Mundarija
Komron Mirzo tarjimai holi.
Komron, Komron Mirzo (1509, Agra — 1557, Makka) — shoir va davlat arbobi. Boburning o‘g‘li. Adabiyot, harb va siyosat ilmlarini dastlab otasi Boburdan, so‘ngra o‘sha davrning yetuk olimlari, davlat arboblaridan o‘rgangan.
Otasi hayotligida Qandahor va Kobul hukmroni edi. Bobur vafotidan so‘ng Humoyunning farmoni bilan Panjob va Hind daryosi vohasi ham unga topshirildi. Shershoh Suriy Boburiylar davlatini bosib olgach (1540), ushbu vaziyatdan foydalangan Komron ukasi Hindol Mirzo bilan qo‘shilib, Agrani egallaydi. Humoyun Eronga qochib, safaviylar shohi Tahmaspdan ko‘mak so‘raydi. Komron esa Afg‘onistonda ota mulkini asrab, mamlakatni obodonlashtirishga katta e’tibor beradi. Shoirlar, olimlar, san’atkorlar, hunarmandlarni saroyiga chorlab, ularga moddiy va ma’naviy jihatdan yordam ko‘rsatadi. Kobulni ilmu hunar, adabiyot va san’at markaziga aylantiradi. Afg‘onistonning barcha viloyatlarini qo‘lga kiritib, o‘zini podshoh deb e’lon qiladi. O‘z nomiga xutba o‘qitib, tanga zarb qildiradi.
1545 yil Humoyun Erondan harbiy yordam olib, Komron tasarrufidagi Qandahor, Kobul, G‘azna, Badaxshonni egallaydi. Jangda Komron yengilib, asirga olinadi. Humoyun Komronning gunohidan kechib, unga Ko‘lob hokimligini beradi. Ammo 1 yildan so‘ng Humoyunning Balxga ketganidan foydalangan Komron yana akasiga qarshi chiqadi. Kobul yaqinidagi Tangihoda bo‘lgan jangda Komron yengilib qochadi (1550), ukasi Askariy Mirzo asirga olinadi. Komron pushtunlar qabilasining sardori Odam Kaxkardan yordam so‘raydi. Odam Kaxkar pushtunlarning mehmondo‘stlik odatlariga xilof ravishda Komronni Humoyunga to‘tib beradi. Humoyun yana Komronning gunohidan kechmoqchi bo‘lganida, arkoni davlat bunga yo‘l qo‘ymaydi. Natijada Humoyun Komronni ko‘ziga mil torttiradi. Komron Ka’bani ziyorat qilib, 3 yil Makkada yashaydi va shu yerda vafot etadi. U Muhammad (sav) ning katta zavjalari Xadicha (ra) qabrining oyoq tomoniga dafn qilinadi.
Komron devonining 3 ta qo‘lyozma nusxasi saqlanib qolgan. Ulardagi turkiy she’rlar: 40 g‘azal, 21 fard, 26 ruboiy, 3 qit’a, 9 masnaviy va tarkibband (1114 misra). Dariy tilidagi she’rlar: 26 g‘azal, 22 fard, 4 ruboiy, 3 qit’a, 4 masnaviy (346 misra). Devonining qo‘lyozma nusxalariga kirmagan dariy tilida bitilgan ba’zi g‘azal, ruboiy va fardlar turli tazkira va bayozlardan topilgan. Komronning xrzirgacha ma’lum dariy tilidagi she’rlari 418 misradan iborat.
Komron otasi Bobur kabi, asosan, g‘azal janrida ijod qilgan. Fazallarida ko‘proq sufiyona qarashlar aks etgan («Zihi har zarradin husnung huvaydo…»). Borliq va undagi barcha narsa-hodisalar Yaratganning tajallisi bo‘lib, butun olam o‘zining turli shakllarda tovlanishidan boshqa narsa emasligi kabi ma’lum darajada panteizmga yaqin turuvchi g‘oyalarni ilgari suradi. Shoirning masnaviylari, asosan, irfon va tasavvuf, hikmat va pand-nasihat, axloqiy va ma’naviy mavzularga bag‘ishlangan.
Zahriddin Muhammad Bobur tarjimai hol.
Kamron Mirzo g’azallari.
Zihi har zarradin husnung huvaydo,
Jamoling oftobi olamaro.
Agar zohir, agar botinda sensen,
Ko‘zu ko‘nglum aro pinhonu paydo.
Agar yumsam ko‘z, ar har sori ochsam,
Sening husnungni aylarmen tamosho.
Gahi oshiq, gahi ma’shuq etarsen,
Bo‘lub har suvrat ichra oshkoro.
Erur Laylo bila Shirin bahona,
Jahonda sen solibsen sho‘ru g‘avg‘o.
Qilurmen navhalar Majnun g‘amidin,
Qachonkim xotirimg‘a kelsa Laylo,
Etishti Komron ul turki sarmast,
Xirad mulkin qilur yag‘mo hamono.
Bo’ldi manga.
Yordin keldi xatu ta’vizi jon bo‘ldi manga,
Qotili hajr ilgidin xatti amon bo‘ldi manga.
Vah, bu ne maktubdurkim, nomai a’moldek
Etgach ilgimga saodatqa nishon bo‘ldi manga.
Mehribon sog‘ing‘anim javru jafo rasmin tutub,
Mehr tarkin qildiyu nomehribon bo‘ldi manga.
Doimo yodimdasen bordur bu ma’nog‘a guvoh
Ulki doim voqifi sirri nihon bo‘ldi manga.
Gul’uzoro, zikru fikringdin dame xoli eman,
To vatan bulbul kibi bu guliston bo‘ldi manga.
Eshiginda yuz ketursam Komrondek ayb emas,
Ka’bayi maqsud chun ul oston bo‘ldi manga.
Ul quyosh orazidin parda olib.
Ul quyosh orazidin parda olib,
Shu’lai xoshok vujudumg‘a solib.
Barcha suvratda qilib jilvayi husn,
Husni yuz vajh ila ko‘nglumni olib.
Har libos ichra urar ishq yo‘lin,
Goh Shirin, gahe Laylo atalib.
Qilichi chok qilib ko‘nglumni,
Kirpigidin yana o‘qlar qadalib.
Hodisa toshlaridin shisha kibi,
Bu qo‘han dayrda ko‘nglum ushalib.
Emdi men azmi xarobot etsam,
Boruram ko‘yida ko‘nglumni solib,
Komron eshigidin borgumdur,
Darbadar ko‘nglum eshigida qolib.
Ushbu tun.
Ushbu tun ko‘nglumda yoru ko‘zum erdi masti xob,
Kim yetishti qoyilim yuz noz ila aylab itob.
Xasta ko‘nglum muztaribdur zulfi tobig‘a tushub,
Shast aro tushkan balig‘ yanglig‘ki aylar iztirob.
Xoki rah bo‘ldum, guzar gar qilmasa, ermas ajab,
Men gadoyi benavo, ul xusravi oliyjanob.
Kimki jonon chehrasida ishq sirrin bilmagay,
Ne ajab, andin desa «yo laytani kuntu turob»,
Komron, jonon tamannosi meni pir ayladi,
Ey darig‘o, onsiz o‘tti ahdi ayyomi shabob.
Ne ajab.
Ishq aro devona bo‘lsam, ne ajab,
Aqldin begona bo‘lsam, ne ajab,
Xoli o‘lmish xilvatim ag‘yordin,
Yor ila hamxona bo‘lsam, ne ajab.
Yorutur kulbamni ul sham’i jamol,
Boshig‘a parvona bo‘lsam, ne ajab.
Zohir o‘ldi ko‘yida rasvolig‘im,
Shahr aro afsona bo‘lsam, ne ajab.
Ul parivashqa bo‘lubmen, oshno,
Komron, devona bo‘lsam, ne ajab.
Husnung ko‘zlarimga chaqilib.
Barqdek anvori xusnung ko‘zlarimga chaqilib,
Ko‘zdin oqizding ko‘ngulni qatra-qatra qon qilib.
Sham’i husnungni ko‘rub bildimki, olamso‘zdur,
Soldim o‘zni shu’lag‘a parvonadek ko‘rub bo’lib.
Jon bila ko‘nglumdin ayrildim sanga yetkan zamon,
Emdi, ey jonu jahon, sendin bo‘lurmu ayrilib.
Jon yetibtur og‘zima, bo‘lg‘aymu, ey isonafas,
Bir nafas ollimda o‘ltursang iyodatqa kelib.