Shodmon Sulaymon she’rlari. She’rlar to’plami

Shodmon Sulaymon she’rlari tomonidan yozilgan sara she’rlar to’plami. Shodmon Sulaymon ijodi va hayoti.

Shodmon Sulaymon Hayoti va ijodi haqida >>

Chin so‘z

Zamin sirlaridan ochar ekan so‘z,
Haqni anglab yetdi Beruniy bobom.
Ulkan xaritaga tashlar ekan ko‘z:
“Yer aylanar, – dedi, – mangu, bardavom”.
So‘ngra, birlashtirdi xarita chetin,
Bir-biriga ulab ummon, ko‘llarni.
Ikki yoqqa ketgan, aslida, yaqin,
Go‘yo bir-biridan olis yo‘llarni.
“Qutb – ikki tomon, ikkita qirg‘oq,
Biri yorug‘, – dedi, – birida zulmat.
Birida zimiston nafasi uyg‘oq,
Biri yorug‘ nurga to‘yar beminnat.
Kun, tun almashinar, fasllar – mehmon,
Shu bois, rango-rang zaminning kuyi.
Kim quyoshga yaqin – to‘kin, farovon,
Kim quyoshdan uzoq – mudrar yil bo‘yi…”
Shu taxlit yaraldi mo‘‘jiza – koptok,
Mag‘rib shovqin soldi: “Topdim! Globus!”
Nachora, turkiy el yoqqanda chiroq,
O‘shal olis yurtda yo‘q edi fonus.
Haq – g‘olib, moyilmi yoki yo‘q ta’bi,
Harchand urinmasin yopmoqqa izin.
Ekvator chizig‘i aylangan kabi
Tag‘in Beruniyga ulagay so‘zin.
Xullas, olisdami, yaqinmi yo‘ling,
Umr bog‘in aylay desang charog‘on.
Har tomon chalkashmay xayoling, o‘ying,
Bobong “koptogi”ga nazar sol shu on.
Yaltiroq toshga o‘ch kimsadek bo‘lmay,
Ko‘ksingdan qidirgin doim Vatanni.
Saxiy quyosh kulgan, munavvar el bu,
Quyoshdek bag‘ringga bos bu chamanni.

 Izhor

Jonim, dardlarimni toshlarga yordim,
Jonim, tuyg‘ularim qilmadi shafqat.
Ko‘ksimga urildi ayriliq gardi,
Jonim, ko‘zlarimni cho‘qidi fursat.
Jonim, shikoyatlar qilmayman endi,
Jonim, balki, jonim titrayotgandir.
Xazonrez bog‘imga shabnamlar indi,
Jonim, aytding: “Bular shunchaki yomg‘ir”.
Jonim, ishq haqdagi ertakka ishon,
Jonim, qalbim aro, jonim arosan.
Biz bitta paykonmiz, payvasta nishon,
Men yolg‘iz boraman, sen yolg‘iz yurasan.
Jonim, chiqib keldim taloto‘plardan,
Jonim, ko‘hna dunyo bunchalar qaysar.
Kuzgi yaproq misol titrab turibman,
Jonim, o‘zing meni hayotga qaytar.

 Katta tanaffus

Auditoriya. Yigirma uch qiz –
Yigirma uch ko‘zlari munchoq.
She’rning o‘tlig‘ to‘fonlariga
Hayrat ila ochadi quchoq.

Auditoriya. Yigirma uch qiz –
Yon-atrofga boqadi sergak.
Dalli shoir muallim darsi
Tuyuladi misoli ertak.

Auditoriya. Yigirma uch qiz –
Tabiatning asira nasli.
Yuragiga naqshlab qo‘ymish
Yigirma uch botirning rasmin.

Auditoriya. Yigirma uch qiz –
She’r tinglaydi xayolga tolib.
O‘tib ketar katta tanaffus –
She’r har qanday havasdan g‘olib.

Auditoriya. Yigirma uch qiz –
Ko‘klam bo‘lib ungan tonglarim.
G‘azab, nafrat, ishqni o‘rgatdim,
Rozi bo‘ling, singiljonlarim.

Auditoriya. Yigirma uch qiz –
Yigirma uch qismat domida.
Ash’or so‘rab yo‘qlarmikinsiz
Mangu tanaffuslar shomida?!.

 Muvashshah

Ko‘zda yosh uyg‘ondim har nahor,
Ko‘ksimda muzlagan yaproqlar.
Qaylarda yuribsan, gulbahor,
Olismi sen ketgan qirg‘oqlar?

Qay kunda kelganman tentirab,
Ko‘ksimga sig‘madi bu olam.
Kimsasiz ummonda adashdim,
Ko‘nglingdan joy bergil, muharram!

G‘udrandim, tilimda kishanlar,
To‘zonlar yeb ketdi sasimni.
Ko‘ksimni isitgil, munavvar,
Shivirla qadrdon ismingni!

So‘zlaring bunchalar yoqimli,
Nigohing bunchalar muloyim?
Bo‘ronlar muzlatgan yodimni:
Uyg‘otgil, uyg‘otgil, guloyim!

Nihoyat, ochibdi gul chiroy,
Keldingmi beshafqat yil osha?
Men seni sevaman, hoynahoy,
Yig‘lagim kelyapti, binafsha!

Ko‘zlaring chaqnadi sasimdan,
Horibsan, toliqdim o‘zim ham.
Izn ber, zimiston mavsumda
Qalbingda jon saqlay, azizam!..

Shodmon Sulaymon Hayoti va ijodi haqida >>

Boshqa arboblar >>

Manba