Mundarija
Maxmur tarjimai holi.
Maxmur (taxallusi; asl ism-sharifi Mahmud Mulla Shermuhammad o‘g‘li, ?—Qo‘qon — 1844) — o‘zbek mumtoz adabiyoti namoyandalaridan biri. Shoir Mulla Shermuhammad Akmal Ho‘qandiyning o‘g‘li. Qo‘qondagi Madrasai Mirda tahsil olgan. Umarxon qo‘shinida sarbozlik, sipohiylik qilgan. Maxmur yoshligidan she’riyatga havas qo‘yib, Sa’diy, Hofiz, Jomiy, Navoiy merosini o‘rgangan.
Shoirning shaxsiy hayoti juda og‘ir kechgan, bu esa uning ijodida ham yorqin iz qoldirib, ko‘pchilik she’rlarining mazmun ruhiga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan. Maxmur tabiatan munofiqlik va riyokorlikni qat’iy qoralovchi, hiylanayrang va qing‘ir ishlarni yoqtirmaydigan, ayni zamonda, nozik did va serjahl, o‘z qadrqimmatini yuqori tutuvchi inson bo‘lgan.
Maxmurning an’anaviy devon tuzganligi noma’lum. 1950 yilda Po‘latjon Qayumov va Asqarali Charxiylar izlanishlari tufayli Qo‘qonda Maxmurning o‘zbek va forsiy tillardagi she’riy majmuasi topilgan. Maxmur asarlarining deyarli hammasi o‘z mazmun va ruhiga ko‘ra, hajviy va tanqidiy yo‘nalishdadir. Mumtoz she’riyatning g‘azal, masnaviy, muxammas va qasida turlarida yaratilgan bu asarlar milliy adabiyotda ijtimoiy hajviyotning Maxmur ijodida yanada yuksak pog‘onaga ko‘tarilganini ko‘rsatadi. Shoir o‘z davridagi tuzumning ko‘pdan-ko‘p illatlarini keskin tanqid ostiga olgan, o‘sha zamondagi adolatsizlik, zo‘ravonlik va huquqsizlikni fosh etgan. Bu tanqid, ko‘pincha, «jafokor falak», «berahm charx» qilmishidan o‘tli shikoyat, achchiq taqdirdan, befayz hayotdan nola-fig‘on tarzida yuzaga kelgan.
Qishloq ahlining och-yalang‘och hayoti, o‘lkani qurshagan vayronagarchilik, xarobazorlarga aylangan qishloqlarning ayanchli manzarasi «Hapalak» satirasida jonli va ta’sirchan chizilgan. Unda shoir juda katta ijtimoiy mazmunni o‘ziga xos ramziy obrazlarda, xalqona qochiriq va achchiq kinoyalar, imo-ishoralar vositasida esda qolarli darajada badiiy mahorat bilan ifodalay olgan. Maxmurning xalq so‘zlashuv tiliga ko‘chib, maqol-matallar doirasidan mustahkam o‘rin olgan «Tovuqi ignachiyu o‘rdagu g‘ozi — kapalak!; Bir katak, ikki kapa, uch olachuq, to‘rt katalak!; Xalqini ko‘rsang agar o‘lasiyu qoqu xarob, ochlikdan egilib qomati misli kamalak» kabi misralari Hapalak qishlog‘ining xarobaga aylanganini (shoirning onasi shu yerlik bo‘lgan), dehqonlarning esa o‘ta qashshoq hayotini ishonarli gavdalantiradi. Vayrona qishloqlar va bechora dehqon ahli mavzui Maxmurning boshqa she’rlarida ham shu tarzda tanqidiy ruhda hayotiy tahlil etilgan.
Maxmur she’rlari va g’azallari to’plami
Maxmurning ko‘pgina hajviy she’rlari zamonasidagi aniq shaxslarga qaratilgan: «Isqotiy», «Amakim», «Xo‘ja Mir Asad hajvi», «Hajvi Atoyi poraxo‘r», «Qozi Muhammad Rajab Avj sifatlari» va b.
Maxmur ijodiy merosida hajv san’atining murakkab, ayni zamonda, mahsuldor va yorqin usullaridan biri — o‘z-o‘zini fosh etish usulida yaratilgan asarlar alohida o‘rin tutadi. Shoirga zamondosh tarixiy shaxslar — yuqori lavozimli amaldorlardan Hoji Niyoz, Hakim Turobiy, Mulla Ya’qub Xo‘jandiy kabilarning jirkanch tabiati va qabih amaliy-ijtimoiy faoliyatlarini ayovsiz fosh etuvchi hajviyalar bu turkumning yetuk namunalaridir.
Shoir qoldirgan adabiy meros ichida «Karimquli Mehtarning sifatlari» deb nomlangan masnaviy alohida o‘rin tutadi. Tarixan hayotda bo‘lgan voqeani badiiy bayon etuvchi bu asarda shoir mohir hajviy — hazil she’r ustasi sifatida namoyon bo‘ladi. Karimquli Mehtar tomonidan o‘ziga ajratilgan sovg‘a — otni ta’riflash jarayonida hajviy tasvirning go‘zal lavhalarini yaratadi. «Suv ham ichsa tamog‘iga tiqilar, Pashsha gar qo‘nsa yoliga yiqilar» darajasida qirchang‘i bo‘lgan, «kunda yetti no‘xta uzar, misli qo‘chqor suzar, og‘zida tishdin asar yo‘q» ot ta’rifida Maxmur xalq og‘zaki ijodining lof, askiya turlari ruhi va uslubida quvnoq misralar bitadi («Ham harishu ham xarobu ham badnom, Ikki ming ayb angadur mudom…»).
Munojot va dargohi qoziyul-hojotim.
(Hojatlarni chiqaruvchi qozi dargohiga munojot)
Amru nahying rohi botil uzra ermish yodimiz,
Kechau kunduz sifotingdur bizi avrodimiz,
Sendin, ey xalloq yo‘qdur nolau faryodimiz,
Lek charxi kajravishni dastidindur dodimiz,
Senki lutf aylab aning dasturi davron aylading.
Xor qilding oqibat har kimki erdi arjumand,
Past etding soyadek, naxleki bo‘ldi sarbaland,
Barcha fe’ling nosutuda, jumla vasfing nopisand,
Yusufi Misrini aylab chohi zindon ichra band,
Piri kan’on manzilini baytul-ahzon aylading.
Qaysi bir zulming etay te’dod, ey garduni dun,
Kim sening bedodu javring haddu g‘oyatdin burun,
Behunar johilga berding beadad dunyoyi dun,
Jam’i donolarni qilding holini zeru zabun,
Zog‘ni a’lo qilib, to‘tini nodon aylading.
Siynalar ma’murasini seldek qilding xarob,
Ahli dil bag‘rini hasrat o‘tida etding kabob.
Fe’lu atvoring mukaddar, guftu go‘ying nosavob,
Lutfing ermas beg‘araz, in’oming ermas behisob,
Tifldek bo‘ldung pushaymon kimga ehson aylading.
To qalam chekti qazo lavhi vujudi kun fakon,
Kelmadi bir rostliq naqlingda, ey kaj doston,
Mumtahandursan yomonlig‘da na hojat imtihon,
Naxli idboring uza murg‘eki qo‘ydi oshyon,
Tuxmi anjum gardishidin sangboron aylading.
Dars sifati qishloqi xapalak ki va Maxdum Maxmur talluq yofta.
(Maxmur maxdum aloqador bo‘lgan Xapalak qishlog‘ining sifatida)
Ey jahondori zafar, kavkabai davri falak,
Go‘sh qil qissai qishloqi xarobi Xapalak.
Turfa qishloqi g‘azab karda ki parrandalari,
Tovuqi ignachi-yu, o‘rdagu g‘ozi kapalak.
Voru yo‘q uylarini banda bayon gar qilsam,
Bir katak, ikki kapa, uch olachuq, to‘rt katalak.
Dema uy, balki zaminkandur agar kirsa kishi,
Har taraf betiga urgaylar aning ko‘rshapalak.
Xalqini ko‘rsang agar o‘lasiyu, qoqu xarob,
Ochlikdin egilib qomati misli kamalak.
Ajirig‘ tomirini o‘g‘urida mayda tuyub,
Qaynatib kunda ichar, otini derlar sumalak.
Gar tahorat qisa qavmi suv topolmay nochor,
Betini qum bila yub (ko‘zi)ga surgay guvalak.
Ey falak qadru adolat shiyami mulku malak.
Marhamat chog‘ida rahm ayla ba holi Xapalak.
Kecha go‘yo eshitib shuhrati tillo pulini,
Xapalak qo‘rqusidan uchdi misoli kapalak.
Himmating yo‘lida bir tepa karomat qilg‘il,
Kapalak boz qo‘nub joyiga bo‘lgay Xapalak.
Ta’rifi viloyati qurama va az davoni kandir guzashtan.
(Qurama viloyati va kandir dovonidan o‘tishning ta’rifi)
Ey ko‘ngil, aylama minba’d havoyi Qurama,
Bo‘lmagil boz giriftori jafoyi Qurama,
Mahv qil fikr zamiridagi royi Qurama,
Ganji bodovar agar bo‘lsa sadoyi Qurama,
Borma zinhor so‘yi Hotami toyi Qurama.
Sharh aylay sifati hodisai dahri digar,
Qissai bul’ajabu hodisai shahri digar,
Dashtu sahroyi digar, bahri digar, nahri digar,
Obu oshi hama zaqqumu suvi zahri digar,
Arzu afloki digar, davri binoyi Qurama.
Samado, saxla digar bora Kirovchi yo‘lidin,
Solma yodimga ani dashti qiyomat cho‘lidin,
Talxkom aylama lutfing bila achchiq qo‘lidin,
Shikvagar to bo‘mayin qumi Qaraqchi cho‘lidin,
Bir yurib yo‘lida ming so‘kma saroyi Qurama.
Turfa shahriki aning sarsari monandi samum,
Kuydirur shiddati sarmosi xaloyiqni chu mum,
Har taraf anda olib xayli balo, favji hujum,
Suvi zahrobai g‘am, chashmalari ayni zaqum,
Hosilu mahsuli ofoti baqoyi Qurama.
Yozu qish uru yalang‘och naru modasidur,
Modazodi galai xirs sog‘in podasidur,
Olti xurjinni olib bo‘yniga ozodasidur,
Sar-sari od dami subhni shabbodasidur,
Dema to‘fonki nasimi zurafoyi Qurama.
Menki yurdim Qurama ichra bosib qoru qirov,
Ko‘rmadim anda bashar sinfini g‘ayr az xaru gov,
Boyini chinniyi jononasidur eski likov,
Jomi jamshedisidur biylarini kuhna sulov,
Qopi ming yilgisi mirzoyi qaboyi Qurama.
Mavziekim bo‘sa mohiyati ismi Qurama,
Qurusun oti oning, ismini mendin so‘rama,
Bir ko‘rub bori digar, yoniga hargiz yo‘lama,
Yo‘lasang tashna bo‘lub yo‘lida andin sulama,
To‘la qatroni jahannam hama soyi Qurama.
Oqibat charx nalar solmadi boshimga meni,
Qildi sarson samo zarrada boshimga meni,
Osmon ustida tosh aylana boshimga meni,
Soldi tuz o‘rniga qum, ko‘k uza oshimga meni,
Bu sazo birla jazo azmi havoyi Qurama.
Deya ko‘rma Qurama, xo‘b ani, hokimi xo‘b,
Xo‘blar topmasa Kandir ani yo‘lida cho‘kub,
Bersa Eshonquli yuz yilqini oldiga surub,
Arzimas, toati har ranjiga, hurram bo‘ma ko‘p,
Filmasal bersa agar dema havoyi Qurama.
Toqi ayvonki ani qullai kandir derlar,
Osmon ostida ko‘talcha sifat qir derlar,
Ustini xalq qarab, ostida pir-pir derlar,
Toqlar jumla bu Kandir olida yer derlar,
Manzari margi muallaq ba samoyi Qurama.
Toqi shohiniyi kandir dema Miri g‘azabi,
Bo‘ldi bu hujjat ilan ofati dunyo sababi,
Bo‘lmasun nega muni margi xaloyiq talabi,
Hasabi miri g‘azab, miri ajaldur nasabi,
Modari favji balo hodisa zoyi Qurama.
Kimki Kandirdin oshib yer yuziga boz kelar,
Bahudo shahri fanodin ba baqo soz kelar,
Toki hifzi samadi oldida mumtoz kelar,
Yo magar lashkari qudsiy anga hamroz kelar,
Chunki mi’roji qazodur bu quroyi Qurama.
Charxi yettinchiki Kandirni furumoyasidur,
Sa’di akbar falaki minbari shash poyasidur,
Osmoni qamari soyasining soyasidur,
Odam o‘ldurmoq ani robitai doyasidur,
Qilma umringni habo bahri g‘inoyi Qurama.
Jazm qilsang, anga chiqmoqni jahondin kecha ko‘r,
O‘lturub ustida avval kafaningni bicha ko‘r,
Yo‘lda qancha suv agar bo‘lsa ani sen icha ko‘r,
Bormau, ko‘rma duyum bora qaroyi Qurama.
Subh Kandirda nasimiki, o‘tar ul sahari,
Ul nasimi sahariy, dema samumi saqariy,
Sovug‘i zahri saqar, issig‘i do‘zax sharari,
Turfa tog‘eki, base odama shoyon zarari,
Qullai qiyri qadar bahri fazoyi Qurama.
Chillau qishda kim ul kim qisa Kandirda yurush,
Aylagay ul kishi beshak juli astarni bado‘sh,
Olg‘ay andin asari shiddati sarmo dilu tush,
Ul zamon do‘zax agar bo‘lsa qilur dar og‘ush.
Misli mahbubi pari tal’ati mohi Qurama.
Farqi Kandirda gahikim men edim bo dili chok,
Topmayin tushgani bu holi taboh hiyla — halok,
Keldi oldimg‘aki, ul faxri hama xilqati xok,
Abdu Qodir nasabi asl aban anjadi pok,
To Kirovchi bo‘lib ul roh namoyi Qurama.
Toki bordim bu ravish holki maqsadga qarin,
Yuz nadomat bila yuz favji g‘aromat ba kamin,
Tani Majnuni alam, qomati monandi nigin,
Tushubon vasli jalolatga yiroq g‘amga yaqin,
Shukr ko‘rdim basihat hukmi ravoyi Qurama.
Lillahilhamdki Maxmur saropo yurdum,
Boshi Avluq, oyog‘i shahr hayoni ko‘rdum,
Necha kun hokimini oldida yakto yurdum,
Boricha davlati ayyomni boham so‘rdum,
Shuncha bas, qilma duyum bora havoyi Qurama.