Rauf Parfi she’rlar to’plami. Uning Ona turkiston she’rlar to’plami. Tarjimai holi
Rauf Parfi (Tursunali Parfiev) 1943 yil 27 sentyabrda Toshkent viloyatining Sho‘ralisoy qishlog‘ida tug‘ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1999). ToshDUning filologiya fakultetini tugatgan (1960—65). Ijodi 60-yillardan boshlangan. Dastlabki she’rlar to‘plami — «Karvon yo‘li» (1968). «Aks-sado» (1970), «Tasvir» (1973), «Xotirot» (1974), «Ko‘zlar» (1976), «Qaytish» (1981), «Sabr daraxti» (1986), «Sukunat» (1991), «Tavba» (2001), «So‘nggi vido» (2006) kabi she’riy to‘plamlari nashr etilgan. Bayronning «Manfred», Nozim Hikmatning «Inson manzaralari», Karlo Kaladzening «Dengiz xayoli» kabi asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. 2005 yilda Toshkent shahrida vafot ettan.
TO’LIQ AVTOBIOGRAFIYA : RAUF PARFI TARJIMAI HOLI >>
BIR QUSHCHA
Bir qushcha derazam yonida
O’tirar parishon va garib.
Yig’laydi ko’zlari yonadi,
Ko’zlari ikkita marvarid.
Bir ajib navoga o’xshaydi,
Shoirga o’xshaydi bir hassos.
Miskin soz chalmoqqa u shaydir,
Dardiga bordir-ku bir asos.
Men unga qarayman ohista,
Men qushcha holiga yig’layman.
Va lekin bilmayman,ne istar,
Bilmayman, hech qachon, bilmayman…
BIRGA TUG’ILDIK-KU, YURAGIM
Birga tug’ildik-ku, yuragim,
Jahonni kezmakka piyoda
Odimlarimizdir birdir bizning,
Shu baxtli, shu badbaxt dunyoda
Odamlarimiz birdir bizning.
Birga tug’ildik-ku yuragim,
Nasib etganda ham mangulik
Sen yashayver, sen meni kutma,
Men-ku ismingman xolos,
va lek,
Yuragim, ismingni unutma.
MUNOJOT
Bag’rimda g’ildirar temirchil hayot,
Izg’itqi chivg’inda chidamdir boshim.
Faqat sen uyquchan tomirni uyg’ot,
Qizimning qo’liga kuch ber, Quyoshim.
Bag’rida laxcha cho’g’, aylanadi Yer,
Quvonchhim, sevinchim, kuyuk ko’zyoshim.
Faqat sen qizg’onma, bir kaft mehr ber,
Ilinjim, sig’inchim – buyuk Quyoshim.
KIRIB KO’RING: RAUF PARFI TARJIMAI HOLI >>
THAKURNING OXIRGI SHE’RI
1. Sohir Sarasvati! Nadir bu aqlim,
Nadir tanu, nadir dilu, nadir jon?
Bu qanday kah kashon? Bu qaysi iqlim?
Aldandimmi tug’ilib? Rostmi? Yo yolg’on?..
Ey, mening parishon, ey, sho’rlik xalqim,
Bag’rim, qachon tug’ilasan, sen, qachon?!
Qorayib tirkashar o’z muztar ko’lkam,
Izillar so’zimning ma’yus jaranggi.
Vizillar muzlarga burkangan ko’klam,
Ochiq poyonlarning bayonsiz ranggi.
Sovuq qorong’uning oppoq sadosi,
Bo’g’zimda bo’g’ilar musiqam, unim.
Hajr saharidir, hijron sahrosi,
Al-vido kunimdir, tug’ilgan kunim.
2. Ay sen, ona xalqim, loylarga botdim,
Pilla halovatning g’ilofidan chiq!
So’yilgan sag’rimga zahrolud qotdim,
Kamolot so’qmog’i naqadar achchiq.
Tiriklar! Yondirmang eski ma’voni,
Suvlarga bostirmang. Tiriklik bitar.
Havoni qizg’onmang, ozod havoni,
Tuproqni bulg’amang. O, Shiva, yetar!
Yerga qo’ying meni. Onamdir tuproq,
Tobinib o’payin onamning izin.
Onamning yuzini, oy yuzida dog’.
Yashin bering menga, chatnayin o’zim,
Menga dengiz bering, daryolar urfoq,
Nafas bering menga, beringiz So’zim.
3. Izg’irdim sargardon men sizni izlab,
Tovonimning teshdi srabon, yomg’ir.
O’zimni la’natlab, sizimni sizlab
O’lmay turib o’ldim, siz uchun oxir.
Yonib aytdim, cheksizlikning cheki bor,
Cheksizlikning cheklariga yetarmen.
Mendan rozi bo’ling, tiriklar, do’st-yor,
Bir chimdim mehringiz olib ketarmen.
Mening sog’inganim qaylarga ketdi?
Tamom! Bor-yo’g’imni sovurib bo’ldim,
O’limim sog’ingan dodiga yetdi.
Agar men koinot bo’lsam, Men – To’ldim.
Xayr, xayr endi. Biz netdik? Ul netdi?
Men bukun tug’ildim. Men bukun o’ldim.
4. O’zimni topkanda sizni qidirdim,
Unutdim o’zimni, topdim yerimni.
Men sizga bir dunyo dunyo qoldirdim,
Men sizga qoldirdim qonli she’rimni.
Safarim oldidan yana o’yladim,
Nachora? Qarzlarim ko’p edi, esiz.
Yamaning ruhiga sokin so’yladim –
Uyoqlarda qanday yashayman sizsiz?
O’g’ri tashlab ketgan bir tugin molim,
Men ortib ko’chmasman, sizga, bu tugin,
Sizsiz uyoqlarda ne kechar holim?
Sizsiz bor narsa yo’q, Tomirda tugun,
Yuzingizda ko’rdim Alloh jamolin.
Oxirgi safarim. Men tug’ilgan kun.
Hind asotirida:
Sarasvati – fan va san’at ilohasi.
Shiva – bunyod va barbod ma’budi.
Srabon – tinsiz yomg’ir, yog’adigan oy.
Yama – U dunyo, o’lim ma’budi.
LUTFIXONIM. “UYG’ON, BOLAM”
Yolg’iz sen uxlaysan,yolg’izim,bolam,
Maysalar shivirlar,hayqiradi tog’.
Shovullar daryolar,dalalar uyg’oq
Qasamga botirar tubi yo’q olam.
Umidning ko’zi ko’r, achchiqdir firoq,
Axir men alamman – chinqirar alam.
Bu g’olib turkuda bo’lmish edi jam,
Ona yurtim,elim,toptalgan tuproq.
Uyg’on,uyg’on,bolam,uyg’ongil, ey dil,
Uyg’ondan iborat uyg’otlik dunyo.
Inon,seni o’ylab ketmakdaman,bil.
Sengadir jon bolam,mushkilot, g’avg’o,
Uyg’on,uyg’on, deya ingraydi navo –
Senga bu Vatandir, senga turkiy til.
YOSHLIK – ZANGOR FASL,KECHDI,SARG’ARDI.
To’kildi u. Shafqat bilmas bargrezon.
Qora sovuqlarga otib yubordi,
Shamollar poyida sinmoqda xazon.
Yoshlik – zangor fasl.Kechdi. Sarg’ardi.
Harna o’tdi,mendan o’tdi,omon bo’l,
Qancha faryod qilmay qaytarib bo’lmas.
Har qalay oldinda bordir so’nggi yo’l,
Toki yetguningcha xotirot o’lmas,
Harna o’tdi,mendan o’tdi,omon bo’l.
Vido tabassumli olam,yoshligim,
Ko’zlarimda qolgan jolam,yoshligim,
Ko’klarga etmagan nolam,yoshligim,
Suvga cho’kib ketgan bolam,yoshligim,
Vido tabassumli olam,yoshligim.
AVTOBIOGRAFIYASI : RAUF PARFI TARJIMAI HOLI >>
AVTOBUS DERAZASIDAN QARAB KETSANG
Uzoq-uzoqlarga,
Masofalar suvratini olib ko’zlarga.
Xususan, oy bulutlar orasiga berkinib tursa.
Xususan, yulduzlar so’nganda,
Xususan, zim-ziyo tun chog’I
Ayniqsa, shaharning shovqini seni zeriktirsa,
Ayniqsa, sevgiling sevmasa seni…
Ayniqsa, g’iybatlar to’qisa
Do’stlaring:
Yiroqlarga qochar qismatlar,
Avtobus derazasidan qarab ketsang…
G’UNCHALAR
G’unchalar pushtirang va za’far
Zangori yaproqlar shahrida.
G’unchalar orzumdek har safar,
G’unchalar qalbimning bag’rida:
Qalbimning bag’rida bir jahon
G’aroyib ertaklar aytadi.
Men qaytib kelmasman hech qachon,
G’unchalar albatta qaytadi.
BITIKTOSH
Firdavsiy bir zamon aytgani kabi
Har ne o’tkinchidir,fanoning o’zi,
Faqat ikki narsa qolur abadiy –
Botirning shavkati,dononing so’zi.
Ajdodlar Vatan deb jon fido qilgan,
Behuda gap sotib yurmagan ular.
Mana,ming yillarni opichlab kelgan
Bitiktosh ona – Yer haqida kuylar.
Vaqt quyunida ne davru davron,
Bu – toshga aylangan erkdir, bardoshdir,
Bu Vatan atalgan muqaddas armon.
Unga qaraymany bir his tuyaman,
Bu yurtim timsoli mangulik toshdir…
Yuragim toshiga she’rim o’yaman.
MUNOJOT
I
Dodimni eshitgil, qodir Allohim,
Ishq sensan, oshiq ham sen, men qulingman.
Loyiqman qahringga, do’zahim – bogim,
Omonat devorman, o’tman, qulingman.
Rubbi maskun ichra sayyod, o’zim sayd,
Ortiq madorim yo’q, voqifsan ahir.
Manglayda yozilgan farmoningni ayt,
Da’vat qil, gunohkor bandangni chaqir.
Iymon ber ruhimga, jismimga jon ber,
Loyimni qorishtir, poklab ber menga.
Ojiz tomirimga pokiza qon ber,
Ravshan qil, qoramni oqlab ber menga.
Oxirat ilmidan qil meni ogoh,
Murodim shamini so’ndirma, Alloh.
YOLG’IZ SEN UXLAYSAN
Yolg’iz sen uxlaysan,yolg’izim,bolam,
Maysalar shivirlar,hayqiradi tog’.
Shovullar daryolar,dalalar uyg’oq
Qasamga botirar tubi yo’q olam.
Umidning ko’zi ko’r, achchiqdir firoq,
Axir men alamman – chinqirar alam.
Bu g’olib turkuda bo’lmish edi jam,
Ona yurtim,elim,toptalgan tuproq.
Uyg’on,uyg’on,bolam,uyg’ongil, ey dil,
Uyg’ondan iborat uyg’otlik dunyo.
Inon,seni o’ylab ketmakdaman,bil.
Sengadir jon bolam,mushkilot, g’avg’o,
Uyg’on,uyg’on, deya ingraydi navo –
Senga bu Vatandir, senga turkiy til.
YETIM
Og’zim to’la hayot.
Binafshaning shamoli,
Men sho’x bolakayman
Otasi tashlab ketgan,
Onasi tashlab ketgan,
Og’zimga to’lib qolgan hayot.
XAYR SENGA
Ko’zlarimning osmonlarida
Faqat o’zing, faqat sen o’zing
Oydan, yulduzlardan narida –
Ko’zim ichra sening yulduzing.
Tushlarimda uchib yurardim,
Men-la birga ozod qushlarim,
Sen tushmi, deb sendan so’rardim,
Aldamchidir barcha tushlarim.
Meni kutmas endi ul bog’lar,
Meni kutmas qalam qoshligim.
Tushda qoldi ul masrur chog’lar,
Eh, huvillab qolgan yoshligim.
Shafqat nedir – qovjiroq taqir.
Men yo’lsizman besaru somon.
Botmoqdadir quyosh ham qaxir,
Hansirar-da, bo’g’riqar osmon…
Bu yerlarga behuda keldim,
Suvga cho’kkan cho’g’dek so’zlarim.
Go’zallikning men quli edim,
Sen ollohsan, mening go’zalim.
Qaydasan, sen, bu kun behuda
Hasrat bilan kuyingda yondim.
Sening o’tli mehringdan judo
Sap-sarg’aygan sahroda qoldim.
Da’vat emas, shundoq, alvido,
Talqon bo’lar tamallar toshi.
So’nayotgan oftob nurida –
Mening kirsiz o’n to’qqiz yoshim.
Tomog’imda qotgan so’zlarim,
Sochiling, samoga sochiling.
Mana, tong. Tonglarning go’zali.
Tong oqardi. Tong – sochim mening.
Xayr senga, otilgan ohu,
Dunyolarga vido ayturman.
Elitmoqda cho’ng qudrat – uyqu,
Tushlarimga yana qayturman.
QIZIQ : RAUF PARFI TARJIMAI HOLI >>
SENI KUTDIM KUYIB OTASHDA
Oylar o’tdi va yillar o’tdi,
Lekin sendan bo’lmadi xabar.
Yolg’iz seni men yolg’iz kutdim,
Kuta berib xun bo’ldi jigar.
Mana oxir sen-da namoyon,
Muhabbatim, ko’zim, ismatim.
O’ngmi, tushmi, yo shirin armon?
Birdan yaraqladi qismatim.
Sen o’sha-ku xayolda ko’rgan,
O’sha nigoh, oshno tabassum.
O’sha ohu ko’zlar tig’ urgan
Va yurakka boshlagan hujum.
Senga juda g’alat tuyular
Balki sevging bilan yonganim,
Menga og’u kabi quyular
Shunday buyuk ishqdan tonganing…
Oylar o’tdi va yillar o’tdi,
Yurak esa ishonch va g’amda.
Qanchadirki, o’tgan vaqt kutdim,
Seni kutdim kuyib otashda.
O’QIB KO’RING : RAUF PARFI TARJIMAI HOLI >>