Bosh sahifa » Sherlar » Muhammad Yusuf Bayoniy haqida. G’azal, Muxammas, murabba’,qit’alari.

Muhammad Yusuf Bayoniy haqida. G’azal, Muxammas, murabba’,qit’alari.

by nafisa nafisa

Muhammad Yusuf Bayoniy haqida. G'azal, Muxammas, murabba',qit'alari.

Muhammad Yusuf Bayoniy haqida.

Bayoniy (taxallusi; asl ismi Muhammad Yusufbek Bobojonbek o‘g‘li) (1858— Xiva — 1923) — O‘zbek shoiri, tarixchi, musiqashunos, xattot va tarjimon. Xivadagi Sherg‘ozixon madrasasida tahsil ko‘rgan. Suls, kufiy, rayhoniy, shikasta xatlarini yaxshi bilgan, tanbur chertish va g‘ijjak chalishda mohir bo‘lgan.

Bayoniyning bir devoni, Xorazm tarixiga oid ikki asari va tarjimalari saqlangan. U mumtoz she’riyatning deyarli hamma janrlarida ijod qilib, Navoiy, Munis, Ogahiy an’analarini davom ettirgan. Avaz O‘tar bilan ijodiy hamkorlikda bo‘lgan. «Devoni Bayoniy» she’rlar to‘plamini tuzgan. Unga kirgan she’rlarida dunyoviy sevgini ulug‘lagan, tabiat go‘zalliklarini sodda va ravon ifodalagan, mazlumlar, ilm-fan ahlining achchiq taqdiriga achingan.

«Shajarai Xorazmshohiy» tarixiy-memuar asari bilan Munis va Ogahiy boshlagan ishni davom ettirgan. Bunda Yofasdan Qo‘ng‘irot urug‘igacha, Abulg‘oziy Bahodirxondan Asfandiyorxongacha o‘tgan xonlar hukmronligi davri tarixi yoritilgan. «Xorazm tarixi» asari «Shajarai Xorazmshohiy»dagi voqealarni to‘ldirgan. Asarning avvalgi boblari ma’no jihatdan «Shajarai Xorazmshohiy»ga o‘xshab ketadi. Lekin yozilish uslubi bilan undan farq qiladi. Asarda, asosan Asfandiyorxon hukmronligi davri va undan keyin ro‘y bergan voqealar tasvirlangan. 16 bobdan iborat bu asarning 8 bobigina bizgacha yetib kelgan.

Bayoniyning har ikki tarixiy asarida ijtimoiy-iqtisodiy hayotga oid juda ko‘p qimmatli materiallar bor. Jumladan, Xiva xonligining Buxoro va Qo‘qon xonligi va xonlikka qo‘shni bo‘lgan boshqa mamlakatlar bilan savdo va diplomatik munosabatlari, mehnatkashlardan olinadigan har xil soliqlar, Xorazmda yashagan olim va shoirlar, shaharlar hayoti, dehqonchilik ishlari to‘g‘risida boy ma’lumotlar yozilgan.

Bayoniy arabchadan Darvesh Ahmad («Sahoyif ul-axbor», 1901), forschadan Binoiy («Shayboniynoma», 1915), Tabariy («Tarixi Tabariy») asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. «Majmuai shuaroi forsiy» to‘plami (1900) va boshqani husnixatda ko‘chirgan.

«Shajarai Xorazmshohiy» (inv. № 9596), «Xorazm tarixi» (inv. № 7421), «Devoni Bayoniy» (inv. №№ 1120, 7106, 6666) asarlarining qo‘lyozmalari O‘zbekiston Fanlar akaemiyasi Sharqshunoslik institutida saqlanmoqda.

Muhammad Rasul Mirzo haqida. 

G’azallari.

Jahon suv yuzida erur chun hubob,
Bas andin nechuk bo‘lgumiz bahrayob.

Binosi bo‘lub to‘rt ziddin aning,
Erur ishlari davr aro inqilob.

Bu zidlar tabaddul ayon aylabon,
Fitan joyi bo‘lmish jahoni xarob.

Birovni chu xushlikda ko‘rdi falak,
Hasad birla urg‘usi otashg‘a ob.

Etar javri birdek gar o‘lsun gado,
Var o‘lsun shahanshohi molik riqob.

Aning xushliqi barqdek tezrav,
G‘ami ham o‘tar misli zilli sahob.

Na iqbolidin shod o‘lub hush eli,
Sururi uchun qildilar fathi bob.

Na idboridin tanglik tortibon,
G‘ami ranjidin etdilar iztirob.

Chu ahvol mundog‘ esa, soqiyo,
Karam aylabon ol yuzingdin niqob.

Damadam labolab qilib jomni,
Izin uzmayin tut mayi la’li nob.

Bayoniy bo‘lub mast davron g‘amin
Unutsin yuzungni ko‘rub behijob.

* * *

Ey birodar, dahridin ko‘ngling mukaddar bo‘lmasun,
Har dam onda ozdin ko‘p sho‘r ila shar bo‘lmasun.

Bo‘lg‘il ogah g‘aflatu, buxlu hasad, ujbu riyo,
Kiynu, shirku, shak bori ko‘nglingda yaksar bo‘lmasun.

Tushmagil aslo qanoat izzatidin, gar desang
Yuzlarim yuz nav’ zillat birla asfar bo‘lmasun.

Foqa ahli bil — fano iqlimiiing sultonidur,
To banogah ul saning nazdingda ahgar bo‘lmasun.

Faqrdur faxri nabi bas charx o‘zin arz etsa ham,
Ko‘nglung aslo moyili mulki Skandar bo‘lmasun.

Dahr ayshi tarkin et tokim ko‘ngul mir’otida,
Rangi zangi javr davri zulm gustar bo‘lmasun.

Matlabing dildordin bo‘lsa tamannoyi visol,
Yodining g‘ayri zamiring ichra muzmar bo‘lmasun.

Bo‘lmasa dardi firoq o‘tiga sabru toqating,
Hech bu yo‘lda sanga juz ishq rahbar bo‘lmasun.

Chun Bayoniyga berur jilva maroyoi jamol,
Nega matlubi alardin husni dilbar bo‘lmasun.

* * *

Chun bahor ayyomi keldi, to‘ldi guldan dashtu tog‘,
Fikrati guldin ko‘ngullar qildi mayli gashti bog‘.

Dahri dunning ishrati marg‘ub emasdur yorsiz,
Ayshu ishrat yorsiz dahr ichradur dog‘ o‘zra dog‘!

Ul tag‘oful peshaning ersa tag‘oful peshasi,
Nega bo‘lmastur junun rog‘ida sinam rog‘, rog‘.

Boshda mehr aylab ayon, so‘ngra bu ne badmehrlik,
Bosh-ayoqingg‘a ko‘yorman, netdi sunsang bir ayog‘.

Gah qilursan necha nayranglar bila o‘timni tez,
Gah to‘karsan nozi istig‘nodin ul o‘timg‘a yog‘.

Davr javridur manga bu ohkim bir yetmadi,
Baxti nofarjomdin kelgan mehanlardin farog‘.

Go‘shanda munzavi bo‘lmak tilarman koshki,
Olam ahlidin manga jo bo‘lsa andog‘ bir qirog‘.

Kim zamona ilkiga olsa falak g‘arbolini,
Xoki g‘abroni elab ham topmagay mendin so‘rog‘.

Ey Bayoniy kim vafosizlardin ummidi vafo
Qilsa haqqidur jafo dudi bila yoqmaq dimog‘.

* * *

Yozg‘ali qaddingni ta’rifini, ey zebo sanam,
Loyiq uldur qilg‘aman shohi sanubardin qalam.

Qomating zebo alifdekdurkim aning ollida,
Shoxi gulni bori xijlat ayladi qaddini xam.

Yoki bosh chekdi latofat bog‘ida bir toza gul,
Kim yaratdi oni rahmatdin xudoyi zulkaram.

Chun soching tavsifi tahririg‘a surdim xomalar,
Bo‘ldi har satri anga bir band zanjiri qadam.

Etdi chun qoshingni ikki tig‘ining avsofig‘a,
Vasf eta olmay tavaqqufsiz qalam bo‘ldi qalam.

Oh uyi Chin nofidin bo‘lsa munosibdur midod,
Ikki jodu ko‘zlaring madhini aylarga raqam.

Yuzlaringdur misli oyina musaffo, chun anga
Bir nazar qilsa kishi ko‘nglida qolmas zangi g‘am.

Chunki toza-toza gullar birla xurramdur hamon,
Dahr aro andin namuna keldi gulzori Eram.

Kim Bayoniydek bo‘lub bu ishqning savdosig‘a,
Tushsa ul bo‘lg‘usi majnunlikda olamg‘a alam.

* * *

Labmidur bu yo Xizrning chashmai hayvonimu
So‘zmu Adan bahrini yo turluk duru g‘altonimu.

Yuzdurmi bu, yo ravzai firdavsning navbar guli,
Yo osmoni husnning ravshan mahi tobonimu.

Ko‘nglumni shod etdi mening aylab visoli va’dasin,
Yokim burung‘idek bu ham bir va’dai yolg‘onimu.

Fazl ahlidin to‘lmish magar Xorazm mulki sarbasar
Yo bu mamolik arsasi so‘z gavharining konimu.

Har yondin uzmay izini el keltirurlar qop-qanor,
Bu asrda ash’or, yo bilmon tariq samonimu.

Turfa bu durkim borchasi bir-biridin marg‘ubroq
Islohin etkuchi va yo Xorazmning xoqonimu.

Toki bayon aylar aning madhin Bayoniy adl ila
Yokim bu shah o‘z asrining shohi Anushirvonimu.

* * *

Qushlardin o‘zni go‘yo aylar shumor qarg‘a,
Parvoz urar havoda aylab favor qarg‘a.

Andin kim o‘zga qushlar bosmoqg‘a or etarlar,
Zavqu surur ila ar benanggu or qarg‘a.

Devor aro xiromon bo‘lg‘usi to‘madin so‘ng,
Mastona na’ra tortar devonavor qarg‘a.

Dehqonni mazraida diltang etar hamisha
Uchg‘usi bir kesakdin garchi hazor qarg‘a.

Olam elin anga bu atvori etdi dushman,
El toshig‘a hadafdur shayton shior qarg‘a.

Ey koshki yiroqlik sen birla o‘rtamizda,
Sharq ila g‘arb bo‘lsa, ey beviqor qarg‘a.

Qushlarni vasfig‘a chun til ochti der Bayoniy,
Sarxush bo‘lurg‘a yetmay bo‘lg‘ay xumor qarg‘a.

Murabba’.

Maskanim xoki mazallatda tahayyur domidur,
Qismatim anduhi furqat shiddati olomidur,
Chunki bu ravshan kunim hijron qorong‘u shomidur,
Bir karam qil, ey shahi xo‘bon, karam hangomidur.

Yo‘linga menda qadam urmakg‘a quvvat qolmadi,
Himmatim boricha bo‘ldi sarfu himmat qolmadi
Sabr qilmoq muncha bo‘lg‘ay emdi toqat qolmadi
Bir karam qil, ey shahi xo‘bon, karam hangomidur.

Ishqi xunxor asru zoru, beqaror etmish meni,
Ixtiyorimni olib beixtiyor etmish meni,
Chun saning yo‘lingda benomusu or etmish meni,
Bir karam qil, ey shahi xo‘bon, karam hangomidur.

Qaysi atvorim sanga marg‘ub oni bilmadim,
Qaysi ishni ixtiyor et deding oni qilmadim,
Qaysi g‘am tig‘idur oning birla bag‘rim tilmadim,
Bir karam qil, ey shahi xo‘bon, karam hangomidur.

Ishqing o‘ti o‘rtatib qildi ko‘ngul mulkin xarob,
Bo‘ldi ashkimdin ravon har yong‘a bir daryoyi ob
O‘ldi chun hushimni shavqing jong‘a soldi iztirob
Bir karam qil, ey shahi xo‘bon, karam hangomidur.

Yuz qo‘yub har yon manga yuz qo‘ymadi juz dardu g‘am
Chorai holimni kimdin istadim ko‘rdim sitam,
Keldim oxir hazratingga aylab ummidi karam,
Bir karam qil, ey shahi xo‘bon, karam hangomidur.

Ko‘r Bayoniyning nahofat ichra jismi nolini,
Rangi ro‘yidin aning fahm et bori ahvolini,
Chunki o‘tkardi g‘amu kulfatda mohi solini,
Bir karam qil, ey shahi xo‘bon, karam hangomidur.

Qit’a.

Gar xor esa har kim o‘z elida,
Qayg‘udin ichida to‘la qondur,
Xor esang elingda turma zinhor,
Mag‘zing boshing ichra gar butundur,
Har dam chekibon tuman mazallat,
Kun dema hamul kuningni tundur
Tark et bu vatanni ko‘rgil oni,
Ud o‘z vatanida bir o‘tundur.

Yorab, ato ayla Bayoniyg‘a hush,
Bo‘yla maqolotdin o‘lsun xomush,
Nechaki avval o‘zi qilsun amal,
So‘ngra desa elga bo‘lur bexalal,
Omil emas ersa bu so‘zga o‘zi,
Elga qachon qilg‘ay asar bu so‘zi.

Muxammaslari.

Bo‘lub toza sabzu ashjorlar,
Bo‘lub loladin dashtu ko‘hsorlar,
Qurulmishdurur gulga bozorlar,
Bu mavsim g‘animatdur, ey yorlar,
Ne azhorlardur, ne azhorlar.

Tarovat topib o‘zga rangda jahon,
Erur zebu ziynatda rashki jinon,
Nahrlar erur har tarafga ravon,
Hamon har biri chashmai jovidon,
Ne anhorlardur, ne anhorlar.

Guliston topib o‘zgacha zebu zin,
Nazohatda bo‘lmish chu xulda barin,
Chamanda ochilmish guli otashin,
Rayohinu nasrinu ham yosumin,
Ne gulzorlardur, ne gulzorlar.

Anodil shajarlarda dastonsaroy,
Erur foxta nolasi dilraboy,
Qilib qumrilar nolai dilkushoy,
Ani ko‘rgan ahli holig‘a voy,
Dilafkorlardur, dilafkorlar.

Ko‘mung emdi g‘am bahri girdobini,
Yoping qayg‘u anvoi abvobini,
Muhayyo qiling ishrat asbobini,
Oching bazmi ayshu tarab bobini,
Sazovorlardur, sazovorlar.

Tuzub nag‘maning ahli tanbur, rud,
Dafu, barbatu, changu, qonunu ud,
Falakka yetishsun fig‘oni surud,
Topa olmag‘anlar bu suhbatda sud,
Ziyonkorlardur, ziyonkorlar.

Jahon ichra bo‘lmang g‘amin zinhor
Erur umr bir necha kun mustaor,
Tutub jomi man soqiyi gul uzor
Ichib dilni xush aylagan hushyor,
Ne hushyorlardur, ne hushyorlar.

Parivashlar aylab chamanga xirom,
Meni ahd ila qildilar shod kom,
Borib tutdilar chun chamanda maqom,
Dedilar xayoling erur asru xom,
Ne ayyorlardur, ne ayyorlar.

Nechun qadligim — qaddi shamshodidin,
Ko‘zum ashki chashmini jallodidin,
Parishonlig‘im zulfining yodidin,
Muotablig‘im arzim irodidin,
Dil ozorlardur, dil ozorlar.

Asiri qadu zulfu xol aylagan,
Qadimni bukub misli dol aylagan,
Nahofatda jismimni nol aylagan,
Bu hol uzra majnun misol aylagan,
Ne xunxorlardur, ne xunxorlar.

Erur do‘stlar bok aro sar baland,
Bo‘lub ayshu ishrat bila bahramand,
Bayoniyni g‘am mahbasi ichra band,
Qilib aylamishlar base mustamand,
Ajab yorlardur, ajab yorlar.

Munis g’azaliga muxammas.

La’ling g‘amidin bo‘lsam ozod agar, oni
Banda xati bermay hech turmoqni yo‘q imkoni,
Alholki men ko‘rdim bu turfa tamoshoni,
Jonbaxsh labing uzra chiqmish xati rayhoni,
Kim ko‘rdi xizr birla bir yerda masihoni.

G‘unchani bori umri ermasdur ikki kuncha,
La’linga barobarlik lofini uror muncha,
Ko‘rdingmu g‘ururining ko‘rdi alamin shuncha,
Da’vog‘a ochib erdi lab og‘zing ila g‘uncha,
Bu tarki adabdindur og‘zidin oqar qoni.

Ishqingni giriftori devonalig‘ istaydur,
Bu tavri bila elda afsonalig‘ istaydur,
Davrida necha kundin begonalig‘ istaydur,
Sham’i ruhinga, jono, parvonalig‘ istaydur,
Behuda emas oyning har kechada davroni.

Tokim meni zoringg‘a ishqing yo‘lidur maslak,
Oromu qaroru sabr jismimdin erur munfak,
Chun bo‘ldi ko‘zing qasdi ishq ahlini qatl etmak,
Payvasta qoshing yosi mujgonlik otar novak,
Ko‘nglum hadafi oning, jonim dog‘i qurboni.

Ko‘z tegmasun, ey dilbar, bu toza niholingg‘a,
Ham husnu jamol ichra bu nav’ kamolingg‘a,
To bir nazarim tushmish bu ikki hilolingg‘a,
Bo‘lmish dili tangimda orom xayolingg‘a.
Zindon aro tutg‘ondek manzil mahi kan’oni.

Ul qaysi ko‘nguldurkim ermas sanga ul moyil
Kimdurki jahon ichra ul madhinga ochmas til,
Yodingdin agar goho qolsa bo‘lubon g‘ofil,
Jonlarg‘a jamolingdin ogohlig‘ o‘lur hosil,
Husn ichra sanga bo‘lmish oyinai ruhoniy.

Sen jonni tilar bo‘lsang oni sanga bermas kim,
Maqsad gulin avqingdin bu bog‘ aro termas kim
Shukringni Bayoniyg‘a munda til evirmas kim,
Payvasta yarolardin shukrkim ajab ermas kim,
Gulrangi qabo topmish Munis tani uryoni.

Boshqa adib she’rlari

manba

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar