Mirtemir she’rlar to’plami. Mirtemir (Tursunov Mirtemir) 1910 yil 30 mayda Turkiston shahrining Iqon qishlog’ida tug’ilgan. O’zbekiston xalq shoiri (1971). Eski maktabda ta’lim olgach (1919—20), Toshkentga kelib, Almaiy nomidagi namuna ish maktabi (1920—23) va O’zbek erlar bilim yurtida taxsil ko’rgan (1925— 29). Ilk she’rlar to’plami — «Shu’lalar qo’ynida» (1928) milliy o’zbek she’riyati uchun yangi janr — sochma (nasriy she’r) janrida yozilgan. «Zafar» (1929), «Qaynashlarim» va «Bong» (1932) she’riy to’plamlari muallifi. «Barot» (1930), «Xidir» (1932), «Dilkusho», «Suv qizi» (1937), «Oysanamning to’yida» (1938), «Ko’zi» (1939) kabi dostonlar yozgan. «Qoraqalpok, daftari» (1957) turkumidan o’rin olgan «Surat» lirik qissasi esa 60—70-yillarda o’zbek she’riyatida doston janriga e’tiborning kuchayishi va lirik doston janrining kamol topishiga katta ta’sir ko’rsatgan. A. S. Pushkinning she’rlarini, N. A. Nekrasovning «Rusiyada kim yaxshi yashaydi», SH. Rustavelining «Yo’lbars terisini yopingan pahlavon», Abay, Maxtumquli va Berdaq asarlarini hamda kirg’iz xalq, eposi «Manas»ni o’zbek tiliga tarjima qilgan. Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofoti (1979), Berdaq nomidagi Qoraqalpog’iston Davlat mukofoti (1977) laureati. 1978 yil 25 yanvarda Toshkentda vafot etgan. «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni soxibi (2002).
Mirtemir hayoti va ijodi haqida >>
* * *
Roziman, rizoman, o’la-o’lguncha
Xalqim deb o’ldim.
Xalqim nima bo’lsa, men o’sha bo’ldim,
Yuragim, bo’g’ilma, o’rtanma buncha!
O’zimga xiyonat qildimu aksar,
Xalqimga xiyonat o’ylagani yo’q.
Mening yuragimni teshib o’tdilar
Xalqimga otilgan talay-talay o’q.
Qancha yo’llar bosdim, gohida toldim,
Lekin xalq nomiga yuqtirmadim gard.
Faryod solar chog’da jim bo’la oldim,
Xalqim dardi edi dil o’rtagan dard.
Xalqim etagida yetdim voyaga,
Xalq bilan kuldim.
Bardoshim so’z bermas, deyman, qoyaga…
Roziman, o’lguncha xalqim deb o’ldim.
SEN ONA…
Alisherga alla aytib uxlatgan
Sen — ona.
Og’ushida Bobur kamolga yetgan
Sen — ona.
Torobiyni og’ir jangga jo’natgan
Sen — ona.
Olamni nurida munavvar etgan
Sen — ona.
Yig’lasa, dunyoni raso titratgan
Sen — ona.
Kulgisi saodat parvarish etgan
Sen — ona.
Dohiylar beshigin bedor tebratgan
Sen — ona.
Mehri bahorida elni yashnatgan
Sen — ona.
Yagona o’g’lingni jo’natding jangga,
Bo’l bardam, ona!
Onaday oshiq yo’q ona Vatanga,
Muhtaram ona…
ONAGINAM
Tovonimga chaqir tikanakday botuvchi — g’ashlik,
Bedavo sizloviqday sizlatguvchi — g’ashlik.
Jigarimni qiymalab ahyon-ahyon,
Chuchvaraga chekkuvchi — g’ashlik.
Meni o’ylab notavon va nimjon,
g’ashimga tekkuvchi — g’ashlik.
Suyaklarimni sirqiratib,
och tevatday g’ajiguchi,
Ko’zimga yosh tirqiratib,
jig’ildonimda achchiq bo’zaday achiguvchi g’ashlik…
Dunyoga qayta kelishimga ko’zim yetsaydi,
Yigit yoshim to’lmay turib,
Ayriliq zaylida qoq yog’ochday qurib
Jon bergan onamni ko’rishimga
ko’zim yetsaydi,
Tizzasiga bir nafas bosh qo’yishimga
ko’zim yetsaydi,
Onalik mehriga o’bdon to’yishimga
ko’zim yetsaydi,
Oq sutingni oqlay, deyishimga
ko’zim yetsaydi,
Menda g’ashlik netardi?
Yantoq o’tinidek,
Tamaki tutunidek,
Tong paytida taralgan badbaxtlik tunidek —
Cheksiz fazolarga tarqab ketardi!
Onaginam!
Odam bo’ldimmi menam?
Yigit yoshimgacha bir chelak suv keltirib
bermagan bo’lsam,
YO tashnaligingda bir kosa sharbat to’ldirib
bermagam bo’lsam,
YO non yopishing uchun,
Hatto bir yo’la, bir kun
Sahrodan o’tin orqalab kelmagan bolangman…
Og’zingdan so’z chiqmay, yelmagan bolangman…
Sening arzimas bir yumushingni ado etolmaganim,
Sening bir ishorangga yuz o’mbaloq oshib ketolmaganim!
Seni jindak xushvaqt qilgani,
Seni jindak xushbaxt qilgani —
Tagsiz jarlardan o’tolmaganim,
Seni so’nggi yo’lga o’zim kuzatolmaganim —
Tog’day zil.
Abadiyatday cheksiz armon bo’lib qoldi dilimda,
onaginam!
Odam bo’ldimmi menam?
Ha, odam sanashar meni elimda,
Senga qilolmagan xizmatim,
Sen deb chekolmagan zahmatim —
Jindak zehnim, jindak she’rim, jindak g’azalxonligim
Onalik mehriga to’ymagan mehrim,
jindak yaxshilik va yomonligim
Meni odam sanagan elimga baxshida,
jafodiyda onaginam!
Elga xizmatim — senga xizmatim emasmi axir,
El meni farzandim demasmi axir!
Rozi bo’l, odam sanalay menam…
Dunyoga qaytib kelurman,
Lekin boshqa o’g’il bo’lib…
Mirtemir hayoti va ijodi haqida >>
Mirtemir she’rlar to’plami : ONAGINAM
… Ona bag’rin qo’msab o’tdi go’daklik,
Taqdir olib ketmish edi yiroqqa.
Goh o’ksuklik, gohi sho’xlik, tentakli,
Tag’in bir yoz qaytib keldim qishloqqa.
Ne ko’rayin? Ketmon yotur zang bosib,
Sopi siniq, qarab bo’lmas o’roqqa.
Og’il, chetan, quduq boshi chang bosib,
Onam sho’rlik o’xshar jonli qurchoqqa.
Ko’z yoshini artib ro’mol uchida,
Manglayimdan o’pib, tutar so’roqqa.
Singlim ko’zi milt-milt, hovli burchida,
Hovli o’xshar hozir yuz bir quroqqa.
«Ko’z oydin!» deb olis-yaqin kelishar:
«Kelding chog’i tag’in to’rt kun qo’noqqa?»
Vaqt tig’iz-da, bular qaydan bilishar,
Biri uyga, biri chorlar ovloqqa.
«Tulpor to’g’ri chortoq tomon choparmish,
Sen ham axir chopib kelgung chortoqqa.
Ot aylanib, qozig’ini toparmish,
Sen ham axir topib kelgung shu yoqqa…»
Biri u der, biri bu der, xushvaqtlik,
Sakrab ketgum kelar o’xshab tayloqqa.
Yaxshi tilak, yaxshi orzu, xushbaxtlik,
Mayli borsam borib kelay yayloqqa.
Vaqt tig’iz-ku, lekin ancha turgim bor,
Tag’in tushgum, qaydam, qanday so’qmoqqa.
Onaginam ko’z oldida yurgim bor.
Ketmam, to’lqin itg’itganday qirg’oqqa.
Tong otmayin o’roqni ham soplagum,
Ketmonni ham duch qilgayman qayroqqa.
Loy qilaman, loyga somon qoplagum,
Erta bilan do’stlar kelur shuvoqqa.
Qaydan bilsin ne savdolik yosh boshim,
Ona qalbi o’xshar oydir buloqqa.
Xayollarda sovib qolar so’k oshim…
Onaginam o’tin qalar o’choqqa…
* * *
Ka’bamsan, she’riyat, ezgu ehromim,
Og’u ham bol to’liq bebaho jomim.
Amalim va ishqim, umidu armon,
Uyqusiz tunlarim — jindak ilhomim…
Kerakmas inju ham sensiz, haqiq ham,
Kerakmas shaddod ham sensiz, daqiq ham,
Hayot ham men uchun sensiz bema’ni,
Sensiz o’tmasin-da hatto daqiqam.
* * *
Qorong’ulik tushar,
Bag’rim uvishar,
Tanholikda qayta tug’ilaman men.
Yorilib ketguday
Tamom yitguday,
Toki tong otguncha bo’g’ilaman men.
Ko’zimga yorug’lik,
So’zimga yorug’lik,
Sog’ jonga yorug’lik so’rayman tongdan.
Armonli yo’lchiman,
Armonli kuychiman,
Jahonga yorug’lik so’rayman tongdan.
Mirtemir she’rlar to’plami: BETOBLIGIMDA
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Qovrilmay g’ashlik alangasida,
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Nafasimni rostlay ko’lankasida.
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Qushlar ovoziga quloq solayin.
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Xayol og’ushida orom olayin.
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Shu kungacha o’zni men cheklab bo’ldim.
Majnuntol tagiga o’tqazing meni,
Men uchun yig’lasin men yig’lab bo’ldim.
* * *
Ko’zingni o’ynatma, kulma, qarama,
Nozli nigohlaring kerakmas sening.
Bog’lab olarman, deb endi o’ylama…
Tortgan u «oh»laring chin emas sening.
Ko’p kunlar sudrading tusmol yo’llarda,
Men-da tilsizlarcha ergashdim-ketdim.
Adashgan ekanman, bilsam, cho’llarda,
Mana endilikda tushunib yetdim…
Tushundim: u totli xayollar — xayol,
Aldanmas bu yurak shirin so’zingta.
Yo’qol, ey aldamchi, yondashma, yo’qol,
Termulish yo’q endi orsiz yuzingga!
Jilmayma, qarama, so’zlama menga,
Eski afsonani kuylama menga…
Mirtemir she’rlar to’plami: XO’RSINIQ…
Qo’limdan har nima keladi, yurtdosh,
G’ariblik, yupunlik — barin ko’rganman.
Qo’sh ham haydaganman, o’roq o’rganman,
Ayrilikda ko’zdan to’kkanman ne yosh…
G’o’za ham ekkanman, juvari, kunjut,
Qo’limda raqs etur teshayu randa,
Yo’l ham, qo’nalg’a ham mo’l bu Vatanda,
Kamchil ham bo’lganman, to’q, quvnoq va but…
Chuvak ham tikkanman, mol ham boqqanman,
Kuduq ham qazganman naq o’n bir quloch,
Zilol suvlarida yuvishardi soch,
Ne-ne qiz sochiga lola taqqanman.
Taqdirimga hech ham o’pka qilmayman,
Qo’limdan kelmaydi degan pesha kam.
Ba’zan ko’zlarimda tomchi-tomchi nam…
Hanuz she’r yozishni bilmayman.
O’LAN AVJLARIDA…
O’lan avjlarida gul ochadi dasht,
O’lan avjlarida zamon uyg’onur.
O’lan avjlarida dunyo-dunyo gasht,
O’lan avjlarida olam to’lg’onur.
O’lan avjlarida tug’ilur suygu,
O’lan avjlarida tug’ilur jujuq.
O’lansiz na rang bor, na yorug’ tuyg’u,
Hayot lablariga toshadi uchuq…
Great !!
Bts ARMY