Bosh sahifa » Sherlar » Mutrib Xonaxarobiy tarjimai holi. G’azallari va she’rlari

Mutrib Xonaxarobiy tarjimai holi. G’azallari va she’rlari

by nafisa nafisa

Mutrib Xonaxarobiy tarjimai holi. G'azallari va she'rlari

Mutrib Xonaxarobiy tarjimai holi.

Mutrib Xonaxarobiy (taxallusi; asl ismi Muhammad Hasan Hoji Tabib o‘g‘li), (1865-Xiva-1925) – shoir. Xivadagi Muhammad Aminxon madrasasiyaa tahsil olgan. Maqomchi-bastakor sifatida ham mashhur bo‘lgan (Mutrib—sozanda, taxallusi shundan).

Mutrib Xonaxarobiyning serqirra iqtidorini yuqori baholagan Feruz uni saroyga jalb etib, devonbegilik vazifasiga tayinlagan. Bu yillarda Mutrib Xonaxarobiy yozgan g‘azal va muxammaslar ko‘plab bayoz-majmualardan o‘rin olgan, jumladan, Tabibiy tuzgan ikkala tazkirada shoir asarlaridan ko‘plab namunalar uchraydi.

Mutrib Xonaxarobiy 20-asrning 20-yillarida saroy tugatilgach, Xorazmda paydo bo‘lgan mahalliy matbuotda faol ishtirok etadi, «Xorazm xabarlari», «Inqilob quyoshi» gazetalarida adabiy xodim lavozimida xizmat qiladi. Ilk she’rlarini 1890 yilda yoza boshlagan. Uning bayoz, devon va majmualar orqali 14 ming misraga yaqin g‘azal, muxammas, musaddas, qasidalardan iborat adabiy merosi yetib kelgan.

Mutrib Xonaxarobiy qoldirgan ijodiy meros asosini ishq-muhabbat mavzuida bitilgan g‘azal, murabba, masnaviy, muxammas, musaddas va ruboiylar tashkil etadi. Uning xon va shoir Feruz sha’niga bag‘ishlangan qasidalari ham mavjud. Mutrib Xonaxarobiyning ilmma’rifatga da’vat, hurriyat mavzularida yozilgan she’rlari mahalliy matbuot sahifalarida, shuningdek, Xivada 1924 yilda nashr etilgan «Yug‘urmiya» to‘plamida chop etilgan. Bu turkum she’rlarida («Ko‘rung emdi xaloyiqqa…», «Bilinglar, ey xaloyiq», «Ko‘ngluma bir turfa so‘z keldi ravon» va b.) targ‘ibiy-tashviqiy ruh, xitob, da’vat ohanglari hukmronlik qiladi.

Mutrib Xonaxarobiy merosining asosiy qismi 1909 yilda Muhammad Sharif ibn Muhammad Yoqub — Harrot tartib bergan devon (300 sahifa)da jamlangan. O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik instituti fondida 2 kichik devoni (inv. №903, 906) saqlanadi. Laffasiyning Feruz davridagi xorazmlik ijodkorlarga bag‘ishlangan tazkirasida Mutrib Xonaxarobiyning «Shoh Komron» she’riy asari borligi haqida ma’lumot berilgan.

Alisher Navoiy haqida eng sara she’rlar to’plami

Mutrib Xonaxarobiy g’azallari.

Jonon, yuzing men zordin bir lahza pinhon aylama,
Tiyg‘i firoqing zaxmidin bag‘rim to‘la qon aylama.

Doim junun sahrosida Majnun kabi qon yutdurub,
Zindoni hajr ichra iki chashmimni giryon aylama.

Zotinga har sahvu xato qilsam, kechirgil yozuqim,
Har dam firoqing o‘tig‘a jonimni so‘zon aylama.

Shirin tilingdin istasam bo‘yi vafoning mujdasin,
Bir nuqta izhor etmayin noz ila hayron aylama.

Vasling shabistoniga yuz qo‘ysam burung‘i ahd ila,
Yuz turfa afsunlar qilib, ey gul, pushaymon aylama.

Ajzu niyoz aylab ko‘ngul komin tamanno aylasam,
Ul lahza g‘amza tiyg‘ini qatlimg‘a burron aylama.

Sham’i ruhingg‘a istasam parvonalig‘, ey guluzor,
Mutribni hijron qaydig‘a tashlab, parishon aylama.

* * *

Aylay nechuk ishrat men, ul oromijonim kelmasa,
Bermakka jon oromini ruhi ravonim kelmasa.

Topgay hazin ko‘nglum nechuk g‘am qaydidin ozodlig‘,
Aylarga hijrondin xalos Azro nishonim kelmasa.

Partav solib ruxsoridin, mast etgali sarshoridin,
Jon bergali guftoridin, shirin zabonim kelmasa.

Faryodkim, anduhu g‘am davr etmish atrofim shukun,
Tarqatg‘ali g‘am lashkarim sohibqironim kelmasa.

Tuzmakka ishrat sozini, bilmak uchun dil rozini,
Aylab malak parvozini, sirri nihonim kelmasa.

Har dam boqib mastong‘ina, lutf etgali jonong‘ina,
La’li labi xandong‘ina, qoshi kamonim kelmasa.

Vah, ne qiyomatdur bukun men Mutribi bechorag‘a,
Husn avjining sardaftari, oliy makonim kelmasa.

* * *

Hijron o‘tig‘a muncha ko‘p, ey mehribonim, o‘rtama,
Ayyomi ishrat bo‘ldi, kel, oromi jonim, o‘rtama.

Husning xumoridin ko‘ngul beixtiyor o‘lg‘an chog‘i,
Bir lahza rahm aylab manga, jism ichra jonim, o‘rtama.

Vasling tamannosi uchun oshufta hol o‘lsam agar,
Dardi firoq ichra qo‘yib, sarvi ravonim, o‘rtama.

La’ling zulolin istasam, g‘ayr ila sen ishrat tuzub,
Ey orazi gul, sarv qadi, qoshi kamonim, o‘rtama.

Nutqi kalomingdin hazin ko‘nglum vafo istar esa,
Noz aylabon, ey to‘tiyi shirin zabonim, o‘rtama.

Ehsoni lutfingdin meni mahrum etib ishrat aro,
Husn avjining sardaftari Azro nishonim, o‘rtama.

Izhor lutfingni so‘rar chog‘da tabassumlar bila,
Yuz nukta yolg‘ondin deb, ey shakkarfishonim, o‘rtama.

La’lingdin istab jonfizo, nutqingga zor o‘lsam agar,
Tishlab durafshon lablaring, ey nuktadonim, o‘rtama.

Noz aylabon qrshiig qoqib, ohista Mutribg‘a boqib,
Har jilvada jonim yoqib, ey navjuvonim, o‘rtama.

* * *

Qatl etarga ko‘zlaring qilsa g‘azab,
Bergusidur jismima jon ikki lab.

Gar muyassar bo‘lsa vasling suhbati,
No‘sh etarman tinmayin jomi tarab.

Bodai la’ling xumori ichrakim,
Hajr dashtida yururman tashnalab.

Soldi o‘t jonimg‘a chashming g‘amzasi,
Ko‘rmisham vasling tilab ranju taab.

Bazmi vaslingdin dame shod etmayin,
Yig‘latursan zoru hayron ro‘zu shab.

Vah, qachon vaslingga yetgayman debon,
Tortib hijron javrin aylarman talab

Furqatingda dam-badam qon yig‘latib,
Bo‘lmag‘il Mutribni qatlig‘a sabab.

* * *

Tushdi hajringdin tanu jon ichra o‘t,
Zulfi zunnoringdin iymon ichra o‘t.

Solg‘usidur ikki chashming g‘amzasi,
Bir boqishda bu dili qon ichra o‘t.

Gulshani husningni jonon hajridin,
Tushdi ko‘kda mohi tobon ichra o‘t.

Ne gunohim bor erur, har dam solur,
Dardi ishqing jismi vayron ichra o‘t.

Chekkan ohimdin g‘amingda o‘rtanib,
Tushg‘usi garduni gardon ichra o‘t.

Ishq aro Mutribni chekkan ohidin
Tong emas tushsa guliston ichra o‘t.

* * *

Har kun yuzing ko‘rmak tilab ikki ko‘zum giryon erur,
Topmay hazin ko‘nglum labing shahdini, sargardon erur.

Ko‘rgach tazarru’ aylasam, derman visol ummididin,
Bilmam nasibam ne uchun xunobai hijron erur.

Tiyg‘i firoqingdin tani zorimda sar tosar yaro,
Qilsang muruvvat zarracha har mushkulim oson erur.

Komig‘a yo‘l topmoq uchun, ey to‘tiyi shirin maqol,
Yetmay janobingg‘a tanu jonimda ming armon erur.

Vobastai zulfing bo‘lib, bo‘yi vafo istar esam,
Majnun kabi yig‘lab, nki chashmimda ashkim qon erur.

Men xastag‘a ermas ajab, ko‘rgach seni topsam shifo,
Nechunki aysh ichra menga la’ling mayi darmon erur.

Ishrat etarga mayl etib, kulbamg‘a kelsang noz ila,
Bu Mutribi bechoraning joni senga qurbon erur.

* * *

Ey ko‘ngul, o‘rtanma ko‘p sarvi xiromoning kelur,
Vaslidin shod etgali gulbargi xandoning kelur.

Shomu furqat ichra bo‘lgan ko‘zlaringni tiyrasin,
Qilg‘ali ravshan bu tun xurshidi raxshoning kelur.

To‘kmag‘il hajr ichra yig‘lab ko‘zdin ashki lolagun,
Kim tarahhum aylab ul yori nigahboning kelur.

Lutf birla zahr hijronidin o‘lgan jismishta,
Tozadin jon berg‘ali Isoi davroning kelur.

Bodai vasli bila bu kecha sarmast etkali,
Xush takallum, gulbadan, sho‘xi suhandoning kelur.

Gul yuzi birla mashomingni muattar qilg‘ali,
Sarv qomat, mahjabin, sebi zanaxdoning kelur.

Bo‘lma g‘amgin, Mutribo, gar yetsa ishq ichra sitam,
Holinga rahm etgali yori qadrdoning kelur.

* * *

Ermasam oshiq, ko‘zum hayroni bo‘lg‘aymu edi.
Tanda jon parvonadek so‘zoni bo‘lg‘aymu edi.

Istamas ersam agar sarvi qadi zebosini,
Jismi zorimda g‘ami hijroni bo‘lg‘aymu edi.

Gar hazin ko‘nglumni shavq o‘ti maqom etmas esa,
Ikki chashmim ro‘z, shab giryoni bo‘lg‘aymu edi.

Bo‘lmasa vobasta ikki nargisi shahlosiga,
Notavon ko‘nglumda yuz armoni bo‘lg‘aymu edi.

Tori zulfi jonima qullobdek band ermasa,
Rishtai jonim oning qurboni bo‘lg‘aymu edi.

Intizor o‘lmas esam yuz uzra mushkin holig‘a,
Qumridek har kun ishim noloni bo‘lg‘aymu edi.

Otmagan bo‘lsa agar har g‘amzasida novakin,
Jismida Mutribni yuz paykoni bo‘lg‘aymu edi.

* * *

Kel, ey dilbar. chaman sayrig‘a, gulshan lolazor o‘ldi,
Tamoshoyi jamolingg‘a ko‘zim behad xumor o‘ldi.

Niholi qomating yodida qaddim xam, ko‘zum purnam,
Visoli bazmiga mahzun dilim ko‘p intizor o‘ldi.

Guli husningni shavqida chekib bulbul kabi afg‘on,
Netay zuhd ahlig‘a pinhon rozim oshkor o‘ldi.

Ishim hijron tunida kecha-kunduz oh-voh birla,
Ikki chashmim firoqing shiddatidan oshkor o‘ldi.

Asir bo‘lmas esa ko‘nglum soching torig‘a, ey gulruh,
Ne deb jismimda jonim zarra yanglig‘ beqaror o‘ldi.

Bo‘lib majnuni bemoring firoqing kishvari ichra,
Chekib tashvishi hijroningni jismim bemador o‘ldi.

Agar rahm etmasang, ey nozanin, Mutribni holig‘a,
Ulusg‘a nolishidin doyimo be e’tibor o‘ldi.

* * *

Bilinglar, ey xaloyiq, sizga bu bir yaxshi davrondur,
Tamomi yurtimizda nozu ne’matlar farovondur.

Topib osoyishi piru juvon, ozurdadil bo‘lmay,
Bari mahzun o‘lan ellar damodam shodu xandondur.

Xudoyim rahm etib bizga, birodarlar bo‘lib yoru,
Ko‘rung emdi sitamgarlarni, sargardonu hayrondur.

Bo‘lub qurultoyu Ijroi Qo‘mita shahr aro barpo,
Bu davlat fayzidin bizlarg‘a har mushkillar osondur.

Birodarlar, o‘zin har kecha bizga posbon aylab,
Bihamdillah, alarning maqdami osoyishi jondur.

Alardin bahra olmoqqa taraddud aylamak lozim,
Bularning e’tiqodi muncha bizlarga farovondur.

Mudom, ey soda dillar, Mutriboso shod o‘lunglarkim,
Bori dushmanlar ahvolini ko‘rkim xonavayrondur.

Boshqa adib she’rlari

manba

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar