Bosh sahifa » Sherlar » Sirojiddin Sayyid she’rlari to’plami

Sirojiddin Sayyid she’rlari to’plami

by administrator

Sirojiddin Sayyid she’rlari to’plami ni sizlarga havola etamiz. Ushbu she’rlarni o’qing va ulardan rohatlaning.

Sirojiddin Sayyid she'rlari to'plami

ILINJ

Yurtim, menga zar kerakmas zarlaringdan,
Kipriklarim o‘psalar bas gardlaringdan.
Men bir nasim bo‘lib keldim, men bir nasim,
Aytib o‘tsam deyman ko‘hna dardlaringdan.

Almashdilar seni nomu rutbalarga,
Munglug‘ bo‘lib qolding botib shubhalarga.
Hilollaring qaytar yana qubbalarga,
Moziylarga so‘ylab-so‘ylab zorlaringdan.

Menga qadim minorlardan bir sas yetar,
Shul sas mening ko‘nglim oxir serfayz etar.
Menga dunyo kerak emas, bir xas yetar
Yassaviylar yotgan aziz yerlaringdan.

Oqsaroyga qay kunki yuz burgandim men,
So‘nmish shonu shavkating deb kuygandim men.
She’r aytishni sal-palgina o‘rgandim men
Chinorlarda yig‘lab yotgan barglaringdan.

Bu dunyoda ko‘ngillarga chirog‘ yoqsam,
Mozorlaring sukutidan saboq olsam,
Tiniqqina buloq bo‘lib oqib qolsam
Olloyorlar nazar qilgan jarlaringdan.

Sirojiddin Sayyid hayoti va ijodi haqida

ALAMLI DUNYODA

Qo‘llarim shoxlarday zor qolgan kunlar,
Dil ketib, valekin or qolgan kunlar
Sen ketding, muzladi o‘ng ila so‘lim,
Alamli dunyoda alamli gulim.

Suvlarda sadosiz sindilar oylar,
Afsunday jim, sokin okdilar soylar.
Tugunlarin ochib yillar va oylar
O’tdilar, sen hamon tili tugunim,
Alamli dunyoda alamli gulim.

Sendan so‘ng ko‘nglimni beomon yanchib,
Ne suluvlar o‘tdi o‘zicha ranjib,
Baland poshnalarin ko‘ksimga sanchib,
Bevaqt so‘ldirdilar sehru jununim,
Alamli dunyoda alamli gulim.

Mung‘ayib qoldilar umid bog‘lari,
Mangu zirqiraydi bag‘ir dog‘lari,
Bog‘larning dudlari hamda zog‘lari
Mening fig‘onimdir ham mening kulim,
Alamli dunyoda alamli gulim.

Bu holim ko‘rganlar taqdir, deydilar,
Taqdir azal-azal hakdir, deydilar,
Chin qalblar hamisha toqtsir, deydilar,
Qanday san’atdir bu, qandayin ilm?
Alamli dunyoda alamli gulim.

Senga shamim shomlar munglar keltirib,
Menga tiriklikdan aytib, bildirib,
Kuygan ko‘klamlarning o‘rnin to‘ldirib,
Ko‘ksimda yashaydi eng go‘zal o‘lim,
Alamli dunyoda alamli gulim.

PAHLAVON MAHMUD

Sening hasratlaring uzun,
She’rlaring qisqa.
Ne-ne gado ko‘rding,
ne sulton ko‘rding.
Nuh ming yil yashadi –
Ko‘rdi bir to‘fon.
Sen
Nuh bo‘lmasang ham,
ming to‘fon ko‘rding.
Birovdan taxt qoldi,
Birovdan — daraxt.
Sendan meros qolmish baytlar —
tug‘yoning.
…Gar ko‘ylak tiksalar armonlaringdan,
Egni but bo‘lardi yupun dunyoning.

Sirojiddin Sayyid hayoti va ijodi haqida

DARYO

Kim shamol,
Kim otda uchib yelishdi,
Peshinmi, shom chog‘i va yo ertalab
She’riyat shahriga kirib kelishdi.
Men To‘polondaryoni keldim yetaklab.

Sehrli bu shahar,
Go‘zal bu shahar
Va’da aylar edi jozib ertaklar.
Zangor davozasin ochib bir sahar,
Men To‘polondaryoni kirdim yetaklab.

Bir paytlar hazrati Xizrlar yanglig‘
Kezgan ustozlarning qutlug‘ makoni.
To‘tilar yurardi vazirlar yanglig‘,
Men yurdim yetaklab To‘polondaryoni.

Nozik guloyimlar tashbehlar uzib,
Chalg‘itib yurardi o‘ngu ro‘yoni.
Tonggi ko‘chalarning sukutin buzib,
Yetaklab keldim men To‘polondaryoni.

Yarim oshqozoni yo‘q bulbul bilan
Do‘st tutindik keyin to‘shab bo‘yroni.
Men unga termuldim,
U menga diltang:
Nima qilsak ekan To‘polondaryoni?

Ulug‘ ummonlarning tovush, sasiga
Dil berib, o‘rgandik nazmiy dunyoni.
So‘ngra Yozuvchilar uyushmasiga
Yetaklab keldim men To‘polondaryoni.

Hay’at qabuliga kirdik so‘ng sekin,
Hay’at bizga, biz ham hay’at hayroni.
– Sizni qabul qildik mayliga, lekin
Nima qilsak ekan To‘polondaryoni?

Uyli-joyli bo‘ldi shoirlar qator,
She’r axir ko‘ngilning erka jayroni.
Bizning ham endi o‘z ro‘zg‘orimiz bor,
Nima qilsak ekan To‘polondaryoni?

She’riyat, she’riyat –
Yoddir, faryod ham,
Ne zotlar dil aro yosh olib ketdi.
Men olib kelganim toshqin daryo ham
Bir tong xayrlashmayin bosh olib ketdi.

Balki chidolmadi hasadgo‘ylaru
Men tanishtirganim do‘stu yorlarga.
Bir-birin ko‘rolmay yurgan ko‘zlaru
Ko‘ngli qarolar ham ichi torlarga.

Loyqa davralardan g‘amlarga to‘ldi,
Ketdi. Yillar o‘tdi. O‘zgardi zamon.
Bugun To‘polondaryo suvombor bo‘ldi,
Men uni yetaklab yuribman hamon.

MIR TEMURIY QOVUNLAR

“Sayhun suyining shimoli tarafidagi qasabalar: bir Axsidur. Kitoblarda Axsikat bitirlar… Umarshayx mirzo muni poytaxt qilib edi. Sayhun daryosi qo‘rg‘onining ostidin oqar… Qovuni yaxshi bo‘lur. Bir nav’ qovundirkim “Mir Temuriy” derlar, andoq qovun ma’lum emaskim olamda bo‘lg‘ay”.
(Zahiriddin Muhammad Bobur. «Boburnoma», sakkiz yuz to‘qson to‘qqizinchi (1494) yil voqealari).

Men baxtimdan mudom yurdim ilgari,
O‘tdi yana ramazonu iydlari.
Dimog‘imdan hargiz ketmadi nari
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.

O‘z bobomdan yodgor qolgan ziroat,
Anglarmidi buni Hirot, hindlari.
Bu ne sog‘inch erur, ne sir-sinoat —
Mir Temuriy qovunlarning hidlari?

G‘urbat otim jilovini qo‘yvormay,
Bayram qildi dardu hasrat itlari.
Esib turdi qay yergakim men bormay,
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.

Achchiq chog‘ir berdi menga davronim,
Kosa tutdi doim hijron rindlari.
Bu dunyoda endi yolg‘iz armonim —
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.

Past ketsa charx, ko‘rsatsa-da ming o‘yin,
Baland bo‘lgan sultonlarning didlari.
Tark etmasin seni, o‘g‘lim Humoyun,
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.

Saltanat ham tutab bitdi ohimdan,
Duo aylang beklari, sayidlari.
To qiyomat anqir endi xokimdan
Mir Temuriy qovunlarning hidlari.

KALLA HAQIDA YALLA

Olam ichra olmas orom kalla bu,
Bir ajib qopqog‘i bor jom kalla bu.

Qo‘sh quloq — tutqichlari bordir ajib,
Gohi nobop, gohi nokom kalla bu.

Odamizot miyasiga ul panoh,
Gohi-gohi ketguchi tom kalla bu.

Aylanur charxi falakday, dahr aro
Gohi paydo, gohi gumnom kalla bu.

Umr shomida oqargay tong misol,
Umr tongida qaro shom kalla bu.

Kechalar qo‘yning aro yaltiragan
Tarvuz ermas, ey dilorom, kalla bu.

Moshqovoqdir pishsa mosh birlan qovoq,
Oshqovog‘i pishmas hech, xom kalla bu.

USTIMIZDAN O’TGAN OYLAR

«Ustimizdan o’tgan oylar»
Yarim edi, to’lin edi.
Ko’nglim edi, ko’ngling edi
Ustimizdan o’tgan oylar.

Suvlar u payt billur edi,
Ketmasak ham bo’lur edi.
Bir narsani bilur edi,
Ustimizdan o’tgan oylar.

Kiyik ko’zing-suzuklaring,
Sirg’alaring, uzuklaring,
Sening bilakuzuklaring —
Ustimizdan o’tgan oylar.

Keyin olam rangga to’ldi,
Qancha qizlar yanga bo’ldi.
To’ylaringda tanga bo’ldi,
Ustimizdan o’tgan oylar.

1990

Sirojiddin Sayyid hayoti va ijodi haqida

Sirojiddin Sayyid she’rlari :

YOG’OCH SO’RI

Yog’och so’ri, bu dunyoda nima ko’rding?,
Nima ko’rdim bu dunyoda, yog’och so’ri?
Kechalar sen yolg’izgina o’ylar surding,
Mening esa ado bo’ldi qalbim qo’ri.

Onam yanglig’ mushfiq oylar yorug’ida
O’qimagay endi singlim yozgan xatim.
Qay bir aziz devorlarning yorug’ida
Xazon yanglig’ qolib ketdi muhabbatim.

Boshing uzra oltin to’kkan o’rik qani?
Qani otam o’tqizgan ul toyfi uzum?
Mung’aytirmish yillar yomg’irlari seni,
Ariqlarga ko’milmishdir maning yuzim.

Mana bu-men onam bilan tushgan surat,
Otam bilan suratlarga tushmabman ham.
Umr nadir? Bir lahzalik suhbat faqat.
Bu suhbatga men bir hikmat qo’shmabman ham.

Kuz kelganda hovlimizga ochib eshik,
Ne so’ylading diydiragan chumchuqlarga?
Men ko’nglimni g’oz-g’oz etib, ipday eshib,
Topshirmishman bir shafqatsiz urchuqlarga.

Bolalik yo’q. Yo’qdir sirli qutichalar,
Qayda qoldi bahorimning jolalari?
Hovlidagi pastu baland musichalar
Musichamas, bu akamning bolalari.

Bunda o’sgan gullar har qayga sochilgan,
Sen alarni mahzun, xomush o’yladingmi?
Bir kechada hovlida oppoq ochilgan
Olcha guli opamning chit ko’ylagimi?

1995

BAG’ISHLOV

Uzun-uzun karvonlar,
Hazin-hazin zamonlar,
Zarbof-zarbof choponlar,
Qator-qator a’yonlar,
O’tdi ketdi hoqonlar
Qancha beku boyonlar,
Bir el qoldi dunyoda,
Bir el qoldi yoronlar!

Halolligu poklikdan
Uyiga eshik etgan.
O’zi erday, er ishlab
Tuproqni qo’shiq etgan.
Ko’kda oy,quyoshlarni
Ko’rkiga oshiq etgan,
Yuragida tog’laru
Ko’kragida osmonlar.

Xudo o’zi hohlasa
Imkonlarga yetkizgay,
Daryolarga mavj berib,
Ummonlarga yetkizgay.
El qadriga yetguvchi
Sultonlarga yetkizgay,
Toleiga bitgaydir
Ulug’ davru davronlar.

Dilbandlari o’smoqda,
Ko’zlari jonga jondir.
Birlari Jaloliddin,
Birlari Shohjahondir.
Har biri bir qo’rg’ondir,
Qilich birlan qalqondir
Bu qadu bu qomatlar,
Bu qoshlar, bu mijgonlar.

Farzand bo’lsang, elga boq,
Elni ko’r, elga aylan.
Olamda nokas ham ko’p
Elu dinidan qaytgan,
So’z qadriga yetkuvchi
Zotlar ham bilib aytgan:
Qaydan bilsin el qadrin
El ko’rmagan nodonlar!

2000

Sirojiddin Sayyid she’rlari ODDIY TILAKLAR

Ko’ngillarga safo bergil,
Soflik beru oqlik ber.
Muhabbat ber, muruvvat ham
Mehr ber, mushtoqlik ber.

Otalarga farog’at ber,
Va rohat ber bus-butun,
Onalarga saodat ber,
Umr beru sog’lik ber.

O’g’lonlarga iqbol bergil,
Iymon bergil salomat,
Shijoat ber, oru nomus,
Doim ko’ksi tog’lik ber.

Latofat ber qizlarga ham,
Malohat ber, sadoqat,
Yana husnu chiroyiga
Baxtini ham bog’liq ber.

Yor ko’ksidan panoh bergil
Sevib sevilganlarga.
Sevganlarga yor zulfidan
Dorlik ber, sirtmog’lik ber.

Ayvonlarga munavvarlik
Oy va quyosh mehridan,
Har bir uyga beshiklik ber,
Allalik, uyg’oqlik ber.

Kim bo’lmasin, to’kis ayla
Rizqu nasibasini,
Chekkan ranju zahmatidan
Har on vaqtichog’lik ber.

Do’stlar safin mastahkam et,
Ahil etgil, ittifoq.
Dushmanlarning qatoriga
Toqlik ber, tarqoqlik ber.

Havolanmoq nechun axir,
Insonmiz-ku hammamiz,
Har kimga ham insof bergil,
O’zingdan qo’rqmoqlik ber.

Jilg’alarga javlon bergil,
Chopsin qo’zichoqlarday,
Cho’qqilarga zalvor bergil,
Qorlik ber, viqorlik ber.

Sen qo’llading,keldi oxir
Chechaklarga bul Vatan,
Endi ketmas haqiqatga
Elimga dilxohlik ber.

Endi aytmoq uchun uning
Dunyoda borligini,
Mening shoir dillarimga
Dardkashlik ber, dog’lik ber.

1998

MANGU NOMLAR

O’chmas Yer yuzida Buxoro nomi,
Toki yashar ekan Buxoriy nomi.

Mangu esaverar Termiz ellari,
Toki nur taratgay Termiziylari.

O’pdi bu tuproqdan neki jon border,
Hazrat Yassaviy bor-Turkiston bordir.

Amudaryolari abadiy azim,
Manguberdilari mangu Xorazm.

Ulug’ Temurxonning shavkatu shoni,
Shahrisabz, Samarqand-jahon ayvoni.

Dunyo g’urbatiga nazar tashlablar
O’tdi Boburlaru o’tdi Mashrablar.

Garchi osmon qadar afg’on etdilar,
Ular Vatan nomin osmon etdilar.

Uzilmas bu yurtdan iymon torlari,
Toki hikmat so’ylar Olloyorlari.

Ey, boshidin oyog’i ruh va yod, Vatan,
Ulug’ siymolari barhayot, Vatan.

Sening dovrig’ingu shoning o’chmagay,
Abadiyat qadar noming o’chmagay!

2000

Sirojiddin Sayyid she’rlari:

MIR ALISHER

Tiriklikning bongi Navoiy,
Buyuklikning rangi Navoiy.

Bir yorishdi zim-ziyo olam,
Turkiylarning tongi Navoiy.

Besh asrlik ro’yodur dunyo,
Besh asrlik o’ngi Navoiy.

Bir ummonkim, ibtidosi yo’q,
Yo’qdir uning so’ngi-Navoiy.

O’tgan sayin ildamlab ketgay,
Borgan sayin yangi Navoiy.

Vatan kabi poyoni yo’qdir
Vatan kabi mangu Navoiy.

VATAN YODI

Epkinlari ko’zlarimga yosh urgan,
Tovonimga tikon kirgan, tosh urgan.
So’qmoqlari tizlarimga suykalib,
Adirlari oyog’imga bosh urgan.

Xar xasida yuz ming bog’ning qissasi,
Chinorlari osmonlarning hassasi.
Mamasaid bobomning obdastasi
So’risida zoru intizor turgan.

Mozorlari shomlar ichra qarorib,
Yulduzlari nurli hikmat yuborib.
Turfog’iga Olloyorlar sher qorib,
Termiziylar xayol surgan, o’y surgan.

Maysalarning tili,suvlar badani
Qanday go’zal tushungaylar Vatanni.
Ey, zanglamas qilichlarning madfani,
Bo’ronlari tulporlarga soch o’rgan.

Moziylardan tinglab haqir so’zimni,
Bir yuz kelib kuydirodi yuzimni.
Ochay desam, ocholmayman ko’zimni,
Qaldirg’ochlar qabog’imga in qurgan.

1992

USTODI AVVAL

Bolalikdan bir g’aroyib taxtda bo’ldim,
Oy, yulduzlar birlan mudom ahdda bo’ldim.
So’qmoqlardan, oq, za’faron dalalardan
Men za’faron so’zlar terib katta bo’ldim.

Saboq oldim yanchilmagan somonlardan,
Umr isi kelib turgan choponlardan.
G’arib paxsa devorlardan oldim savod,
Bildim nadir nadomatu nadir savob.

Xatim chiqdi onam kaftin xatlaridan,
Kamol topdim kaftlarining taftlaridan.
Mehrlari ko’nglimga ko’zlar bo’ldilar,
Vatan yanglig’ ulug’vor so’zlar bo’ldilar.

Ta’lim oldim boshoqlardan, donlardan ham,
Kulcha yuzlar hamda kulcha nonlardan ham.
Men Vatanni o’rgandim har giyohidan,
Shomlariyu rayhonlarin siyohidan.

Qaldirg’ochlar to’ylarimda xizmat qildi,
Kambag’alni suydim boylar izzat qildi.
Dilga ko’chdi umriy ranju aziyatlar,
O’ychan, keksa toklar qilgan nasihatlar.

Men shundayin so’zga to’ldim ichlarimdan,
Harf o’rgandim uylaring ham sinchlaringdan,
Har qarichi, har g’ubori imlo, yurtim,
Har bir toshi, har chinori mullo, yurtim.

1994

Sirojiddin Sayyid she’rlari:

BOLALIK

Bir shahrim bor edi mening, do’stlarim,
Shahrimning bor edi tiniq osmoni.
Tiniq osmonida qoldi ko’zlarim,
Ko’zlarimda qoldi mayus armonim.

Do’stlarim,bir shahrim bor edi mening,
Shahrimning chang edi ko’cha-ko’ylari.
Ko’cha — ko’ylarida o’shal shahrimning
Qaytmas bir faslning qoldi bo’ylari.

Do’stlarim, bor edi mening bir shahrim,
Bir parcha o’tlog’i bor edi-yashil.
Bir parcha o’tlog’i ichra bir davrim,
Yashil davrim qoldi, do’stlarim, axir!

Cho’kib ketayotgan menmasmidim u,
Kim olib chiqardi meni daryodan?
Bir daryom bor edi,do’stlar,qanu u?
Do’stlar, men topmadim uni dunyodan.

Sirojiddin Sayyid hayoti va ijodi haqida

XOTIRALAR KO’LI

Bunda biror giyoh
Qimirlamaydi.
Tosh otsang ko’l suvi
Jimirlamaydi.

Yulduz porlamaydi,
Osmon aks etmas,
Nurlar baliqlarday
Suvda raqs etmas.

Vahimali erur,
Ko’lning uyqusi.
Bunda cho’kib yotar
Yillar uyqusi.

Faqat tunlar cho’kkan
Oy yanglig’ yuzib,
Goh nogoh ko’rinur
Bir oltin uzuk.

1989

KO’RMAYIN HAM, KUYMAYIN HAM

Ko’rmayin ham, kuymayin ham,
Diydoriga to’ymayin ham.
Kipriklaridan ignalar,
Aylang, kuyunchak yangalar.
Tola sochin ip aylabon
Ko’zlarimni tikib qo’ying.

Taqvo yo’lin tutsam agar,
Ko’ngildan ham ketsam agar,
O’zni fido etsam agar,
Xasday xarob o’tsam agar,
Xollarini don aylabon
Mozorimga ekib qo’ying.

1991

Sirojiddin Sayyid she’rlari : HAJR

Nayson chechagiday toza xayollar,
Men bilan tug’ilgan ozod shamollar.
Bukun qolib ketmish beiz, bedarak
Qaysi bir tog’larning daralarida.

Endi gul ham solgay dilga g’ussalar,
Ul o’tlug’, munavvar, go’zal qissalar.
Yoshday qolib ketmish benomu nishon
Qay bir mijgonlarning oralarida.

1992

OY

Tunlar yaproq yanglig’ yupqalashgan payt,
Dil ichra alamlar quyqalashgan payt,
Munglug’ derazamga oy keldi yana,
Oy keldi, yo’llarda uringanmikin?

Essiz, muhabbatim gullagan mavsum,
Oy nechun bunchalar turibdur mahzun?
Dog’larin bilardim, unga ham mening
Ko’ksumdagi dog’lar ko’ringanmikin?

1992

QARO ZULFING QARO QILDI

Qaro zulfing qaro qildi
Kunimni tunlarimdan ham,
Kuyuk ko’ngil isi kelgay
Tunim ham, kunlarimdan ham.

Falak toshi agar yillar
Un etsa ustixonimni,
Sening isming sado bergay
Unim ham, unlarimdan ham.

1993

GULXANLIG’ING AYTSIN

Mening aftoda holimni
Sening tavsanlig’ing aytsin.
Mening huznu xazonimni
Sening gulshanlig’ing aytsin.

Biyobonlarda qayslar ham
Bu yanglig’ kuymagan erdi,
Mening kul bo’lganimni, lolaruh,
Gulxanlig’ing aytsin.

1989

EY, PARIVASHLAR

Ey, parvarishlar, dimog’dor keldingiz,
Buncha g’addor, buncha dildor keldingiz.
Bunda nozik tortadir jon rishtasi,
Siz dag’i kokillari dor keldingiz.

Ishq o’tidin beomonlig’ bundadir,
Sarg’ayishlar ham xazonlig’ bundadir,
Qanchalar rangi samonlig’ bundadir,
Siz esa rangin va guldor keldingiz.

Jon bazm aylar hazing shamlar bilan,
Siz kelursiz g’am uza g’amlar bilan.
To’ldi dil yafrog’i shabnamlar bilan,
Siz qachon bundin xabardor keldingiz?

Jism aro paydodur o’tlug’ alam,
Qo’lga olsam, butkul o’t olg’ay qalam.
Ey baloyu g’am, ey ranju sitam,
Shul yigit yoshimda bekor keldingiz.

1991

AFSUS

Bu yorug’ dunyoda yurganlar bari,
Yarmin zo’ri borlar, yarmisin zari,
Sarv sanamlari, gul dilbarlari —
Hech kim ko’nglim bilan hisoblashmadi.

Ko’ksida yoz emas, qishlari borlar,
Ko’zlarin tubida tishlari borlar,
Hattoki ko’nglimga ishlari borlar —
Hech kim ko’nglim bilan hisoblashmadi.

U bir uy va yoki xonadonmidi?
Yoki ochiq qolgan jomadonmidi?
O’, qanday ozoda bir makon edi!
Hech kim ko’nglim bilan hisoblashmadi.

Ey malak, sen ming yil ibolar qilgil,
Ming bor o’ldirgilu binolar qilgil,
Ko’nglim qon bol’di, sen xinolar qilgil,
Hech kim ko’nglim bilan hisoblashmadi.

Onajon,rangingiz bunchalar siniq!
Hovlida do’l urgan g’unchalar siniq,
Ko’ksimda bir qamish kuy chalar siniq-
Hech kim ko’nglim bilan hisoblashmadi.

Unda farog’at kam, alam ko’proqdir,
Yorug’ yolqinlari kuldir, tuproqdir,
Misli quyunlardan chiqqan yaproqdir
Hech kim ko’nglim bilan hisoblashmadi.

1992

OY NURLARI YOYILADI SAYHONLARGA

Oy nurlari yoyiladi sayxonlarga,
Tomlar osha o’tar so’ngra ayvonlarga.
Ayvonlarda niholdayin kelinchaklar
Nechun ma’yus tikiladi osmonlarga?

Bu ayvonlar ko’z oldimdan ketmay qoldi?
Oylar, yillar to’htab, go’yo o’tmay qoldi.
Ko’ngil, sening go’zal dog’ing bitmay qoldi,
Nechun buncha do’st bo’lding sen armonlarga?.

Men dunyoning tushlariga kirgan o’g’il,
Ko’ksim ichra alamlarim shig’il-shig’il.
Ey dunyo, sen mehru muruvvating qo’ygil,
Yo’rgaklading meni hajru hijronlarga.

Qancha rayxon xayollarim payhon bo’lar,
Sayxonlar qir, qirlar tekis sayhon bo’lar.
Ey dil, bir kun tegralaring rayhon bo’lar,
Ishim bo’lmas mening ul kun rayhonlarga.

1992

FASL

Yulduzlardan muhabbatning olis isi kelmoqda,
Yeru osmon xayrlashar, vido kezi kelmoqda.
Ey dil, shaylan, bahor o’tib, ko’ngil kuzi kelmoqda,
Ko’ngil, bu ne fasl bo’ldi, bu ne yanglig’ ma’volar?

Dunyolarning zamirida sirlar uxlar go’dakdek,
Shabnamlarning yaltirashi yor taqmagan zirakdek.
Bir sipohi yaqinlashar ko’rinishi kuzakdek,
Nafasidan bog’lar titrab, jimirlaydi daryolar.

Tog’lardagi burgut, derlar o’g’lon qalbin inisi,
Har bir qalbning bo’lsin ekan o’z mehribon munisi.
Dardu alam bo’lsa agar yigitlikning anisi,
Qay tog’larga borib yig’lar, kimga aylar da’volar?

Oy pahlavon qoyalarga alla aytgan tunlarda,
Oshiq ko’ngil yonar yana o’shal qadim munglarda,
Majnunlarning bag’irlari hanuz dog’u xunlarda,
Bu dog’lardin surma, qonidin xino aylang Laylolar.

Bu ayomning ko’rki nadir, nadir sharhu bayoni?
U yoni bir yashil qirg’oq, za’farondir bu yoni,
Na nihoni nihondiru na ayondir ayoni,
O’yingda ne g’amlar bordir, ko’yingda ne savdolar.

Olislarda nelar kutar, nelar so’ylar hoziring?
Yoshlikdagi yorlar endi so’rar sendan rozilik.
Mevalarin to’kar bog’lar, qani sening hosiling?
Qiyos qilsa, do’st bo’lgaylar senga faqat sahrolar.

Barglar aro yolg’iz yulduz ko’ngil so’rab tikilgay,
Halovating chodirlari chok-chokidan so’kilgay,
Ko’ngil bir kun xazonlarday unsizgina to’kilgay,
Paydosidan hikmat topmay, dunyosidan ma’nolar.

1992

MEN YASHOLMAGAN UMR

Olis kechinmalar qa’rida
Yo’llar hayqirig’i yangradi birdan.
Yo’llar hayqirig’i bag’rida
Mendan uzoqlashib borar bir odam.

Xira ko’lkasida mujassam qayg’u,
Ketib boradi u ruhsiz, toliqib.
U-sevgidir, mendan norizo tuyg’u,
U-yoshlikdir, ketar menga tosh otib.

Olis kechinmalar qa’rida
U men ko’rolmagan shuurdir.
Yo’llar hayqirig’i bag’rida
U-men yasholmagan umrdir.

1978

Sirojiddin Sayyid hayoti va ijodi haqida

INGICHKAJON

Bu daryoning ikki yoni yo’ng’ichqadir,
Ingichkajon, yurar yo’ling ingichkadir.
Bu savdoning taronasi ming yilchadir,
Bu daryodan qandoq o’tay ingichkajon?
Hajringda men motam tutay, ingichkajon.

Qaldirg’ochlar qanotida uchganmiding?
Bellaringno tolxivich-la eshganmiding?
Kiyiklarning ko’zlaridan tushganmiding?
Bellaringga qandoq yetay, ingichkajon?
Hajringda men motam tutay, ingichkajon.

Bu dunyoning bor armonin yod olaymi?
Seni qo’yib, ingichkajon, yot olaymi?
Oyoqlari ingichka bir ot olaymi?
Seni qandoq olib ketay, ingichkajon?
Hajringda men motam tutay, ingichkajon.

Ingichkajon, bir kun gullar yo’ng’ichqalar,
Meni oxir o’lirgusi ingichkalar.
Do’stu yorim doston qilar ming yilchalar,
Bu dunyodan qandoq o’tay, ingichkajon?
Hajringda men motam tutay, ingichkajon.

1995

SIZGA

Sirojiddin Sayyid she’rlari :

Hovlingizdan sharqiragan soy o’tsa,
Yelkangizdan quyosh o’tsa, oy o’tsa.
Qoshlaringiz mangu kamon yoy o’tsa
Sarv yanglig’ adil qolsa bo’yingiz,
To’larmidi hech to’lmagan ko’nglingiz?

Bor yulduzlar sizga xizmat qilsalar,
Ummonlar ham siz deb qurib, to’lsalar,
Gullar sizdan rangu ifor olsalar,
Chaman bo’lsa yurgan ko’cha-ko’yingiz,
To’larmidi hech to’lmagan ko’nglingiz?

Sevinch birlan ochilsalar eshiklar,
Uyingizni tor aylasa beshiklar,
Yangrasalar armon bo’lgan qo’shiqlar,
Qiqirlasa ko’rgan qizu o’g’lingiz,
To’larmidi hech to’lmagan ko’nglingiz?

Yellar qaro zulfingizni qulf etib,
Yelib tursa husningizni mulk etib,
Saodatu malohatni ko’rk etib,
Sarg’aymasa hargiz rangu ro’yingiz,
To’larmidi hech to’lmagan ko’nglingiz.

Do’stlar kelib ul kun bag’rim tilsalar,
Bo’g’zim yulib, andin bir nay qilsalar,
Hammalari qatorlashib chalsalar,
Ovozalar bo’lsa o’g’il to’yingiz,
To’larmidi hech to’lmagan ko’nglingiz?

1993

«TIKO» MINGAN SANAMLAR

«Tiko» mingan sanamlar,
Husningiz rom etibdi.
Bir zum to’xtab qaranglar:
Bahor o’tib ketibdi.

Kiyikning xayoliday
Sho’xlik, qalamqoshlik ham.
«Tiko»ingiz shamoliday
O’tar ketar yoshlik ham!

Sirojiddin Sayyid hayoti va ijodi haqida

O’RGANING

Bu dunyoda go’zal,jozib yashashni
Xushaxloqu xushsuvratdan o’rganing.
Har narsaga birdek nazar tashlashni
Quyosh sochgan muruvvatdan o’rganing.

Dilingizda nechun torlik, na sirdir?
Qarang, bahor qanday ajib taqdirdir.
Kesakka ham, toshlarga ham u birdir,
Bahor bergan hurriyatdan o’rganing.

Gapga chechan, ey oqila barnolar,
Ishq bog’ida ungan gulira’nolar,
Layli, Majnun o’tib ketgan sahrolar,
Ular yetgan sukunatdan o’rganing.

Besh oqshomlik shamol erur yoshlik ham,
Atirgulning yaproqlari nechun nam?
Nechuk davlat erur umr, nechuk g’am?
Umr ko’rgan purhikmatdan o’rganing.

Hayot esa goh tosh tutar, goh qirmoch,
Suygandan ham, kuygandan ham so’rar boj.
Shiftingizga kelgan bir juft qaldirg’och
Tortgan azob-uqubatdan o’rganing.

Baxtu tole tilay sizga Allohdan,
Yiroq yuring yomonlik ham gunohdan.
Sadoqatning ramzi Rasulullohdan
Meros bo’lgan muhabbatdan o’rganing.

2000

SOCHLARINGNI MAYDALAY

Sochlaringni maydalay,
Bu dunyo bir matalday.
Tush desang ayoni yo’q,
Xush desang poyoni yo’q.

Sochlaringni maydalay,
Bu dunyo bir masalday.
Bir boqsang bandalikdir,
Bir boqsang andalibdir.

Sochlaringni maydalay,
Bu dunyo bir maysaday.
Biz ko’zlari namlarmiz,
Maysada shabnamlarmiz.

Sochlaringni maydalay,
Bu dunyo bir g’azalday.
Bir baytida men xorman,
Bir baytida sen zorsan.

Bu dunyo bir matalday,
Majnunlari qaydalar?
Sochlaringni maydalab,
Mayli, men ham haydalay.

1992

KULGULI

Xayolimda qurilmagan qasrimga
Qumxayoldan devor qilsam kulgili.
Hali dilda yaralmagan satrimga
Qofiyani qator qilsam kulgili.

Tom boshiga olib chiqsam tandirni
Handalakka payvand qilsam anjirni.
Minib yalqov, uzunquloq xachirni
Ot poygada tulpor qilsam kulgili.

Odam Ato birlan Momo Havoni
Yaratdi ham berdi jabru jafoni.
O’n sakkiz yoshimda o’tgan xatoni
Qirq yoshimda takror qilsam kulgili.

O’chdim qancha yoronlarning yodidan,
Kechdim men ham qandidan, novvotidan.
Ko’nglim qolib ketsa odam zotidan,
Yana qayta do’st yor qilsam kulgili.

Yondi qancha sarviqomat shamlarim,
Mumday qotdi ko’zyoshlarim, g’amlarim.
O’tdi ketdi shirin damim, damlarim,
Yana shirin guftor qilsam kulgili.

Birovning to’n, birovning yo’q etigi,
Dunyo shudir doim bisyor kemtigi.
Xo’tigini g’ajib o’tar xo’tigi,
Men bu holni oshkor qilsam kulgili.

Nima qilay behalovat bu dilni?
Unutdi deb go’zal gulu sunbulni.
Uyqu bosgan, to’q va semiz bulbulni
Sherlar aytib bedor qilsam kulgili.

1997

CHOPONGA HAZIL QASIDA

Sirojiddin Sayyid she’rlari :

Mening qadrdonim, aziz choponim,
Boshimdan ne o’tdi-sen har dam bilding.
Ochiq qolganida o’ng yo chap yonim,
Yolg’iz tashlamading-do’st, hamdam bo’lding.

Sen mendan bir nafas tushmading ayro
Eng qiyin, eng tanho kechalarimda.
Gohi ko’rpam bo’lding, yostig’im goho,
Gohi sayr etding yalkalarimda.

Menga tole garchi bermadi ro’yxush
Yorlarim bilan ham tenglarim bilan.
Necha bor mehribon yenglaring bilan
Bo’ynimga osilib yig’lading xomush.

Kimga ko’ngil ochdim beboj, bexiroj,
Qo’ynidan tikon yo tosh chiqdi oxir.
O’zingdan qo’ymasin quchog’ingni och,
Dunyoda eng ochiq, beminnat beg’ir!

Bir kun bahor kelar oq va hofarmon,
O’z dilim tog’ida daryoday toshgum.
Shunda senga boqib shod ve bearmon,
Ustingdan bir quchoq boychechak sochgum.

Bu tunlar boshlanar oydin, sumanbo’y,
Ko’kdan ishva aylar Zuhro, Cho’lponim.
Dunyo turgunicha turgin, omon bo’l,
Do’sti qadrdonim, aziz choponim!

VATANNI O’RGANISH

Men Vatanni o‘rganmadim zaridan,
O‘rganmadim uni hur yo paridan.
Kaftlarning chiziqlari — xati ham
Ajinlari bo‘ldi mening xaritam.
Shu xatlarda ko‘rgandim ilk Vatanni,
O‘z onamdan o‘rgandim men Vatanni.
Mehrlari qoshu ko‘zlar bo‘ldilar,
Oyu quyosh misol yuzlar bo‘ldilar.
Jismim aro ulg‘aydilar, to‘ldilar,
Vatan yanglig‘ ulug‘ so‘zlar bo‘ldilar.
Qoshlarining ostlarida turgandim,
Men Vatanni shu ko‘zlardan o‘rgandim.
Nokaslardan o‘rganmadim men uni,
Yot kaslardan o‘rganmadim men uni.
Nom, qarzlardan o‘rgangandim men uni,
Jon xaslardan o‘rgangandim men uni.
O‘zim kiyik so‘qmoqlarda yurgandim,
Men Vatanni so‘qmoqlardan o‘rgandim.
Osmonlari boshim uzra ogohlar,
Giyohidan dilga oldim giyohlar,
Rayhonlarin siyohidan siyohlar.
Buloqlardan ko‘zlar oldim, nigohlar,
O‘zim ham bir chechaklarga burkandim,
Men Vatanni giyohlardan o‘rgandim.
Menga azal aziz bo‘lgan baridan,
Beshigimdan talpingan paytlarimdan,
Umr ko‘rgan har keksayu qaridan,
Mehnatlarin yodlab o‘sdim bag‘ridan.
Paykallarin kokillarday o‘rgandim,
Men Vatanni egatlardan o‘rgandim.
Ushoq noning qadri ming elga ma’lum,
Dars oldim men suvlar ichgan mahalim.
Bulbullarning tillarida shu ta’lim,
O‘zing ustoz, o‘zing mangu muallim.
Hikmatlardan qurgandim men Vatanni,
Zahmatlardan o‘rgandim men Vatanni.

Boshqa arboblar she’rlari

Manba.

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Attestatsiya
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x