Bosh sahifa » Tarixiy obidalar » Samarqand – Xo’ja Doniyor maqbarasi haqida to’liq ma’lumot.

Samarqand – Xo’ja Doniyor maqbarasi haqida to’liq ma’lumot.

by nafisa nafisa

Ro‘yi zamin sayqali Samarqandda juda ko‘p tarixiy maskanlar bo‘lib ular orasida Xo’ja Doniyor maqbarasi o‘z xususiyati bilan ajralib turadi. Bu tarixiy maskan uch din vakillari uchun ham muqaddas ziyoratgoh sanaladi. Bunday tabarruk bo‘lgan maskanlar dunyoda kam uchraydi.

Samarqand - Xo'ja Doniyor maqbarasi haqida to'liq ma'lumot.

Xo’ja Doniyor maqbarasi.

Samarqanddagi bu meʼmoriy yodgorlik, Afrosiyob qoʻrgʻonining kunchiqar tomonida, Siyob arigʻi yoqasida qurilgan. Bu maskanda dunyoning turli hududlaridan musulmon, xristian, yahudiy sahoyatchilar doimiy kelib ketadilar. Muqaddas Xoja Doniyor maqbarasi bir vaqtning o‘zida uchta jahon dinlarida: yahudiylikda, islomda va nasroniylikda hurmatga sazovor bo‘lgan avliyoning dafn etilgan joyidir. Musulmonlar uni Xo‘ja Doniyor payg‘ambar (Qur’onda zikr etilmagan, lekin 124 ming payg‘ambarlardan biri, yahudiylar Daniel payg‘ambar, xristianlikda Daniil payg‘ambar) deb atashadi. Rus manbalarida “Святой Даниил” deb ham ataladi.

Xoja Doniyor shaxsiyati haqida turli fikrlar va qarashlar mavjud. Masalan, ularning biriga ko‘ra bu zot milloddan avvalgi 603-yilda Quddusda dunyoga kelgan. Dovud va Sulaymon payg‘ambar avlodidan bo‘lib, 2600 yil oldinroq yashab o‘tgan. Iso alayhissalomdan 600 yil, Muhammad S.A.V. dan 1200 yil oldin yashab, yakkaxudolikni targ‘ib qilgan. Injilda talqin etilishicha, Daniil yahudiy tilidan tarjimasi „Olloh hakam“ maʼnosini bildiradi.

Rivoyatlarga ko‘ra, Avliyo zot Doniyor Bobil askarlariga asirlikka tushib qoladi. Uni Quddusdan Bobilga olib ketadilar. Podsho Navixudonasorning saroyiga tush ta’birchi bo‘lib xizmatda bo‘ladi. Keyinchalik taxtni forslar podshosi Doro I egallaydi va Xo‘ja Doniyorni Bosh vazir qilishni o‘ylab qoladi. Lekin podshohning bu niyatini boshqa vazirlar eshitib, Doniyorni yo‘q qilish payida reja tuzadilar. Xoja Doniyorga tuhmat qilib kishanlab, zanjirband qilib podshohning huzuriga olib kirishadi. Doniyor payg‘ambarni sherlar qafasiga tashlaydi. Podshoh kechasi bilan uxlolmay, erta tongda u boshqa vazirlarni ushlab, mening eng yaxshi ko‘rgan vazirim o‘ldi, endi senlarga ham omonlik yo‘q, deb, sherlarga yem qilish uchun o‘sha chuqurga olib keladi. Sherlar yotgan chuqurni ochib qarashsa, Doniyor payg‘ambar hayvonlar bilan suhbatlashib o‘tiribdi. U omon chiqib, yana uzoq yillar odamlarni yakka xudoga sig‘inishga da’vat qilib, turli qarashlardan qaytarib yashab o‘tganlar. Keksaygach, Suzaga ko‘chib, izzat-hurmat bilan Suza shahriga dafn etilgan.

7 pir ziyoratgohi. Buxorodagi buyuk avliyolar tarixi

Islom diniga ko‘ra Xoja Doniyor payg‘ambar Muhammad payg‘ambarning amakivachchasi sifatida tanilgan Qusam ibn Abbosning safdoshlari bo‘lgan. Bu haqda Samarqandlik tarixchi Abu Tohirxoʻja „Samariya“ kitobida shunday yozadi: “Xoja Doniyorning qabri Samarqand shahrining chetida, Afrosiyob qoʻrgʻonining shimoliy devori pastida joylashgan. Maqbaraning yaqinidan Siyob daryosi oqadi. Avom bu qabrni Doniyor paygʻambarning qabri deb biladi, lekin uning qabri Mosul viloyatidadir. Aytishlaricha, bu qabr Qusam ibn Abbos safdoshlaridan birining qabridir. Olloh rahmat qilsin! Qabr Zarafshonning toshlari bilan qoplangan. Aytishlaricha, Xoja Doniyor juda taqvodor, xudojoʻy boʻlgan. Qabrning bosh tomonida, Siyob arigʻi yaqinidan Xoja Doniyor buloq-chashmasi ham bor. Xalq uni tabarruk bilib ichadilar va choʻmiladilar. Uni koʻp kasallar shifosiga sabab deb biladilar. U kishiga tangrining rahmati boʻlsin!.”

Bu haqida Abul Hakim Samarqandiyning “Qandiya” kitobida quyidagilarni yozadi: – “Samarqandda bir chashma borkim, jannat chashmalaridandur va Obi Rahmat arigʻi yaqinidadur. Tarixchilarning aytishlariga qaraganda, ushbu suv Doniyor Paygʻambar qabrlari bosh tarafidan oqadi va mazkur chashma shifo salomatlik sababchisidir va bu suvning bir qismi Bogʻi Maydon tomon oqar va Obi Rahmatga qoʻshilur. Yuqorida Doniyor Paygʻambarning qabri boʻlib, ul zot baraka keltiruvchi Paygʻambar hisoblanganlar”.

Olimlar orasida haligacha, qachon va qay tarzda Samarqandda Doniyor paygʻambarning maqbarasi paydo boʻlganligi toʻgʻrisida yagona fikr mavjud emas. Afsonaga ko‘ra, buyuk sarkarda Amir Temur oʻzining Kichik Osiyoga (1397-1404) yetti yillik yurishi vaqtida, buyuk sarkarda boʻlishiga qaramay, Suzani zabt eta olmagan. Sohibqiron xudojoʻylardan, shaharni avliyo Daniilning tabarruk xoki asrab keladi deb eshitadi. Shunda Amir Temur qamal qilinganlar bilan ahdlashib, ularning mol-mulkiga tegmaslikka va asirlarni qullikka olib ketmaslikka vaʼda berib, buning evaziga avliyoning bir qism xokini, yaʼni oʻng qoʻlini Samarqandga olib ketishni, toki saltanatini har xil ofatlardan saqlasin deb taklif etadi. Uyga qaytayotganda Samarqand shahar yaqinida tuya karvoni birdan to‘xtab qoldi. Bu yuqoridan ishora edi va u yerda maqbara qurishga qaror qildilar. Maqbara qurilganidan so‘ng, yillar o‘tib, rivoyatlarga ko‘ra, qabr o‘sib, uzunligi taxminan 18 metrga cho‘zilgan. Avliyo Samarqandga koʻmilganidan soʻng qabrning bosh tarafidan buloq otilib chiqadi va shahar aholisi, uning atrofidagilar bu suvni tabarruk deb biladilar va undan foydalanadilar. Lekin bu afsona islom dini udum va qoidalariga zid boʻlib chiqadi, yaʼni oʻtganlarni bezovta qilish mumkin emasdir. Haqiqatga yaqini balki, buyuk sarkarda Samarqandga Suzadan bir qism xoklarini olib kelgan boʻlsa kerak va uning buyrugʻi bilan maqbara harbiy yurishning muvaffaqiyatli gʻalabasi nishonasi sifatida qurilgandir.

Maqbara ulamolar tomonidan vaqti-vaqti bilan qurib bitkazildi, uzaytirildi va XX asrning boshida payg‘ambar qabri ustida beshta past gumbazli zanjirli to‘rtburchak uzun maqbara binosi qurildi. Dunyo bo‘yicha Doniyor payg‘ambarning 5 ta qabri bor. Eng uzuni Samarqanddagi hisoblanadi. Afsonaga ko‘ra qabr o‘sib borgan va yoki payg‘ambar hoki aynan qayerda ekanini bildirmaslik uchun uzun qilib qurishgan.

Ziyoratgohga tashrif buyuruvchi uch din vakillari har biri o‘z odatiga ko‘ra maqbarani tavof etadilar. Yahudiy ravvinlar qabr boshida Torani o‘qisalar, xristian poplar Injilni o‘qiydilar, musulmonlar bir kalima Qur’on oyatlarini o‘qib, duoga qo‘l ochadilar.

1996-yilda Moskva va butun Rossiyaning 15-patriarxi Aleksiy II O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida Samarqandga, xususan, Xo‘ja Doniyor maqbarasiga tashrif buyurdi. Maqbaraning yonida 600 yillik pista daraxti bor edi, u quriy boshlagan bo‘lib, patriarx daraxtni muqaddas qilishga qaror qilib, ilohiy suv sepib ketadi va bir muncha vaqt o‘tgach, daraxt yana jonlanadi. Daraxt ko‘karishiga boshqa sabab ham bor. Patriarx Aleksiy kelishiga tayyorgarlik ko‘rilib, odamlar pista daraxti shohlariga shirk qilib bog‘lab tashlagan latta-putta, iplar olib tashlanadi, shoh-shabbalarga ishlov berilib, ko‘proq sug‘oriladi.

Ziyoratgohda tuproq devorlar orasida g‘aroyib yog‘och eshik ham bor. Bu kichikkina eshik chillaxona eshigidir. Bu yerga kirib, zikr bilan band bo‘lishgan. Hozirda kirishga ruxsat yo‘q. Chunki, tuproq bosib qolishi xavfi bor.

2001-yilda Samarqand shahri va uning tarixiy me’morchilik va arxeologik yodgorliklari, jumladan maqbara va Xo‘ja Doniyor majmuasi “Samarqand – madaniyatlar chorrahasi” nomi bilan YUNESKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi.

Maqbara choʻziq 15 metrga yaqin toʻrtburchak tarhli, peshtoq, besh gumbazli xonadan iborat. Peshtogʻi shimoliy tomonda va uning ikki yonidagi qubbali, koʻzasimon kursili guldastalari ganch oʻymakorligi bilan bezatilgan, yon tomonlariga ham ravoqlar ishlangan. Maqbara ichida choʻzinchoq daxma bor. Maqbara ichida dunyodagi eng uzun qabr 18 metr uzunlikka ega. Qabrning balandligi janub tomonida 90 sm., shimol tomonida 160 sm., shimol tarafi birmuncha kengroq 2 metr chunki, bu tomondan toʻrtburchak sagʻona oʻrnatilgan. Sagʻona pishiq gʻisht bilan terilib, qumshuvoq qilingan va qur’oniy yozuvlarga ega boʻlgan marmar panellar bilan bezatilgan. Sagʻonaning qarama-qarshi tomonida, maqbaraning shimolga qaratilgan derazasining tokchasida, hajmi uncha katta boʻlmagan, mahalliy aholi „niyat-toshi“ deb atalgan, arabiy yozuvlarga ega boʻlgan tosh bor. Ziyoratchilar Hazrati Doniyor qabrini bir yoki uch marta niyat qilib aylanadilar va bu toshni koʻtarishga yoki hech boʻlmasa qimirlatishga harakat qiladilar.

Qabrning uzunligi toʻgʻrisida bir necha rivoyatlar bor. Ularning birida aytilishicha, olib kelingan turbat-muqaddas hisoblanganligi uchun, yomon niyatli kishilar qoldiqlarni kovlab olib ketishlari mumkin edi. Shuning uchun uzun qabr kovlanib, Paygʻambarning qoldiqlari uning qayerigadir koʻmilgan. Boshqa mulohazalarga qaraganda dunyoda oʻsadigan qabrlar bor va Doniyor Paygʻambarning qabri shu qabrlar sirasiga kiradi. Bu fikrga koʻra, har 100 yilda paygʻambarning suyaklari bir gazga (72 sm) oʻsar ekan, shuning uchun qabr shunday uzunlikka ega ekan. Agar qabrning ikki tomoni aylana shaklida birlashib, yer sharini qamrasa, yer yuzida jannat boʻlar ekan.

Samarqanddagi Cho’ponota tepaligi afsonaviy ibodat yeri haqida.

Doniyor paygʻambar maqbarasi turli davrlarda har-xil koʻrinishga ega boʻlgan. Rossiya imperiyasi davrida nashr etilgan kitobda Doniyor Paygʻambarning 1870-1980-yillardagi gravyura surati aks ettirilgan. Unga ko‘ra, oʻsha davrlarda Doniyor Paygʻambar qabri usti daryo toshlari bilan terilgan va uning atrofida kichik ayvon va xona (masjid) mavjud boʻlib, qabr atrofida ruhoniy va avliyolarning belgisi boʻlgan oltita tugʻ oʻrnatilgan. Tugʻlar maxsus toshlarga oʻrnatilgan boʻlib, hozirda ham ushbu tugʻlarni ushlab turgan toshlar bor, lekin tugʻlar saqlanmagan.

XIX asr oxirlarida ushbu qabr ustida maqbara qurildi. Unga boradigan asosiy yoʻl qadimiy Afrosiyob shaharchasidan boʻlib, maqbaradan sal balandroqda kirish darvozaxona-ayvoni qurilgan. Uning qoldiqlari hanuzgacha saqlanib kelinmoqda va u ham maqbara qurilgan paytda bino etilgan. Hazrati Doniyor qabri ustidagi mavjud boʻlgan maqbara XX asrning boshida Samarqand sovunpazlarining ustozi Mahmud oqsoqol tomonidan bunyod etilgan, chunki Hazrati Doniyor sovunpazlarning piri hisoblanadi. Baʼzi maʼlumotlarga koʻra, maqbaraning qurilishida Miroshnichenko ismli rus tadbirkor-savdogar ham oʻz hissasini qoʻshgan.

Maqbarada bir necha bor taʼmirlash ishlari amalga oshirilgan. Ziyoratgoh atrofi devor bilan oʻralib, ziyoratgohga chiqish uchun 3 qismli zinapoya qurildi. Shu bilan birgalikda qabr atrofi oniks va qora marmar bilan qoplandi. XX asrning boshlarida olingan bir fotosuratda maqbara olti gumbazli boʻlgan, hozirgi vaqtda esa gumbazlarining soni beshta boʻlib, ular keyinchalik buzilib, qaytatdan tiklangan boʻlishi mumkin. Maqbaraning shimol tomonida imoratning yuqori qismini ikki burchagidan pishiq gʻishtdan terilgan qubbalar bezatadi. Ular yevropacha uslubda qurilgan. Ichki qismida oʻsha davrda qoʻllaniladigan, qalqonsimon langarlar hamda gumbazlarni koʻtarib turgan ravoqlar ishlatilgan.

2001-yilda majmua atrofida arxeologik qazishmalar olib borildi. XIV asrga tegishli masjid qoldiqlari topildi. Masjidning mehrob tokchasi Makka tomoniga qaratilgan. Qariyalarning aytishlaricha, masjid ikkinchi jahon urushi davrida noma’lum sabablarga koʻra buzilgan. Imoratning devorlari choʻpkori uslubida qurilgan boʻlib, tagsinch bolori pishiq gʻishtli asosga yotqizilgan edi. Masjidning shimoliy qismida maydoni 25 kv.metrli ayvoni va masjidga kirish eshigi shu yerdan boʻlgan. Ayvonning shimoli-gʻarbiy burchagida uzunligi 80 sm., eni 40 sm., qalinligi 20 sm. kattalikdagi ikkita toʻgʻri burchakli tosh plitasi topildi. Ular qabr toshlar yasash uchun xomashyo edi. Masjid janubiy devorining tag qismi sinchiklab oʻrganilganda u yerda XVII asrga oid gʻishtlar topildi. Mehrobli devor esa, ancha qadimgi devor oʻrnida, jarlikning yonbagʻrini ushlab turish uchun qurilgan ekan. Bu yerdagi va janubiy devor tagidagi gʻishtlar XIV asr oxiri va XV asr boshlariga oiddir.

Xulosa qilib aytganda, bu maqbara mamlakatimiz sarhadlaridagi eng noyob maqbaralardan biri sanaladi. Asosiysi shuki bu maqbara xalqimizga xos diniy bag‘rikenglik namunasi sanaladi. Ayniqsa hozirgi tahlikli zamonda qaysi din e’tiqod bo‘lmasin tinch-totuv yashash muhimdir. O‘zbekistonda esa yahudiy sinagogasi ham, xristian cherkovi ham saqlanib qolgani va faoliyat yuritayotgani mamlakatimiz va xalqimizning o‘ziga xos bag‘rikengligini ifodalovchi bosh omildir.

Maqbara rasmlari.

Bibixonim maqbarasi bunyod etilish tarixi va fotosuratlari.

manba

 

 

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x