Bosh sahifa » Sherlar » Iqbol Mirzo she’rlari. She’rlar to’plami. Iqbol Mirzo haqida

Iqbol Mirzo she’rlari. She’rlar to’plami. Iqbol Mirzo haqida

by administrator

Iqbol Mirzo sherlari

Iqbol Mirzo she’rlari

Iqbol Mirzo haqida, tarjimai-holi >>

MEN O’ZIMNI YENGDIM

Men o’zimni yengdim – seni unutdim.
Yana bakor keldi kuchli irodam.
Yana gul hayotga yuzimni tutdim,
Yana el qatori odamman, odam.

Ammo yo’l qo’ymayman unutishingga,
Chekkan jabrim uchun tortgaysan jazo.
Kechalar sharpadek kirib tushingga
Eslataveraman men – Iqbol Mirzo.

Kitob muqovasin eshikdek ochib,
O’rnashib olaman fikru o’yingga.
Qaygayam borarding zamondan qochib,
Qo’shig’im bostirib kirar uyingga.

Abadiy tirikdir shoir qarg’ishi,
Men yutsam, seni deb iztirob yutdim.
Alvido! Buyog’i xudoning ishi,
Men o’zimni yengdim – seni unutdim.

BIR KUNI

Bir kuni daraxtni tark etar yaproq,
Yalang’och novdalar titrar asabiy.
Visol oqibati hijrondir, biroq,
Faqat biz birgamiz, jonim, abadiy!

Bir kuni o’zanin tashlaydi daryo,
Sahrolar gul bo’lar, vodiylar — sahro.
Yelkamdan ketmaydi xushbo’ying aslo…
Faqat biz birgamiz, jonim, abadiy!

Bir kuni yulduzlar uchar poyma-poy,
Sayyoralar topar o’zga joydan joy.
Bir kuni Zaminni tashlab ketar Oy,
Faqat biz birgamiz, jonim, abadiy!

Bir kuni o’zidan tonar Kun ayon,
Lahzada ruh bilan vidolashar jon.
Faqat sen ketmaysan mendan hech qachon!
Faqat biz birgamiz, jonim, abadiy!

SHOGIRD

Ustozga gul tutgan ba’zi nokaslar
Musht ko’tarib kelar shogird qasdiga.
Ustozga tishlari o’tmagan pastlar
Shogirdga tashlanar xumorbosdiga.

Hayot chidaganga chiqqan, jon jo’ra,
Kimning mushti, kimning yuragi qadoq.
Hayot maktabida ustozdan ko’ra
o’animlari saboq berarkan ko’proq.

Iqbol Mirzo haqida, tarjimai-holi >>

BAHORNING ILK KUNI

Bahorning ilk kuni – birinchi martda
Seni uchratgandim birinchi marta…

Hovuridan tushdi qahraton qahri,
Tumanday tarqadi izg’irin zahri.

Bahorning elchisi bo’lib turarding,
Nafis tarovatga to’lib turarding.

Ammo atrofingda anov birovlar,
Ivirsib yurardi ko’ngli qirovlar.

Ha-da, turqi sovuq, qish bandalari,
Bor-ku ishqdan ozod ish bandalari.

Gullayotganimdan hayron edilar,
Obodligim ko’rib vayron edilar.

Ammo naylayinki, asling bilmasdim,
Naylayinki, ko’ngil fasling bilmasdim.

Bilmasdim, borligim sezdingmi, bahor?
Intizor, zorligim sezdingmi, bahor?

Ammo avaylayman shu shirin dardni,
Ilk marta gul tutgan birinchi martni…

QAYDADIR

Jonki, topolmas oromin, oromu jonim qaydadir?
Oromni jondan ayirgan oromijonim qaydadir?

Ozoridan ming o’rgilib, ketmas edimku qoshidan,
Endi degayman o’rtanib, qoshi kamonim qaydadir?

O’tdimi davrim debon dardim ziyoda kun sayin,
Davru davron gultoji avvalzamonim qaydadir?

Poyiga gullar sochib, jonim poyandoz yo’liga,
Ruhimi tez aylagan ruhi ravonim qaydadir?

Necha oy xufton dilim, tundek qorong’u kunduzim,
Ko’nglima yog’du sochar mohi tobonim qaydadir?

Kim so’rar ishqda tovon, boshdan tovonim bo’ldi cho’g’,
Yor demas, so’rmaydi hech ul notavonim qaydadir?

O’zlari yaxshi, vale so’zi yomondir bunchalar,
Iqboling der, ey xudo, yaxshi-yomonim qaydadir?

Iqbol Mirzo haqida, tarjimai-holi >>

QARZ

Uyoqdan olib buyon
Uzatyapsan tinmasdan.
Ey simyog’och, foizga
Qarz oldingmi bilmasdan.

KO’HNA HAQIQAT

“Zo’rdan zo’r chiqadi!”, hayqirdi kimdir,
“Zo’rdan zo’r chiqadi!”, dedi havoyi.
“Haq gap!” tizzasiga mushtladi Temur,
“Ma’qul!”, deb jilmayib qo’ydi Navoiy.

KAMMI?

Kuyunchagim, kuyunma,
Kuyib ketganlar kammi?
Diydorga to’ymay jondan
To’yib ketganlar kammi?

Yormozorda yor qator
Armon quchoqlab yotar.
Boshiga sochib tuproq
Uyib ketganlar kammi?

Kimgadir juftihalol,
Vale tolei uvol,
Gul umrini kelida
Tuyib ketganlar kammi?

Yurak-bag’ri ezilib,
Kiprikka yosh tizilib,
Yor ismini o’g’liga
Qo’yib ketganlar kammi?

Ko’nglimni buzma, endi,
Ko’nglimni ezma, endi,
To’ydan keyin erini
Suyib ketganlar kammi?

O’ZINGDAN OLDINDA YUR

Jamla, yig’vol o’zingni,
O’zingni mustahkam qur!
Berib qo’yma tizginni,
O’zingdan oldinda yur!

Davr chopsin izingdan,
Cho’g’ sachrasin so’zingdan.
Ortda qolma o’zingdan,
O’zingdan oldinda yur!

O’v, bola, demasinlar,
Tez bo’l-a, demasinlar,
E, o’l-a, demasinlar,
O’zingdan oldinda yur!

Qadamlarni sanama,
On, damlarni sanama,
Odamlarni sanama,
O’zingdan oldinda yur!

Haq yo’lin tutay desang,
Odamday o’tay desang,
Bobongga yetay desang
O’zingdan oldinda yur!

BOLA-CHAQA

“Men ketdim!” — dedi Shiroq,
Bu so’nggi qaror edi.
Sen ham borarding, biroq
Bola-chaqang bor edi.

Tug’ ko’tardi Er To’nga,
Ketdi Zarafshon bo’ylab.
Sekin qaytding ortingga
Bola-chaqangni o’ylab.

Bola-chaqa deb sotding
Yovga Yurt og’asini.
Ichkaridan qulatding
Toshkand darvozasini.

Sen ham odamsan nahot?
O’rning yo’g’u bordaysan.
Do’ppi tor kelgan zahot
Bola-chaqam bor deysan.

Quritardim zotingni,
O’tirmasdim she’r so’ylab.
Aytolmayman otingni
Bola-chaqamni o’ylab…

ME’YOR

Yomg’ir me’yoridan oshmasin, illo,
Yog’in aylanmasin jalaga, selga.
Obi hayot boshga bo’lmasin balo,
Obi rahmat kulfat sochmasin elga.

Ilohim, haddidan oshmasin shamol,
Epkin aylanmasin dovul, bo’ronga,
Bug’doypoyalarim topmasin zavol,
Zahmatlar yetmasin dehqon, cho’ponga.

O’choqqa mos bo’lsin o’tin va qalov,
Turmushga zarurat gulxan erta-kech,
Lekin o’chog’idan toshmasin olov,
Yeru ko’kni tutun qoplamasin hech!

Me’yorida shirin nozu ne’mat ham,
Evi bilan bo’lsin erkalik, sho’xlik.
Hech qachon haddidan oshmasin odam,
Bugun shunga bog’liq borlik yo yo’qlik.

BULOQ

Buloq ko’zyoshining asl asosi
Anov cho’qqilarda, tumanli tog’da.
Mening g’ussalarim manbai, rosti,
O’smirlik yoshimda, juda yiroqda.

Buloq ko’zyoshidan tiniqib ichib,
Chanqog’i bosilib, yo’lchi minnatdor.
She’rlarimni o’qib, yorishib ichi
Yana sevib qopti, deguvchi ham bor.

Iqbol Mirzo haqida, tarjimai-holi >>

MAKTUB

Sendan maktub oldim: bo’m-bo’sh bir varaq,
Yurak sensiz bo’m-bo’sh deganingmi bu?
Yoki oq niyatga yozuvsiz bir sharh,
Yoki bo’sh ko’nglimga tutdingmi ko’zgu?

Yoki muz o’lkasin eslatib shundoq
Yodga solmoqchisan qish-qahratonni?
Yoki sovuganman dedingmi mutloq,
Behuda o’tlarga solma deb jonni.

Menga xat yoz degan bo’lsang, ehtimol…
Ipak qog’ozingga labimni bosdim.
Ko’chamda shovullab oqarkan shamol,
Sening maktubingga shu she’rni yozdim.

Манба: “Китоб дунёси” газетаси 09.04.2014 й. 7-сон

Iqbol Mirzo haqida, tarjimai-holi >>

Manba

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x