Bosh sahifa » Sherlar » Azim Suyun She’rlar to’plami. Azim Suyun ijodi.

Azim Suyun She’rlar to’plami. Azim Suyun ijodi.

by administrator

Azim Suyun She’rlar to’plami. Azim Suyun ijodi.

azim suyun she'rlari

Azim Suyun She’rlar to’plami

TAVSIYA ETAMIZ : AZIM SUYUN TARJIMAI HOLI >>

BOSHQA SHE’RLARI : AZIM SUYUN SHE’RLAR TO’PLAMI 2>>

Yigitlarning sultoni elida bo‘lg‘ay,
O‘zbeklarning belbog‘i belida bo‘lg‘ay,
Ularning or, sha’niga ko‘z tikma, g‘anim,
Kuzgi yaproq misoli paymonang to‘lg‘ay.

TUTQUN

G‘animlar tahqirlab beshafqat,
Onangdan ayrilding, dedilar.
Tutqunning ko‘zida, betoqat,
Qatra yosh ko‘rmoqchi edilar.
Qatra yosh…
Mag‘rur qoldi mag‘rur bosh.

Ko‘z yoshlar boisi — g‘am, alam,
Yoringdan ayrilding, dedilar.
Ko‘ziga boqdilar shod, xurram, —
Qatra yosh ko‘rmoqchi edilar.
Qatra yosh…
Mag‘rur qoldi mag‘rur bosh.

Qasoskor xabarlar bilmas had,
Vatandan ayrilding, dedilar.
Va uning ko‘zida so‘nggi dard —
Qatra yosh ko‘rmoqchi edilar.
Qatra yosh…
Bir qalqdi… Jon edi o‘sha yosh!

BIR SIR BOR

Bir sir bor ko‘nglimda aytilmagan,
Bir anor… donasi sitilmagan,
Oq qog‘ozga hatto bitilmagan,
Bir sir bor, ey Chechak, ey Gul!

Toqqa aytsam uni tog‘ yorilar,
Gul izlagan kabi bolarilar,
Undan chiqib kelar gulparilar,
Bir sir bor, ey Chechak, ey Gul!

Sunbulaning suvi gulobdir-ku,
Mast bo‘lursan ichsang sharobdir-ku,
Asli hayot siri oftobdir-ku,
Bir sir bor, ey Chechak, ey Gul!

Yirtqich yo‘lbars unga el bo‘ladi,
Bulbul kuylab-kuylab sel bo‘ladi,
Kim oshnodir, chindan yo‘l bo‘ladi,
Bir sir bor, ey Chechak, ey Gul!

Bu kun, Azim, jabrin tortadurman,
Azob dardin chekib yotadurman,
Faqat yolg‘iz senga aytadurman,
Sir qolmas, ey Chechak, ey Gul!

TAVSIYA ETAMIZ : AZIM SUYUN TARJIMAI HOLI >>

TURONYURT

Menga ayting, chegara nima?..
Mustabidlar topgan o‘yindir.
Suzib borar ufqda kema,
Butundir Turonyurt, butundir.

Ota moziy qa’riga tortar,
Kim o‘zbek, kim qozoq, yo xundir.
Yuragimga bir tosh zil botar,
Butundir Turonyurt, butundir.

Hasratimning yo‘q erur cheki,
Turon eli bitta budundir.
Qondoshlar qon to‘kishar, lekin
Butundir Turonyurt, butundir.

Na-da Bishkek, na Buxoro u,
Na Hirot, Marv na Istanbuldir.
Yolg‘iz yara, yolg‘iz davo u,
Butundir Turonyurt, butundir.

Tarvaqaylab o‘sgan shox-shabba,
Bir daraxtga aylangan kundir —
Ko‘targum men oftobrang boda,
Butundir Turonyurt, butundir.

VATAN

— Ular qanday yashar, birodar,
Taqir sahro, samum, dovulda?
Bu savolni, menga necha bor,
Berishdilar tog‘li ovulda.

Yo‘lovchiman, sahroliklar ham
Qo‘noq etdi o‘z davrasida…
— Ular qanday yashaydi, oshnam,
Qon qaqshagan tog‘ orasida?

QORA SOCH

Ko‘kda uchgan qaldirg‘och
Daydi o‘qdan yiqildi.
Tolim-tolim qora soch
Tolim-tolim qirqildi.

Tolim-tolim qirqildi,
Siz birov qirqdi demang.
Bo‘g‘zimga jon tiqildi,
Yo‘q, ajal tiqdi demang.

Tolim-tolim bu sochni
Imonimday sevardim.
Tolim-tolim u sochni
Imkonimday sevardim.

Tolim-tolim qora soch
Tashlandi-ku olovga.
Shundan buyon bag‘rim och,
Yorim aylangan yovga.

1979

BU QIZIQ : AZIM SUYUN TARJIMAI HOLI >>

BOSHQA SHE’RLARI : AZIM SUYUN SHE’RLAR TO’PLAMI 2>>

Azim Suyun She’rlar to’plami

O‘ZBЕK DAVLATI

Bir kam dunyo butundir butun,
Yuraklardan yechildi tugun,
Ko‘ngillar shod, chehralar gulgun,
Mustaqillik — Olloh ne’mati,
Yasha, yuksal, O‘zbek Davlati!

Qarg‘a, zog‘lar solmagay soya,
Orzularga yo‘qdir nihoya,
Avlodlarga boqiy hikoya,
Sharaflidir inson mehnati, —
Yasha, yuksal, O‘zbek Davlati!

Jahon bo‘ylab ko‘chmoqda shoning,
Muqaddassan — haloldir noning,
Farzandlaring — qilich, qalqoning.
O‘zbekiston — olam jannati, —
Yasha, yuksal, O‘zbek Davlati!

1996

MILLAT BAYROG‘I

Qora o‘tmish qoldi ortda,
Dorilamon kunlar yurtda,
Mehr — ko‘zda, muhabbatda,
Porla, Millat bayrog‘i!

Osmon to‘la yulduz — oppoq,
Bir-biridan chaqnoq, biroq —
O‘n ikkisi eng yarqiroq,
Porla, Millat Bayrog‘i!

Mangulik hur yo‘lidasan,
O‘ngidasan, so‘lidasan,
Ozod xalqning qo‘lidasan,
Porla, Millat Bayrog‘i!

OLLOH BILUR

Kechagi yashil yaproq bugun sariq, bugun xazon,
Kechagi tar dovuchcha bugun xandon, bugun larzon,
Kechagi oq oqibat bugun sarson, bugun arzon,
Bilsa bilgay bani odam, bilmasa Olloh bilur.

Muz daryolar bag‘rida bir tola suv qaynoq, nechun,
O‘tmas shamshir uchunmi? — toshlar o‘zi qayroq, nechun,
Oh, odamzot dengizning o‘rtasida chanqoq, nechun,
Bilsa bilgay bani odam, bilmasa Olloh bilur.

Azim Suyun, chog‘idir, ishq-toledan doston yarat,
Azim Suyun, chog‘idir, el ko‘nglida bo‘ston yarat,
Azim Suyun, chog‘idir, haq yo‘lida imkon yara ,
Bilsa bilgay bani odam, bilmasa Olloh bilur-

HAYRAT

Aylanur yel, aylanur yer, davru davron aylanur,
Aylanur kun, aylanur tun, kun-tun inson aylanur.

Ko‘ngil ko‘zi birla, ohkim, boqsam dunyoga, yoron,
Umrim yo‘lin past-balandi misli to‘zon aylanur.

Tog‘u toshni qushday sevdim, ko‘rdim daralar aro,
To‘rt tomonga o‘zni tashlab vahshat bo‘ron aylanur.

Charx ishi boqiy jafomi, dashtu sahroga tushsam,
Ming sayyodning dastidan bir ohu sarson aylanur!

Yaxshilikni pesha qildim — otamdan meros, axir,
Ay, lekin tegramda doim nechun shayton aylanur.

Yetar, qora bulutlardan tip-tiniq durlar yog‘ar, —
Boshing uzra vahm birla garchi yomon aylanur.

Azim Suyun, yodda tutgil, yolg‘iz Tangri — podshohing
Va Oyguling yoningdadir — baxt shu — imkon aylanur.

1997

BILMAY QOLIBMAN

Kimnidir yig‘latib, kimni kuldirib,
Boychechak chiqibdi qirni to‘ldirib,
Bir oq atirgulga meni suydirib,
Bahor o‘tganligin bilmay qolibman.

Yulduzlar uchibdi, ko‘chibdi oylar,
O‘zanin o‘zgartirib toshibdi soylar,
Qayoqqa ketibdi men bilgan joylar,
Bahor o‘tganligin bilmay qolibman.

Nasimlar esibdi o‘ylar misoli,
Birdek shirin hayot zahari, boli,
Menga nasib etmish ul gul visoli,
Bahor o‘tganligin bilmay qolibman.

Yillar oqar, oqar, ogoh bo‘l, Azim,
Umr qayon qalqar, ogoh bo‘l, Azim,
Kim u, eshik qoqar, ogoh bo‘l, Azim,
Bahor o‘tganligin bilmay qolibman.

1998

BU QIZIQ : AZIM SUYUN TARJIMAI HOLI >>

GUL

Shu tongda bulbulning rashkin keltirib
Yigit suyganiga uzdi qizil gul.
To‘tidek mashq qilgan so‘zlarin qimtib
Sevgi izqor etdi gulga qo‘shib ul.

Yurak yuragini topdi shu kuni,
Eh, gul-chi, o‘rtada… so‘ng qurib qoldi
Va lekin bir chetga otmadi uni —
Ikkov bir daftarga avaylab soldi.

1969

ILHOM PARISIGA

Senga berdim osmonni, ol ilhomimning parisi,
Mayli, bo‘lsin senga hatto fazolarning narisi.
Kerak bo‘lsa beray aziz umrimni ham sen uchun,
Faqat sen bo‘l bu qalbimning mangu nilufarisi.

1972

BOSHQA SHE’RLARI : AZIM SUYUN SHE’RLAR TO’PLAMI 2>>

* * *

Ko‘kda tun chashmasi — o‘n besh kunlik oy,
Yong‘oqzor ortida yarqiraydi soy.
Qarang, soyda suzib yurar oqqushlar,
Yo‘g‘-ye, ular qanot chiqargan toshlar…

BU QIZIQ : AZIM SUYUN TARJIMAI HOLI >>

Manba

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Attestatsiya
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x