XIX asr o‘rtasida hukmronlik qilgan Muhammad Aminxon madrasasi va minorasi qadimiy Xiva obidalarining chiroyli namunalaridan biri hisoblanadi.
Muhammad Aminxon madrasasi.
Madrasa Ichan qal’aning g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, shaharning bosh darvozasi Ota darvozadan kirib kelganda, o‘ng qo‘lda joylashgan.
2 qavatli madrasa pishiq g‘ishtdan qurilgan bo‘lib, uning devorlarining qalinligi 1,5 metrga etadi. Madrasa, 130 hujradan iborat bo‘lib, tarixiy ma’lumotlarga asosan unda bir vaqtning o‘zida 260 nafar talaba tahsil olgan.
Muhammad Aminxon madrasasi me’moriy jihatdan boshqa shu kabi binolarga o‘xshash, bino simmetrik tarzda, ikki qavatli qilib qurilgan, tarhi to‘g‘ri burchakli, hovlili. Peshtoqning ikki yoniga an’anaviy guldasta-minoralar ishlangan. Bosh tarzini besh gumbazli miyonsaroy, masjid, darsxona va qo‘shimcha xonalar egallagan.
Hovlining ikki yonida kichik peshtoqlar bor. Birinchi qavatdagi hujralar yotoqxona va yordamchi xonalar sifatida xizmat qiladi, ikkinchi qavatdagi ravoqli peshayvon binoga fayz bag‘ishlagan. Ichkari hovlida to‘rtta kichik peshtoqlar ham mavjud bo‘lib, ularda imorat tarixidan ma’lumotlar beruvchi epigrafik yozuvlar bitilgan koshinlar, bezaklar ham mavjud.
Bugungi kunda Muhammad Aminxon madrasasi sayyohlar uchun Mehmonxonaga aylantirilgan.
Madrasa rasmlari.
Xorazm tarixi.Xorazm tarixiy va zamonaviy obidalari fotojamlanma.