksar she’rlarida shikoyat, qasrat ohangi ustun. Forsiy-arabiy so‘zlar ko‘p uchrashi jihatdan she’rlarining tili murakkab, lekin uslubi sodda, ifoda tarzi ravon. Sharq adabiyotini chuqur bilishi, yetuk iste’dod sohibi ekanligi she’rlaridan sezilib turadi. She’rlari ohorli va go‘zal tashbehu timsollar, teran falsafiy umumlashmalar, keskin ijtimoiy fikrlarga boy. Qit’a va ruboiylarida shoirning axloqiy qarashlari, pand-nasihatlari aks etgan. Umuman, dunyoning nomukammalligi, jamiyat qusurlari, odamlar fe’lidagi illatlarni tanqid qilish shoir she’riyatining asosini tashkil etadi.

Zahriddin Muhammad Bobur g’azallari. Bobur she’rlari

Mujrim Obid g’azallari.

Zamona har kima bir tarz ro‘zgor qilur.
Biravni vosili davlat, biravni xor qilur.

Biravni qo‘lig‘a berur madori mulki jahon,
Biravni to dam o‘tguncha bemador qilur.

Biravni g‘am bila, qayg‘u bilan ado aylar,
Biravni ishrati olamg‘a poyidor qilur.

Biravni diydai binosidin judo aylab,
Tamomi umrin asokashga intizor qilur.

Biravga siymu zar behisob ro‘zi etar,
Biravni bir pul uchun yo‘l yuzida zor qilur.

Visol birla yil o‘tsa zamoncha ko‘rinmas,
Biror zamongina hijronni yil shumor qilur.

Falakdin har nechakim dardu g‘am nuzul aylar,
Yurogim ichra kelib, jo tutub diyor qilur…

Biravni ko‘nglida kibru g‘urur, zavqu huzur,
Biravni ko‘yi g‘ariblikda xoksor qilur.

Ko‘ngulki jazbai ishq o‘qiga nishona erur,
Chu dard teksa qachon bir zamon qaror qilur.

Bu dayrda kishi bir-birdin ayrila tushsa,
Sharobi vasl nafas etmayin xumor qilur.

Biravga mehri fulus jahonga shatta urar,
G‘aribu g‘amzadalar ko‘nglini shikor qilur.

Biravki ko‘ngliga ishq o‘tidin sharora tushar,
Junun boshig‘a tusharga nechuk qaror qilur.

Chunonchi ahli muhabbat yo‘luqsa bir-biriga,
Hikoyati g‘amu afsonasi, baror qilur.

Chu oshno hamaga beg‘araz erur Mujrim,
Aning uchun hamani holis e’tibor qilur.

* * *

Guliston ichra kirsam holima sarvu suman yig‘lar,
Qilur bulbul fig‘onu nolalar birla chaman yig‘lar.

Eshitsalar mani boshimga tushgan muncha savdoni,
Biyobonlarda Majnun, tog‘ ichinda Ko‘hkan yig‘lar.

Osildi ishq tug‘yoni bilan Mansur dor uzra,
Analhaq na’ra tortib, cho‘bayi doru rasan yig‘lar.

Yurak qon bo‘lmag‘uncha didadin xunoba yo‘q jori,
Birovga tekmasa bir dardi bedarmon qachon yig‘lar.

Mening ishqim hadisi tushsa gar mahfil arosig‘a,
Kuyar parvona-yu, motamda sham’i anjuman yig‘lar.

Bu hasrat birla oxir dahri fonidin guzar qilsam,
O‘qub g‘amnomai hajrimni har bir mardu zan yig‘lar.

* * *

Oxir ul bedodgar qasdi meni jonimdadur,
Yoki, tig‘in tez etarga muddao qonimdadur.

Ko‘ching ey mardumki bir tun bo‘lmag‘aysiz g‘arqi xun,
Muncha selobi balokim chashmi giryonimdadur.

Erga tushgan shu’lasiga toqati nazzora yo‘q,
Ul haroratkim maning xurshedi tobonimdadur.

Sog‘inurman kosh Majnun bo‘lsa erdi ulfatim,
Hurmatim tutmas xirad ahliki, davronimdadur.

Xoh sotsun, xoh qo‘ysun, xoh ozod aylasun,
Bandai farmonidurman hukm sultonimdadur.

Har kima dardu alam darkor, kelsun manda bor,
Chug‘zi oliy himmatam, bu ganj vayronimdadur.

Ko‘nglum afgor o‘lg‘anin andin xaloyiq fahm etar,
Kim xaroshi dog‘ kashfi ohu afg‘onimdadur.

Tifllar devonadur deb, oldilar tegra to‘shim,
Necha tifli ashk ko‘rkim yona mijgonimdadur.

Esdin ozg‘on, telba bo‘lg‘on, charx urg‘on, bag‘ri dog‘,
Xalq har til bila yod aylar mening shonimdadur.

Har kim o‘z holig‘a olam yona o‘z nafsig‘a band,
Hech kim bilmas na hasratlar mening jonimdadur.

Til shikoyatg‘a turib, o‘z holima solmay nazar,
Nafsima boqsamki, ul ham bandi nuqsonimdadur.

Mujrim anglab xalqi olam ko‘rdilar ko‘zga haqir,
Bilmadilar xosiyatlar bandu zindonimdadur.

* * *

Ko‘nglumni hirsu nafsu havo xona qildilar.
Aqlimni oldilar, meni devona qildilar.

Dushman so‘zumni aydi yomon, do‘st ko‘rdi xush,
Minnat alarg‘a til bila afsona qildilar.

Mardumki, ko‘zu qoshdek edi yaxshi oshno,
Ne toptilar bazmdaki, begona qildilar.

Ul sham’i bazm partavidin jong‘a tushti o‘t,
Go‘yo meni mushobihi parvona qildilar.

Kofir ko‘zi, qaroqchi qoshi, o‘g‘ri kifrigi,
Muncha sitamni qaysi musulmona qildilar.

Ul ko‘y itlari sorig‘a ayladim guzar,
Shodamki, xulqu xo‘yi muhibbona qildilar.

Onlarki, to‘la boshlari mag‘zi xirad edi,
Har shod, g‘amni qismati peshona qildilar.

Sandin ham o‘tti ilgari Mujrim shumori ko‘p,
Andin xabar yetishmadi oyo na qildilar.

* * *

Har so‘zda har biravga ne shirin nukoti bor,
Bol tomdi og‘zidinki tilinda naboti bor.

Tasxir bo‘lmag‘an kishi qolmas bu dahr aro.
Ul sho‘xning bu nav’da gar iltifoti bor.

Vaslini istagan o‘zidin qat’ etar hayot,
Andin kechar biravni, kerakli hayoti bor.

Shohini ko‘nglum etmadi parvoz — boli yo‘q,
Har qushg‘a [kim] boqarman ucharg‘a qanoti bor.

Ishq ahlining do‘konida yo‘qtur matoi sabr,
Oshiq yo‘q ulki, qavlanu fe’lan saboti bor.

Sharhi g‘aming ruqumig‘a devoni xotirim,
Mijgon qalam, qora yoshu ko‘zdin davoti bor.

Xalqi zamona ta’nayi Mujrimliging qilur,
Ogoh yo‘qki, haqdin umidi najoti bor.

* * *

Seningdek yordin begona bo‘lmoq bor ekan oxir,
Muqimi kunji hasratxona bo‘lmoq bor ekan oxir.

Falotun tab’lar birla o‘zumni teng bnlur erdim,
Na bildim, bexirad, devona bo‘lmoq bor ekan oxir.

Umid birla tuzub erdim hisori oshnolig‘ni,
Bu ta’mirimg‘a ham vayrona bo‘lmoq bor ekan oxir.

G‘ami ishqingni, jono, har necha eldin nihon tutdum,
Xaloyiq og‘zida afsona bo‘lmoq bor ekan oxir.

Qochaydim o‘t degandin, o‘tmas erdim joni shirindin,
Jamoling sham’ig‘a parvona bo‘lmoq bor ekan oxir.

Ko‘zum mag‘ruri vasl erdimu ko‘nglumda havo o‘zga,
Nigohi oshno begona bo‘lmoq bor ekan oxir.

Bo‘lub Mujrim va lekin kaj yozilg‘on xatti peshoni,
Mukallaf jonibi zindona bo‘lmoq bor ekan oxir.

* * *

Eshitdim ul pari ag‘yor birla oshno bo‘lmish,
Meni ko‘zumg‘a bu ravshan jahon shomi qaro bo‘lmish.

Ko‘zum oqu qarosi do‘stlar bo‘lmas xaridorim,
Magar bozori mehr ichra matoim kam baho bo‘lmish.

Jahondin shavkat oti qat’u kulli murtafi’ bo‘ldi,
Ki bu bechorag‘a ahbob ko‘p nomehribon bo‘lmish.

Hujumi hasratu g‘amdin silindi hosili jismim,
Kamoli za’f ko‘rkim po‘st birla ustixon bo‘lmish.

Qaribsan ham ko‘ngulni zavqi dunyodin ko‘tarmassan,
Nader Mujrim demay xalqi jahon ishing xato bo‘lmish.

* * *

Darig‘ aylanmadi charxi falak bir kun maromimg‘a,
Tazarvi baxt ilinmay, rom bo‘lmay o‘tti domimg‘a.

Yaqosig‘a qo‘lum yetmay, cholib domonidin tutmay,
Falak ne qilg‘animg‘a aylanibdur intiqomimg‘a.

Qorang‘u ro‘zgoram balki xoram, joni afgoram,
Ajab yo‘qtur agar tabdil topsa subh shomimg‘a.

Bu kunlarkim jahonni buzg‘udekdur shiddati ohim,
Quyosh qo‘rqub kirolmas muncha to‘fonlig‘ maqomimg‘a.

Uyum atrofini selobi ashkim qildi daryoye,
Eshik masduddur, ey g‘am, bukun kelma salomimg‘a.

Nuqudi umr xalqi dahr savdosig‘a sarf o‘ldi,
Qiziq bozor sard o‘ldi hama savdoyi xomimg‘a.

Ne obidlig‘da masruram, na Mujrimlig‘da mahjuram,
Nu tole’ yor yo‘q, miqdor yo‘qdur muncha nomimg‘a.

* * *

Guliston intizoring, sarv qadingni xiromon qil,
Qaro zulfingni och, sunbul dimog‘ini parishon qil.

Chekar bulbul fig‘on, gul g‘uncha aylar pirahan pora,
Bukun men nola aylay, sen dog‘i choki giribon qil.

May ich, mahbub quch, mutrib bilan chu beg‘am o‘lturg‘il,
Oyog‘ing qo‘yma zinhor ilgidin o‘lguncha davron qil.

Qizorib chiqti gardundin quyosh mehring so‘rog‘inda,
Takalluf bartaraf xurshedi ruxsoringni tobon qil.

Boshingg‘a har nechuk savdo ketursa dahr oshubi,
Haros etma qo‘lingdin kelsa, ayshingni du chandon qil.

Seni qo‘ndurg‘ali qildim muhayyo jon aro joying,
Buzuq koshonamizg‘a bir kecha o‘zungni mehmon qil.

Samandingni jilovin saqla Mujrim dodxohingdur,
Desun arzini xohi dora cheku xohi zindon qil.

* * *

Na xushdur har kishig‘a ishq o‘tdin asar bo‘lsa,
Samumi oh birla yo‘q taajjub bahravar bo‘lsa.

Ko‘zi xunob ila to‘lg‘an, chiroyi za’faron bo‘lg‘on,
Muhabbat birla qon yutqan eranlardin nazar bo‘lsa.

Fano mayxonasidin no‘sh aylab har kishi jome,
Ko‘rarlar nash’ai dilhoh, kimning halqi tar bo‘lsa.

Xush ul rindeki molu mulki olam ko‘zga ilmaydur,
Qaro tufroqcha bilmas, oldida anbuh zar bo‘lsa.

Muhabbat ko‘nglung ichra bo‘lsa, qobil hamdaming uldur,
Yuroki dardsizni dema hamdam gar padar bo‘lsa.

Alam maydonida razm ayla Obid, himmating keng tut,
Na dersan el quloqig‘a eshitmak birla kar bo‘lsa.

Navoiy g’azaliga muxammas.

Olami foniyda kulfatsiz makone topmadim,
G‘ayri andihu g‘amu ohu fig‘one topmadim,
Bir anisi shodu g‘am shirin zabone topmadim,
Mehr ko‘p ko‘rguzdum, ammo mehribone topmadim,
Jon base qildim fido, oromi jone topmadim.

Dahr aro yolg‘uz o‘zumdek xoksore ko‘rmadim,
Bekasu beyoru beg‘amxoru xore ko‘rmadim,
Bir xazoni noumidi navbahore ko‘rmadim,
G‘am bila jonimg‘a yettim, g‘amgusore ko‘rmadim,
Hajr ila dilso‘xta bo‘ldum, dilsitone topmadim.

Kim ko‘rubdur men kibi rasvoyi davron bag‘ri qon,
Volau shaydo erur aqlim ani ko‘rgan zamon,
Sarf bo‘ldi xizmatida garchi joni notavon,
Ishq aro yuz ming malomat o‘qig‘a bo‘ldum nishon,
Bir kamon obruda tuzlukdin nishone topmadim.

Ohi dard oludim uchun ravnaqi ishqim ayon,
Subhi iqbolim erur idbor shomig‘a nihon,
Bormu yo‘q gulzori olam ichra mandek bog‘bon,
Ko‘nglum ichra sarv o‘qdur g‘uncha paykon, gul tikon,
Dahr bog‘i ichra mundoq gulsitone topmadim.

Fahmig‘a loyiq amal qilg‘uchi olim ko‘rmadim,
Ko‘rdum, ammo tab’ini bir so‘zda solim ko‘rmadim,
Ey ko‘ngul sendin ba juz ranji muloyim ko‘rmadim,
Husn mulki ichra sendek shohi zolim ko‘rmadim,
Ishq ko‘yida o‘zumdek notavone topmadim.

Toki har devoni tahrir ayladi g‘am qissasin,
Darj qildi daftari ko‘nglida bobi g‘ussasin,
Garchi ko‘rmay qolmisham ushshoq jismi jussasin,
Ko‘p o‘qudum Vomiqu Farhodu Majnun qissasin,
O‘z so‘zumdin bul’ajabroq dostone topmadim.

Obidi sargashtai mahjur dog‘i anjuman,
Bir duogo‘yi haqiri sokini baytul-hazan,
Etmasun ag‘yordin dildor ko‘ngliga suxan,
Ul amon ichinda bo‘lsun, ey Navoiy, garchi man,
Bir zamon ishqida mehnatdin amone topmadim.

Masnaviysi.

Arzi ahvoli bu faqiru hazin,
Bajanobi muhibbi ibrat bin.

Ya’ni men bor edim muhaqqari dun,
Xoksori kam e’tibori zabun.

Davlati volidayni pushtu panoh,
Ham yigitlik g‘ururi hodiyi roh.

Havasi johu manzilu ma’vo,
Tushti boshimg‘a yana ko‘p savdo.

Rind ahlig‘a raftu omad deb,
Mone’ elni ko‘rub xushomad deb.

Qanda bir bazm bo‘lsa hozir edim,
Ko‘p tamosho ko‘rarga nozir edim.

Hama el suhbatimg‘a tolib edi,
Orzular ko‘ngulga g‘olib edi.

Izzatim, hurmatim fuzunroq edi,
Har taraf borg‘ali yo‘lim oq edi.

Bandadin ehtiyoj yo‘q erdi,
Ko‘nglimiz bu sababga to‘q erdi.

Kunda ko‘p mehmon kuzatmak ila,
Birin olib, birin uzatmak ila.

Qanda bo‘lsa muhabbat ahli-yu, dog‘,
Aylar erdi bu notavonni so‘rog‘.

Men ham onlar bila bo‘lub xursand,
Na g‘ami uyu, na zanu farzand.

Mutaaddid haqirxona qilib,
Mehmon kelgali bahona qilib.

Yo‘llari uzra intizor edim,
El orosida e’tibor edim.

Umr bori bu yo‘lda bo‘ldi ado,
Emdi o‘tgan kunimga vovaylo.

Qarilig‘ qirq yosh moba’di,
Nahslikdur bu yo‘l, ul sa’di.

Bo‘ldi farzandlar barisi kasir.
Manga bo‘ldi bu muqtazoyi zamir.

Kim alar soyasida bo‘lsam pir,
Ula turg‘onda qilg‘usi tavfir.

Jonim osoyishi alar biladur,
Shomning ziynati sahar biladur.

Ya’ni farzandlar mulozim erur,
Xizmatim barchasig‘a lozim erur.

Bo‘lushurlar o‘largacha manga yor,
Har na amr aylasam erur tayyor.

G‘alatu behavo deb ekanman,
So‘zlarim ko‘p xato deb ekanman.

Hayf molu manol behuda sarf,
Ki ani aylagay ziyon ila harf.

Manu jonim bilur na o‘tti manga,
Osmondin na javr yetti manga.

Ikki o‘g‘ilu besh qiz barisi,
Har biri bo‘ldilar bir uy egasi.

Har kim o‘z ro‘zgori birla xush,
Ko‘hna vayronada menu boyqush.

Ko‘rdilarkim atoda yo‘q dirham.
Raftu omadni qildilar barham.

Volidalari bevafo bo‘ldi,
Bizga bo‘ldi, nakim jafo bo‘ldi.

Ushbu qarridin etmadilar yod,
Aning uchun menu ko‘ngul noshod.

Necha manzumani savod etsam,
Men aningla ko‘ngulni shod etsam.

Eyki, farzand deb yig‘arsan mol,
Sanga ham bor bu sifatlik hol.

Bersa farzandingga xudoyim zar,
Sendin ar qolmasa ham anga yetar.

Ul ham ul bir egani maxluqi,
Anga ma’lum erur boru byo‘qi.

Bersa nekim hazoyini to‘ladur,
Dema xarj o‘lg‘on ila kam bo‘ladur.

O‘zungga masrif ayla boringni,
Xush kechur umru ro‘zgoringni.

Bo‘la olsang mujarrad o‘l, ey yor,
Kadxudo bo‘lmag‘il basad zinhor.

Kadxudoliqqa mubtalo bo‘lma,
Xotun uchrasa oshno bo‘lma.

Gar chiday bilmasang, bilib qil ishing,
Bo‘lmag‘il xoru zor yozu qishing.

Umr yoshdin o‘tar, havas dildin,
Oyog‘ing hech uzulmagay gildin.

Koru boring erur pushaymonlig‘,
Bori sudu ziyon parishonlig‘.

Ko‘r meni xolimi-yu, ibrat ol,
Mendin o‘tgan na ersa yodingga sol.

Menda ham bor edi bu xil kirdor,
Oxiru oqibat bu bo‘ldi kor.

Ro‘zgor ahli ichra xor o‘ldum,
Advani ahli ro‘zgor o‘ldum.

Manga yo‘q g‘amgusoru shafqatliq.
Ahli avloddin muravvatliq.

Degay otam qoshida bor bo‘lay,
G‘amu shodi yetishsa yor bo‘lay.

Bir quruq cho‘bi bed bo‘lmishman,
Hamadi noumed bo‘lmishman.

Emdi manda na orzu, na havas,
G‘ayri tufrog‘ uzra ko‘milmagu bas.

Emdi bu so‘zni ixtisor qilay,
Naf’i yo‘q, yuz yozay, hazor qilay.

Xatm etay onchi hasbi holimni,
G‘azaliyotimi, maqolimni.

Boshqa adib she’rlari

manba

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar