Bosh sahifa » Sherlar » Qoriy Xo’qandiy haqida.Muxammas va eng sara she’rlari

Qoriy Xo’qandiy haqida.Muxammas va eng sara she’rlari

by nafisa nafisa

Qoriy Xo'qandiy haqida.Muxammas va eng sara she'rlari

Qoriy Xo’qandiy haqida.

Qoriy Xo‘qandiy (taxallusi; asl ismi Mulla Mirmahmud Mirshamsiddin o‘g‘li) (1828 — Qo‘qon shahri Sarmozor dahasi — 1906) — shoir va xattot.  19-asr o‘zbek adabiyotining iste’dodli namoyandalaridan. Qo‘qondagi Norbo‘tabiy madrasasida ta’lim olgan. Arab va fors tillarini, sarf, nahv va lug‘at ilmini chuqur o‘zlashtirgan. Hasanqori domladan qiroat ilmini o‘rganib, Qur’on hofizi — qorilik unvoniga erishgan. She’rlarida ham «Qoriy» taxallusini qo‘llagan. Qo‘qonning Xo‘jand dahasi G‘oziyog‘liq mahallasidagi katta masjidda uzoq yillar imomlik qilgan.

Qoriy mukammal husnixat egasi — xattot ham bo‘lgan. Qoriyning o‘zi ko‘chirgan (2 dastxat) «Devon»i, Majzub Namangoniyning «Devon»i, Bahouddin Naqshbandning risolasi, Muqimiy bilan hamkorlikda ko‘chirgan katta bayozi va yana bir necha asarlar bizgacha yetib kelgan.

«Devon»idan g‘azal, muxammas, muvashshah va ta’rix janridagi she’rlar o‘rin olgan. G‘azallari oshiqona va orifona mazmunda bo‘lib, sof lirik xarakterga ega. Muxammaslari (65 ta) o‘zbek va fors tillarida yaratilgan, ularning aksariyati fors adabiyoti klassiklari Hofiz Sheroziy, Abdurahmon Jomiy, Bedil, Ahmad Jomiy, Osafiy, Soib kabilarning, turkiy adabiyot klassiklaridan esa Alisher Navoiy, Fuzuliy, Amiriy, Mashrab, Zaliliy, G‘oziy, Uvaysiy, Azimiy kabi ijodkorlarning g‘azallariga bog‘langan taxmislardir.

Qoriy she’rlari Allohga hamdlar, ayniqsa, payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.)ga bag‘ishlangan na’tlarning ko‘pligi bilan ham ajralib turadi. Shuningdek, uning ijodida go‘zal mahbubaning yorqin tasviri va unga bo‘lgan muhabbat sitamlari aks etgan misralardan tashkil topgan she’rlar ham salmoqli o‘rinni egallaydi.

G’azallari.

Makonimni munavvar qilgali, ey yor, xush kelding,
Visoling sharbatig‘a aylading sarshor, xush kelding.

Labolab to‘lganichun no‘sh etib jomi muhabbatni,
So‘ray, deb mo‘r holini Sulaymonvor, xush kelding.

Alifdek do‘stni jon ichra jo qilsam munosibdur,
Ko‘ngul vayronasini tuzgali me’mor, xush kelding.

Azizlar sunnati aftodalarni holini so‘rmoq,
Minib shabdizi himmat mardi maydonvor, xush kelding.

Urub ko‘si inoyat, har tarafga aylading javlon,
Zihi baxting samandi bo‘ldi, xush raftor, xush kelding.

Lab ochdim madh uchun bo‘lg‘ay munosib, garchi ahvolim,
Parishon hol ko‘nglum bo‘ldi fayz osor, xush kelding.

Yoqib sham’i muhabbat bo‘ldi dil koshonasi ravshan
Bo‘lub, ochildi go‘yo g‘unchalar gulzor, xush kelding.

Muhabbat bog‘ini gulchini Qoriy do‘st yodida,
Necha daftar yozib ash’ori shakkarbor, xush kelding,

Bir kelib ket.

Yuzi, ey, mohitobon, bir kelib ket,
Ko‘zum yo‘lingda hayron, bir kelib ket.

Firoqing dashtida men zoru-sarson,
Tarahhum birla jonon, bir kelib ket.

Yuzing ko‘rmakka ko‘p mushtoq erurman,
Boshim uzra xiromon bir kelib ket.

O‘lar holatga yetdim furqatingdin,
Topib fursat shitobon bir kelib ket.

Xamisha intizori maqdamingmen,
Ayo, ey shohi xo‘bon, bir kelib ket.

G‘amingda qolmadi bir zarra toqat,
Labi gul, g‘uncha xandon bir kelib ket.

Bu Qoriy hasratingdin kecha-kunduz,
Yonar chun sham’i so‘zon, bir kelib ket.

Bo’lmagansiz.

Jam’ bo‘lg‘on g‘unchalar, guldek parishon o‘lmangiz.
Andalibi xushnavo bo‘lg‘on gulafshon bo‘lmangiz.

Sabzadin olam tamoshogoh, sayri bog‘ uchun
Ochiling gul-gul davomat dog‘i xirmon o‘lmangiz.

Do‘stlar go‘yo banotun-na’sh bo‘stonlar aro,
Lola bargidek parishon, dillari qon o‘lmangiz.

Vasl bog‘i sabzu xurram gullar ochilgan kabi,
Sochilib haryon judolikdin pushaymon o‘lmangiz.

Sab’ai sayyoradek bir burjdin aylab tulu’,
Dil uyini ravshan aylab, becharog‘on o‘lmangiz.

Oshnolik rutbasi bo‘lsin musallam sizlara,
Nozaninlar zulfidek haryona larzon o‘lmangiz.

Sayri gulzor aylagan bulbul kabi bo‘ston aro
Betamoshoyi suman, besarvu rayhon o‘lmangiz.

Iftiroqi vaslidin ko‘ksi qarodur lolani,
Qamchi urgan raxshdek haryona javlon o‘lmangiz.

Sayr etib obi ravondek kelsangiz Farg‘onaga,
Qorining bo‘stonidin g‘ayriga mehmon o‘lmangiz.

O’rtar.

Tun oqshom nola qilsam bulbulu parvonani o‘rtar
O‘zimdek mubtaloyi ishq ko‘p so‘zonani o‘rtar.

Malomat teshasi bir sori, tekkan toshi bir sori
Nayistondin chiqib o‘t, majnunu farzonani o‘rtar.

Sarosar g‘am bila og‘ishta bo‘lgan, so‘rma ahvolim,
Agar izhor qilsam oqilu devonani o‘rtar.

Xumorim haddin oshdi, iltifoting yor qil, soqiy,
Jununim zo‘ridin o‘t tushsa bu mayxonani o‘rtar.

Mani holimga rahm etsang na bo‘lg‘ay, xo‘blar shohi
Fig‘onim kuydurur hushyor, ham mastonani o‘rtar.

Totib may qatrasin soldi tanobi ishq bo‘ynig‘a,
Analhaq shishasini sindurub paymonani o‘rtar.

Karam bobiga kelgan bo‘lmasun navmid, sultonim,
G‘ariblar ohidin olam kuyub koshonani o‘rtar.

Tuganmas qissalardur ishqidin motamsaro Qoriy,
Kuyub boshdin-ayog‘ing daftari afsonani o‘rtar.

Safo lofin urub oyina ruxsorig‘a hayrondur.

Safo lofin urub oyina ruxsorig‘a hayrondur,
Muattar aylagan olamni zulfi sunbulistondur.

Azal naqqoshi surat bog‘lag‘on, bilmam nechuk jonsan,
Pari, yo hur, yo rizvon guli dunyoga mehmondur.

Labi guftora kelgach garm bo‘ldi qand bozori
Takallum topdi to‘ti, andalibi bog‘ xandondur.

Hayoti jovidondur, topsa bo‘yi mushkfomidin,
Agarchandi gado ushshoq eli olamg‘a sultondur.

Xusho xandonidin boshimg‘a yuz savdo tamannosi,
Tushub sho‘rida xoshok ustiga go‘yoki so‘zondur.

Alifdek jon aro qomat, xayoli dil aro sokin,
Tamavvuj bermasun ko‘zlar nisoriga durafshondur.

Nazokatli guliston xirmanidin xo‘shachin o‘ldi,
Etib nash’u namo Qoriyga xo‘blardin bir ehsondur.

Odat.

Qon to‘kkali xunrez ko‘zi ayladi odat,
Jon bermak ila ishq eli topdi qarobat.

Yondurdi vujudimni muhabbatni tanuri,
Dudi bila olam elida qolmadi rohat.

Vobasta g‘amu g‘ussa bila jismi nizorim,
Pajmurda bo‘lib, tig‘i sitam bila jarohat.

Monandai Ayyub tanim kirmi balodin,
Chun xonai zanbur tegib tiri malomat.

Xanjar soladur sho‘xvashim rahm ila boqmay
Jallodi sitamgar manga oyini inoyat.

Amvoj barib, zulfi siyah tabini haryon,
Jon murg‘ini bo‘yniga yetib topdi qarobat.

Nozuk badanu, g‘uncha dahan, sim zaqandin,
Har kunda tushub Qorini jonig‘a bir ofat.

O’lmasun.

Mast chiqma har sori olam giriftor o‘lmasun,
Ishq elig‘a o‘t tushub, so‘zandai nor o‘lmasun.

Haddi avsofi kamolidur, qaror o‘lsun mudom,
G‘ayri zulfidin manga bir tor zunnor o‘lmasun.

Manzili jon ichra ul xurshed monandi alif
Zarravash ko‘yi sori mandek giriftor o‘lmasun.

Dambadam naxli murodim obihayvoning tilar,
Men kabi so‘zanda, sandek sho‘xi tarror o‘lmasun.

Charxi kajraftordin boroni g‘am seli sirishk,
Har taraf tug‘yon qilib daryoyi xunxor o‘lmasun.

Ey asir aylab jahon ra’nolarin sayyodvor,
Jon olurga sen kabi choloku ayyor o‘lmasun.

Nozaninlar ishq bozoriga solsa Qorini,
Olg‘oli ul sho‘xdin g‘ayri xaridor o‘lmasun.

Navoiy g’azaliga muxammas.

Niqob ochib labi Shiringa ko‘hkan qilg‘il,
Mani asiri balo chohi ul zaqan qilg‘il,
Sochingni sunbuli sarr ustiga suman qilg‘il,
Qaro ko‘zum kelu mardumlig‘ emdi fan qilg‘il,
Ko‘zum qarosig‘a mardum kibi vatan qilg‘il.

Mazoqi la’ling ila bo‘ldi xush tarab gulshan,
Ko‘rub xijolat ila ayladi adab gulshan,
Nazokating suyiga bo‘ldi xushk lab gulshan,
Yuzung guliga ko‘ngul ravzasin yasab gulshan,
Qading niholig‘a jon gulshanin chaman qilg‘il.

Karam darini ochib himmat ila bel bog‘la,
Chaman-chaman ochilib lolalar dilin dog‘la,
Fasohating bila to‘ti dilig‘a qon bog‘la,
Takovaringga bag‘ir qonidin hino bog‘la,
Itingg‘a g‘amzada jon rishtasin rasan qilg‘il.

Xirom etib qilako‘r mushkfom gullarni,
Asir etay desang och xandadin ko‘ngullarni,
Xizr kibi qadam ur sabza ayla yo‘llarni,
Yuzung visolig‘a yetsun desang ko‘ngullarni,
Sochingni boshdin-ayog‘ chin ila shikan qilg‘il.

Qalandarona guzar ayla bo‘lmag‘il tomi’,
Sochilma har sori gul g‘unchavor bo‘l qoni’,
Yaratdi bandalik uchun karam bila soni’,
Xazon sipohig‘a, ey bog‘bon, emas moni’,
Bu bog‘ tomig‘a gar ignadin tikan qilg‘il.

Firoq o‘tida jigar chok qildi gul badani,
Meni asir qilib mubtaloi ul zaqani,
Muattar ayladi gulgun qaboyi pirahani,
Yuzida terni ko‘rub o‘lsam, ey rafiq, mani,
Gulob ila yuvu gul bargidin kafan qilg‘il.

Munosib o‘lmadi ushshoq elig‘a nom ila nang,
Ko‘ziga xascha erur mulki Rumu Shomu farang
Xayoli sayrida Qoriy ayoqing o‘ldi chu lang,
Navoiy anjumani shavq jon aro tuzsang,
Oni boshoqlig‘ o‘qin sham’i anjuman qilg‘il.

Mashrab g’azaliga muxammas.

Qilg‘il tarahhum so‘zonalarga,
Bag‘ri ezilgan giryonalarga,
Shohi jahonim hayronalarga,
Ko‘rsat jamoling mastonalarga,
Ishqingda kuygan devonalarga.

Zikringda jonim topdi halovat,
Muflis gadoga qilg‘il saxovat,
Muhtoj erurman etgil karomat,
Mandin duoyi sandin ijobat,
Jonim tasadduq jononalarga.

Oshiqg‘a javring tark aylomoyin,
Qahru itobing kam aylomoyin,
Zulfi siyohing ham aylomayin,
Ey bag‘ri qattig‘ rahm aylomoyin,
Qilg‘il nazora bechoralarga.

Har tunda ohim olamg‘a to‘lg‘ay,
Nola-fig‘onim yetsa na bo‘lg‘ay,
Bu tashna bo‘lgon qonsa na bo‘lg‘ay,
Sham’i jamoling yonsa na bo‘lg‘ay,
Tun kecha bo‘lsa parvonalarga.

Daryolar oqdi ashki ravondin,
Saqla qulungni rohi omondin,
Qoriyga ko‘rsat rohi omondin,
Mashrab sani deb o‘tdi jahondin,
Boshini qo‘yub ostonalarga.

Barcha o’zbek shoir she’rlari

manba

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Attestatsiya
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar