Bosh sahifa » Sherlar » Usmon Azim she’rlari va hoyoti va ijodi. Sherlar to’plami

Usmon Azim she’rlari va hoyoti va ijodi. Sherlar to’plami

by administrator

Usmon Azim she’rlari

Usmon-Azim-SherlariUsmon Azim 1950 yil 13 avgustda Surxondaryo viloyati, Boysun tumanida tavallud topgan. O’zbekiston xalq shoiri (2000). ToshDUning jurnalistika fakul`tetini tugatgan (1972). Ilk kitobi — «Insonni tushunish» (1979). «Holat» (1979), «Oqibat» (1980), «Ko’zgu» (1983), «Surat parchalari» (1985), «Dars» (1985), «Ikkinchi aprel`» (1987), «Baxshiyona» (1989), «G’aroyib ajdarho» (1990), «Uyg’onish azobi» (1991), «G’ussa» (1994), «Uzun tun» (1994), «Saylanma» (1995), «Kuz» (2001) kabi she’riy va «Jodu» (2003) nasriy to’plamlari nashr etilgan. Dramalar ham yozgan («Bir qadam yo’l». 1997; «Alpomishning kaytishi», 1998 va boshqa). «Alisher Navoiy» kinoqissasi (1990), «Alpomish» kinodostoni (1997), «Sevgi» (1998, shu nomli hikoya asosida) va 2 seriyali «Alpomish» (2000) fil`mlarining stsenariysiga mualliflik qilgan. Pol` Elyuar, Oyar Vatsietis, Fozil Husni Dog’larja, A. Voznesenskiy, YU. Martsinkyavichyus va boshqa shoirlarning asarlarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Gruziyaning Mayakovskiy nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo’lgan (1982). «Do’stlik» ordeni sohibi (1998).

Usmon Azim hayoti va ijodi >>>

* * *

Daraxt shiddatini
yashirdi tanga,
ammo nima kechgan — shundoq esida:
xazonrez, izg’irin; barglar —
alanga —
yo’qotishga dunyo taslim kezida.
O’ziga chekindi daraxt, chekindi
(vaqt bilan kurashib bo’lmaydi, axir),
tomiru taniga umid bekindi —
nogoh kirgizmasin qish sovuq tahrir.
Orzuni yashirdi navdalariga,
gullamoq shavqini kurtakka soldi.
Shoxlarning bujmaygan gavdalarida
mevalarning rangi pinhona qoldi.
Muzlagan tuproqqa ildizin tarab,
muzday sukunatga bosib bag’rini,
yanvarning qahriga bemalol qarab,
qorlarga ko’mildi chigal yag’rini.
Daraxt shiddatini yashirdi — orzu
qorong’u karaxtlik ichida ravshan…
Bahor yetib kelsa, qanday gullar u —
tangri taoloning rejasi bilan!

Shu daraxt derazam tagida yashar,
u qorli boshimga boqadi o’ktam.
O’ylar: — Bu ham qayta gullashni
boshlar,
menga juda o’xshar, axir, bu odam.

O’zimga o’zimni yutib turibman.
Bu gapdan ko’zlarim yoshlanmaydimi?
So’ngimda nimani kutib turibman?
Nima boshlanadi?.. Boshlanmaydimi?..

* * *

Qor aralash uvladi shamol.
Hilpiradi havo. Yulindi.
Qismat bu dam — sog’inching aro —
Ming aylanib — qishga urildi.

Jonni sovuq ayladi qamal —
Bo’ri dovul o’radi — yovuz.
Sensiz qishda qoldim beamal —
Izilladim sog’inchda yolg’iz.

Men chaqirdim: — Kel, yetdi zavol!
Men qichqirdim — kimga? — elanib!..
Sarosima uvladi shamol —
Tilka-pora qorga belanib…

Kel! Borliging ketmoqda yiroq,
Ko’milmoqda armonlar izi —
Pechkalarning taftidan mudroq
Uyda sovuq qotgan azizim.

Usmon Azim hayoti va ijodi >>>

* * *

Sen, bu kunlar o’tmaydi, dema,
Umr — mangu: ketmaydi, dema,
Parizodim, bu dunyo — sayyod.
Qismat bizga yetmaydi, dema,
Hijron vayron etmaydi, dema —
Sen ketgan kun tugaydi hayot.
Lablaringda sassiz aytar dod
Es-hushidan ayri tabassum…
Qara, qanday chiroyli bu kun —
Tumanlaru bulutdan ozod!
Xuddi so’nggi nafasday aytgum:
— Ketma! Ketsang, tugaydi hayot!

087

* * *

Seni
ko’rmoq uchun
telbavor yuribman
ko’ngil taraflarda.

Yo’llaringga
qarab
qovjirab turibman
ko’ngil taraflarda.

Tosh dunyolaringdan
sen qachon kelasan
ko’ngil taraflarga?

Ko’ngilsizim,
hech ishing tushmaydimi
ko’ngil taraflarga?

BOLALIKDAN XOTIRA

Kuz
Tog’u dashtga yetgan.
Kuz qismatimni aylagan payxon:
Onam tog’lar oshib,
paxta terimga ketgan,
Otam vafot etgan
allaqachon.

Cho’l bor
bu baland tog’lardan narida,
Tog’lardan haydalgan Boysun unda
sarson.
«Paxta zarur!» degan
zulmning qahridan
Qutulmoq beimkon.

Tepalardan oshib,
kelsa edi onam! —
Sog’inchga to’lganman, armonga
to’lganman.
Onam tog’lar ortiga —
paxta terimga ketgan,
Otamning yo’qligiga esa
ko’nganman.

Mol boqib, dala-dashtni kezaman.
G’ussaliman —
jonim borar titilib.
Boz ustiga,
kuzning sitamini sezaman —
Ko’zimdan
yosh oqar
sitilib.

Mezonlar
parvozdan toladi dashtu qirda —
Yomg’irli noyabr`,
sovuq dekabr`.
Men aniq bilaman, otam Sibirdan
Kasal bo’lib qaytgach, vafot etgandir…
Bu gaplarni bobom gurungda aytgan.
Men eshitganman.
Tushunganman. Aniq…
Hozir cho’lda paxta terar onam
Mening va otamning g’ussasin ko’tarib.

Men esa yuribman dashtda — mol
boqib —
o’amda uvalangan — qarigan bola.
Besado og’riqda
kunlar o’tar oqib,
Ko’ksimda kuz kabi jim nola.

Eshitganman:
yaratganda ixtiyor —
O’zi o’lim bermasa, o’lmayman.
Nima bo’lsam bo’lay,
faqat, parvardigor,
Onamning ketishiga ko’nmayman!..
…Mana endi,
umrim ham so’nggiga yetganday.
Ammo bir sog’inchda yashayman hanuz:
Onam tog’lar oshib,
paxtaga ketganday.
Otam yo’q.
Tegramda kuzdir, kuzdir…
Kuz.

* * *

Qush nimadir dedi yaproqqa —
Barg tushundi, tushunmadim men.
Faqat ko’rdim — tani titroqda.
Sezdim: holi — zilziladan keng.

Bog’ nimadir dedi tuproqqa —
Muhim bir gap… Anglamoq mahol.
Unga soya tashlab turmoqqa
Yana ruxsat so’rar. Ehtimol.

Ko’shiq aytdi maysaga ariq,
Bulut toqqa nimadir dedi.
Bu suhbatlar mag’zini yorib,
Dardlarini tushunsam edi!

Ari gulga ochdi dilini,
Yel daraxtni quchoqlab suydi…

She’r, kel! Sensiz dunyo tilini
Bir lahzada unutib qo’ydim.

SO’NGGI UCHRASHUV

Usmon Azim hayoti va ijodi >>>

Qahvaxona — saraton tartib —
Yo’lakchada stol tuzatgan,
Tuvakda gul — qirmiz! — bezatgan.
Majnuntollar — yelga qo’l artib —
Sochlaringga dastin uzatgan.

Ko’ngling nima tusaydi, so’yla?
Pepsimi, yo sharbat? Muzqaymoq?
Faqat boqma menga bu ko’yda!
“Hijron yetdi…” degan gung o’yda —
Meni hozir o’ldirar qiynoq!

Avvalgidek o’ltirgin kulib,
Mayda-chuyda gaplardan gapir,
Biror-bir so’z qolgandir, axir!..
Qay xavf borar jonimni yutib —
Biz nimaga tushyapmiz asir?

O, hasrat ham senga yarashgan…
Ado bo’ldim g’ussang bo’yida!
Qismat bilan bizmi talashgan,
O’rtamizda yillar qalashgan —
Ko’namizmi mantiq ko’yiga?

Aytayinmi biror latifa,
O’qiyinmi Navoiydan bayt?
Nima qilay? Nima qilay? Ayt!..

Tamom. Bitti so’nggi sahifa.
“Sevgi”. Qissa. Muallif: Qismat.

* * *

Dilda tushnuksiz kadar —
Tan og’riqqa to’ladi:
Noma’lum sog’inchlarda
O’rtana boshlaydi jon.
Nogahon bir kabutar
Derazamga qo’nadi —
Qo’ngan kabi bir ilinj,
Qo’ngan kabi bir imkon.

Qaerdan kelayapsan?
Qaydan uchding, jonivor?
Qaydadir birov men deb
Aqlidan ozmadimi?
«Kabutar xat tashiydi» —
Birda eshitganim bor…
Kasbingdan kechdingmi? YO
Hech kim xat yozmadimi?..

25. 12. 2014

* * *

Nechun hech kim ocholmas
Dardim eshiklarini —
Ko’nglimning imorati
Qay baland bog’da barpo?
Do’st! Yuksalgin! Jo’r bo’lgin!
Kuzning qo’shiqlarini —
So’nggi avj bahrlarda
Birga etaylik ijro!

Kuzning yuksakligida
Xazon ichra bir o’zim.
Xat yozsam ham kelmaysan,
Eshitmaysan yig’lasam.
Yo’lingda ikki ko’zim,
Yo’lingda ikki ko’zim —
Boray desam, bu kuzdan
Chiqish yo’lin bilmasam…

30. 12. 2014

* * *

Abdulla akaga

Xazon va men — kuzda yongan,
So’zda yongan — bir o’zim…
Bir o’zimmi g’amda qolgan,
Nechun yig’laysan, ko’zim?

Bir o’zimmi — koinotning
Shivirini she’r etgan?
Bir o’zimmi — bu hayotni
To’rt satrga teng etgan?

Yor ne dedi? Yov ne dedi?
Birodarlar ne dedi?
Bu dunyoda o’zim kabi
Bir kimsa bo’lsa edi…

8. 01. 2015

BALLADA

Tulporlar yeladi yo’llarda —
Sen tomon yeladi, sen tomon.

Oshiqlar jon berar cho’llarda —
Sen — armon, barchaga sen — armon.

Rubob ham, qonun ham seniki,
Sog’inchni kuylashdan tolmaysan.

Olsang-chi! Bu jonim seniki…
Olmaysan hech qachon, olmaysan.

13. 01. 2015

* * *

Yulduzlar
sen uchun porlar ehtimol.

Sen uchun ehtimol
bahorlar kelar.

Ehtimol bu dunyo sen uchun
yaralgan…

Anov, taqdir esa —
Faqat sen uchun.

Nega u
tashlandiq uy kabi g’arib?

Nechun
taqdiringda
yashamayapsan?

Uni
birovlarga
nechun topshirding?

22. 01 2015

* * *

Toshkentda tush kabi yuribsan.
Ketayapsan,
yomg’ir yuvgan shaharni oralab —
qanday chiroylisan!

Uyg’onsam,
esimda qolasanmi?

Yo’lkalar
poyingga
uzun cho’zilgan,
moshinlar beovoz suzarlar
ko’chalarda.
Chorrahalarda chiroqlar bahorday
yam-yashil.
Sen uchunmi,
yo sening sehringmi bu mo»jizalar?

Sen — odam shaklidagi tumanim —
tarqab ketmaysanmi
uyg’onsam?

Ortingdan ketishga ruxsat ber.

Bu hushyor dunyoda,
bu ishchan dunyoda,
bu bedor dunyoda —
hech bo’lmasa,
birgina odam
tushining ortidan ketsin!..

Aytganday,
sen
necha kunlik tushsan?

Har xil xayolga borma.

Umrim necha kun? —
bilmoqchiman,
xolos.

16. 02. 2015

Usmon Azim hayoti va ijodi >>>

Manba

 

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x