Bosh sahifa » Sherlar » Turob To’la she’rlar to’plami. Turob to’la biografiyasi

Turob To’la she’rlar to’plami. Turob to’la biografiyasi

by administrator

Turob To’la she’rlar to’plami. Turob to’la biografiyasi

Turob To'la she'rlar to'plami

Turob To’la she’rlar to’plami

OHISTA-OHISTA

Ko‘ngil mulkiga kirding, dilrabo, ohista-ohista,
Uning dildori bo‘lding bebaho ohista-ohista.

Banogoh beijozat kirdingu hayratda qoldirding
Olib domingga bir ohanrabo ohista-ohista.

Dilim bog‘iga o‘tqazgan bu ezgu dard niholingdin
Vafo undi, vafo undi, vafo, ohista-ohista.

Shirin damlar ato qilding xayolim koinotiga,
O‘zing kel endi jono, marhabo, ohista-ohista.

Ko‘zidin o‘zga aybi bormidir olamda ohuning,
Ko‘zing mardumi-la etgil shifo, ohista-ohista.

TAVSIYA ETAMIZ : Turob To’la hayoti va ijodi >>

Turob To’la she’rlar to’plami:

ISHQ BORKI…

Ishq borki go‘zal olam, u ko‘zlar qarog‘inda,
U borki ko‘ngil so‘nmas hattoki firog‘inda.

U borki bahor hargiz bog‘laydi yarang guldan,
Mas’udi, maloling ham qosh ila qovog‘inda.

Dasht birlan o‘tib ketdi bir ohu misol navro‘z,
Lolai gulobingni ezg‘ilab oyog‘inda.

Qolmishdi yaqo yirtib barginda tiniq, shabnam,
Go‘yoki fig‘onidin yosh erdi yonog‘inda.

U tobe etar go‘yo baxtingni qilib gulxan,
Olamga bayon aylab mash’ali mayog‘inda.

Qancha dardi-hasrat bor, qancha qulfi tilsimot,
U uzgan ko‘ngil torin har bitta ulog‘inda.

Barchasin bilar ko‘ngil, barchasin etar barham,
U bois rivoyatlar el-yurti qulog‘inda!

YOR ETMA

Agar ahdimni buzsam, dilnavozim, asti yor etma,
Muhabbat bog‘ini tark et va aslo guluzor etma.

Agar yov oldida behuda ish birlan asir o‘lsam,
Qasos nafrat bilan o‘ldir, meni aslo xumor etma.

Harom o‘lsin muhabbat gar yo‘limdan bir qadam qaytsam
Raqibim bo‘l, rafiqam bo‘lmagil, motam mazor etma.

Zafar birla jahonga ko‘rsaturman chin muhabbatni,
Muhabbat farz ham qarzdir, qo‘zim, nomusi or etma,

Qo‘limdan tushmagay aslo qasos shamshiri janglarda,.
Agar o‘lsamki mardona, o‘zingni g‘amguzor etma.

Va lekin qumrilar g‘am birla aslo nolavor bo‘lmas,
Ko‘zingga bu jahonni asti, yorim, tangi tor etma.

Go‘zal gulshan Turobi pok etilgay tezda yovlardan,
Agar ahdimni buzsam, dilnavozim, asti yor etma.

TAVSIYA ETAMIZ : Turob To’la hayoti va ijodi >>

Turob To’la she’rlar to’plami :

MUHABBAT MADHI

“Jonim”, dedim qulog‘ingga, ohista “jon”, deding,
Ortiq bu jon sensiz menga, jonim, inon, deding.

Gul o‘rniga durdek terib kelgan kalomimni
A’lo bilib hamisha sen “bu doston”, deding.

Quyosh bo‘lib kirding mening qalbimga bir yo‘la,
Qalbing menga keng, beg‘ubor bir osmon, deding.

Aytgil, dedim bormi tag‘in olamda baxtiyor,
Xumor boqib “mening bilan sen begumon”, dednng.

Bu baxtga qilsam arzigay koshona armug‘on,
Nozim bilan Muhabbating bo‘lsin omon, deding,

“Jonim”, dedim qulog‘ingga, ohista “jon”, deding,
Ortiq bu jon sensiz menga, jonim, inon, deding.

KUYLATIB QO‘YDING MЕNI

Bir qiyo tashlab ko‘ngilga, o‘ylatib qo‘yding meni,
Bir mug‘anniy, oshiqona kuylatib qo‘yding meni.

Chaqdingu chaqmoq, qilich solding dilim osmoniga,
Oh, dilim birla barobar o‘ynatib qo‘yding meni.

Oldingu ketding o‘yimni, tinchimu sabrimgacha,
Izlatib ko‘yingda jon, ko‘y-ko‘ylatib qo‘yding meni.

Shuncha ham qimmat bo‘lurmi bir qiyo bir zorga,
Har chaman, har boqqa bir bo‘y-bo‘ylatib qo‘yding meni.

Endi bildim, tog‘ ekan Majnun qalbi, yopiray,
Ko‘cha-ko‘yda har kishiga so‘ylatib qo‘yding meni.

O‘ZGA

Ko‘z ochib ko‘rmadi ko‘z mardumi sandin o‘zga,
Seva olmaydi meningdek sani mandin o‘zga.

Bag‘ri keng, ishqi musaffo guli, bulbullariga
Bormi olamda chaman hech bu chamandin o‘zga!

Bilinur mard kishi mardlik ila bu maydonda,
Saman o‘rnini bosolmaydi samandin o‘zga.

Yuragim torida yo‘q boshqacha kuy, boshqacha soz,
Sen otib poralagan zarbi kamandin o‘zga.

Bari mehrimni olib kimga in’om aylaganing,
Menga ne qoldi xayolingda chamamdin o‘zga?

ONAIZOR
(“Osiyo ustida bo‘ron” kinofilmidan)

Yaxshi so‘z chiqqay yurakning qa’ridan,
Bormikin bahr olmagan yor bahridan!
Bormikin issiq, iliqroq bir bag‘ir
Olam ichra onaizor bag‘ridan!

Ey, janubga talpinib uchgan xayol,
Sog‘inishdan o‘rtagan bag‘rimni ol,
Onaizorimni etgil baxtiyor,
Intizor u, intizor u, intizor!

Lochining bor, deb onamni shod qil,
Ayriliqning dardidan ozod qnl.
Baxt bo‘lib, oro bo‘lib kir bag‘riga,
Bag‘rini gul, ko‘nglini obod qil.

Aylanur tun bag‘ri to‘lgan oy bilan,
Aylanur bosh o‘ynab oqqan soy bilan!
Baxt kelur, baxting kelur, kutgil, ona,
Har na kelgay jang bilan, ham joy bilan.

Yaxshi so‘z chiqqan yurakning qa’ridan,
Bormikin bahr olmagan yor bahridan!
Bormikin issiq, iliqroq bir bag‘ir
Olam ichra onaizor bag‘ridan!

Turbat gulxanlari

Hammayoq orasta bugun juda ham,
Hovli ko‘targanday misoli quyosh.
Bahor bosh yuvipti zebona biram,
Turbat kelinlari kabi qalamqosh,
Misoli quyosh!

Ko‘m¬ko‘k gir aylana, ko‘m¬ko‘k novdalar,
Ko‘m¬ko‘k liboslari harir, qalami.
Olam bamisoli farahbaxsh dala,
Zavqdan bilolmaysan bog‘mi, dalami,
Misli qalami!

Pilla qurtlarimi novdalarda yurgan,
Sen uyg‘otgan kurtaklarmi yo…
Lov¬lov piliklarmi u yonib turgan,
Afsonaviy ertaklarmi yo…
Kurtaklarmi yo!

Koptoklarmi so‘ngsiz tog‘lar oshib¬ shoshib
Tushib kelayotgan, shalolalarmi!
Olam tog‘orasin boshidan toshib
Oshib yotgan tuproq kumushmi, zarmi!
Hech tengi bormi?

Marzalarda yotgan g‘o‘zalarmi ungan,
Qizlar qoshlarining soyasimi yo?
Ariq¬-ariqlarda oynalarmi singan,
Hosil oftobining moyasimi yo?
Doyasimi yo?

Naqadar sevasan yerni, mehnatni,
Bahor boshing uzra guldek chambarak!
Sening baxting kabi baxtsiz baxt baxtmi,
Sening yuragingsiz yurakmi yurak,
O, aytsin falak!

Qit’alarni tutgan may gulxanlari,
Xuddi bahor bo‘lib, mash’ala bo‘lib,
Bugungi eng muhim masala bo‘lib,
Qit’alarni tutgan may gulxanlari,

Tantana bo‘lib!

Turbat qirlarining lolalariday,
Bo‘liq yerlar nafasiday soz!
Inson ko‘ksi dalalariday
Qit’alardan bermoqda ovoz,
Qilmoqda parvoz!

TAVSIYA ETAMIZ : Turob To’la hayoti va ijodi >>

Ayt, yoshingni so‘ramasinlar

Kimdir birov yoshingni so‘rdi,
Qanday zolim ekan, alhazar!
Yuragimga go‘yo tosh urdi,
Ayt, yoshingni so‘ramasinlar!

Yarashmaydi qarimoq senga,
Yoshing so‘rab qaritmasinlar.
Solmasinlar uni esingga,
Yoshligingni aritmasinlar.

Ayt, yoshingni so‘ramasinlar,
Kelmasinlar tabriklashga ham.
Riyokordir, riyokor ular,
Riyokordan qo‘rqqin, jonginam.

Ayt, yoshingni so‘ramasinlar!

Sirdaryo

Xuddi Sirday o‘tadi kunim,
Xuddi Sirday o‘tib borar yosh.
Xuddi Sirday bilmayman tinim
Vatanimga bo‘lib qayg‘udosh.

Ammo uning beliga Sirday
Bo‘lurmanmi loaqal kamar?
Bo‘lurmanmi madad zig‘irday.
Bermasam ham Sirdayin samar?

Mayli edi unga egilib
Bir daryodek xizmat qilolsam.
Mayli edi, jilg‘asi bo‘lib
Quchog‘ida oqib yurolsam.

Bilinmasdi shunda mabodo
Bu umrimning Sirday o‘tgani.
Shu jilg‘adek bag‘rida hatto
Bilinmasdi singib ketganim.

Albomingga

Mardlik bilan o‘lsam, unutma,
Fig‘on etib to‘kma qonli yosh,
Ekkan gullarimni quritma,
Qo‘y, ularni asrasin quyosh!
Mendan qolsin jonli xotirot,
Gullarimni qilgil parvarish.
Mendan qolsin elga yaxshi ot,
Vafodorlik va mardona ish.

Chinor va shoir
Ustoz Uyg‘unga

Muncha uzoq qarab qoldinga, shoir, menga,
Nimam seni hayratga soldi?
Osmoni falakdan boqqanimmi senga,
Yo umrimmi o‘yingni oldi?
Hayronmisan o‘lim bilmasimga,
Tengin bilmasigami bu tanam?
Hayronmisan yiqilmasimga,
Tikka turishimga bo‘ronlarda ham?
Yiqilmadim. Mag‘rur shoximni
Asrlar ham qayirolmadi.
Tishlab yotdim momo tuprog‘imni,
Hech na undan ayirolmadi.
Ammo nima bilan uni ardoqladim,
Shuncha umr evaziga, ayt?
Umr karvoniga boqib, loaqalli
Tuyasiga deyoldimmi hayt?
Shunday, umrim uzun, ammo fuzun emas,
Seni hayron qilgan shu bo‘lsa!
Umri fuzun o‘zingsan, menmas,
Umr shunday kiroyi to‘lsa,
Agar umr bo‘lsa!

Turbatim, sevikli diyorim

Eng dilbar odamni so‘rdilar mendan,
Mening otam dedim, otam albatta.
Eng lobar odamni so‘rdilar mendan,
Mening onam dedim, onam albatta.
Eng siyimbar Vatanni so‘rdilar mendan,
Mening, mening dedim, mening albatta,
Eng zukko zamonni so‘rdilar mendan
Mening, mening dedim, mening albatta,
Yomon kirdikoring deya so‘rdilar mendan,
G‘urbat, g‘urbat, dedim, g‘urbat albatta,
Eng suygan diyoring deya so‘rdilar mendan,
Turbat, Turbat, dedim, Turbat albatta!

Boshqa arboblarning she’rlari >>

Manba

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x