Bosh sahifa » Tarixiy obidalar » Samarqanddagi Mirzo Ulug’bek rasadxonasi tarixi va fotosuratlari jamlanmasi.

Samarqanddagi Mirzo Ulug’bek rasadxonasi tarixi va fotosuratlari jamlanmasi.

by nafisa nafisa

Samarqand – Mirzo Ulug’bek rasadxonasi.Ushbu muzey 1964-yilda Samarqand shahrida tashkil etilgan.

Samarqanddagi Mirzo Ulug'bek rasadxonasi tarixi va fotosuratlari jamlanmasi.

Mirzo Ulug’bek rasadxonasi.

Tariximizdan ma’lumki Mirzo Ulug’bek 1409 yilda taxtga kelib shaharni yanada obodonlashtirilishi Movarounnahrning ilmiy va madaniy markazi bo’lib qolishini ta’minladi. U matematika, astronomiya fanining eng ilg’or olimlarini Samarqandga chorladi, rasadxona qurishga farmon berdi. 1424-1428 yillar mobaynida Samarqand shahrining shimolida Obirahmat arig’i bo’yidagi Ko’hak tepaligi bag’rida jahonga mashhur Mirzo Ulug’bek rasadxonasi qurildi. Bungacha falakiyotni kuzatuv ilmiy ishlari 1417-1420 yillarda qurilgan (hozirgi Registon maydonidagi) Ulug’bek madrasasida olib borilgan.

Rasadxona silindr shaklida uch qavatli, balandligi 30 m dan iborat ulkan bino bo’lib, unda radiusi 41 m li gigant kvadrant bo’lgan. Kvadrantning janubiy qismi yer ostida joylashgan bo’lib, qolgan qismi shimol tomonda yer sathidan 30 m baland bo’lgan.

Mirzo Ulug’bekning vafotidan keyin uning ilmiy ishlari bir necha vaqt davom etib, keyinchalik rasadxona vayronaga aylangan. Hatto rasadxonaning joyini aniqlashni imkoni mushkul masala edi. 1908 yilda Samarqandlik o’lkashunos olim, arxeolog V. L. Vyatkin (halq orasida Vosi aka nomini olgan) Samarqandlik olim Abu Sa’id Mahzum bilan hamkorlikda Bobur Mirzoning «Boburnoma» va Abu Tohir xojaning «Samariya» nomli tarixiy asari hamda vaqfnoma xujjatidagi ma’lumotlarga asoslanib, rasadxonaning joylashgan joyini aniqlashga muvofiq bo’ldilar. 1908-1909 yillarda qazish ishlari olib borildi, bu esa butun dunyo olimlarining diqqat-e’tiborini o’ziga jalb etdi. Qoyani o’yib qilingan chuqurlikda marmardan yasalgan ikkita parallel yoy, meridian radiusi 41 m ga teng bo’lgan juda katta kvadrat(qurilma)ning bir bo’lagi topildi.

1946-1948 yillarda O’zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix va arxeologiya institutining ekspeditsiyasi qazish ishlarini nihoyasiga etkazdi.

Bobur Mirzoning yozishicha, rasadxona uch Oshiyonlik bino bo’lib, to’garak shaklida bo’lgan, binoning devorlari sirli koshinlar bilan qoplangan Abdurazzoq Samarqandiy. bu nodir obidaning ichki qismini shunday tasvirlaydi: «Binoning ichki qismi jahonda tengi yo’q rang – barang naqshlar bilan bezatilib, devor va shiftlarida osmon gradus (darajalari), daqiqalari, hatto soniyalarigacha hisoblanib, etti sayyora hamda «harakatsiz» (sobita) yulduzlar, shuningdek, er kurrasi, etti iqlim, tog’u sahrolar va daryo-yu dengizlar hamda ummonlargacha tasvirlangan».

O’zbekiston tarixiy obidalari.

Rasadxona 1424-1428 yillarda qurilganligi haqida Abu Toxir xojaning «Samariya» kitobida ham aniq ma’lumotlar berilgan.

1417 yilda Mirzo Ulug’bek falakiyotshunoslarni chorlab astronomik jadval tuzish va rasadxona qurish haqidagi rejalarni muhokama qiladi. Kuzatuvlar shu yili boshlanib, 30 yildan so’ng ya’ni 1447 yilda tugaydi. Barcha planetalarning quyosh atrofida aylanishi kuzatiladi. Bu davrga kelib «Ziji» asari ham yozib tugatiladi. Rasadxonada ba’zi kuzatuvlarni oddiy ko’z bilan, ham ya’ni asboblarsiz o’tkazish imkoni bo’lgan.

Rasadxona kvadrantning diametri 80 metr, uning yoyni uzunligi esa 63 metr bo’lgan. Bu Sharqdagi mavjud asboblardan eng yirigi bo’lgan, Beruniy ham ulkan diametrli kvadranti (15 tirsak)liligi haqida ma’lumot bergan.

Qurilishga o’z davrining mashhur olimlari – astronom, matematik, me’morlar jumladan, Qozizoda Rumiy, G’iyosiddin Jamshid va Ali Qushchilar jalb qilingan.

Mirzo Ulug’bek vafotidan so’ng rasadxona Muhammad Ali Qushchi va Miram Chalabiy rahbarligida yana bir necha o’n yillar faoliyat olib borgan.

1994 yil O’zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga binoan Mirzo Ulug’bek tavalludining 600 yilligi munosabati bilan Respublikamizda «Mirzo Ulug’bek» yili deb elon qilindi.

Muzeyning kirish qismi to’g’risida O’zbekiston Badiiy Akademiyasining akademigi Akmal Ikromjonov tomonidan yaratilgan Mirzo Ulug’bek portreti, chap tomondagi devorda qo’lida kitob tutgan holda buyuk olim siymosi gavdalangan ustozu – shogirdlar boshlari uzra 12 yulduz burji tasvirlangan. Devorning o’ng tomonida Mirzo Ulug’bekning shogirdlari Ali Qushchiga «Usturlob» ilmidan ta’lim berayotgan holat tasvirlangan. Olimlar asl nusxasi Angliyada bo’lgan oltin globus va turli xil asbob uskunalardan foydalanayotgan ilmiy amaliy ish jarayoni eshikning ikki yonida «Quyosh namoyon» uslubida tasvirlangan. Muzeyning kiraverishdagi devoriy suratlar muallifi Kamoliddin Behzod nomli milliy rassomlik va dizayn instituti katta o’qtuvchisi O’zbekiston Badiiy Akademiya qoshidagi ijodkorlar uyushmasi a’zosi: Mirhomid Sobirov, bezak ustalari esa O’zbekiston san’at arbobi Xurshid Nazirov taniqli naqqosh Ahror Asqarov va ularning shogirdlari tomonidan bezatilgan.

Movarounnahrni sohibqiron bobokalonimiz mo’g’ul istilosidan xalos etib, Buyuk Turon davlatini qayta tiklash bilan birga markazlashgan qudratli davlat barpo etgan. Bu haqda Kastiliyadan kelgan Rui Ganzales de Klavixo asarida xam o’ziga xos bayon etilgan. Oyna tagidagi dovul asbobi ham asl eksponat bo’lib Temur davlati armiyasining qudratini namoyon qiluvchi ashyolardan biri hisoblanadi.

Amir Temur va temuriylar sulolasi 1370 yildan 1858 yilgacha Movarounnahr, Xuroson, Iroq, Shimoliy Hindiston, Afg’oniston va boshqa hududlarda hukmronlik qilgan. Amir Temurning uchinchi o’g’li Mironshoh Mirzo avlodidan bo’lgan Zahriddin Muhammad Bobur va uning avlodlari Afg’oniston va Hindiston hududlarida qudratli saltanat barpo etgan. Bu buyuk sulolaning 193 nafar avlodi qariyib 500 yil hukmronlik qilib jahon tsivilizatsiyasi rivojiga salmoqli hissa qo’shgan.

Amir Temur Sharq va G’arb davlatlari bilan yaqin aloqalar o’rnatish maqsadida «Buyuk ipak yo’lini» qayta tikladi va savdo sotiq va moddiy aloqalarni yo’lga qo’ydi. Amir Temurning Frantsiya qiroli Karl VI ga yuborgan maktubida shu haqda batafsil ma’lumot berilgan.

Amir Temurning to’rtinchi o’g’li Shohruh Mirzo 17 yoshga to’lganda uning o’g’li Muhammad Tarag’ay Mirzo Ulug’bek dunyoga keladi, Ulug’bekning nikoh to’yi Konigil mavzesida bo’lib o’tadi. Sohibqiron Temur Mirzo Ulug’bekning tarbiyasiga alohida e’tibor beradi. Mirzo Ulug’bek qirq yillik hukmronligi mobaynida o’z davlati sarhadlari, xavfsizligini ta’minlash maqsadida 1425 yil Mo’g’ilistonga katta qo’shin bilan yurish qiladi.

Shohruh Mirzo va Mirzo Ulug’bek hukmronligi davrida Sharqda Mo’g’iliston, G’arbda Misr va Rimgacha, janubda Hindistonning markaziy qismi, Shimolda Dashti qipchoq chegaralarigacha bo’lgan bepoyon erlar Temuriylar davlati tarkibida bo’lgan. Bu haqda «Zafarnoma» va «Boburnoma» asarlarida etarlicha manba mavjud.

Mirzo Ulug’bek buyuk Sohibqiron Temurning bunyodkorlik ishlarini davom ettirdi u ko’plab madrasalar, masjid va xonaqo, xammomlar qurdirdi. Shu jumladan, Oqsaroy kabi inshootlarni tamirlaydi.

Mirzo Ulug’bek adabiyot va san’atda yuksak did va bilim sohibi bo’lib, u o’z davrining eng iste’dodli shoirlari: Sakkokiy, Lutfiy, Jomiy, Atoiylar hamkorligida bu sohani yuksak pag’onaga ko’tardi.

Amir Temur tufayli Mirzo Ulug’bek juda boy qutubxona va qo’lyozmalarga ega bo’lishiga qaramay, u saroy kutubxonalariga kitoblar sotib olish uchun juda katta mablag’ sarflar edi.

Kitoblarni bezash, badiyligini oshirish uchun ham miniatura san’atini rivojlantirishga juda katta e’tibor beradi.

Xalq ommaviy san’ati, hunarmandchiligida asosan sharq ustalarining noyob mahoratiga tayanadi.

Mirzo Ulug’bek musiqa san’atiga ham juda katta qiziqish va e’tibor bilan qaraydi. O’zi ham musiqa bilan shug’ullanadi. Bu davrda Darvesh Ahmad Qonuniy, Sulton Ahmad, Sulton Muhammad, Xofizi Changiniy kabi mohir musiqashunos sozandalar halq orasida juda mashhur bo’lishgan.

Mirzo Ulug’bek Movarounnahrni ilm-ma’rifat markaziga aylantirish yo’lida ulkan ishlarni amalga oshiradi. Jumladan Buxoroda 1432 yil, Samarqandda 1417-1420 yillar G’ijduvonda 1432-1433 yillar mobaynida qurdirgan madrasalar eng nufuzli ilm-fan maskani bo’lib hisoblangan.

Samarqanddagi Mirzo Ulug’bek madrasasi o’z davrining mukammal oliy ta’lim maskani bo’lib, o’z davrida o’ziga xos universitet vazifasini bajargan.

Buxorodagi madrasa kattaligi jihatidan Movarounnahrdagi ikkinchi nufuzli madrasa bo’lib, uning eshigiga Ulug’bek tomonidan «Ilm olishga intilish har bir muslim va muslima uchun farzdir» degan hadis bitilgan.

Madrasada bilim olish muddati 8 yil davom etgan. Shu muddat davomida talabalarga oylik maosh va «Ulfa» deb atalgan maxsus to’lov puli berib borilgan.

1424-28 yillarda Samarqand shahrida qurilgan Mirzo Ulug’bek rasadxonasi XV asr me’morchiligining nodir namunalaridan bo’lgan. Bobur Mirzoning yozishicha rasadxonaning sirti koshin va chiroyli bezaklar bilan ziynatlangan bo’lgan.

Mirzo Ulug’bek rasadxonasida kvadrantdan tashqari bir necha kuzatish asboblaridan ham foydalanilgan. Ularning orasida armilyar sfera, trikver kabi asboblar mavjud edi.

Mirzo Ulug’bek maktabiga mansub olimlarning aniqlagan ma’lumotlari ulardan bir necha asr oldin yashab o’tgan buyuk allomalar erishgan natijalar bilan solishtirilganda o’ta aniqligi bilan ajralib turar edi. Ekliptika og’maligi, yulduz yilining xisobi, sayyoralarning yillik hisobini aniqlash, kabi masalalar alohida o’rin tutgan. Mirzo Ulug’bekning yulduzlar katalogi 1690 yili Polyak olimi Yan Gaveliyning (1611-1687) «Astranomiya darakchisi» nomli asarida nashr etilgan va bu asarda Mirzo Ulug’bek besh astronom Ptolemey, Tixo Brage, Javani Richchioli, Vilgelm IV va Yan Gaveliy davrasida, to’garak stol atrofida astronomiya muzasi (ma’budasi) Uraniyaning o’ng tomonida birinchi bo’lib o’tiribdi. Uning o’rindig’i orqasida «O’z ishimni munosib avlodlarimga qoldirdim» degan so’zlar bitilgan.

Buxoro tarixiy va arxitektura yodgorliklari va rasmlari

Qadimgi Misrdagidek Yan Gaveliyning asarida ham «Tarozu burji» alohida adolat ramzi xisoblangan.

Mirzo Ulug’bek «Ziji»ning Yevropadagi ilk nashri Oksfort universitetining professori Jon Grivs tomonidan amalga oshirilgan. U «Zij»ga sharh yozib, uning bir qismini 1648 yilda chop ettirgan.

Grinvich observatoriyasining birinchi direktori J.Flemstid 1725 yilda Mirzo Ulug’bek «Zij»ini o’zining «Osmon tarixi» nomli kitobida nashr ettiradi.

Mirzo Ulug’bek «Zij»ini 1724 yili fors tilidan gruzin tiliga Gurjiston podshosi Vaxtand VI tarjima qilgan.

Peterburg akademiyasining birinchi akademik-astronomi Jozef Nikola Delil o’z faoliyatining birinchi kunlaridan boshlab Ulug’bek «Ziji»ni lotin tiliga tarjima qilib, 1739 yili 25 iyunda «Zij» haqida Peterburg akademiyasida frantsuz tilida nutq so’zlagan. Mirzo Ulug’bekning butun Dunyoda katta obro’ e’tibor qozongani osmon yoritgichlarining nomlarida ham o’z aksini topgan. Yan Gaveliyning zamondoshi, Italiyalik astronom Jovanni Richchioli 1651 yilda oydagi kraterni qadimda yashab o’tgan buyuk olimlarning nomlari bilan aytishni taklif qilgan. Oydagi bo’ronlar okeani «sohilidagi» kraterlardan biri Mirzo Ulug’bek nomi bilan atalgan. Ular qatorida Ibn Sino, Ahmad Farg’oniyning ham kraterlarini ko’rish mumkin.

Quyosh sistemasining 1977 yilda ochilgan 2439 raqamli kichik sayyorasida Mirzo Ulug’bek nomi berilgan. Allomamizning «Zij»i ko’plab tillariga tarjima etilgan.

Xindistonda Ulug’bek ilmiy merosiga katta ahamiyat berilganligi kuzatiladi. Xususan Boburiy Muhammadshohning farmoyishi bilan XVIII asrning birinchi yarimida, astronom Savay Jay Sinx tomonidan Jaypur, Banoras va Dehlida rasadxona barpo etilgan. Bunda Samarqand astranomiya maktabi uskunalaridan andoza olishgan.

Mirzo Ulug’bek davrida Samarqand astronomiya maktabining jahonshumul yutuqlari Xitoy astronomiyasining yanada rivojlanishida katta ta’sir ko’rsatadi. Iezuit monax, olim Antuan Gobil (1689-1759) esa Xitoy astronomiyasi haqida: «Bu sohada Xitoylar nimani bilgan bo’lsa, ularning barchasi G’arbdan Samarqand tomonidan kelgan» deb aytgan edi.

Xitoy orqali Samarqand astronomiya maktabining yutuqlari Koreyada ham tarqalgan.

1432 yilda Koreya qiroli Yi Do Xitoy orqali Samarqand astronomiya maktabi bilan tanishadi. Shu bilan Ulug’bek maktabining an’analari Koreyada ham rivojlanadi.

1470 yilda Ali Qushchi Istambulga yo’l oladi va u erda turib Mirzo Ulug’bek ilmiy maktabining natijalarini keng miqyosda targ’ib va tashviq qiladi.

Mirzo Ulug’bek «Ziji» eng avvalo musulmon mamlakatlarida astronomiya fani rivojiga ulkan ta’sir o’tkazadi.

Mirzo Ulug’bek «Zij»iga eng mukammal sharh Eronlik munajjim va riyoziyot olimi Nizomiddin Birjandiy tomonidan 1523 yilda yozilgan «Sharxi Ziji Ulug’bek»dir.

Qohiralik munajjim Muhammad Al-Misriy (XVI asr) Mirzo Ulug’bek «Ziji»ni osonlashtirish («Tashil Ziji Ulug’bek») nomli asar yozadi va uning jadvallarini Qohira kengliklariga moslashtiradi.

Samarqand, Buxoro, G’ijduvon kabi tarixiy shaharlarimizda uning nomi bilan bog’liq bo’lgan me’moriy obidalar, qadamjolar tamirlandi va obod qilindi.

Ulug’bek nomidagi muassasa hamda tashkilotlarning ko’payib borayotgani diqqatga sazovordir. Jumladan Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutiga, Farg’ona davlat dorilfununiga Ulug’bek nomi berilgan.

Shuningdek, xalqaro ilmiy axamiyatga ega bo’lgan Kitob kuzatuv kenglik stantsiyasi hamda O’zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Astronomiya instituti Ulug’bek nomida.

1992 yili O’zbekiston poytaxti Toshkentning yirik tumanlaridan biriga Mirzo Ulug’bek nomi berildi va uning haykali o’rnatildi. Toshkent viloyatining Bekobod tumanida Ulug’bek nomli xo’jalik bor. 1995 yilda Toshkent davlat Universitetiga Mirzo Ulug’bek nomi berildi.

Mustaqillik yillarida Mirzo Ulug’bek merosini o’rganish va e’tirof etish yangi bosqichga ko’tarildi. 1994 yilda O’zbekistonda va Parijdagi UNESCO qarorgohida Ulug’bek tavalludining 600 yilligi katta tantanalar bilan nishonlandi. 2009 yilning BMT tomonidan «Astronomiya yili» deb e’lon qilinishi munosabati bilan Mirzo Ulug’bek tavalludining 615 yilligi Samarqandda va Parijda keng nishonlandi. 2009 yil «Maydanak» rasadxonasida yangi kichik sayyora kashf etildi, AQShdagi halqora kichik sayyoralar markazi tomonidan unga «Samarqand» deb nom berildi. O’zbekistonda buyuk bobokalonimizga ko’rsatilayotgan katta ehtirom muzey ekspozitsiyasining yakunlovchi qismida o’z aksini topgan.

Rasadxona fotosuratlari.

Samarqanddagi Mirzo Ulug'bek rasadxonasi tarixi va fotosuratlari jamlanmasi.

Samarqanddagi Mirzo Ulug’bek madrasasi tarixi, rasmlari.

manba

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x