Bosh sahifa » Sherlar » Zavqiy she’rlar to’plami. Zavqiy asarlari. Tarjimai holi

Zavqiy she’rlar to’plami. Zavqiy asarlari. Tarjimai holi

by administrator

zavqiy ijod yo'li

Zavqiy she’rlari:

NASIHAT

Jahonda kamsuxan kim bo‘ldi, asrori nihon bo‘ldi,
Kimiki so‘zladi ko‘p, bilki rasvoyi jahon bo‘ldi.

Nazokat orturay desang, misoli g‘uncha xomush bo‘l,
Nadinkim og‘zini to ochdi gul, bargi xazon bo‘ldi.

Chamanda arg‘uvondek surat oro bo‘lmag‘ing xub yo‘q,
Pisharda mevasiz sharmandadur, sirri ayon bo‘ldi.

Dema mashhur bo‘lmoq yaxshi, bug‘doy danasi pinhon,
Daraxti qildi javlon, sarg‘ayib oxir samon bo‘ldi.

Birodar, ol meni(ng) pandimni, o‘z qadringni sindirma,
Kishi uz izzatini bilmadi, oxir yomon bo‘ldi.

Agar izzat talabsan kamnamolig‘ orzusin qil,
Qayu ajnos bisyor o‘lsa sudi yo‘q, ziyon bo‘ldi.

Sadaflar ko‘p og‘iz ochmak bilan ko‘ksi bo‘lur xoli,
Ki ba’zisi labin kam vo qilib durri yagon bo‘ldi.

Ey Zavqiy, xasta og‘zing kam ochib, ibrat ko‘zing ochg‘il
Ajabkim qo‘l yaqoda yurgudek turfa zamon bo‘ldi.

Zavqiy hayoti va ijodi >>

YUZINGNI KO‘RSATIB

Yuzingni ko‘rsatib avval o‘zungga bandalar qilding,
Yana ko‘nglum olib yuz noz birla xandalar qilding,
Jamoling partavin solib, ajoyib jilvalar qilding,
Masihdek bir boqishda murda jismim zindalar qilding
«Senga men to qiyomat oshno», deb va’dalar qilding.

Qani menga vafoi ahd qilg‘oning, guli g‘uncha,
Qani bulbul sifat oldingda turgonim ochilg‘uncha,
Qani bizlarg‘a hamsuhbat raqiblardek tong otquncha,
Sani dardi firoqing aytib-aytib yig‘lay o‘lguncha,
Na deb ey mehri yo‘q, men xasta qulg‘a g‘amzalar qilding.

Deb erding: kecha-kunduz men seni yoring bo‘lurman deb,
Tikandek suhbatingda bir guli noring bo‘lurman deb,
Jafoni senga oz aylab, vafodoring bo‘lurman deb,
Umidim ko‘p edi, yolg‘iz xaridoring bo‘lurman deb,
Ajabkim xalq ichinda bulhavas deb shikvalar qilding.

Manga mardumlar aydi: berma ko‘ngul bevafo yora,
Seni ovora aylar, ahdi yolg‘onlar, sitamkora,
Vafosi yo‘q, ishonma so‘ziga, sho‘xi jafokora,
Dedimkim, nosiho in’om ko‘pdur oshiqi zora,
Netay, ey bemuruvvat, oxiri sharmondalar qilding.

Tariqi oshnoliqni buzub nomehribon bo‘lding,
Meni jononim erding, emdi kimga jonajon bo‘lding,
Necha kun menga ulfatlik qilib oromi jon bo‘lding,
Ko‘zimni mardumida necha soat mehmon bo‘lding,
Qalandardek tanimg‘a g‘am haririn jandalar qilding.

Kima aytib, kima yig‘lay bu zolim yor jafosini,
Haqiqat qilmasa ma’shuq degan oshiq xatosini,
Hamisha furqatin tortsam, raqib ko‘rsa vafosini,
Qayu Layli sifat mundog‘ qilur Majnun gadosini, ‘
Yuzingni bir ko‘ray desam qo‘lingni pardalar qilding.

Agar bilsam edi begona bo‘lmoq ixtiyoringni,
Boshimg‘a solmas erdim behuda savdoyi koringni,
Hama aytur nechuk qilding, o‘shal mastona yoringni,
Ko‘ngulda ginasi bor, arz qil ahvoli zoringni,
Solib bo‘ynumga hajring zanjirin badkardalar qilding.

Yuragim rahna bo‘ldi, bas qil istig‘noni, jononim,
Firoqing torta-torta yoshligimda ketti darmonim,
Arazingni qo‘yub, lutf aylasang hech yo‘qtur armonim,
Ko‘zim nuri tanimni quvvatisan, ey dil oromim,
Na xo‘b bir necha kun Zavqiy qulingga shevalar qilding.

MEN KIMGA DEY

Dildagi rozimni, ey bodi sabo, men kimga dey,
Sen ko‘ngul sirriga mahram oshno, men kimga dey,
Chekkanimni zulmu, bedodu, jafo, men kimga dey,
Hasratim ko‘p, bir parig‘a mubtalo men kimga dey,
Ishqida kuygan yurak bag‘rim ado men kimga dey.

Qayda zikri shahd etay, shirin maqolimni demay,
Gulni(ng) vasfi yo‘q kerak, ruxsori olimni demay
Sarvlar fikri kerakmas navniholimni demay,
Husn mulkin shohi bo‘lsa arzi holimni demay,
Termulib yo‘lidagi yotgan gado, men kimga dey.

Andalibi bog‘ o‘lub ilhon chekardin tinmadim,
Goh-gohi nolai pinhon chekardin tinmadim,
Savti gulbongi sado nolon chekardin tinmadim,
Gul yuzingni shavqida afg‘on chekardin tinmadim,
Bu chamanda bulbuli dastonsaromen, kimga dey.

Qo‘rqmagan kimdurki oshiqlarni ohi sardidin,
Bestun tog‘idagi Farhodi g‘am parvardidin,
Bu junun sahrosida Majnuni olam gardidin,
Aql nosih, ishq bebok — ikkisini(ng) dardidin,
Ayta olmay hech kimga bu mojaro, men kimga dey.

Soqiyo, sadqang bo‘lay, bir no‘sh tutg‘il Zavqiyg‘a,
Yo‘q, g‘alat derman sharobi xush tutg‘il Zavqiyg‘a,
Rindlar ichra mayi madhush tutg‘il Zavqiyg‘a,
Garchi ikrohi tabiat go‘sh tutg‘il Zavqiyg‘a.
Senga demay arziholim, dilrabo, men kimga dey.

Zavqiy hayoti va ijodi >>

NETAY

Yor kelur zamona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay,
Sarf etarg‘a xazona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Maskani ko‘z ichra desam, mardum aro kalon ekan
Taklif etarg‘a xona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Eski buzuq harobada chug‘zdek ayladim vatan
Bir tuzuk oshyona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Man’ etarga kelmagin, ko‘p emish istixoralar,
Mundin o‘tar bahona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Ta’na zanonlar o‘qlari ko‘ksimizi hadaf qilur,
Qelmagidin nishona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Jur’ai jomi vaslidin bermasa-bermasun menga
Bazmi mayi mug‘ona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Kunduzi partav afkanim bo‘lmasa sham’i anjuman
Va’dasi bir shabona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Jonu ko‘ngulni(ng) torini, soz chekarga shunchakim,
Mutribi xush tarona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Ko‘zni tikib qudumiga tokay o‘lurman intizor,
Ilmasa ko‘zga kulbami, kelmasa-kelmasun netay.

Ishq elini(ng) dodiga solmasa yurtu el quloq
Odili bir zamona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

Ul ko‘zi vahshimiz buyon bo‘lmasa rom ne ajab,
Zavqiyda domu dona yo‘q, kelmasa-kelmasun netay.

MUNCHA KO‘P

Zolim falak bisotida ozor muncha ko‘p,
Inson sharafli nomi bila xor muncha ko‘p,
Har ko‘chalarda qashshoq ila zor muncha ko‘p,
Tarhi jahon binosida badkor muncha ko‘p,
Xo‘qand aro baloga giriftor muncha ko‘p.

Hamrozu do‘st topilsayu jonlar fidosidur,
Orzu shukim: kamina ko‘ngil muddaosidur,
Xush suhbati majruh dilim davosidur,
Maqdami ko‘zuma ayni shifo xoki posidur,
Yo‘q andog‘ anisim, dunyoda ag‘yor muncha ko‘p.

Nodon sevar zamona, dod ilkidin netay,
Boshim olib fig‘on ila yo bir tomon ketay,
Ushbu diyori masxarani emdi tark etay,
Tinmay shikoyat ila yomonga raqam bitay,
Jumla falokat ahlig‘a g‘amxor muncha ko‘p.

Dorilamon bo‘ldi ajab fohishaxonalar,
To‘lmasmi kasofatdin oxiri paymonalar,
Dono ko‘rub bu kulfat o‘tida yonalar,
Qolsin fisqu fujuri boshidin ordonalar,
Qarg‘ishga nishon benomusu beor muncha ko‘p.

Ilmu hunarlar o‘rnig‘a puldor to‘ng bo‘yin,
Uch-to‘rti yig‘ilib qilishur it kabi o‘yin,
Ehson g‘aribg‘a yo‘q, shohona qilur to‘yin,
Aytsa ado bo‘lmas, sira minba’d fe’lu xo‘yin,
G‘ussa dilim sharh aylasam asror muncha ko‘p.

Qishloq eli shaftoli qoqi, non topolmagay,
Kiygan libosini tortsa (belini) yopolmagay,
O‘ldi sovuqda ko‘pi och, o‘tun yoqolmagay,
Ko‘rdiki bu mashaqqati hargiz yo‘qolmagay,
Qish chillasida yozga umidvor muncha ko‘p.

Kim tashna yer uchun, kimida ikki-uch haram,
Birovi bevatanu birovda bog‘i eram,
Birovni(ng) so‘zi zulfiqor, birovni(ng) qaddi xam
G‘addor falak, doim ishing bo‘ldi beshu kam,
Kajdor zamona, dog‘uli makkor muncha ko‘p!

Birov siymu zar ila o‘limdin omon bo‘lur
Yetib murodg‘a biri hakimi zamon bo‘lur,
Aqcha uchun kishi rohizan yomon bo‘lur,
Bechora kosib ahlig‘a, bilgil, ziyon bo‘lur,
Nohaq qon to‘karga bosmachi xunxor muncha ko‘p.

Derlar birov ulug‘u birini(ng) past taqdiri
Biri to‘qu biri och, balolarni(ng) sobiri,
Inson sharafli nomida emasmi har biri?
Yoxud ona tuqqanida bo‘lganmi bir siri,
Yolg‘on e’tiqod ila bid’at shior muncha ko‘p.

Zavqiy, kim aydi, muncha shikoyati daroz qil,
So‘zni muxtasar aylab, iboratni oz qil
Kim zimiston ko‘ngillarni bahoru yoz qil,
Qad rost turub, so‘z bila elni sarafroz qil,
Aitmay desang, munosibi ash’or muncha ko‘p.

KAJDOR, EY ZAMONA

G‘addor falak sitam nishona
Kajdor, mariz, ey zamona!

Yaxshi hama dahr aro nigunsor,
Har yerda rivojdur yomona.

Hech kambag‘al o‘lmagay qarindosh,
Boylarni birov demas begona.

Pul bo‘lsa kifoya, mayli dushman,
Bepul qaramaydi do‘st jona.

Zog‘u zag‘ani yuribdi ozod,
Bulbulga qafas berur zamona.

Inson sharafila qadrsizdur,
Hayvon jasadila mardumona…

Sardorlar o‘ldi bexiradlar
Aql ahli yuragi to‘ldi qona.

Ey tez zabonu mardum ozor,
Qil fikr, ne ish erur chayona?

El ta’nida shikvai zamondin
Zavqiy ishing o‘ldi bu fasona.

SHOHIMARDON XOTIRASI

Bu ravzaga kimki kelib,
Bir kechasi mehmon ekan.
Umrida bir ko‘rgan kishi
O‘lganda bearmon ekan.

Ikki tarafdin soy deng,
Ko‘m-ko‘k musaffo choy deng,
Har dam ichib hoy-hoy deng,
Obi hayoti jon ekan.

Osmonga qo‘ygan nardbon,
Chiqsang tamosho bir jahon.
Nahri ulug‘, har so‘y ravon,
Ko‘rmakka ko‘z hayron ekan.

Keldik yetib mohi rajob,
Har kim ko‘rar aylar ajab,
Na pors ko‘rgan, na arab,
Bir jannati rizvon ekan.

Boloda tang-tang ko‘chalar,
Turg‘ayki, shayxu xo‘jalar,
Kelsa tovuq ham jo‘jalar,
Yozmoqda dasturxon ekan.

Bad shaklu bal xo‘, badiamo,
Botinda kiyna, fisq riyo,
Kim uchrasa shilqim gado
Sulloh ozori jon ekan.

Sahni ajoyib xush havo,
Ham ruhparvar, jon fizo,
Xushbo‘ ko‘ringay har giyoh,
Jambil bilan rayhon ekan.

Kabiklari bo‘ynin cho‘zib,
Yuz sovt ila nag‘ma tuzib,
Bulbul navolar ko‘rguzib,
To‘tisi xush ilhon ekan.

Bo‘lsa kerak bul tog‘lar,
Kam-kam chiroyli bog‘lar,
Hech kimsa ko‘rmas dog‘lar,
Ko‘ngli aro qolgan ekan.

Zavqiy kelib ko‘p turmadi,
Tursa rafiqlar qo‘ymadi,
Oyo nasiba bo‘lmadi,
Ehromi uchqo‘rg‘on ekan.

Zavqiy hayoti va ijodi >>

Boshqa she’rlar to’plami >>

Manba >>

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Attestatsiya
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x