Maxtumquli she’rlari to’plami. Maxtumquli ijodi. Tarjimai holi
TAVSIYA ETAMIZ : MAXTUMQULI TARJIMAI HOLI >>
Maxtumquli she’rlari to’plami
Muhtoj aylama
Qodir Jabbor, sendan tilagim ko’pdir,
Sen meni nomardga muhtoj aylama.
Xazinangdan bergil, mening rizqimni,
Bandangni bandangga muhtoj aylama.
Adashtirma, to’g’ri yo’lim egriga,
Egrini tenglama, hargiz to’g’riga,
Kishi moli nasib etmas o’g’riga,
Halolni haromga muhtoj aylama.
Nomard ko’prigidan o’lsam, o’tmasman,
Karvon bo’lsam, halol ishdan qaytmasman,
Qo’lidan bir kosa sharob ichmasman,
O’ng qo’lni chap qo’lga muhtoj aylama.
Yaxshi niyat, sendan tilagim ko’pdir,
Achchiq so’zlar tildan chiqqan bir o’qdir,
Tuqqanning tuqqanga bahosi yo’qdir,
Og’ani, iniga muhtoj aylama.
Maxtumquli, Haqdan tila, borini,
Tilar bo’lsang, tila, o’z imoningni,
Obod ayla, ikki ko’zim nurini,
O’ng ko’zim chap ko’zga muhtoj aylama.
Yog’iydir, yog’iy
Dunyo, dushman turar, g’ofil odamzod,
Mol bilan ovladi, yog’iydir, yog’iy.
O’n sakkiz ming derlar, kulli olamni,
Gunohi, fasodi yog’iydir, yog’iy.
Qul, qorabosh moling, oting, eshaging,
Ot, yarog’-asbobing, to’ning, to’shaging,
Sevgili xotining, o’g’ling-ushog’ing,
Dunyoning bor zoti yog’iydir, yog’iy.
Dunyo bir saroydir – soz bilan suhbat,
Sipohiga – dasgoh , shohlarga shavkat,
Shohlardan aylansa arkoni-davlat,
Barisi aylandi, yog’iydir, yog’iy.
Ot qarisa qolar, to’ydan, bayroqdan,
Bo’ri tishdan qolar, burgut tirnoqdan,
Boylar past ko’rinar quldan, qirnoqdan,
Bandisi, ozodi, yog’iydir, yog’iy.
Qabrda yorilar bag’ring pudagi,
Joningga balodir hassosi-sog’i.
Yigitlik mavsumi yetishgan chog’i,
Tegsa xazon bodi, yog’iydir, yog’iy.
Maxtumkuli, haqiqatdan suz so’zing,
“O’ng ko’zimsan” desang, tirnar chap ko’zing,
Mosuvoni tashlab, qo’ygil mijozing,
Bir Haqdan o’zgasi yog’iydir, yog’iy.
Dunyodir
Ey yoronlar, musulmonlar,
Kelib-ketmali dunyodir.
Qurbi yetgan mard yigitlar,
To’kib-sochmali dunyodir.
Hech kim bunda tutmas o’rin,
Sog’likda, to’kib-soch barin,
Buncha yig’nab, netdi Qorun,
To’kib-sochmali dunyodir.
Bu dunyoning g’amin yersan,
Odam o’g’li, bil, o’larsan,
Par to’shakni qattiq, dersan,
Yerni quchmali dunyodir.
Zulm yog’ar boshlaringga,
Og’u qotar oshlaringga,
Bunda etgan ishlaringga,
Hisob bermali dunyodir.
Maxtumquli, o’qib Qur’on,
Xudodan tilagin iymon,
Har yigit o’lsa, benishon,
O’rni o’chmali dunyodir.
Holimga mening
Karam ayla, yo Rab, qudratli Subhon,
G’arib, g’amgin kechgan holimga mening.
Aqlim hayrondadir, dilda pushaymon,
Bilmaslikda kechgan solimga mening.
Mahsharda bo’lmasang Sen menga dalda,
YO Rab, nechuk bo’lar ishim shu holda,
Imonim yukini yetkazgan yo’lda,
Yo’lto’sar qo’ymagil, yo’limga mening.
Din qilichin ursam, tanda zo’rim yo’q,
Muhtojga non berar, qo’lda zarim yo’q,
Faqirmanam, sendan o’zga yorim yo’q,
Bir tasalli bergin, ko’nglimga mening.
Istasa, teng to’shlar boshga oltin toj,
Faqirlik mulkidan menga bergin boj,
YO Yaratgan, nomardga etma muhtoj,
Tilagim, duch etma, zolimga meni(ng).
Ojizmanam, sendan o’zga kimim bor,
O’z bergan joningga jabr etma, Jabbor,
Maxtumquli aytar, karamli G’affor,
Boqma, qilganimga, fe’limga mening.
TAVSIYA ETAMIZ : MAXTUMQULI TARJIMAI HOLI >>
Maxtumquli she’rlari to’plami
Odamzod
Yotsa-tursa xayolidan chiqarmas,
Qay bir ishga moyil bo’lsa odamzod;
G’ariblikning g’ami ko’nglin cho’ktirmas,
Ayol istab, sayil qilsa odamzod.
Gunohdan qo’rqmagan yuzi qoradir,
Buning aniq kuni ro’zi jazodir,
Bu dunyo mulkida sultondir, shohdir,
Qismatiga qoyil bo’lsa odamzod.
Har kishi ham so’z ma’nosin tushmandir,
Bu bir darddir, anga darmon dushmandir,
Qiyomatda topgani pushaymondir,
Haq ishiga kohil bo’lsa odamzod.
Ko’ngling ursa har ish ko’zga o’ng tushar,
Dunyo yuzi mol kelganda tang tushar,
Johillikda o’tgan ishlar keng tushar,
Qirqda nafsga moyil bo’lsa odamzod.
Olsa aqling, bu dunyo bir nozanin,
Dunyo emas, sening o’zing dushmaning,
Maxtumquli, yaxshi ko’rar qilmishin,
Qirq yoshdan so’ng johil bo’lsa odamzod.
Qilgin namozni
Odam o’g’li, sening yuraging darddir,
Aylanib, o’rgilib qilgil namozni.
Bu dunyo degani – hangi eshakdir,
Aylanib, o’rgilib, qilgil namozni.
Namozing o’qisang, go’yo pir kabi,
O’tirib-turishing olg’ir sher kabi,
Yolg’onchining moli o’tar sel kabi,
Aylanib, o’rgilib, qiligil namozni.
Zavq deya, bo’kkuncha yemagil, ichma,
Boshingga tosh yog’sa, besh vaqtdan kechma,
Oldingda tamug’ bor, yolg’onga uchma,
Aylanib, o’rgilib, qilgil namozni.
Bu yerda tuxumni socharing bilgin,
Allohga tan berib, bitarin bilgin,
Yolg’onchi besh kundir, o’tarin bilgin,
Aylanib, o’rgilib, qilgin namozni.
Maxtumquli, sendan javob so’ralar,
Bunda berilganlar, unda olinar,
Qiyomat-mahshar kun ko’prik solinar,
Aylanib, o’rgilib, qilgil namozni.
Bu ishni
Banda, sen bad ishga botirlik qilma,
Oldingga qo’yarlar ul kun bu ishni.
Nafsga uyma, shayton yo’liga kirma,
Xijolatga qo’yar, bilgil bu ishni.
Nafsing aytar: “Urgin, har ish huzurdir!”
Joning aytar: “Hay-hay, Tangri hozirdir,”
Sen ko’rmassan, Ul-ho senga nozirdir,
Uyalgin, iymangin, qo’ygil bu ishni.
Bir yo’lda gunoh bor, bir yo’lda savob,
Arosatda sendan so’rarlar javob.
Halolga – hisob bir, haromga – azob,
Shaki yo’qdir, yodga solgil bu ishni.
Umringning kechgani yozdir har soat,
Ne bo’lar bu yozda aylasang toat?
Savobga shodlik bor, aybga – xijolat,
Bo’yningga olmagin, kelgil, bu ishni.
Boshing ko’kka, ko’ksing yelga ko’tarma,
Ko’nglingning ko’rkiga cho’lni yetirma,
Yurakda yo’q so’zni tilga keltirma,
Ixlos qulog’iga chalgil bu ishni.
Musofirsan, muqim ishing qurarsan,
Bebaqo dunyoda qancha turarsan,
Bunda ne ish etsang, anda ko’rarsan –
Yaxshidir, yomondir, ko’rar bu ishni.
Shayton aytar: “Shirin ishdir azago’y!”
Rahmon aytar: “Nafs umidin uzago’y!”
Maxtumquli: “Tur, qo’lingni ko’zga qo’y,
Agar tuza bilsang, qilgil bu ishni!”
TAVSIYA ETAMIZ : MAXTUMQULI TARJIMAI HOLI >>
Maxtumquli she’rlari to’plami “Turgil” dedilar
(Tush)
Bir kecha yotardim, tunning yarmida,
To’rtta otliq kelib: «Turgil» dedilar.
“Xabardor qilamiz fursat joyida,
Shul joyda erlar bor, ko’rgil!” dedilar.
Nazarim yetishgach shu to’rt mardona,
Ko’ngil jo’sha keldi, boshim gardona,
Orasidan shunda ikki devona:
“Turmasingdan, anda borgil!” dedilar.
Shul ikki devona tutdi qo’limdan,
Yetaklab ketdilar yotgan o’rnimdan,
Bir ishorat bo’ldi aning biridan,
“Sayronda boribon turgil!” dedilar.
O’ltirdik, keldi ikki pirzoda,
Ko’zidan yosh oqar, dili duoda,
“Huv, Haq!” debon chekdi olti piyoda,
“Odam endi kelar, ko’rgil!” dedilar.
To’rtta otliq keldi, bari sabzaboz,
Asolari yashil, oti qirg’iy, boz,
“Majlis halqasini qurmang bo’yla oz,
Odam ko’pdir, kengroq olgil!” dedilar.
Nurdan indi oltmish otli oriflar,
“Muhammad” deb, tamom qarshi yurdilar,
Sog’lik-salomatlik bir-bir so’rdilar,
“Turmang, ulug’ joyga yurgil!” dedilar.
Bir otning ortiga meni berdilar,
Sayronda shul joyga borib turdilar,
Tamom o’ltirdilar, majlis qurdilar,
“O’g’lon, menga, ora kirgil!” dedilar.
“Alidir!” dedilar, tutdi dastimdan,
Bo’yra to’shagimni oldi ostimdan.
Men bilmadim, nima quydi ustimdan,
“Uchragan davrondir, surgil!” dedilar.
Haydardan so’radim barin otma-ot,
“Hazrati payg’ambar uldir, bo’lma yot,
Ul Salim xojadir, Bobo zurriyod,
Ul Vaysil Qarondir, bilgil!” dedilar.
“Ul Bahouddin, ul ham bir erdir,
Biri Zangi bobo, ul-da nomdordir,
Suyunishib turgan to’rt choriyordir,
Maqsading ne bo’lsa, aytgil!” dedilar.
Ikki shayx halqadan balqidi oftob,
“O’g’longa fotiha bering – dedi, sof –
Yuz yigirma to’rt ming anbiyo, as’hob,
Barisi shulardir, bilgil!” dedilar.
Rasululloh aytdi: “YO Shohimardon,
Ayo, Salim xoja, yo bobo Salmon,
Abubakir Siddiq, yo Umar, Usmon,
Bu qulning maqsadin, bergil!” dedilar.
Salim, bobo Salmon buyurdi mardga,
Piyolani tutib, soldilar dardga,
Ketdi aql-hushim, yotdim shu yerda,
“Arshda, farshda ne bor, ko’rgil!” dedilar.
Yel bo’ldim, yetishdi yerning tomiri,
Nazarga to’qindi Arshning kamari,
“Jabrud olamida Jalil sirini –
Kelib, o’zing qarab, ko’rgil!” dedilar.
Neni xayol etsam, qo’lga keltirdim,
Qayga boqsam, anga nazar yetirdim,
Bu hol ila men farog’at yotardim,
Yuzimga tupurib: “Turgil!” dedilar.
Rasulluloh aytdi: “As’hoblar, yuring,
O’g’lonni kuzating, fotiha bering, –
Buyurdi; to’rt ot-la, eltib topshiring,
Uyg’ongan joyida qo’ygil!” dedilar.
Uyg’onib, Firog’iy ko’zin ochibdir,
Boshiga ne ko’ylar kelib, kechibdir,
Mast tuyadek oq ko’piklar sochibdir,
“O’g’lon, Alloh yoring, borgil!” dedilar.
Karam istaram
Avval boshda qodir Alloh,
Sendan bir karam istaram.
Bodom qoboq, olma yonoq,
Bir zebo sanam istaram.
Tangri bermasa, netaylik,
Bosh olib qayga ketaylik,
O’tirish-turish qilaylik,
Qoshlari qalam istaram.
Hurmat, izzatga erishgan,
Qadr-qimmatga talashgan,
Shodlik-quvonchga o’rashgan,
Yuzlari kular istaram.
Yigirma yosh o’tdi mendan,
Huzur topmadim dunyo sendan,
So’zi shirin, labi xandon,
Bir bog’u chaman istaram.
Firog’iy, keldim jahona,
Bir yor bergil, aqli dono,
Tushdim, im bilmas nodona,
Bir qadrim bilgan istaram.
TAVSIYA ETAMIZ : MAXTUMQULI TARJIMAI HOLI >>