Bosh sahifa » Sherlar » Sher Abdulla tomonidan yozilgan she’rlar

Sher Abdulla tomonidan yozilgan she’rlar

by administrator

Sher Abdulla tomonidan yozilgan she'rlarSher Abdulla tomonidan yozilgan she’rlar to’plamini e’tiboringizga havola etamiz. Ushbu Sher Abdulla tomonidan yozilgan she’rlarni o’qing va zavqlaning.

Men shoirman, Yegishe Charents…
Yegishe Charents

Men shoirman, men — Abdulla Sher,
Barloslarning sarkash farzandi.
Aytgil Osmon, aytgil ona Yer:
O’z asrimga menmi asrandi?!

Dedilarki: «Zo’rdir ganj kuchi,
Egilib ol, unda shon, mulk bor!»
Egildimu, qalamim uchi
Yuragimga qadaldi ilk bor.

La’nat aytib bunday ustozga,
Tutdim, shunday, yo’llar baridan.
Ko’klamlarni yetaklab yozga,
Chiqmoq bo’ldim Vaqtning qa’ridan.

Yuksaklar deb yondim oshufta,
Somon yo’li hushimni oldi.
Ammo kiprik sanchilgan shiftda
Chatnab ketgan yosh yulduz qoldi.

Qah-qah urdi umr bo’shlig’i,
O’t qo’yganda orzuga armon.
Yallig’langan yillar qo’shig’i
Yondiradi bo’g’zimni hamon.

Men yonaman: na yov, na do’stim
Qoraytolgan ufqimni yerda.
Men olovman: zulmatni to’sdim, —
Vatanim deb cho’g’landim she’rda!

Sher Abdulla biografiyasi

MUQADDIMA

Qishga to’qiy deya qasida
Do’st tutindim bugun osmonga.
Oq faslning hikmat darsida
Boqdim umr degan karvonga.

Fasllarni oralab o’tgan
Shu karvonga yana yuk ortdim.
Balki, menmas, o’zgani kutgan
She’riyatning yengidan tortdim.

Kulib boqdi menga she’riyat,
Ranglarini ko’rdim bor-yo’qning.
Chulg’adi-yu olovli niyat,
Tafti bo’ldim qordagi cho’g’ning.

Qorga o’rab ilhomni, qishjon
Keltirganda yashnadi baytim.
Men kuyladim, engashdi osmon,
Osmon bo’lib qo’shiqlar aytdim.

* * *

Surmarang sohillarda
Quyosh botar, tong otar,
Ranglar yastanib yotar
Surmarang sohillarda…

Surmarang sohillarda
Xayoldek yurt depsinar,
Xayollar unga minar
Surmarang sohillarda…

Surmarang sohillarda
Ot qo’ydim-u men bot-bot,
Qolib ketdim umrbod
Surmarang sohillarda…

Surmarang sohillarda
Yashayman ming-ming yilkim,
Rangman, xayolman – men jim…
Surmarang sohillarda…

Surmarang sohillarda…

Toshkent, 1974

OZOR

Abdulla Qodiriy xotirasiga

«Otabekman, Kumushim eding,
Ikki dapqir topib, yo’qotdim.
Baxtdan olgan ulushim eding.
Zamon bizni qabrga sotdi.

Men sevardim, sevardim tanho,
Yuragimni yulib oldilar.
Bir sen eding menga bor dunyo,
Bor dunyoga zahar soldilar…»

Hazin-hazin ingraydi oyat
Sassiz, vazmin qabriston aro.
Shamolda ham g’amgin rivoyat,
Tun – bir dunyo qop-qora navo!

«Kumush!.. Kumush!…» degan bir faryod
Uchar… uchar… Qo’nmoqqa joy yo’q.
Yeru ko’kda faqat o’sha dod,
Yulduz unut, hattoki oy yo’q…

Qabristonga tushganda yo’lim,
Men shu g’amgin holni ko’raman.
Fotihaga ochilur qo’lim,
Bir dam tizim bukib turaman.

Ammo bunda na Kumush qabri,
Na Otabek faryodi bordir.
Qabriston ham o’zga-yu, jabri –
O’sha-o’sha, dilga ozordir:

Parichehra Kumush yotadi,
Aylanadi Zaynab soyasi,
Tizzagacha yerga botadi
Otabekning mung-hikoyasi.

Chinoz, 1969

YOZ

Qoq tungacha qiynar dim havo,
Olisdadir salqin yulduzlar.
Tolg’in navo, toliqqan navo
Yuraklardan qo’nimgoh izlar.

Kunduzlari tillashib yoniq
Quyoshu Yer sansirashadi.
Quloq tutsang, tinglaysan aniq
Dalalarning hansirashini.

Goh arava o’tsa irmoqdan
Ko’prik suvni to’ldirar xasga.
To’ntarilgan targ’il puchmoqdan
To’kiladi alanga pastga.

O’rimini kutar bosh egib,
Paykallarda quyuq, sara don.
Peshindan so’ng ufqqa tegib,
Qaytib kelar yana saraton.

Jo’xorizor mudraydi beg’am,
Suratdagi ko’k ko’lga o’xshar.
Hansiragan sarg’imtil olam
Chidolmasdan go’yo po’st tashlar.

Shoshmas hatto dala arig’i,
Daqiqalar o’tar o’rmalab.
Jivir-jivir quyoshning tig’i
Kirib borar yerni parmalab.

Namozgarda shovqin uyg’onib,
Yana osmon taranglashadi.
Yolg’iz bulut g’urubda yonib,
Olov bilan rang talashadi.

So’ng tun bo’yi qiynar dim havo,
Parvo qilmas salqin yulduzlar.
Tolg’in navo, toliqqan navo
Yuraklardan qo’nimgoh izlar.

Toshkent, 2002

Sher Abdulla biografiyasi

RUH

Ustoz Shayxzoda xotirasiga

Tug’ilganda men yig’ladim – kuldilar,
Men endi jim! – Yig’lashadi xo’p ular.
Oppoq yuzim, qonsiz yuzim, jonsiz tan,
A’lo to’nim – oppoq kafan.
Tebranadi, uh!.. Uzlatning beshigi,
Bordir uning na tuynugi, eshigi.
Bora-bora qisqaradi so’ng yo’lim,
Iskandarday ochiq borar, eh, qo’lim!..
Bu odamlar nega muncha shoshadi?!
Menda g’azab toshadi!..
O’rgatishib mahshargacha sabrga,
Vujudimni qo’yishadi qabrga.
Tebranadi mungli-mungli oyatlar,
Tebranadi ming-ming yillik odatlar,
Tebranadi tengdoshlarim saflari,
Notiqlarning biyron-biyron gaplari…
Shoshmang-shoshmang! Tosh qo’ymangiz ustimga,
U og’irlik qilur bugun jismimga,
Tiriklikda xo’p toshlarni ko’tardim,
Toshlar qadar ko’z yoshlarni ko’tardim!..
…Tarqaldilar…Yarim tunda turaman,
Asta-asta, ko’lankadek yuraman,
Avlodlardan umidimni uzmayman,
Ammo
Tinchin buzmayman.
Uzoq-uzoq tilsiz boqib turaman
Va ularning har birida ko’raman:
Quvonchimni, alamimni,
Qo’limdagi qalamimni,
To hanuzam yonib turgan shamimni.
…Tun –
Kirarkan kafanimning rangiga,
Quloq solib tiriklikning zangiga,
Men ko’nglimni zo’rg’a uzib ketaman,
Tongotarda maskanimga yetaman,
Maskanimga!
Maskan…
Ha…

Chinoz,1968

BIBIXONIM HAQIDA BALLADA

Mahobatli, cho’ng masjid aro
Harir parda ortidan yonib,
Qur’on o’qir bir baxti qaro,
Qur’on o’qir rutbadan tonib.

Asir aylar munglug’ munojot,
Asir aylar qo’ng’iroq ovoz.
U tilaydi Tangridan najot,
U so’raydi bir farzand xolos.

U so’raydi, tinmay so’raydi,
Xotirini etmaydi malul:
Yo’rgaklarga quvnab o’raydi
Lo’ppi-lo’ppi xayollarni ul.

«Omin!», degan paytida, biroq,
Hovuchidan to’kilar shuv-shuv
Tashna taqdir labidan yiroq, –
Qaro yerga eng aziz orzu.

Xo’jasiga yig’lar dilpora:
«Qon to’kmangiz, begim, begunoh;
Gunohimiz kechsayu zora,
Farzand bersa bizlarga Alloh!»

Janggohlarga ketsa jahongir,
Insof tilab yig’lab qolar u.
Kundoshlarning o’g’lini bir-bir
Yoqasidan solib olar u.

Unga hurmat, unga tavoze:
Bibixonim atarlar uni,
Malikamas, ayol ovozi
Yangrar, lekin, har jum’a kuni, –

Olti yuz yil ul sas shikastband,
Olti yuz yil og’riydi jonim,
Olti yuz yil, tingla, Samarqand,
Farzand tilar Saroymulkxonim!

Toshkent, 1988

SHOIRLIK MANZARASI

Hanuz she’r yozishni bilmayman.
Mirtemir

Faslin izlab, goh telbanamo,
Kuzda meva tukkan olmadek,
Shoirlikni o’rgandik, ammo,
She’r yozishni o’rganolmadik.

Qichqirganda bir so’zni tomoq,
O’zga so’z deb yurak patrlar.
Qalbda, garchand, yashnasa ham oh,
Kulib turar bizning satrlar…

Boq, g’ichirlab qadimiy eshik,
Asta chiqib ketadi ilhom…
Qaerdadir chinqirar beshik,
Yulduzlarni to’sib turar tom…

To’ytepa,2009.

MANZARALI DARAXTLAR

Savlat to’kib yashaydi manzarali daraxtlar
Xiyobonu ko’chalar, ziyoratbop joylarda.
Har saharda farroshlar suv sepishar, yaraqlar –
Changga botgan barglari yoz-yog’insiz oylarda.

Pechaklarning sevgisi ularga yot bir umr,
Atrofida unmaydi biror begona giyoh.
Suvlar ham loyqa emas, urug’ tashimas bir qur –
Beton ariq bo’yida silkinmas yalpiz, qiyoq.

Ularning taglarida o’ynamas pari, jin ham, –
Namozshomda bolalar o’tmas hovuchlab yurak.
Qarisa ham kesmaslar, qilishmagay sarjin ham, –
Gazga serob shaharda o’tin-cho’p kimga kerak!..

Qanday betashvish hayot! Ulardek baxtiyor yo’q,
Fonuslar qo’shig’ini tinglashar kechalarda.
Hamma narsa muhayyo, parvarishdan ko’ngil to’q,
Quyoshni qarshilashar markaziy ko’chalarda.

Biroq gohi-gohida yashil tillari bilan
Buyuk armon dostonin kuylaydilar shamolga;
Orzuning barcha uchun ochiq yo’llari bilan
Ezgu bir manzarani keltirishar xayolga:

Olis kengliklar aro yashnar bog’ degan hayot,
Yashar bir-birin suyab unda o’zga daraxtlar;
Oy nurida tovlangan mevalari – zurriyot,
Daraxtlik taqdirida gavhar kabi charaqlar.

Toshkent, 1977

ULUG’BEK

Tomirida bir payt chopgan qon
Xanjar tutib yugurgach, hayhot,
Yulduzlarni bolam deb sulton
Uchib ketdi ko’kka beqanot.

Toshkent, 1987

BAYRON

Har so’zi tarixni yangratgan bir bong, –
Shunday ulkan edi shoir qismati!
Bu qadar ulug’vor Mangulik, ne tong,
Zamon deb atalgan Vaqtga sig’madi.

To’ytepa, 13.08.09

Sher Abdulla biografiyasi

FARD

Nurni kesmoq bo’lsang, bilib qo’y, johil,
Bir nurdan ikki nur qilasan hosil!

To’ytepa, 2008

* * *

Dekabrning so’nggi kunlari
Yelkadagi qorni to’kdilar
Va bulutlar, pastlab tunlari,
Oq tuyadek yerga cho’kdilar.

Qulog’imiz, garchand, eshitmas
“Cho’k!”, “Cho’k!” degan odatiy sasni,
Lekin, his qilamiz, muqaddas
Bir osmoniy sirli nafasni.

Dov-daraxtlar qunishib uxlar,
Kengaygandek tuyular shudgor.
Ko’kka qarab go’yo “Uh-uh!”lar
Bug’ ufurgan qoramtir anhor.

Tark etgandek g’amlar dunyoni
Barcha tundlik bo’lar badarg’a.
Yer taratgan oppoq ziyoni
Qutlar hatto qop-qora qarg’a.

Ko’tarilar qalbdagi pilik,
Tongga o’xshab yorug’lashar shom.
Shukronalik, ajib sokinlik
Baxsh etadi ilohiy orom.

* * *

Oppoq qor zo’r kelar oppoq qog’ozdan,
Ko’zimni avraydi tun sukunati.
Yulduzlar jaranglab kuylar ayozdan
Joyiga qo’yishib qishning hurmatin.

Nedandir xushnuddek yaraqlar oy ham,
Sezdirmay tebranar ko’kish soyalar.
Oydinda mung’ayib, turgandek bu dam
Shudgordan bebahra g’o’zapoyalar.

Kamtarin tovlanib falak nuridan,
Imlagandek bo’lar men sog’ingan qor.
Sehrli olamga yurak to’ridan
Asta tushib kelar qalbdagi bahor.

Ulug’vor sukunat, go’zal sukunat
Tinglar-u qalbdagi bahor-ovozni.
Uyqusiz shoirga ko’rsatib himmat,
She’rga aylantirar oppoq qog’ozni.

* * *

Uch kundirki, qor yog’ar tinmay,
Tiq etmaydi dalayu bog’lar.
Ustimizdan kular ko’rinmay
Bulutlarni qo’yvorgan tog’lar.

Qanday xursand edik ilk qordan,
Mo»jizadek go’yo har uchqun.
Tuyulgandek endi qor nordon –
Sal tirishib boqamiz bugun.

Odamzodning fe’li qiziq-da:
Nimadandir g’ashdek yashaydi.
Yashab turib bitta chiziqda,
O’zgasini chiza boshlaydi.

Zerikadi o’zidan hatto,
O’zgarishni kutar har kundan.
Ehtimolki, rahmdil Xudo
Fasllarni o’zgartar shundan!

* * *

Qahraton qish. Yopiq ayvonda
O’n to’rt yashar ikki sinfdosh
O’ltiramiz ikki tomonda
Daftar-kitob uzra egib bosh.

Tanchadagi issiqbaxsh qo’rdan
Huzur olar oyoqlarimiz.
Ammo qay kun shunday payt birdan
Chirmashdi-yu barmoqlarimiz,

Titrab ketdi oyoqlar emas,
O’sha onda, bor vujudimiz.
Qisqa-qisqa oldig-u nafas,
To’xtab qoldik dars qilishdan biz…

Qishlar o’tdi. Tugadi maktab.
Hayot darsin o’ta boshladik:
Yigit va qiz, ikki xil hatlab,
Yot olamga qadam tashladik.

Taqdir ekan. Bizni har tomon
Olib ketdi oyoqlarimiz…
Lekin quchar yodimda hamon
Bir-birini barmoqlarimiz.

* * *

Ko’kdan paxta to’kilgandek etaklab,
Hovlilarda paydo bo’ldi oq xirmon.
Uzoqlardan Qorqizini yetaklab
Yangi yil ham yo’lga chiqdi biz tomon.

Tuni bo’yi gullar chizib oynaga,
Rassomlikka da’vo qilar darchalar.
Mehmon bo’lib kiraman der xonaga
Tog’dan tushib kelayotgan archalar.

“Qorbo’ron”da g’olib chiqar yigitlar
Achchig’idan qizlar yuzi loladir.
“Kap-kattasiz!..” deya qilmang o’gitlar
Qor qo’ynida hamma bugun boladir.

Shu sababli qorni suyub, o’ynaymiz
“Erta” degan so’zga ishni biz yuklab.
“Yashash go’zal!” deymiz, sevib to’ymaymiz
Sevgi sirin bilmasak-da tuzuklab.

Garchand hali sovug’i bor bu qorning,
Lekin chilla do’q ursa ham kulamiz:
Qor ostida yashayotgan bahorning
Ovozini eshitgandek bo’lamiz.

QOR YOG’ADI GUPILLAB

Qor yog’adi gupillab,
Tinim bilmasdan uch kun.
Yuzlarni lovillatar
Ko’kdan tushgan har uchqun.

Qor yog’adi gupillab,
Kiy, jonim, oq po’stinni,
Qo’ltiqdan ol qorqizdek
Bir umrlik do’stingni.

Qor yog’adi gupillab,
Oyoq osti g’ichirlar.
Go’yoki oppoq olam
Sevishing deb pichirlar.

Qor yog’adi gupillab,
O’t yonar ikki tanda.
Quvib bir-birimizni,
Sirg’anamiz yetganda.

Qor yog’adi gupillab,
Yiqilamiz “Voh!”lashib,
Bir zum shu bahonada
Yotamiz quchoqlashib.

Qor yog’adi gupillab,
Bu damlar naqadar soz!
Bizni ko’kka uchirar
Ishq degan sirli parvoz.

Qor yog’adi gupillab,
Yodga solib “yor-yor”ni:
Qor qo’ynida ikki gul
Eslatadi bahorni.

* * *

Ezg’ilama etiging bilan,
Qo’y, bechora begunoh qorni,
Nima foyda, ayt, yer chizgandan –
Biz yo’qotdik, boy berdik borni.

Topishdi-yu bahorda ko’zlar,
Xo’shlashmoqda qish orasida.
Aytilmagan eng zarur so’zlar
Qolib ketdi tish orasida.

Yuzlarimni tirnar izg’irin,
Boray endi. Ortiq netaman?
So’ng bor tashlab senga ko’z qirin,
Oq dunyoga singib ketaman.

Sher Abdulla biografiyasi

QISH TUNI HAQIDA BALLADA

Kamin ichra guvillaydi qish ashulasi,
Yuzing bilan rang talashar olov shu’lasi.

Men jim. Sen jim. Ikkimizda ikki xil xayol.
Ko’z oldimda lovullaydi o’zga bir ayol.

Lolazorda hilpiraydi qizil durrasi,
Atrofida aylanadi Yerning kurrasi.

Faqat yolg’iz. Juda yolg’iz. Yonida yo’qman:
Gulxanidan chetga chiqib, kul bosgan cho’g’man.

Sen so’zlaysan. Anglolmayman. So’zlaring
boshqa.
Qarab-qarab qo’yasan-u, ko’zlaring boshqa.

Biz bilamiz: men boshqacha, sen ham boshqacha,
Boshqa-boshqa yashab keldik to shu yoshgacha.

Juda uzoq yashadik biz, ikkimiz birga
Tushunolmay hayot degan qadimiy sirga.

Sug’urmadik birgalikning eski g’ishtini,
Uyimizni tutib turar go’yo qish tuni.

Bari endi shundoq qolgay, endi foyda yo’q, –
Biz izlagan Anqo qushi hech bir joyda yo’q.

Susayadi vaqti bilan kaminda olov,
Palyon tashlab qo’yaman, bas, gurillar lov-lov.

Yana palyon, yana palyon… Yorug’ va issiq,
Tavba, kamin buncha bizga o’xshaydi, qiziq!..

Isinay deb biz har doim olovga boqdik,
Palyon qilib ne yillarni birma-bir yoqdik.

Qismatimiz juda o’xshar qish tuniga, boq:
Sovuqqina, zerikarli va lekin oppoq…

Bir-birovga tikilgandek bo’lamiz ko’zsiz,
Bir-birovni tushungandek bo’lamiz so’zsiz.

So’ngra asta yo’l olamiz yana yotoqqa
Sig’aylik deb ikki dunyo bitta quchoqqa.

Armonlarni ichki kiyim qilib yechamiz,
Kiyimlarsiz isisin deb uzoq kechamiz.

Qayirgancha xotiraning kekchi mushtini,
Yana bir kech qutqaradi bizni qish tuni…

* * *

Bahorda topganni qishda yo’qotdim,
Fasllar qo’ynida qolib ketdi baxt.
Xo’shlashgan kunimiz terakdek qotdim,
Meni qavmim dedi yalang’och daraxt.

Qorginam, qorjonim, sen ketding erib,
Erimoq istar-u eriy olmas dil.
Mana, yangi yilga men keldim kirib,
Ammo olib qoldi uni eski yil.

Qorginam, qorjonim sen ketding erib,
Nega erimaydi xotiralarim? –
To’kilgan yulduzdek olaman terib:
Faqat ular siniq, darz ketgan, yarim…

Sher Abdulla yozilgan she’rlar manzur bo’lgan bo’lsa marhamat boshqa shoirlarning she’rlarini o’qib chiqing.

Boshqa arboblar she’rlari

Manba.

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
1 Fikr
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
Beyza

Maza qlib wer oqiyotudm 🥺Sayt zur

Last edited 11 months ago by Beyza

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
1
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x