Mundarija
Mahzuna tarjimai holi.
Mahzuna (taxallusi; asl ism-sharifi Mehribon mulla Boshmon qizi, taxminan 1811, Qo‘qon — ?) — o‘zbek shoirasi. Qo‘qonning Qatag‘on daha Mulla Boshmon mahallasidan bo‘lib, otasi mahalla masjidi imomi Mulla Boshmon Oxunddir.
Ota-onasi qo‘lida savod chiqargan, arab, fors tillarini mukammal o‘rgangan. Navoiy, Jomiy, Fuzuliy va boshqa ijodidan ta’sirlangan, o‘zbek va tojik tillarida she’rlar yozgan. Hayoti va ijodi haqida «Majmuai shoiron» (Fazliy), «Tazkirat ush-shuaro» (Hashmat) tazkiralarida ayrim ma’lumotlar uchraydi.
Fazliy tazkirasida Mahzunaning oqila va hozirjavobligi, Qo‘qonda mashhur shoira ekanligi aytilgan. Hashmat, Pisandiy, tarixchi Ahmadjon to‘ralar ham Mahzunaning barkamol shoiraligini xabar qiladilar. Uning she’riy qobiliyati, shaxsiy fazilatlari haqida eng ko‘p va iliq fikrlar yozib qoldirgan yagona shoir hozircha Fazliydir.
Fazliy: «Garchi ul zaifa bo‘lsa ham, nutqining mazmundorligi jihatidan erkaklardan ustundir», deydi. Fazliy bilan Mahzunaning mashhur mushoirasi, «Oshiq bo‘lmisham» (o‘zbekcha) muxammasi, «Sahbo» (forscha) g‘azaligina bizgacha yetib kelgan. Devoni saqlanmagan.
Mushoira.
Fazliy
-Yuz ofarin so‘zingga lubbi lubob ko‘rmay,
Arzi jamol etarmu, oyina ob ko‘rmay?
Mahzuna:
– Kimdin chiqar bu so‘zlar bag‘rin kabob ko‘rmay,
Ganj o‘lmag‘ay muyassar holing xarob ko‘rmay.
Fazliy:
-Masturai suxang‘a po‘shidalig‘ munosib,
Ma’ni arusini bas man beniqob ko‘rmay.
Mahzuna:
– Yo‘q aybi so‘zlarimni gar bo‘lmasa muaddab,
Andoqki o‘t ko‘kargay hech oftob ko‘rmay.
Fazliy:
-Maygun labing hadisi mast etdi g‘oyibona,
Kayfiyat o‘ldi zohir jomi sharob ko‘rmay.
Mahzuna:
-Bir vajh buki tab’im xom asramish zamona,
Charxi sipehrdin ul hech nechutob ko‘rmay.
Fazliy:
– Mundog‘ki nuktadonsan kim erdi ustoding,
Oy kabi nur qilmas to oftob ko‘rmay?
Mahzuna:
– Ko‘b nahrlar yig‘ilsa, dar’yoyi purdur o‘lg‘ay,
Ilm ahlidin bu miskin bir shayxu shob ko‘rmay.
Fazliy:
– Bir nukta ayla zohir, Fazliyni qo‘yma Mahzun,
To ketmayin Namangon sandin javob ko‘rmay.
Mahzuna:
– Baytulhazan ichinda uzlat tutub bu Mahzun
Fazli ilohidur bu, yo‘qsa kitob ko‘rmay.
Mahzuna g’azallari.
Qachonkim la’li nobing so‘zda mayli no‘shxand etdi,
Hazin jonu ko‘ngulni talxkomu dardmand etdi.
Buti nomehriboni masti loya’qil chiqib vahkim,
Boshimg‘a sakratib, xoki tanim gardi tanim gardi samand etdi.
Vafosiz dilrabodin shikva qilsam ayb qilmanglar
Ki men jon berdim-u, ag‘yorni ul arjumand etdi.
Yamon ko‘z tegmasun husnumg‘a deb ul xo‘blar shohi,
Jamoli otashig‘a donai xolin sipand etdi.
Hama ushshoq elin qatl etgali bebok jallodim
Qoshidin tig‘ tortib, tori kokildin kamand etdi.
Qiyo boqaymu ddeb Mahzun, ko‘ngul ko‘p intizor erdi,
Bihamdillo, ki mujgon novakidin bahramand etdi.
* * *
Emasman charx davri ichra maydin hech begona,
Quyoshning kosasiddek o‘ynagay qo‘limda paymona.
Topilmas rangi sarg‘aygan kishi mayxonamiz ichra,
Agar jo‘sh ursa mayning himmati majlisda mardona.
Chirog‘i davlati o‘chmas sira sar-sar shamolidin,
Agar maydin kishining jomi ichra tushsa durdona.
Faqat qayrilma qoshdin o‘zgaga mast etmagay sajda,
Shuning-chun bosh egar may dargahiga rindi mastona.
Erurlar boshqa olam qavmidin ma’noga oshiqlar,
Chivindek bo‘lma, ey Mahzuna, sen sahboga parvona.
M. Muinzoda tarjimasi
Muxammas.
Do‘stlar bir husni be hamtoya oshiq bo‘lmisham,
Hur paykar bir malak simoya oshiq bo‘lmisham,
Nutqi shirin, la’li ruh afzoya oshiq bo‘lmisham,
G‘amzasi qotil, ko‘zi shahloya oshiq bo‘lmisham,
Husn elining shohi bir mirzoya oshiq bo‘lmisham.
Ko‘rgan ermas uyda bir mahvashni chashmi ro‘zg‘or,
Xulqi shirin, gulbadan rashki chaman nasrin izor,
Noz oyinu tag‘oful pasha, istig‘no shior,
Iltifot etmas agar yuz jon topib qilsam nisor,
Bir sitamgar sho‘xi beparvoya oshiq bo‘lmisham.
Orazin ochqoch quyosh anvorini aylar adam,
Jon g‘izolig‘a berur vahshiy ko‘zi ta’limi ram,
Lablarini oldida qandu asaldur misli sam,
Zulfu qaddu orazidin munfail bog‘i eram,
Kishvari husn ichra bir yaktoya oshiq bo‘lmisham.
Qoshlari bir-birg‘a payvand ikki mushkini hilol,
Ko‘zlari yuz marg‘uzorig‘a ikki vahshiy g‘izol,
Qomati bog‘I murod ichra yangi bitkan nihol,
Ollo-ollo kim ko‘rubdur, bu latofatlu jamol.
Husn aro bir misli nopaydoya oshiq bo‘lmisham.
Ushbu hayrat birla ko‘rgan naxli qaddi jilvagar,
Bovar etmas gar ulus bersa shahodat, deb basher,
Orazi andoq musaffo kim qilib bo‘lmas nazar,
Badri ruxsorin ko‘rub, bo‘ldi xijolat bu qamar,
Rashki Yusuf bir buti zeboya oshiq bo‘lmisham.
Mahvashi hurliqo, gulgun qabo, gul pirahan,
Qoshi istig‘no hiloli, g‘amzasi lashkar shikan,
G‘unchai xandondur og‘zi, tishlari durri Adan,
Bo‘lmadi bir dam jamolidin yorug‘ baytulhazan,
Toki ul mohi jahon peroya oshiq bo‘lmisham.
Ey mani Mahzun musofirg‘a malomat be sabab,
Tutmasam farmonini mardud etib aylar g‘azab,
Juz riziyi do‘st, ishq ahlig‘a ne bo‘lg‘ay talab,
Chiqqali islomdin zunnor bog‘lab yo‘q ajab,
Menki bir din ofati tarsoya oshiq bo‘lmisham.