To’ra Sulaymon she’rlar to’plami. To’ra Sulaymon ijodi tarjimai holi.
TEBRATAR
Shamol shamolni tebratar.
Shamol bulutni tebratar.
Bulut yomg’irni tebratar.
Yomg’ir tuproqni tebratar.
Tuproq maysani tebratar,
Maysa biyani tebratar.
Biya qimizni tebratar.
Qimiz yigitni tebratar
Yigit suluvni tebratar.
Suluv beshikni tebratar.
Beshik bolani tebratar.
Bola dunyoni tebratar.
TAVSIYA ETAMIZ : To’ra Sulaymon tarjimai holi >>
G’UNCHA
Sir bo’yida bir g’uncha
Oy botar ochilguncha.
Ochilishin kutgayman
Toki o’la-o’lguncha.
Eshik oldi bog’ ko’cha,
Bog’ ko’cha aylanguncha
Diydorlashay yor bilan
Oy botib, tong otguncha.
U tog’da bir to’tiqush
Bu tog’da bir to’tiqush.
Bir-biriga yetolmay
Intig’u intizormish.
Tog’larning qori-qori,
Qor tagida bahori.
Yangi chiqqan oy misol
Bo’lsin har kimning yori.
Bu tog’lar baland tog’lar,
Atrofi ajab bog’lar,
Yoring bo’lsa yoningda
Ne qilsin dilda dog’lar?
Or bo’lsinu or bo’lsin
Har dilda bahor bo’lsin.
Yor qadriga yetmaslar
Har go’shada xor bo’lsin.
Bir go’shada bir yulduz,
Doimo yurar yolg’iz.
Ko’z tutdim yo’llariga
Termulib kecha-kunduz.
Tog’lar boshi tumandir,
Tarqalishi gumondir.
Xabar olmasang mendan
Holim behad yomondir.
KO’RDIM
Ko’rdim, ko’rdim dunyoni
Hamisha bir kam ko’rdim.
Yaxshini armon birla,
Yomonni bekam ko’rdim.
Bag’ri butunlarni but,
Yolg’izni g’arib ko’rdim.
Birda nodon, nopokni
Maydonda g’olib ko’rdim.
Xalqlarni mudom birday,
Yalqovni yorti ko’rdim.
Ko’ngli ochiq zotlarni
Hotamdin ortiq ko’rdim.
Birlarni aro yo’lda,
Birni armonli ko’rdim.
Birda munofiqlarni
Davru davronli ko’rdim.
Birlarni dunyoparast,
Birni imonli ko’rdim.
Nokasni shod, dononi
Yuragi qonli ko’rdim.
Birda ko’rib o’kindim
Ayoqni bosh o’rnida.
La’l o’rnida sopolni,
Gavharni tosh o’rnida.
Vo ajab birda ko’rdim
Qulni xoqon o’rnida.
Birda ko’rdim lolani
Bir qatra qon o’rnida.
Birda ko’rib lol qoldim
Daryoni soy o’rnida.
Quyosh o’rnida yulduz,
Yulduzni oy o’rnida.
TOPOLMASMAN
(Zamirabegimni eslab)
Izlay-izlay horib bo’ldim, sensiz yolg’iz, g’arib bo’ldim,
Endi bosgan izlaringni to’rt tomondan topolmasman.
Toliqib ham tolib bo’ldim, qirqqa kirmay qarib bo’ldim,
Laylu nahor seni izlab yer-osmondin topolmasman.
Ajab taqdir, ajab qismat bu boshda borga o’xshaydir,
Ravon bo’la kelgan yo’lim uzilgan torga o’xshaydir.
Sensiz qoshim qabog’imda qurilgan dorga o’xshaydir,
Seningdek bir gulandomni Gulistondin topolmasman.
Bahor o’tib yoz ham keldi, hamon sendin xabar yo’qdir,
Besohib bog’-rog’larimda qumri, sa’va, samar yo’qdir
Gar xayolat daryosiga g’arq bo’lsam bir kanor yo’qdir,
Mag’rib, Mashriq, dashtu sahro, Ko’histondin topolmasman.
Hali bargrez kuz oldinda, ne sho’rish, ne ish oldinda,
Hech kim imdod bera bilmas qahri qattiq qish oldinda.
Qatra-qatra qon o’rnida ko’zdin oqar yosh oldinda,
Hargiz seni izlab Xo’ton, Chin, Mochindin topolmasman.
Xazon fasli yetib kelmay judolik bu boshga tushmish,
Yig’lamoqdin o’zga choram yo’qdir og’u oshga tushmish.
Musibat bir bog’ga ermas, yer-ko’k, tog’u toshga tushmish,
Endi sendek dilkushoni Shom, Bolqondin topolmasman.
TAVSIYA ETAMIZ : To’ra Sulaymon tarjimai holi >>
To’ra Sulaymon she’rlar to’plami
ASRAGAY
(Sohibqiron bobomizning haykali poyida bitilgan bitik)
Taqa tuyoqni asragay,
Tuyoq tulporni asragay.
Tulpor Temurni asragay,
Temur Turonni asragay,
Turon Qur’onni asragay,
Qur’on imonni asragay.
Imon insonni asragay,
Inson olamni asragay.
Olamni O’zi asragay.
QAYDADIR
Tog’larga yondoshib, ko’kka tutashib,
Dovonlar oshmasang ma’dan qaydadir.
Ortda qolar bo’lsang ko’pdan adashib
Orzu-istak tugul armon qaydadir.
Zog’ bilan bulbulni farq qilmas zotga,
Naf bo’lsa, nokasdan ayrilmas zotga,
Boshga kun tuqqanda qayrilmas zotga
Yoru do’st qaydadir, yoron qaydadir.
Mehru shafoat bor, shafqat bor yerda,
Halollik bor yerda, harom xor yerda,
Barcha birday yerda, barobar yerda
Badnomlarga ardoq, omon qaydadir.
Chorasiz kimsaga, chog’siz kimsaga,
Ko’pdan ayrilgan — bir bog’siz kimsaga,
Suyanmoq istasa tog’siz kimsaga
Bir muddat armonsiz zamon qaydadir.
Odamzod bilmasa endi alamni,
Urushni, o’limni, kulfatni-g’amni,
Magar takrorlasa dahshatli damni,
Sizu bizga yeru osmon qaydadir.
YARALMISH
Oy yuzlik desam seni, oyning ham dog’i borday,
Ko’rkamlikda jamolyng oftobdan beg’uborday.
Tabiating hamisha ko’lankasiz bahorday,
Umringni kuzi, qishi yo’qligi barqarorday.
Kunda o’ylasam seni,
Tunda o’ylasam seni,
Ko’z o’ngimda tiniq osmon yaralmish.
Sen paydo bo’lgan bog’da zog’ bo’lmas, xazon bo’lmas,
Bulbullar navosida dard bo’lmas, nolon bo’lmas,
Oshiq holi tang bo’lib ko’ksida armon bo’lmas,
Yo’lchivindek sarg’ayib rang-ro’yi somon bo’lmas.
Chilla chog’i—qishda ham
Bir o’ng emas, tushda ham.
Bosgan izlariigda bo’ston yaralmish.
Har ko’rganda bo’yingni ko’zim qamashsa netay,
Quvonchlarim qalbimda dengizday toshsa netay?
Tanda jonim joningga zimdan tutashsa netay?
Toleying, iqbolimga bu hol yarashsa netay?
Baxtim, bayotim uchun,
Porloq hayotim uchun
Sen kabi ko’zlari Cho’lpon yaralmish.
Jonimiz bu diyorga ko’z-qoshday tutosh asli,
Tog’u toshlari bilan nomimiz uyqosh asli.
Dasturxon, xirmon gapmi, o’rtada quyosh asli,
Bunda birning baxtiga barcha tilakdosh asli.
Suyukligim, eldoshim,
Otadosh, vatandoshim.
Sening uchun yeru osmon yaralmish.
Oshiqlar o’z holini yozmishlar doston bilan,
Har qator, har bandini ko’z yoshi, yo qon bilan,
O’tmasin bu olamdan hech kishi armon bilan,
Hamdard bo’lmasin dono turganda nodon bilan.
El ichra nomimizni
Ahdu paymonimizni
Ulug’lovchi ulkan doston yaralmish.
Bu elda paymon bo’lgan gul, gulbog’ni ko’rmadim,
Hech bir ko’ngil, yurakda armon, dog’ni ko’rmadim,
Tashlandiq holda so’ngan shamchiroqni ko’rmadim,
Chamanli bog’li elda,
So’nmas chirog’li elda
Bulbulga munosib oshyon yaralmish.
Odamzod bu olamda tugal, kamsiz yaralmish,
Biroq kimlar qaramsiz, kimlar g’amsiz yaralmish,
O’z qadrini bilmaslar do’st, hamdamsiz yaralmish,
Sevib, sevilmaganlar, so’zsiz, shamsiz yaralmish.
Necha asrlar osha,
Baxtimizga yarasha,
Timsolsiz bu qutlug’ davron yaralmish.
SADAG’A
Xumor ko’zligimdan bu jon sadag’a,
Bu jon nima emish, jahon sadag’a.
Qilmagil bu so’zga gumon; sadag’a
Sensiz ro’yim bo’lar somon, sadag’a.
Lola sendan olmish o’z olligini,
Barchin, o’z lafzining halolligini.
Tan olmas seningsiz oy oyligini,
Qoshingda lol qolur jayron, sadag’a.
Bahorday durkunsan, bir sarvinozsan,
Xushlasang chillada ko’klamsan, yozsan.
Qahring kelsa magar do’lsan, ayozsan.
Bag’rimni etmagil giryon, sadag’a.
Suluv, sen sababli afsunsozligim,
Zaminu zamonga ishqibozligim.
Umring boqiy bo’lsin, gul orazligim,
Bu ko’ngil sen bilan shodon, sadag’a.
Rahm ayla, ramzingga tashna qalb zordir,
Qo’zlarim yo’lingda ko’p intizordir.
Maskanim Guliston—bir chamanzordir.
Bir oqshom bo’lib ket mehmon, sadag’a.
TAVALLO
Nelardandir ko’ngil bo’lib g’ash,
Ham egilib bu egilmas bosh,
Ko’zlarimda qalqib tursa yosh
Bu holimga berolmay bardosh,
Mushtipar Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.
Qaytar bo’lsam quruq qo’l ovdan,
Qora qozon qolsa qaynovdan;
Ham ayrilib o’lja, ulovdan,
Qarzga botar bo’lsam birovdan,
Taskin berib Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.
Birda haqdin, birda nohaqdin,
Jabr ko’rsam bir betovfiqdin
Ortda tursam qalbi quroqdin,
Qadrim xarob bo’lsa tuproqdin,
Ohlar urib Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.
Og’a-ini o’rtasida gap…
Alhol, kelib chiqmish ixtilof:
Biri izzat, biri mulk talab
— Bu oq sutim, mehrimga xilof, —
Deya sho’rlik Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.
Sinalmoqning gali kelganda,
Nohaq mag’lub bo’lsam maydonda,
Nomim qolmas bo’lsa jahonda,
Kim do’st—dushman bilinar onda,
Ahvolimga Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.
G’anim bir yon, men bir yon bo’lsam,
U ustivor, men uryon bo’lsam,
Bu ham kamday nogiron bo’lsam —
Og’och otga yonma-yon bo’lsam,
Oy tutilib, Onam yig’laydir,
Qolganlari yolg’on yig’laydir.
Bo’lsam gumroh, bo’lsa gunohim,
Vujudimga solmasdin vahm,
Qabul aylab tavallo — ohim,
Darig’ tutmay mehring, ilohim,
Yig’latmagil mushfiq Onamni,
Volidai Muhtaramamni.
TAVSIYA ETAMIZ : To’ra Sulaymon tarjimai holi >>
To’ra Sulaymon she’rlar to’plami:
BOLAJON
O’g’lim Hasanjonga
Ko’ngilga yovuqsan ko’z bilan qoshday,
G’ubori yo’q tongda chiqqan quyoshday.
Go’zallikka noming go’yo uyqoshday,
Jonu jahonimiz senga tutoshday.
Havasim keladi senga, bolajon.
Zarra xabaring yo’q dunyo ishidan,
Falakning qay yo’sin aylanishidan,
Atom vahimasi el tashvishidan,
Kimning kulib, kimning qayg’urishidan.
Havasim keladi senga, bolajon.
Teran, tiniqlikda chashmasan, chashma,
Bu olam qarshingda qilar karashma.
Bundan sen quvonma, hovliqma, shoshma,
Hali manzil yiroq, yo’ldan adashma,
Havasim keladi senga, bolajon.
O’ynab, kelmoqlikdan o’zga g’aming yo’q,
Bir nafas hasratda o’tgan daming yo’q,
Kimsada g’arazing, o’ch, alaming yo’q,
Bilgimcha dunyoda sira kaming yo’q,
Havasim keladi senga, bolajon.
O’ylaysan yil bo’yi mudom bahor deb,
Bahorsiz bu dunyo bee’tibor deb.
Hammaning bir xilda tashvishi bor deb,
Barchani o’zingday pok, beg’ubor deb…
Havasim keladi senga, bolajon.
Oftobday bezavol, ohuday soqsan
Sen elik bolasi — o’yinqaroqsan,
Ko’ksimizda mudom o’chmas chiroqsan,
G’urbatdan xolisan, g’amdan yiroqsan,
Havasim keladi senga, bolajon.
Olamda sen bilan ona shodligi,
Baxti barhaqligi, umrbodligi.
Begard, o’kinganing — dil barbodligi,
Havasim keladi senga, bolajon.
Sening ko’zing bilan ko’pni ko’rolsam,
Sening so’zing bilan dilga kirolsam,
Bosgan izing bo’lib gulga o’rolsam,
Sening o’zing bo’lib, qayta yaralsam,
Havasim keladi senga, bolajon.
SUYANMA
Toqqa suyansang suyan, o’zga taxtga suyanma—
O’z komiga tortadir girdibodga suyanma.
Shamolday tez kelgan baxt-saodatga suyanma,
Qalqib turgan omonat saltanatga suyanma.
Qanoatli-qanotli, suyuqlik keltirar xorlik,
O’z qadriga yetmaslik aslida dilozorlik.
Yo’ldoshing nojins bo’lsa—borliq ishing badkorlik
O’zi to’ysa ham ko’zi to’ymas zotga suyanma.
Niyating mudom xolis, qalbing bequroq bo’lsin,
Qilgan ishing xayrli, minganing Buroq bo’lsin,
So’nggi yotar joning ham yomondin yiroq bo’lsin,
Hargiz ta’na, tazyiqli himoyatga suyanma.
Borar manziling olis: yo’llaringda sarob bor,
Yetti vodiyga yetmay turib qancha hubob bor,
Arzing mustajob bo’lsa, unda bir mohitob bor…
Shohsuvor bo’lsang magar yobi otga suyanma.
Tiniq kunlaring qani? Beg’ubor kulging qani?
Pokiza tuproq, tog’ing, boshdagi bo’rking qani?
O’z izming, ixtiyoring, e’tibor, erking qani?
Rizqi-ro’zingga sherik ochofatga suyanma,
Mozori butkul boshqa yetti yotga suyanma.
TAVSIYA ETAMIZ : To’ra Sulaymon tarjimai holi >>
Tavsiya etamiz : Boshqa arboblar >>