Nishotiy haqida.
Muhammadniyoz Nishotiy (18-asr, Xorazm) — shoir. Xiva madrasalarida o‘qigan. Xorazm xonligida siyosiy ahvol og‘irligi tufayli Nishotiy Buxoroga kelgan, g‘ariblik va muhtojlikda yashagan.
Adabiy merosi «Husnu Dil» dostoni, «Qushlar munozarasi» manzumasi hamda 1500 misra she’r — 38 g‘azal, 14 muxammas, 1 qasida va musaddasdan iborat. Lirikasi dunyoviy muhabbat mavzuida. Unda shoir o‘z kechinmalari, zamona xaqidagi fikr-mulohazalarini ifodalagan, vafo, sadoqat, go‘zallik va nafosatni kuylagan. «Qushlar munozarasi»da 14 xil qushning o‘zaro bahsu munozaralari orqali o‘sha davrdagi ijtimoiy tuzumga xos illatlar, jaholat, mansabparastlik va boshqa majoziy shaklda tanqid qilingan, mehnat ahlining kamtarligi ulug‘langan.
«Husnu Dil» dostoni (1779) — shoir ijodining cho‘qqisi. U Sharq xalqlari orasida mashhur syujet asosida nazmda yaratilgan. Doston 15584 misra, 62 bobdan iborat. An’anaviy kirish (1—5-boblar)dan so‘ng shoir o‘zi haqida, dostonning yozilish sabablari, so‘z va uning qudrati, xamsanavislar (Nizomiy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy va boshqa) haqida fikr yuritgan. Asosiy qism 11-bobdan boshlanadi va asar xotima bilan yakunlanadi. Yetakchi mavzui — sevgi. U Husn va Dilning murakkab sarguzashtlarida o‘z aksini topgan. Aql, Ishq, Vafo, Mehr, Nomus, Himmat, Sabr, Raqib kabi obrazlarda kishilardagi muayyan xususiyatlar ifodalangan. Doston Husn va Dilning to‘y tantanasi, ya’ni ezgulikning yomonlik ustidan g‘alabasi bilan tugaydi. Asarda Vatanni sevish, xalqparvarlik, ma’rifat va adolat, mardlik, sevgi-sadoqat, yaxshi xulq-odob kabi g‘oyalar ilgari surilgan.
Nishotiy g’azallari.
Yorab, nechuk balodur boshimg‘a shomi hijron,
Ne dardig‘a nihoyat, ne mehnatig‘a poyon.
Ne sabru, ne qarorim, ne hushu ixtiyorim,
Ne yoru, ne diyorim, ne jon manga, ne jonon.
Har kunda boshqa g‘avg‘o, har tunda o‘zga savdo,
Ne manzilu, ne ma’vo, yo‘qtur makonim imkon.
Mehnatg‘a davri purfan ko‘nglimni qildi ma’man,
Boshimni etti maskan, g‘am lashkarig‘a davron.
Ko‘zimda ashki hasrat, ko‘nglimda xori g‘urbat,
Boshimg‘a tushdi kulfat, andoq yog‘orki boron.
To soldi ul sumanbar jonu dilimg‘a axgar,
Ohimni qildi sar-sar ashkimni etti to‘fon.
Pinhon nazardin ul moh, ne munisu ne hamroh,
Dil so‘zim otashin oh, hamsuhbatimdur afg‘on.
Ortib balou shiddat, yuz muncha bo‘lsa mehnat,
Ne g‘am yetursa nakhat ul zulfi anbarafshon.
Tortib fig‘oni g‘ulg‘ul, hajringda misli bulbul,
Sensiz ko‘zimga, ey gul, mujgoni nishu paykon.
La’ling shahidi, ey dil, bo‘lmas kafang‘a moyil,
Bas jism uzra hoil rangin kafan qizil qon.
Ochg‘onda doli zulfing, yetkach shamoli zulfing,
Qildi xayoli zulfing toroji dinu imon.
Zulm etti charxi zolim, qildi fuzun malolim,
Ko‘p mushkil o‘ldi holim, yorab, san ayla oson.
Lutf aylabon bir oni, boqg‘il buyon nihoni,
Bo‘lsun Nishotiy joni boshinga sadqa, ey jon.
* * *
Bihamdillohki, jononim meni masti nigoh etti,
Ko‘zim bog‘in niholi qomatiga jilvagoh etti.
O‘tub har yong‘a yuz ming shevau nozu ado birla,
Gahe ko‘rguzdi ruxsorin, gahe ilkin panoh etti.
Yuz uzra donai xolin namudar aylobon qushdek,
Ko‘ngulni mubtaloi halqai zulfi siyoh etti.
Quyoshdek orazi uzra chu to‘kti zulfi mushkinin,
Qorartib ro‘zgorim, holi zorimni taboh etti.
Parizodi eram, yo hur deb tavsifi ruxsorin,
Junundin telba ko‘nglum dedi hazyon ishtiboh etti.
Ajab ermas damodam bo‘lsa zavqi sajda ko‘nglumg‘a,
Azal naqqoshi ul oy qoshi yosin sajdagoh etti.
Gadoi xokisori xo‘blar gar bo‘lsa tong ermas,
Ul oyni lutfi izzu husn elig‘a qiblagoh etti.
Kulub yuz noz ila hardam chiqib qasridin ul mahvash,
Hamisha koru borim nolau afg‘onu oh etti.
Diloromim harimi nozdin chiqg‘ach ado birla,
Nishotiy ko‘nglini ayshu tarabdin iydgoh etti.
* * *
Yorab, na xush kun erdi so‘rmaqg‘a arzi holim,
Yuz ishva birla keldi ul mushkbo‘ g‘azolim.
Oldi niqobi gulgun gul yuzdin ul parizod,
Ko‘rguzdi chehrai ol, daf’ ayladi malolim.
Har bir kunim edi oy, har oy erdi bir yil,
Ul zulfu yuzni ko‘rgach xush bo‘ldi mohu solim.
Dedimki: shomi hijron tul erdi ham qorong‘u,
Dediki: ko‘zung oydin topting bu tun visolim.
Ko‘rsatti yuz nazokat ul bel ila og‘izdin.
Boru yo‘qim fidosi ham sadqa qiylu qolim.
Ul qoshu ko‘z, qadu zulf ermish niholi ra’no,
Dark ayla yaxshi ey aql desam ani niholim.
Yondashturub jamolin mehri falakga dedi:
Insof qil, Nishotiy, ul mehr ro‘ jamolim.
* * *
Tushda la’lin ko‘rdim ul oyning to‘la kulgu bila,
To qiyomat subhi yorab, qo‘y mani uyqu bila.
Shodlig‘ ashkin oqizg‘an ko‘zga surtub orazin,
Dardu g‘am gardin aritdi ko‘zlarimdin suv bila.
Otashin jannat gulidek ochilib ko‘rguzdi yuz,
Emdi hargiz yuz ko‘rushkum yo‘q qaro qayg‘u bila.
Gavhari ashkimni man’ aylarga la’lin tishladi,
Ziynatafzo bo‘ldi la’li jonfizo inju bila.
Og‘zima ruxsor ko‘zgusin tutar za’fim ko‘rub,
To hayotimdin nafas fahm aylagay ko‘zgu bila.
Tiyra hijron shomi ichra bo‘ldi nuroni ko‘zim,
To qaro suyin supurdi vusmalig‘ abru bila.
Siymiyodin yoki zohir bo‘ldi yuz turlik xayol,
Yoki hamxo‘ o‘ldim oxir nargisi jodu bila.
Qildi ul ko‘zning qarosi zahri hijrondin xalos,
Qayda pozahr o‘lg‘usi bu nav’ har ohu bila.
Orazi minusida gulzori husnin ko‘rgali,
Yo‘q Nishotiydek ishim bu gunbazi minu bila.
Muxammas.
Bo‘ldi xoki tan quyun ul sarvi xush raftorsiz,
Bo‘lmag‘ay olamda mendek baxti barxurdorsiz,
Bir qurug‘on naxldek kim bo‘lsa bargu borsiz,
Navbahor ayyomi bo‘lmishman diyoru yorsiz,
Bulbul o‘lg‘andek xazon fasli gulu gulzorsiz.
Oh vovayloki nega topmayin so‘zu gudoz,
Qumrilar xaylig‘adur maskan niholi sarvi noz,
Goh sham’ o‘ti bila parvona bordur sarfaroz,
Goh sarv uzra, gahe gul uzra bulbul nag‘ma soz,
Vahki man-man gungu lol ul sarvi gulruxsorsiz.
No‘sh ishrat, nesh mehnat birla bsrdur tav’amon,
Kim bahori vaslg‘a oxir firoq o‘ldi xazon,
Voy kim bu dard qildi g‘unchai ko‘nglumni qon,
Topmadim gulrang jomi be xumor, ey bog‘bon,
Vahki bu gulshan aro gul butmas ermish xorsiz.
Orazi gar bo‘lmasa tushsun gulistonimg‘a o‘t,
Gulshani ko‘yidin ayru bog‘i rizvonimg‘a o‘t,
G‘unchai bog‘i jinondur dog‘i pinhonimg‘a o‘t,
Ravza ashjori o‘tundur gullari jonimg‘a o‘t,
Mumkin o‘lsa anda bu yanglig‘ dami dildorsiz.
Eyki kirding rohi ishqa boqmag‘aysan sog‘u so‘l,
Ya’ni harbir bulhavasdek sunmag‘il har sori qo‘l,
Kir Nishotiydek xarobot ichra shodu, forig‘ o‘l,
Ahli zuhd ichra Navoiy topmadi maqsadg‘a yo‘l,
Vaqtingizni xush tutung, ey jam’, kim xummorsiz.
Musaddas.
Vah necha aqlu xirad tuproqig‘a past bo‘lay,
Xayli nojins bila hamdamu hamdast bo‘lay,
Borayin dayri mug‘on ahlig‘a payvast bo‘lay,
Topibon nash’ai may sheri zabardast bo‘lay,
Tobakay rishtai donish bila pobast bo‘lay,
Qo‘ying, ahbobki, loyaqil o‘lay, mast bo‘lay.
Hodii rohi murod o‘lmas ekan har gumroh,
Bo‘lg‘ucha savmaai zohid aro oliy joh,
Bo‘layin piri xarobotg‘a xoki dargoh,
Ichib ilkidin aning bo‘lmay o‘zimdin ogoh,
Tobakay rishtai donish bila pobast bo‘lay,
Qo‘ying ahbobki loyaqil o‘lay, mast bo‘lay.
Pok ichib dayri mug‘on ichra bo‘lay mastu yalang,
O‘ynayin bahri mayi nob aro andoqki nahang,
Lutf jomidin agar etsa karam soqiyi shang,
Sumuray o‘ylaki qochsun ko‘rubon nom ila nang,
Tobakay rishtai donish bila pobast bo‘lay,
Qo‘ying ahbobki, loyaqil o‘lay, mast bo‘lay.
Husha kelturgali hardam manga afsun qilmang,
Demangiz pandu mening dardimi afzun qilmang,
Demang afsonau afsun, manga qonun qilmang.
Tashnalabman meni juz may bila mamnun qilmang,
Tobakay rishtai donish bila pobast bo‘lay,
Qo‘ying ahbobki loyaqil o‘lay, mast bo‘lay.
Aylang, ey aqlu xirad, o‘zga taraf uzra xirom,
Kunji mayxona aro man dag‘i aylab orom,
Qutulub bir yo‘li sizdin bo‘layin masti mudom,
Qoching, ey or ila nomus, keting nang ila nom,
Tobakay rishtai donish bila pobast bo‘lay,
Qo‘ying ahbobki loyaqil o‘lay, mast bo‘lay.
Do‘stlar pand bu kim, jom ila may no‘sh qiling,
O‘zni bilmasdek ichib, shomu sahar jo‘sh qiling,
Zuhdu taqvi bila toatni faromush qiling,
Beribon jomi labolab mani madhush qiling,
Tobakay rishtai donish bila pobast bo‘lay,
Qo‘ying ahbobki loyaqil o‘lay, mast bo‘lay.
Aql neshi bila boshdin ayoq ozor o‘ldim,
Hush eli ta’nasidin vahki dilafkor o‘ldim,
Sabr zindonida donishg‘a giriftor o‘ldim,
Borchadin zor Nishotiy kabi bezor o‘ldim,
Tobakay rishtai donish bila pobast bo‘lay,
Qo‘ying ahbobki loyaqil o‘lay, mast bo‘lay.