Mirhasan Sadoiy haqida.
Mirhasan Sadoiy (18-asr 2-yarmi — Farg‘ona — 1820) — shoir. Hayoti va ijodiga oid ayrim ma’lumotlar Dilshod Otinning «Tarixi muhojiron» asarida uchraydi. Huvaydoning shogirdi, ko‘pchilik she’rlari uning g‘azallariga hamohang.
Hofiz, Navoiy, Mashrab adabiy an’analarini davom ettirgan, g‘azallariga naziralar bitgan. She’rlarida dunyoviy sevgi, do‘stlik, axloqiy fazilatlar, ilm-ma’rifat kuylangan, ijtimoiy nohaqliklardan shikoyat qilgan.
Lirikasi ham ijtimoiy mavzuda («Salom», «Bo‘lmadi» va b.). Bizgacha 168 g‘azal, 1 muxammas, 1 musaddas, 1 muvashshah, 2 chiston — 1800 misradan iborat devoni (Toshkent, 1916) yetib kelgan, qo‘lyozmasi topilmagan.
Mirhasan Sadoiy g’azallari.
Latofat bo‘stonida sanidek yor kelgaymu?
Jahon g‘amxonasi ichra manidek zor kelgaymu?
Yuzingni ishqida man benavodek, ey shahi xubon,
Alamdin siynasi majruh, yurak afgor kelgaymu?
Qurub majlis tutub sog‘ar tamom elini kuydurgon,
Ichib maydin bo‘lub mast, ko‘zi xummor kelgaymu?
Tamomi avvalu oxir sani hoziq tabib derlar,
Yurub darmon topolmay, man kabi bemor kelgaymu?
Jamoling ko‘rmayin, jono, qolib hasrat bila g‘amda
Aziz jondin jahonda man kabi bezor kelgaymu?
Saningdek nozanin shoyad mani hajrimda o‘lgan deb,
Baland bo‘lg‘an mozorim qilg‘ali hamvor kelgaymu?
Munodiylar qilib doim jahonni izlasam tinmay,
Sadoyidek g‘aribu xasta beg‘amxor kelgaymu?
* * *
Bo‘lub masti junun oshiq agar mayxonag‘a kirsa,
Bo‘lur albatta ul obod agar vayronag‘a kirsa.
Ki oshiq ishqidin qilsa agar har qaysig‘a noshir,
O‘zin tutmay urar o‘tg‘a agar parvonag‘a kirsa.
Qadamni qo‘ysa oshiqlar agar butxona sorig‘a,
Hama butlar qilur sajda agar giryonag‘a kirsa.
Junun ahlini ayb etmang, ki bu devonalig‘ birla,
Chiqib Eronu To‘rondin agar Farg‘onag‘a kirsa.
Hama ushshoq eli birdan takallum aylasa nogoh,
Qolur zohid eli hayron agar afsonag‘a kirsa.
Sadoyi bu junun birla bo‘lub giryonu ham nolon,
Chiqorur o‘tlarin har masjidu mayxonag‘a kirsa.
* * *
Yorni ko‘rdum ajab gullar ochilmish boshida,
Bu sababdin bulbuli sho‘rida bo‘ldim qoshida.
Yo muazzin har zamonkim aylasa bongi namoz,
Sajdagohim naqshi mehrobimni ko‘rdum qoshida.
Dog‘ etib bir kun mani qadrimni hargiz bilmadi,
Oshno bo‘ldum na uchun dilbarimni qoshida.
Muncha ko‘p aylab raqiblar birla doim maslahat,
O‘lturur oxir mani ul bo‘lmadi kengoshida.
Bir umed aylab edim borib ko‘ray deb yorni,
Boqmayin ketti, qarab qoldim uyini toshida.
Manga mundog‘ nasiba kunda ming obi azob,
G‘arq bo‘lmas na sababdin bu ko‘zumni yoshida.
Dam urolmas bu Sadoyi yordin aylab ibo,
Sharh etolmas hasbi holin har kishini qoshida.
* * *
Barq urub ul dilrabo boshida qolfoq o‘zgacha,
Belida zarrin kamar, egnida mursoq o‘zgacha.
Goh kiyib kimxobu atlas, goh kiyib gulgun qabo,
Ushbu holat birla bo‘ldi manga o‘rtoq o‘zgacha.
Necha kunlar bo‘ldi hargiz bilmadim jononani,
Bir maningdek bo‘lmag‘ay olamda mushtoq o‘zgacha.
So‘rmagondin bul mani ul mehribon yor qaydadur,
Bul aziz jismim kuyub bo‘ldiki nosoq o‘zgacha.
Bilmadim hargiz ani man do‘st yo dushmanlig‘in,
Ayladi bir so‘z birla bizga shiltoq o‘zgacha.
Bir sabablar birla kelg‘on oldig‘a mehmon edim,
Man ketarman, ul bo‘lur bul yerda qolmoq o‘zgacha.
Jon fido aylar agarchi har kim ul jononag‘a,
Vu Sadoyi kunda ming bo‘ldiki mushtoq o‘zgacha.
* * *
Nogahon ko‘rdum ajab bir yori xubon o‘zgacha,
Bog‘ ichida bir guli sarvi xiromon o‘zgacha.
Dam-badam vasfin o‘qub ul dilbari jononani,
Man bo‘lurman bulbuli murg‘i xush ilhon o‘zgacha.
Bir nigohi birla olamni barin qatl aylamish,
Xohlasa bergay mani bechorag‘a jon o‘zgacha,
Kulbai baytul hazan ichra dili vayronaman,
Koshki bir yo‘l kelib ul bo‘lsa mehmon o‘zgacha.
Manki bir Ya’qub yig‘larman chu abri navbahor,
Ko‘zlarimni yoshidur misli qizil qon o‘zgacha.
To bu g‘am zindonida bo‘ldum giriftori balo,
Kim qilur andin bo‘lak mushkulni oson o‘zgacha.
Haddin oshti yorni javri, hech vafosin ko‘rmadim*
Man qilurman g‘amlarin bag‘rimda pinhon o‘zgacha.
Bir savol etsang berur albatta ul yuz ming javob,
Bir aningdek ko‘rmadim olamda purdon o‘zgacha.
Bu Sadoyig‘a mahol emdi qanoat qilmog‘i,
Qasd etar jonimg‘a ul har kun xiromon o‘zgacha.
* * *
Necha kundur intizor bo‘ldum sanam didorig‘a,
Sabr qilsam toqatim yo‘qdur ani xummorig‘a.
To qiyomatg‘acha emdi man qachon bo‘lg‘um xalos,
Banda bo‘lg‘on xasta ko‘nglum zulfini har torig‘a.
Ul yiroqdin bu halokatlar bila qilmog‘lig‘im,
Jon beray derman havas birla ko‘rub diydorig‘a.
O‘lturub qilsa takallum la’li durarboridin,
Bir dame some’ bo‘lay derman ani guftorig‘a.
Qushlari kelsa havolab bul mani jonim uchun,
Ko‘krogimni man ocharman zahrlik minqorig‘a.
Yor aytur bo‘lsalar, qilsam tavofi Ka’bani,
Bir nazar solsun Sadoyidek dili afgorig‘a.
* * *
Sani deb nozanin har kun bu jonim ming fido bo‘ldi,.
Tajalli ko‘rsatur deb ko‘zlarim ko‘rmay ado bo‘ldi.
Bilurman xalqi olam — barchasi ayshu tarab birla,
Maningdek kim bu olamda giriftori balo bo‘ldi?
Oyog‘im boricha yurdum paru bolim bila uchtum,
Etolmay oqibat sanga, alsab, baxti qaro bo‘ldum.
Hamisha kuydurub, jono, ilojim qilmading hargiz,
Sadoyi xastadil bechora bu g‘am birla ado bo‘ldi.
Mavlono Lutfiy tomonidan yozilgan g’azallar
* * *
Necha ishdin aqlu hushing kam bo‘lur,
Oqibat aftodalikdin xam bo‘lur.
Tutma ulfat bu avom ahlig‘a ko‘p,
Kam bo‘lur aqling sani har qancha ko‘p
Ulfati xotunu go‘dak birladur,
Aqli zoil ham dili g‘am birladur.
Ko‘p suxan qilsa kishi, ey aqli dur,
Garchi haq so‘zdur, bo‘lur aqli qusur…
Ishtihodin ko‘p yemak, bevaqt xob,
Aql uyin qilg‘ay bu ishlar ko‘p xarob.
Orzuyi xom uchun kim yesa g‘am,
Sabrsiz bo‘lsa agar yetsa alam,
Ul ko‘ngulda aql turmas, ey falon,
Aqlsiz elga g‘izo zardobu qon.
* * *
Sani yodingda man yig‘lab, ayo ey dilbari jonim,
Agar aytsam ado bo‘lmas, ki bu dardi farovonim.
Judolikda bo‘lib Ya’qub, bu mehnat bobida Ayyub,,
Davosini tilarman, aylagil dardimg‘a darmonim.
Topilmas xoki poying ko‘zlarimg‘a to‘tiyo qilsam,
Eram bog‘ida bitgan bul ajab sarvi xiromonim.
Yaqin bo‘ldum kuyub o‘lmoqg‘a, jono, bilmading hargie„
Nechuk sharh aylamay yetsun sanga bu rozi pinhonim.
Eshikingga bo‘lub soil sanga ko‘p iltijo aylab,
Ulug‘ daryo bo‘lub oqg‘on mani bu chashmi giryonim.
Rizodurman qarig‘onda shahid etsang Sadoyini,
Yarashur oq soqolimdan agar oqsa qizil qonim..
* * *
Fig‘onu ohu vovaylo, man ul yorimdin ayrildim,
Havas birla xumoriman, ko‘zi xummordin ayrildim.
Hayotim boricha yig‘lay bo‘lub monandi ul Yah’yo,
Tarahhum qilg‘uchi holima ul g‘amxorimdin ayrildim.
Nasimi subhidin qilg‘on muattar bu dimog‘imni,
Xo‘tan sahrosida bir mushki totorimdin ayrildim.
Bo‘lub hamchun firoqida tanim tufroqg‘a o‘rguldi,
Aningdek mehribon ul yaxshi guftorimdin ayrildim.
Hamisha yaxshilik aylab tamomi eldin o‘ksurman,
Ko‘ngulni xushlig‘i ul kulli g‘amxorimdin ayrildim,
Ajab shabnam tushub doim ochilg‘on bir qizil guldek,
Bo‘lubman bulbuli sho‘rida gulzorimdin ayrildim.
Etib bu iltifoti gohlar xobu xayolimda,
Dimog‘imni muattar qilg‘an ul attorimdin ayrildim.
Sadoyi jon berib, jon elur vaqtiga yetgonda,
Talab bozorida shundog‘ xaridorimdin ayrildim.
* * *
Seni deb man ado bo‘ldim, ayo ey yori jononim,
Na yurmakka majolim bor, na o‘lturmakka darmonim.
Bu ko‘nglumni xushi erding, ko‘zimni ravshani erding,
Egildi qomatim yodek, ayo sar t xiromonim.
Ajab hikmat erur emdi chamanni gullari xandon,
Ochilmas birgina sandin mani tab’i parishonim.
Takallum aylasang durlar sochib la’li lisoningdin,
Ki Azroil emas hojat, chiqar albatta bu jonim.
Saningdek nozanin shoyad bu jon chiqmasdin ilgori,
Na hub bo‘lg‘ay edi qilsang kelib dardimg‘a darmonim.
Sadoyi qichqirib aytur unini boricha doim,
Na deb yetmaz sanga hargiz mani bu ohu afg‘onim?!
* * *
Yiroq tushtum jamolingdin sani, ey yor, sog‘indim,
Yo‘lingga termulub, ey nozanin, bisyor sog‘indim.
Na deb azmi safar qildim, bu ishlardin pushaymonman
Parishon xotirim doim, yurak afgor sog‘indim.
Mani sandin yiroq etgan falakni gardishi erdi,
Nadur chora bu g‘amlardin yotib bemor, sog‘indim.
Erurman kecha-kunduz to‘tiyi bexonumon yanglig‘,
Bo‘lubman bulbuli sho‘rida, ey gulzor, sog‘indim.
Visolingdin judo bo‘ldum, tanim tufroqqa o‘gruldi,
Labi maygun, qadi ar-ar, ko‘zi xummor, sog‘indim.
G‘ariblikda mani holimni hech kimsa bilmaydur,
Ko‘zimni ravshani, ko‘nglum xushi dildor, sog‘indim.
Ko‘ray deb orzu aylab jamoling, ey pari chehra,
Kelib holimni so‘rg‘il, ey pari ruxsor, sog‘indim.
Sadoyi, san kabi yo‘qdur giriftori balo bo‘lg‘on,
Sani izlab yurub har ko‘chau bozor, sog‘indim.