Yaxshisi ham yomoni ham til ertagi ni o’qing.
Kunlardan bir kuni podsho vazirga:
–Menga dunyodagi eng yaxshi go‘shtdan kabob qilib keltiring, -debdi.
Vazir boshi qotib uyiga kelibdi, “eng yaxshi go‘sht qaysi molning go‘shti ekan?” – deb rosa o‘ylabdi. U xunob bo‘lib o‘tirgan ekan, qizi:
–Otajon, nimadan xafasiz, yoki podshodan yomon gap eshitdingizmi? – deb so‘rabdi.
–Qizim, podsho menga, eng yaxshi go‘shtdan kabob buyurdilar, nimaning go‘shti yaxshi va shirin ekanligini bilmay boshim qotib turibdi, – debdi vazir.
–Shunga ham ota go‘ri qozixonami? Bitta qo‘yni so‘ydiring-da, tilini kabob qilib olib boring, gunohkor qilsa men kafil, – debdi qizi.
Vazir qizning gapi bilan bir qo‘yni so‘ydirib uning tilini kabob qildirib, podsho-ning oldiga kiritgan ekan, podsho vazirga qarab:
–Endi eng yomon go‘shtdan kabob qilib keltiring, – debdi.
Vazir yana qizning oldiga kelib:
–Qizim, yaxshisini qildik, qutuldik, yomoni qaysi go‘sht? – debdi. Qizi:
–Yana bir qo‘yni so‘ydiring-da, tilini kabob qilib olib boring, – debdi.
Vazir yana shunday qilib podshoning oldiga kiritgan ekan, podsho aytibdi:
–Qilgan ishingiz joyida, bu sizning yaxshi bilimdon ekanligingizdan dalolat beradi, – desa, vazir:
–Taqsir, gunohimdan o‘tsangiz to‘g‘risini aytay, – debdi va podshoga bu ishni kimning aqli bilan qilganini aytibdi.
Shunda podsho vazirning qizini chaqirib:
–Qizim, nima uchun tilni ham yomon, ham yaxshi go‘shtlarga sanadingiz? – debdi. Shunda qiz:
–Podshohim, kishining boshiga yaxshilik ham, yomonlik ham tildan keladi. Elda bir maqol bor: “Tish tilning qal‘asi, til boshning balosi”. Bu gapni eshtib podsho vazirning qiziga ajoyib bir bog‘ in‘om etibdi.
Yaxshisi ham yomoni ham til ertagi sizga yoqqan bo’lsa boshqa ertaklarni ham o’qing.