Bosh sahifa » Sherlar » Komil Xorazmiyning tarjimai holi va eng sara g’azallari

Komil Xorazmiyning tarjimai holi va eng sara g’azallari

by nafisa nafisa

Komil Xorazmiyning tarjimai holi va eng sara g'azallari.

Komil Xorazmiy haqida.

Komil Xorazmiy (taxallusi; asl ismi Pahlavon Muhammadniyoz Abdulla Oxund o‘g‘li) (1825 — Xiva — 1899) — o‘zbek shoiri, xattot, musiqashunos, tarjimon va davlat arbobi. Jahon madaniyatining Xorazmdagi ilk targ‘ibotchilaridan biri. Xiva madrasasida o‘qigan. Arab va fors tillarini mukammal bilgan. Sharq adabiyoti namoyandalari ijodini, mumtoz musiqani, xattotlik sirlarini qunt bilan o‘rgangan.

25—30 yoshlarida shoir sifatida tanilgan. Ogahiy uning nomini o‘zining «Gulshani davlat» kitobiga kiritgan. Xiva xoni Sayd Muhammadxon saroyida kotiblik qilgan. Muhammad Rahim II uni mirzaboshilik vazifasiga ko‘targan. Rossiya bilan Xiva xonligi o‘rtasida imzolangan sulh shartnomasi (Gandimiyon shartnomasi) Komil Xorazmiy qo‘li bilan yozilgan (1873). So‘ngra saroyda devonbegi (1873—80), mirzaboshi lavozimlarida ishlagan (1880 yildan). Xorazmda birinchi bo‘lib bosmaxona tashkil etgan (1880—81).

Komil Xorazmiy Sharq mumtoz musiqasi, xususan, maqomchilik an’analarini rivojlantirishga homiylik qilgan, o‘zbek kuylarini yozib olish uchun «Tanbur chizig‘i» deb ataluvchi nota tizimini joriy etgan. Bu o‘ziga xos notada «Rost» maqomining bosh qismini yozgan. O‘g‘li Mirzo Muhammadrasul otasi boshlagan ishni davom ettirib, Xorazm «Shashmaqom»ining qolgan ashula va cholg‘u yo‘llarini to‘la notaga olgan. «Rost» maqomiga bog‘langan «Murabbai Komil» va «Peshravi Fero‘z» kuylarining notasi bizgacha yetib kelgan.

Shayx Sulaymon Buxoriy o‘zining mashhur «Lug‘oti chig‘atoyi va turki usmoniy» («Chig‘atoycha va usmoniy turkcha lug‘at») asarida Komil Xorazmiyning ijodidan o‘rinli foydalangan va Xorazm shevasidagi ko‘pchilik so‘zlarning ma’nosini uning she’rlari orqali izohlab bergan. Komil Xorazmiy 1865 yilda Barxurdor bin Mahmud turkman Farohiynmng (adabiy taxallusi Mumtoz) «Mahbub ul-qulub» (bu asar ayrim manbalarda «Mahfiloro» — «Majlisga ziynat beruvchi» deb ham yuritiladi) hamda 1869—70 yillarda Faxriddin Ali Sayfiyning «Latoy-if at-tavoyif» («Turli toifalarning latifalari») asarlarini fors tilidan o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Alisher Navoiy «Xamsa»sining birinchi Xorazm toshbosma nashriga so‘zboshi yozgan.

Najmiddin Kubro ruboiylari. Hayoti va ijodi.

G’azallari.

Ey ko‘ngul.

Bo‘lmasa garduni sifla do‘sti gar dun,Ey ko‘ngul
Nega dunni shod etar, dononi mahzun, ey ko‘ngul.

Chun falak nodon navozu xasmi donodur oni,
Donish iqlimida bo‘lsang gar Falotun, ey ko‘ngul.

Izzat ila ne’mat avjida bo‘lur oliy maqom,
Har kim o‘lsa kaj nechukkim ayn ila nun, ey ko‘ngul.

Zoyil etmak istasang o‘zdin mazallat qoni’ o‘l,
Olmas ul chirkingni mundin o‘zga sobun, ey ko‘ngul.

Javhari jon ul mato’ ermaski sotqun olg‘asen,
Ne asig‘ gar hosil etsang ganji Qorun, ey ko‘ngul.

Oqil ersang kibru naxvat qilma izzu johinga,
Bo‘ldi istikboridin iblis mal’un, ey ko‘ngul.

Emin o‘lma kaydidin yoru birodarman debon,
Ne jafolar qilmadi Yusufg‘a Sham’un, ey ko‘ngul.

Dahrning pastu balandidin desang emin bo‘lay,
Qo‘yma ilkingdin zamone jomi gulgun, ey ko‘ngul.

Topti shohi nuktadan altofidin so‘z ahli qadr,
Zohir etkil emdi bikri sofi mazmun, ey ko‘ngul.

Bu gulistondin baqo bo‘yini istab, bo‘lmag‘il
Lola bargidek saropo dog‘u dilxun, ey ko‘ngul.

Komil ersang odat ayla sabr ila xomushlig‘.
Gar bor ersa har so‘zung bir durri maknun, ey ko‘ngul.

Tama’.

Ey ko‘ngul zinhor qilma ahli davrondin tama’
Bor esa bu xasta jismingg‘a agar jondin tama’.

Chunki yo‘q ermish jahon ahlida xolis do‘stlig‘,
Kimki ondin yaxshiroq yo‘q aylama ondin tama’.

Dahri dundin ko‘rmagung juz hasrati nokomlig‘,
Gavhari maqsudni qilma bu ummondin tama’.

Solim o‘lmoqning sipehr osibidin imkoni yo‘q,
Qilma hargiz ofiyat kunjin bu vayrondan tama’.

Ko‘zlari jallodidin qilmoq muruvvat orzu,
Ahli iymon aylagandek kofiristondin tama’.

Istayin ne nav’ jonim rohatin mujgonidin,
Qilg‘omu majruh marham tig‘i uryondin tama’.

Sharbati la’li havosin istamaklik bodadin,
Aylamak jonbaxshlig‘ juz obihayvondin tama’.

Xoni vaslig‘a raqibidin ionat istamak,
Aylagan yanglig‘ gado ilkidag‘i nondin tama’.

Olam ichra gar bo‘lay desang azizu arjumand,
Aylama Komil kibi juz zilli subhondin tama’.

So’zing.

Buxl eliga demagil, ey zubdai davron so‘zing,
Hayf etar qadrini bilmas siflai nodon so‘zing.

Garchi so‘zdek gavhari qiymat baho yo‘q dahr aro,
Bor alarning qoshida har muhradin arzon so‘zing.

Ulki qilmaydur maoni bahrig‘a g‘avvoslik,
Ko‘rmagay minjuqcha gar bo‘lsa duri g‘alton so‘zing.

Past fitratlarg‘a dunyo moli uchun tutma ko‘z,
Bir qaro pul bobida mushkil qilur oson so‘zing.

Buxl zangini qiro olmas temurdek ko‘nglidin,
Gar itiklik ichra bo‘lsa o‘ylakim suhon so‘zing.

Gar so‘zingdin bir nimarsa o‘nmasa bu dunyoda,
Tinglamaslar oxiratda bersa ham imon so‘zing.

Iltimos etma olardin bir ko‘makni zinhor,
Sindurur gar bersa ham o‘lgan badang‘a jon so‘zing.

Donish ahli qoshida har biri bir la’li xushob,
Lek olarg‘a bordurur la’l o‘lsa ham paykon so‘zing.

Topmasang so‘z lazzatidin ogahu Komil kishi,
Saqlag‘il bo‘lg‘uncha ko‘nglung pardasida qon so‘zing.

Tafa’ul aylar eding.

Tafa’ul aylar eding, ey ko‘ngul, qilib niyat,
Ki raf’ bo‘lg‘usi deb toza yilda nahsiyat.

Chu qilmas axtari baxtim safar manozilg‘a,
Iqomat etti magar burji naxsda niyat.

Muharram o‘ldi harom o‘ldi elga kulfatu g‘am,
Valek bnr manga yuzlanmady rafohiyat.

Jahoni buqalamun hodisoti fikridin,
Etushmadi bu parishon ko‘ngulga jam’iyat.

Aningdek o‘lmisham ushbu diyorda bekas,
Ki qatl qilsalar olmoqg‘a yo‘q kishim diyat.

Yiroq tut juhalo ixtilotidin o‘zni,
Ki o‘tga yoqmoq o‘lubdur yovuqni xosiyat.

Tama’ni tark etu chiq go‘shai qanoat aro,
Sanga yo‘q o‘zgajahon ichra joyi amniyat.

Tamom qilding etib banda xizmatin, umring,
Ham aylagil gohe ma’budinga ubudiyat.

Tut o‘zni pastu kichik borcha xalqdin Komil,
Azim ofat erur naxvatu inoniyat.

Ey durri nobi ishqingga jonlar xazinalar.

Ey durri nobi ishqingga jonlar xazinalar,
Mijgoni novak afkoning omochi sinalar.

Etmas ko‘ngul fig‘oni muallo janobinga
Har necha ohidin yasasa anga zinalar.

Ishq ahli bo‘lsa gar menga tobi’ ajab emas,
Husn ahli keldi senga g‘ulomn kaminalar.

Mingdin birisi mumkin emas sabt bo‘lmaki.
Husnung bayonida necha yozdim safinalar.

Ushshoq baxtini qora yozg‘anda kilki sun’,
Xolu xat ila qoshu ko‘zungdur qarinalar.

Ko‘nglum muhabbatingni ajab qilsa xoksor,
Obodlik xarobag‘a bermas dafinalar.

Boq, so‘zga, boqma qoyili yaxshi, yomonig‘a,
Mai zarfi goh ko‘za gahe obginalar…

Ko‘yung gadosi xirqayi pashminasi uza,
Tovus parlarig‘a qilur noz binalar.

Ul kim zamiri pokdur oyinadek mudom,
Etmas anga kudurati arbobi kinalar.

Netsun bu bahru kon duru la’lini Komiling,
Ey durri nobi ishqinga jonlar xazinalar.

Qilmading.

Kulmading bir to meni yuz qatla giryon qilmading,
Tutmading bir jom to ko‘nglum to‘la qon qilmading.

Xotirim davron g‘amidin qilmading bir lahza jam’,
To meni bir yilg‘acha zoru parishon qilmading.

Xasta ko‘nglum tah-batah qon qilmag‘uncha g‘unchadek,
Ochilib majlisda ruxsoring gulafshon qilmading.

Men tarafga qilmading hargiz xatodin bir nigoh,
To raqibimg‘a boqib yuz lutfu ehson qilmading.

Aylading mehru vafo bobida qaysi va’dalar,
Kim yana ul ahdu paymondin pushaymon qilmading.

Otmading qahru itobing novakin ag‘yorg‘a,
To malomat o‘qiga ko‘ksimni qalqon qilmading.

Qilmag‘uncha xoni vaslingdin bu zoring be nasib,
Uzgani bu xoni ihson uzra mehmon qilmading.

Egnima kiydurmading lutfu inoyat xil’atin,
To libosi ofiyatdin jismim ur’yon qilmading.

Qaysi bir ummidkim, lutfingdin etdim oqibat,
Ul umidim hosilini ya’su hirmon qilmading.

Ey sitamgar, qaysi bedilg‘a berib vaslingda joy,
So‘ngra oni mubtaloyi dog‘i hijron qilmading.

Qilmag‘uncha xonumonimni qaro hijron aro,
Kulbam ichra orazing sham’i shabiston qilmading.

Donish ahlig‘a qayu qilmishlaring dey, ey falak,
Qay birin ul zumraning mag‘lub nodon qilmading.

Sirri ishqing necha pinhon tutdi eldin, ey pari,
Qo‘ymading Komilni to rasvoyi davron qilmading.

Munisg’a muxammas.

Dardoki, yo‘q jahon elida sharmsorlig‘,
Ko‘rganlar izzatimnn manga berdi xorlig‘,
Erkan abas zamon elidin do‘stdorlig‘,
Yaxshi kunumda har kishikim qildi yorlig‘,
Do‘ngach zamona ayladi dushman shiorlig‘.

Ulkim edi vujudi vafo ma’dani bukun,
Dushmang‘a lutf, zulm mangadur fani bukun,
Derkim raqib sonida ko‘rman seni bukun,
Atfol etakka tosh yig‘ingizkim mani bukun,
Devonaliqg‘a yetkuradur beqarorlig‘.

Har kimsa o‘z nigori visoli zamonida,
Izzat mayini no‘sh etar ishrat makonida,
Faryodkim bo‘lolmadim ag‘yor sonida,
Itlar azizroq ko‘runur xalq yonida.
Mendinki ko‘ying ichra chekarman bu xorlig‘.

Borsen agarchi davr elig‘a foyiq, etma rad,
Ushshoq aro bilib meni ham sodiq, etma rad,
Ko‘rgach yuzungni bo‘ldum agar oshiq, etma rad,
Men garchi suhbatingg‘a emon loyiq, etma rad,
Bu gulshan ichra gul ul erur bo‘lsa xorlig‘.

Ushshoqni qilurg‘a chu qilding fig‘onu asir,
Nag‘mangg‘a bo‘ldi borcha eshitmak hamon asir,
Ne nav’ bo‘lmayin meni bexonumon asir,
Ey mutrib, o‘ldi halqai nag‘mangg‘a jon asir,
Sozingg‘a yor zulfidin oldingmu torlig‘.

Sen sen sariri husn uza shahinshah, ey masih,
Gar xo‘blar kavokib esa, sen mah, ey masih,
Komilg‘a qo‘ying o‘lg‘ali manzilgah, ey masih,
Munisni g‘am yeturdi halokatg‘a, ey masih,
Maqtulinga dame qilako‘r g‘amgusorlig‘.

Barcha o’zbek shoir she’rlari

manba

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar