Bosh sahifa » Sherlar » Majlisiy hayot yo’li. «Qissai Sayfulmuluk» ishqiy-sarguzasht dostoni haqida.

Majlisiy hayot yo’li. «Qissai Sayfulmuluk» ishqiy-sarguzasht dostoni haqida.

by nafisa nafisa

Majlisiy hayot yo'li. «Qissai Sayfulmuluk» ishqiy-sarguzasht dostoni haqida.

Majlisiy hayot yo’li. «Qissai Sayfulmuluk» ishqiy-sarguzasht dostoni haqida.

Majlisiy hayot yo’li.

Majlisiy (15-asr oxiri, Xorazm -16-asr 1-yarmi, Buxoro) — shoir. Hayoti va ijodi haqida ayrim ma’lumotlar Nisoriynit «Muzakkir ul-ahbob» tazkirasida uchraydi.

Uning 4000 misralik «Qissai Sayfulmuluk» ishqiy-sarguzasht dostoni bizgacha yetib kelgan. Asar masnaviyda, hazaj bahrida, qissa ichida qissa shaklida yozilgan bo‘lib, tuzilishi, voqealar bayoni jihatidan folklor asarlariga yaqin turadi. Misr shohi Osimning yolg‘iz o‘g‘li Sayfulmulukning Fatina shohi Shohbol qizi Badeuljamolga g‘oyibona sevgisi va unga erishish yo‘lidagi sarguzashtlari, umuman insonning o‘z baxti uchun kurashi va bu jarayonda uning kamol topishi tasvirlangan. Asarda adolat, yaxshilik va ezgulik madh etilgan, podshohlar adolatga chaqirilgan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish g‘oyalari ilgari surilgan.

O‘zbek adabiyotida dostonning folklor varianti ham yaratilgan. Asar O‘rta Osiyo xalqlari orasida keng tarqalgan, qozoq (Said-Garay, 1904), turkman (Qurbonali Ma’rufiy), tatar, rus va boshqa tillarga tarjima qilingan. Qozonda qayta-qayta nashr etilgan (1807, 1849, 1883, 1914).

«Qissai Sayfulmuluk» dostoni.

Debocha.

Kishiga ishq agar hamroh bo‘lsa
Gadodur ul agarchi shoh bo‘lsa

Ki bo‘lmas ishqqa ham kufru iymon
Na sabr anda na kofir na musulmon.

Suyuk suygan ko‘ngilni uzsa bo‘lmas
Oning to ko‘rmaguncha tuzsa bo‘lmas.

Vale oshiq kerakim bo‘lsa sodiq
Shaxanshohdek muhabbat birla oshiq.

Firoq og‘ushi anga shahdu sharbat
G‘ami qayg‘u anga aysh ila ishrat.

Erur chun ishq dunyoi muazzam
Kira olmas anga har qaysi odam.

Muhabbat sharbatin ichgan unutmas
Anga har kim nasihat qilsa tutmas.

Muhabbat bahri oshiqlar yeridur
Anga kirgan daxi erning eridur.

«Qissai Saifulukmulk”dan. 

Shoirning so‘zga kirgoni.

Necha kunlar parishon erdi holim
Yo‘q erdi hech kimla qilu qolim,

Musofir erdimu dilgiru purg‘ash,
Musohiblar firoqida mushavvash.

Yo‘q erdi hamnishinim g‘ayri ohim.
Xudo bo‘lub edi dildoru shohim.

Xayolida aning shomu sahargoh,
Yurakdin qon ichib, yuz nolayu oh.

Firoqida ko‘zum yoshi qurumay
Yurur erdim kecha-kunduz uyumay.

Tushumda kavkabi toli’ tului,
Bo‘lub paydo manga bo‘ldi rujui,

Jahon bo‘ldi manga misli chirog‘dek,
Qorong‘u kecha bo‘ldi ham chirog‘dek.

Saodatg‘a chu mujda berdi folim,
Yana behbudlig‘a yuzlandi holim.

Uchub ketkan charog‘im g‘ayra yondi,
Ko‘ngul g‘aflatda erdi ham o‘yondi,

Ki nogoh bir kuni jonon yo‘luqti,
Bu miskin bandaga sulton yo‘luqti,

Ko‘rushti jon kelib bu jism birla,
Ki so‘rdi bandani bu ism birla.

Dedikim: «Majlisiy, holing nechukdur?
Firoq o‘tida ahvoling nechukdur?»

Yigitlik vaqti erdi so‘z manda,
Bor erdi bir «Gulu Navro‘z» manda.

Qilib qullug‘ tavozu’ yor sori,
Boqib turur edim dildor sori.

Tuta berdim ochib ko‘rdi ani yor,
O‘qudiyu ochildi bog‘u gulzor.

Chu ko‘rdi nazm poki turki til ul,
Mani devonag‘a ko‘rsatdi bu yo‘l.

Solib boshimg‘a yuz turluk bu savdo,
Tushub ko‘nglumga ming turluk bu g‘avg‘o.

Chiqardi qo‘ynidin bir dostone,
Ne doston bo‘lg‘ay ul bir bo‘stone.

Ichinda ming tuman gullar ochilgon,
Latofat bahridin gullar sochilg‘on.

G‘aroyiblar aning ichinda bisyor,
Eshitsangiz ajoyib so‘zlari bor.

Vale ul forsiyu nasr erdi,
Taqi bu dahrda ham qasr erdi.

Dedikim:—«Majlisiy, bekor turma,
Ki men shoirdu(r)man deb lof urma.

Agar bordur hunar ilgingda ko‘rsat,
Ki bu daftarni turki tilga tuzat»,

Buyurdikim «Gulu Navro‘z» nazmin
Anga mezon qilibon nazm qilg‘in.

Chu yorlig‘ ettiyu turdiyu ketti,
Ko‘ngulning bahrig‘a kirdiyu botti.

Tilab himmat muhabbat haydaridin,
Chu oldim pardani tab’im ruhidin.

Bu so‘zning hurmatin barjoy qildim
Yuragim shavq tig‘i birla tildim.

Bag‘ir qonini ham yerga tomuzub,
Qalam chashmasidin suvlar oquzub,

Qurug‘ yerda guliston sabz qildim,
Ki oshiqlarg‘a bo‘ston sabz qildim,

Chu himmat birla yorim yor bo‘ldi,
Xayol etganlarim gulzor bo‘ldi.

Musohiblar ko‘rubon yod kilg‘ay,
Buzuq yerlarni ham obod qilg‘ay.

Ketur, soqiy, piyola, no‘sh etoli,
Taqi qaynar qozondek jo‘sh etoli.

Eshiting o‘quyun bir yaxshi qissa,
Ajoyib qisai pur dardu g‘ussa.

Asl dostonga qaytish.

Rivoyat qildi rovi asli so‘zni,
Ko‘rub Sulton Mahmud noxush o‘zni.

Necha kunlar ajoyib tiyra bo‘ldi,
Uzori oftobi xira bo‘ldi.

Bor erdi oldida ikki vaziri,
Latofat birla yo‘q erdi naziri.

Dedi Sulton: «Ajab oshuftadurman,
Bila olmon nega oluftadurman.

Magarkim g‘ussadin savdoyi bo‘ldum,
Bu savdo birla ham shaydoyi bo‘ldum.

Qiling bir qissa paydo ovunoyin
Uqub andin zamone sevunoyin,

Ki man zshitmagan bo‘lg‘ayman oni,
Yana ham ko‘rmagan bo‘lg‘ayman oni.

Chu qildilar anga yuz qissa paydo,
Qabul qilmodi birin shohi shaydo.

Vazirlarni tutub zindonga soldi,
G‘azab qildiyu havli jonga soldi.

Alarg‘a bo‘ldi zindon baytul-ihzon,
Necha kunlar yurakdin oquzub qon.

Chu paydo qildilar ushbu hikoyat,
Qabul qilg‘aymu deb qo‘rqub bag‘oyat.

Dedilar: «Bizni zindondin chiqarg‘il,
Falon iqlimga bizni yuborg‘il,

Rivoyat qildi munda bizga bir yor,
Ki har tansuq hikoyat anda bisyor».

Bu so‘z birla alarni shoh chiqordi,
Beribon had’yalar anda yubordi.

Borib anda, bitib ushbu hikoyat,
Qilur ishqu muhabbatdin rivoyat.

Keturdilar ani sulton qoshig‘a,
Latofatlik hikoyat xon qoshig‘a.

Uqub ko‘rdiyu sulton shod bo‘ldi,
Vazirlar ham taqi ozod bo‘ldi;

Chu berdi ham yana bisyor ne’mat,
Kilur sulton bu doston birla ishrat.

Qilib har biriga in’om yuz o‘n,
Yana berdi alarg‘a ot ham to‘n.

Vale ul nusxa erdi forsi nasr,
Erurs oda hikoyat so‘zi ham qasr.

Qilibdur Majlisiy bu so‘zni pardoz,
Uqusangiz qilur jon qushi parvoz.

Og‘oz kardani hikoyat

Kel, ey soqiyki, o‘ltursun piyola,
Eshitgil qissai bu so‘zu nola.

Kel, ey shahbozn jon, parvoz kilg‘il,
Ki ma’nilik qanoting boz qilg‘il.

Ko‘ngul maydoniga javlon solg‘il,
Taqi bir bulbuli xushxon solg‘il.

Ko‘rung bulbul nechuk faryod qildi,
Qafasda ham nafas bunyod qildi.

Dedi ul bulbuli ustod axbor
Sulaymondin turur, tansuq bu guftor.

Kirib oldimg‘a arbobn rivoyat
Bayon qildiyu nazm etdi hikoyat.

Shoh Osimiyning ta’rifi

Bor erdi Misr elinda podshohi,
Eti iqlim uza oning sipohi.

Aning hukminda erdi to‘rt yuz shahr,
Aning adli edi mashhur dar dahr.

Otog‘on oti Osim ibni Safvon
Ul erdi yetti iqlim uzra sulton.

Berib erdi xudo jumla murodin
Eyib erdi jahong‘a adlu-dodin.

Ul erdi podshohi jumla nqlim,
Yo‘q erdi hech yonidin xavf ham biym.

Vale bo‘lmas edi farzand onda,
Base armonda erdi bu jahonda.

Bo‘lub umri ani to‘rt yuz yetmish,
Bu fursatda xayoliga bu yetmish:

Ki menda bir o‘g‘ul yo‘q yodgori,
Ne bo‘lg‘ay taxtu baxtim korbori?

Chu bu andishadin diltang bo‘ldi,
Tafakkur birla aqli tang bo‘ldi.

Qilib baytulhazan ma’vo o‘ziga,
Ko‘runmas ul ulug‘ beklar ko‘ziga.

Ki chiqmas bo‘ldi ul devon qoshig‘a,
Kira bilmas aning beklar qoshig‘a.

Tilak birla tilak ustinda sodiq,
Tilaki bir o‘g‘ulu ko‘nglinda xoliq,

Bu holat birla yig‘lab qirq kun shoh,
Kecha-kunduz duo birla chekib oh.

Beklar ittifoq qilishib shohga kengash bergonlari

Kengashti bir kuni beklar tamomi,
Yig‘ildilar kengashga xosu omi.

Necha ichkilari kirdi qoshig‘a,
Qilib qullug‘ tavozu’ hazratig‘a,

Chu ko‘rdilar ajab hol birla shahni.
Chekibon jon birla ohu-vahni.

Bo‘lubon gul yuzi chun kahrabodek,
Sochi tushub yuziga chun gadodek.

Qilib bag‘ryani g‘am tig‘i jarohat,
Ko‘torib ko‘nglidin ayshu farog‘at.

Ko‘rubon barcha beklar qoldi hayron.
Yuraklari bu g‘amdin bo‘ldi biryon.

Barisi yig‘lashib xon xazratig‘a.
Bari yuz qo‘ydilar sulton qatig‘a.

Dedilar: podshoho, hol nedur?
Eshitolik, desang ahvol nedur?

Agar sen chiqmasang, bil, fitna ortar,
Chiqar bir ajdaho olamni tortar.

Sening chiqmag‘oningdin qissa budur,
Ki nogoh tushmagay olamga bir sho‘r.

Shahanshoh qildi holini mukarrar,
Vazirlar bildilar so‘zni muqarrar.

Dedilar sen chiqib taxtingda o‘ltur,
Yig‘ib kulli munajjimlarni keltur.

Berarmu, yo‘q sanga o‘g‘ul xudovand,
O‘zungni qilmag‘il behuda darband.

Eshitti shoh maqbul ushbu so‘zni.
Chiqib taxt ustida ko‘rsatdi o‘zni.

Tayonib taxt uza o‘lturdi ul shoh,
Yig‘ildilar munajjimlgr bahargoh.

Qilib har qaysi o‘z ilmini takror,
Tafahhus qildilar chun sirrul-asror.

Bo‘lubon muttafiq barcha bir o‘zga,
Qo‘yubon barcha ahkomin bu so‘zga.

Yaman sultonining qizini bu shoh,
Agar olsa berar farzand olloh.

Eshitib shoh bu so‘zni shod bo‘ldi,
Ki bu andishadin ozod bo‘ldi…

Shoh Osimining farzandi bo‘lg‘oni

Saodat birla vaqgi sa’d bo‘ldi,
Ham ul soat vujudi haml bo‘ldi.

Tushub davlat saroyig‘a chu sulton,
Ulug‘ to‘y etti ne’matlar farovon.

Ado qildi chu shah to‘y mahfilini
Ki voqif etti shoh o‘z mgjlisini,

Orig‘ ne’matlaru shirau sharbat,
Qilurlar parvarish bonozu ne’mat.

Bo‘lub erdi ajoyib shohzoda,
Ani ko‘rsa bo‘lur shahlar piyoda.

Ko‘rub Osim shukur qildi o‘g‘ong‘a.
Xazina eshig‘in ochti tumang‘a.

Qo‘yub Sayfulmuluk otini oning,
Ko‘rub yaxshi bilib zotini oning.

Kemalar va kulli cheriki va asboblari g‘arq bo‘lgoni, shahzoda bir taxta birla girdobg‘a kirg‘oni

Vale shahzodani ul sun soni’,
Balodni saqladiyu qildi moni’,

Tengiz kim bir zamon pur jo‘sh erdi,
Aning havlinda shoh behush erdi.

Yo‘q erdi ul zamon oldida Soid,
Yonidin bo‘ldi g‘oyib sham’i shohid.

Falakning gardishi qildi ishini,
Chu ko‘rmay bordi alar bir-birini.

Kishi bilmas kema qayda borodur,
Xudo mundoq balolarni solodur.

Chu shahzoda o‘ziga keldi nogoh,
Tafarruj qildi daryoga yuzin shoh,

Na el boru na kema bor, na Soid,
Na beklar bor, na sipohu na Obid…

Shahzoda girdobdin xalos bo‘lub, o‘n ikki jo‘ra birlan zangilarga tushgoni

Kel, ey rovi, hikoyat qil bu daston,
Parixonamidur yoxud deviston.

Dedi rovi qiloyin bir hikoyat,
Quloq solib eshitgil to nihoyat.

Borur erdi malikzoda yo‘lig‘a,
Qarar erdi taqi o‘ngu so‘lig‘a.

Ko‘rarkim bir kema to‘g‘ri kelodur,
Vale bilmasdurlar o‘g‘ri kelodur.

Bular aytur bizing eldin bo‘lg‘ay,
Va yo savdogar ahlidin bo‘lg‘ay.

Bular bu fikr birla shodu ma’mur,
Ki ish tushkan emaslar mast mag‘rur,

Yaqin keldilar ersa ko‘rdilar pok,
Yomon didorliq zangiyi bebok.

Dedi roviki yetmish tan edilar,
Ki odam yeb hamon to‘ymay edilar.

Chu ko‘rdilar bulardek nuqli maqbul,
Ki bo‘ldilar bular tutmoqqa mashg‘ul,

Bular ham belni bog‘ladi urushg‘a,
Yarog‘lanib bari o‘tru turushg‘a.

Urush bo‘ldi basi ko‘p to‘ktilar qon.
Ilik tebratkucha xud chektilar jon.

Bari zangi tufang andoz edilar,
Urush bobida otashboz edilar.

Ki otdi zangilar chun zarb zangin,
Qizil qon birla daryo bo‘ldi rangin,

Ki daryo bo‘ldi chun tutoshqon o‘tdek,
Tutun birla havo bo‘ldi bulutdek.

Ki bu bechoralar kuydilar aksar,
Kuyub kema bilan bo‘ldilar axgar.

Tutub shahni o‘n ikki jo‘ra birlan,
Olib durni bu jam’ mahpora birlan,

Ilik, oyoqlarini bog‘ladilar,
Alarni g‘am o‘tig‘a dog‘ladilar.

Olib tebradilar bog‘lab va chulg‘ab,
Tamom a’zolarini qonga bulg‘ab,

Bor erdi bir jazira haq yaratgan,
Aning ichinda zangilar turatgan.

Bor erdi chun bularning podshohi,
G‘aroyib ko‘p edi zangi sipohi.

Bularni elttilar, chektilar anda,
Ko‘ngulga margni ektilar anda.

Kulubon qah-qah ul zangiyi xunxor,
Shukunmay odamidin Odamixor.

Buyurdikim uchovni saqlangizlar,
Ki qolg‘onin semurtub qoqlangizlar…

Tirik qolg‘onlarini kelturunglar,
Gazak qilsun, qizimga eltipgizlar.

Eshitib chun bular ul so‘zni shohdin,
Umid uzdilar oxir xasta jondin.

Turub bechoralar bo‘ldi jngar xun,
Vale shahzoda dedi bo‘ldi shum kun..,

Yubordi qiziga ul uch kishini,
Muhayyo qildilar zangi ishini,

Uchovlonki qizig‘a ul yubordi.
Alarning birisi shahzoda erdi.

Keturdilar chu zanginnig qiziga,
Ko‘zi tushti malikzoda yuzig‘a.

Ko‘rub shahzodani qiz bo‘ldi oshiq,
Parini ko‘rdi dez o‘ziga loyiq.

* * *

Na hush kundur o‘shal kun g‘am tugona,
Jafokashlar vafo ko‘rub quvona,

Buyursun, ko‘zi, ko‘ksi dilbarining,
Bori ko‘rsun vafosin dilbarining.

Nechukkim shoh ko‘rdi yor vafosin,
Vale chekti ajoyib ko‘p jafosin.

Jafo chekmay kishiga rohat o‘lmas,
Agar kuymas o‘tung‘a jo‘sh bo‘lmas.

Chu dehqon chekmasa javru jafosin,
Emishlarning kishi ko‘rmas vafosin.

Jahonda javrlar oshiq uchundur,
Vale, bilgil, alar loyiq uchundur.

Saodatdur muvofiq yori sodiq,
Munosib bo‘lsa hushdur ikki oshiq.

Baytlari.

Musohiblar kurubon yod qilg‘ay,
Buzuq yerlarni obod qilg‘ay.

* * *

Muhabbat bahri oshiqlar yeridur.
Anga kirgan taqi erning eridur.
Muhabbat sharbatin ichgan unutmas,
Anga har kim nasihat qilsa tutmas.
Kerak oshiq chiroyi za’farondek,
Nigori fikrida barga xazondek.
Erur chun ishq daryosi muazzam,
Kira olmas anga har qaysi odam.

* * *

Agar ma’shuqa mayli yo‘q, bilingiz
Eta bilmas anga ushshoq hargiz.

* * *

Jahonda javrlar oshiq uchundir,
Vale, bilgil, alar loyiq uchundir.

* * *

Chu hikmat birla yorim yor bo‘ldi,
Xayol etganlarim gulzor bo‘ldi.

* * *

Jafo chekmay kishiga rohat o‘lmas,
Agar ko‘ymas o‘tunga, jo‘sh bo‘lmas.

* * *

Chu dehqon chekmasa javru jafosin,
Emishlarning kishi ko‘rmas vafosin.

* * *

Na xushdur emgak ichra topsa rohat,
Chu marhamdur, tutashsa gar jarohat.

* * *

Kelib ishrat, yana mehnat tugandi,
Ketib mehnat, yana davlat ulandi.

* * *

Jahonda nish ko‘rmay, no‘sh bo‘lmas,
Murodin topmayin oshiq quvonmas.

 

Boshqa adib she’rlari

manba

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar