Millatlar tarixida muhim siyosiy shaxslar bo‘ladi. Va ular tanlovi millionlab odamlar kelajagini belgilab beradi. Bunday tanlov amir Olimxon hokimiyatiga qarshi chiqqan, uch marta o‘limga hukm etilgan, 13 yil O‘zbekiston SSR hukumatini boshqarib so‘ng qatag‘onga uchragan Fayzulla Xo‘jayev chekiga ham tushgandi.
Fayzulla Xo’jayev biografiyasi
1896 yil 1 iyun, Buxoro. Boylikda Buxoro amiri bilan tenglasha oladigan savdogar Ubaydulla Xo‘ja oilasida o‘g‘il farzand dunyoga keldi. Bu chaqaloq keyinchalik Buxoroda demokratik davlat qurishga uringan, O‘zbekistonning rivoji uchun borini bergan, millatning ko‘zi to‘q, halol farzandi Fayzulla Xo‘jayev edi.
Tarixning ma’lum davrida Xo‘jayev faoliyatini qoralaganlar ham bo‘ldi. Ushbu maqolada hozir hayot bo‘lgan qarindoshlari, tarixchilar va tarixiy manbalar asosida siyosatchining hayot yo‘liga nazar tashlashga qaror qildik.
Tillolarni emas, vijdonini tanlagan o‘g‘il
Fayzullaning otasi XIX asrda qorako‘lchilik bo‘yicha ko‘plab yurtlarda nom chiqargan savdogarlardan bo‘lgan. U Fayzullani o‘z merosxo‘ri sifatida tanlab, 12 yoshida Moskvaga olib boradi. Fayzulla Xo‘jayev Moskvada 1907–1912 yillarda xususiy o‘qituvchilar qo‘lida ta’lim oladi. Va shu yerda savdo va zamonaviy ilmlarni o‘rganib, Buxoroga qaytib keladi.
Rossiyada ta’lim olib, dunyoqarashi kengaygan Fayzulla ota yo‘lini tanlamadi.
Fayzulla Xo‘jayevning jiyani, Buxoro davlat universiteti tarix fanlari doktori Sulaymon Inoyatovning hikoya qilishicha, Fayzulla Xo‘jayev o‘sha paytdagi Buxoroning ahvolini, Vatanining taraqqiyotda orqada qolayotganini sezadi va Buxoroning ahvolini tuzumni o‘zgartirish bilan yaxshilash mumkin degan fikrga keladi. Va chet elda o‘qib kelgan amakilari Usmonxo‘ja, Atoullaxo‘jalarga qo‘shilib, jadidlar izidan ketdi.
Fayzulla Xo’jayev biografiyasi
Jadidlar farzandlarimizni o‘qitib, ma’rifatga erishamiz va ma’rifat bilan jamiyatni o‘zgartiramiz degan g‘oya bilan “Yosh buxoroliklar” partiyasini ochib, Buxoro amiriga qarshi kurash boshlagan edilar.
Ozchilikni tashkil qilgan “Yosh buxoroliklar” amirga qarshi kurasha olmas edilar. Shuning uchun ular 1918 yilda Turkiston Xalq Komissarlar Soveti raisi Kolesovdan yordam so‘raydi. Jadid tarafdorlarining kamligi, qizil armiyaning yaxshi qurollanmay urushga kirgani sabab amir kuchlari ustunlik qiladi. Shundan keyin Xo‘jayev oila a’zolari bilan Toshkentga jo‘naydi. Biroq bu – urush tugaganini anglatmasdi.
Xo‘jayev 1918–1920 yillarda bolsheviklarning “Iskra” gazetasi tahririyatiga kiradi va 1920 yilda Toshkentga qaytib, “Uchqun” gazetasini chiqaradi. Uni 5000 nusxada yashirin chiqarib, Buxoro aholisiga tarqatadi. Bu yo‘lda unga Abdurauf Fitrat, Munzim, Said Ahroriylar yordam beradilar.
Fayzulla Xo‘jayev boshi evaziga oltinlar va’da qilingan
Matbuot orqali o‘z tarafdorlarini ko‘paytirgan Fayzulla Xo‘jayev qadimiychilar va Said Olimxonga yoqmasligi turgan gap edi. Buxoro amiri qanday bo‘lmasin, uni yo‘q qilish yo‘llarini izlaydi, boshi uchun yirik miqdorda oltin ham va’da qiladi. Shunday og‘ir vaziyatda Xo‘jayev yagona madad bolsheviklar deb tushunadi va ulardan ikkinchi bor yordam so‘radi.
1920 yilda Turkiston fronti qo‘mondoni Mixail Frunze boshchiligidagi qizil armiya amir hokimiyatini ag‘darish uchun Buxoroga kiradi. Avvaliga tinch aholiga tegmaslikka va’da bergan bolsheviklar 1920 yil 1 sentyabrda Buxoroga 11ta aeroplan bilan hujum qilib, amirlikni xonavayron qildi. Natijada 34ta guzar, 6 mingga yaqin do‘kon va hovli, 20ga yaqin saroy, 29ta masjid yonib kul bo‘ldi. Minglab begunoh odamlar qirildi. Bunday qirg‘inbarotni ko‘rgan Fayzulla Xo‘jayev bolsheviklarga ishonib xato qilganini anglaydi.
Xo‘jayev xalq hayotini yaxshilash, odamlarni ilmli qilish uchun o‘zi to‘g‘ri deya ishongan yo‘lda kurashini davom ettiradi. Amir taxti qulagach, uning o‘rniga Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tuziladi va unga Fayzulla Xo‘jayev rahbarlik qiladi.
Fayzulla Xo’jayev biografiyasi
Mustaqillik va taraqqiyot yo‘li – ilmda
G‘arbda ilm-fan, sanoat rivojlanayotganini ko‘rgan Fayzulla Xo‘jayev o‘z xalqining orqada qolayotganidan tashvishlanardi. Shu sabab respublika aholisi ilmli bo‘lishi uchun qo‘lidan kelganini qildi. Uning rahbarlik yillarida respublika umumta’lim maktablarida 18 tilda dars berilgan. Oliy o‘quv yurtlari soni 31taga yetib, 86ta texnikum tashkil qilingan.
O‘zbekistondagi ilk gidrostansiya Bo‘zsuv GES, Chirchiq elektrkimyo kombinati, Toshkent to‘qimachilik kombinati ham Xo‘jayev sa’y-harakatlari bilan ochilgan. Uning rahbarligida Boysunda ko‘mir, Olmaliqda mis, Samarqand va Farg‘onada marmar, rangli metallarni qidirish ishlari boshlanadi.
“Milliy chegaralanish o‘tkazilib, O‘zbekiston Respublikasi tuzilgach, Fayzulla Xo‘jayev respublika boshida turib, Vazirlar Mahkamasining raisi sifatida faoliyat yuritadi. Hozirgi hisob-kitoblarga qaraganda, Xo‘jayev O‘zbekiston tepasida turganida 400dan ortiq xalq xo‘jaligi uchun xizmat qiladigan katta obektlarni, zavod-fabrikalarni qurgani haqida ma’lumotlar bor”, – deydi tarixchi Inoyatov.
Fayzulla Xo’jayev biografiyasi
Xo‘jayev 1924–1937 yillarda O‘zbekiston SSR Xalq Komissarlari Soveti raisi lavozimida faoliyat yuritgan. Bu yillar davomida Moskvaning kuchli tazyiqi ostida ishlashga majbur bo‘ldi, shunga qaramay yoshlarni chet elda o‘qishga jo‘natishga, millat ziyolilarini tuzumdan himoyalashga va mamlakatda xalq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirishga intildi.
XX asrning boshida tug‘ilgan buxoroliklarning ko‘pi Fayzulla Xo‘jayevni ko‘rgan yoki uning rahbarlik yillarida yashagan. Fayzulla Xo‘jayevni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan kishilar bilan suhbatlashgan tarix fanlari doktori Shodmon Hayitov ular xotirasini shunday hikoya qiladi:
“Men otamga ergashib Fayzulla Xo‘jayevni kutib olish uchun vokzalga bordim. Vokzalda tumonat odam yig‘ilgandi. 1-vagondan oq kitel, oq shim va poxol shlyapada o‘rta bo‘yli Fayzulla Xo‘jayev tushdi. Odamlar orasida: “Ana, eshonjon keldi, eshonjon” degan gala-g‘ovur. Shunda bir chol odamlar orasini yorib kirib, Fayzulla Xo‘jayev oyog‘i ostiga o‘zini tashladi.
“Eshonjon, Buxoro xalqi och, agar o‘zingiz yordam bermasangiz, xalqimiz ochlikdan qirilib ketadi”, – deydi. Fayzulla Xo‘jayev ro‘molchasi bilan cholning ko‘z-yoshini artib: “Buxoro xalqining qirilib ketishiga yo‘l qo‘ymaymiz, asrab qolamiz”, deya Toshkentga jo‘nab ketadi. Shundan keyin Buxoroga 12-13 vagonda bug‘doy keldi. Bu bug‘doy 3 kun vokzaldan aholining sharoitiga qarab ro‘yxat bilan tarqatildi”, – deya gapirib bergan Xo‘jayevni ko‘rgan keksalardan biri.
Fayzulla Xo’jayev biografiyasi
Bosqin evaziga – amir xazinasining yarmi
Bolsheviklarning Xo‘jayevga yordami beg‘araz emasdi, albatta. Ular amir xazinasidagi oltinning teng yarmini olib ketishni istashgan. Shodmon Hayitovning aytishicha, Fayzulla Xo‘jayev bolsheviklar ketgandan keyin amirlikda 2ta xazinaxonani yashirib qolgan. Unda jami 9 ming kilogramm oltin va 152 ming kilogramm kumush saqlangan.
Xo‘jayev Buxoro Xalq Respublikasining Nozirlar sho‘rosi va Inqilobiy qo‘mitani shu oltinlardan tashkil qilish bo‘yicha farmon bergan. Va 5-6 kishidan iborat komissiya tuzgan. Unga moliya noziri Nosir Hakimov, Markaziy ijro qo‘mitasi raisi Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev, tashqi ishlar noziri Hoshim Yoqubov, savdo noziri Muhiddin Mansurovlar kirgan.
Tarixiy manbalarga ko‘ra, nozirlarni tekshirish uchun ular orqasidan xavfsizlik tuzilmalari o‘zining odamlarini qo‘ygan. Va ular hukumat a’zolarining oltindan o‘marganini aniqlaydilar, o‘shanda faqat Fayzulla Xo‘jayev oltindan olmagan edi.
“Amir tillalari butun ittifoqni ochlikdan saqlab qolgan bo‘lishi mumkin”
Fayzullaga otasidan juda katta boylik meros qolgandi. U bu boyliklarni xalq uchun xizmat qilsin deb, hukumatga topshirib yuborgan.
“U otasidan qolgan 410 kg oltinni, 82,2 kg kumush yombini va bir qancha olmos buyumlarni hukumatga topshirgan. Yashirib qolingan amir xazinasi hisobidan esa yoshlardan 125 nafarini Germaniya, Turkiya, Yaponiyaga o‘qishga yuborgan. O‘sha paytda Xorazm Xalq Respublikasidan 2 kishi, Turkiston avtonom respublikasidan bor-yo‘g‘i 16 kishi xorijga o‘qishga borgan. Buxoro Xalq Respublikasidan Germaniyaning o‘ziga 56, Turkiyaga 25 yosh yuborilgan.
Fayzulla Xo‘jayev Berlinning Barbarossa maydonidan Buxoro savdo vakolatxonasini sotib olib, har bir talabaning hisobiga 125 ming dollar miqdorida oltin o‘tqazgan. Maqsad – shu yerda 7-8 yil xorijda o‘qiydigan yoshlar qiynalib qolmasligi va O‘zbekistonga yaxshi kadr bo‘lib qaytishi edi”, – deydi Shodmon Hayitov.
Asrlar davomida Buxoro g‘aznasida to‘plangan boyliklar miqdori haqida turli taxminlar yuradi. Amir xazinasi haqida Turkiston jadidlarining yetakchilaridan bo‘lgan Mahmudxo‘ja Behbudiy shunday yozadi:
“…Hozir Buxoro amiri tasarrufi ostida bo‘lgan xazina shu darajada mo‘lki, hech bir mamlakat xazinasida bul darajada ehtiyot saqlangan oltin va kumush pul, tillo yombilar bo‘lmasa kerak. Buxoro amiri sanochlarida saqlanayotgan oltin va kumush pullar bo‘yi 50 olchin, eni 20 olchin va balandligi 8 olchin bo‘lgan bir tog‘dan iboratdur”.
Bu raqamlarni hozirgi o‘lchovga aylantirsak, amir xazinasining bo‘yi 35 metr, eni 14 metr va balandligi qariyb 6 metrga to‘g‘ri keladi. Bu boyliklarning asosiy qismi 1920 yildagi bosqindan keyin 18 vagonda Rossiyaga tashib ketilgani haqida ma’lumotlar bor.
Rossiyaga tashib ketilgan oltinlar taqdiri ko‘pchilikni qiziqtiradi. Ular yuz yillar davomida xalq peshona teri evaziga to‘planib kelayotgan boyliklar edi.
“1921–1922 yillarda ittifoq dahshatli ocharchilikni boshdan o‘tkazdi. SSR Markaziy ijro qo‘mitasi raisi Kalelin oldin Yevropa, keyin Sharq mamlakatlarini kezib chiqib, ulardan yordam so‘ragan. Kalelin faqatgina AQShni yordam uchun ko‘ndira oldi. AQSh esa oltin evaziga yordam berishini aytadi. Natijada katta miqdordagi oltin AQShga yuborildi. Amir tillalari butun ittifoqni ochlikdan saqlab qolgan bo‘lishi mumkin”, – deydi Shodmon Hayitov.
Tuhmatlar, qiynoqlar va qatl
Xo‘jayev xorij davlatlari bilan aloqa qilmay, Buxoroni rivojlantirishni tasavvur qilolmasdi. Shu sabab u Germaniya, Ozarboyjon, Turkiya bilan aloqalar o‘rnatishga intildi. Bu – bolsheviklarga yoqmadi. Bir tomondan bolsheviklar, ikkinchi tomondan mamlakat ichkarisida bo‘lganlar Fayzulla Xo‘jayev faoliyatini doimiy kuzatib, uning kamchiliklarini topishga harakat qilishdi.
“Bolsheviklar esa uning mustaqil O‘zbekistonni tashkil qilishidan qo‘rqib, hatto bu ketishda u SSRning muhim rahbarlaridan biriga aylanishi mumkin deb, unga nisbatan soxta uydirmalarni to‘qishgan. Va nihoyat 1937 yilda Fayzulla Xo‘jayevga qator tuhmatlarni qilib, uni qamatishgacha boradilar. U Moskvada qamoqxonada yotganida juda qattiq qiynoqlarga uchraydi.
Guruhbozlik, Stalin qatag‘oni Xo‘jayevning ham yoqasidan tutdi. U 1938 yil 13 mart kuni otuvga hukm qilinadi. 1938 yil 15 martda Moskvadagi Butova tumani, Sosenskiy qishlog‘idagi o‘rmonda otib o‘ldiriladi.
Bu joy yaqinda aniq bo‘ldi. Borib ko‘rib keldim. O‘zbekiston hukumati ham shu tuproqda yotgan farzandlariga hurmat ko‘rsatadi, degan umiddaman”, – deydi uning jiyani ko‘zida yosh bilan.
Xo‘jayev O‘zbekistonda sovet rejimini ag‘darish uchun fitna uyushtirganlikda hamda Germaniya, AQSh, Yaponiya va Polsha foydasiga josuslikda aybdor deb topilgan. 1965 yilda to‘la oqlanib, Stalin qatag‘onining begunoh qurbonlaridan biri sifatida e’tirof etilgan.
Fayzulla Xo‘jayevning avlodlari hozir qayerda?
Sulaymon Inoyatov Xo‘jayevning avlodlari hozir qayerda yashayotganiga aniqlik kiritdi. Uning aytishicha, Fayzulla Xo‘jayevning 4 nafar farzandi bo‘lgan, bir qizi va bir o‘g‘li yoshligida vafot etgan. Uning 1921 yilda tug‘ilgan Viloyatxon ismli qizi haqida ma’lumot bor, xolos.
Fayzulla Xo‘jayev otuvga hukm qilingandan keyin, rafiqasi Malikaxon va qizi Viloyatxon Sibirga surgun qilinadi. Va shu yerda Viloyatxon nemis immigrantlaridan biri Viktor Barxetga turmushga chiqadi. Ularning Rudolf Barxet ismli o‘g‘li bo‘lib, u hozir O‘zbekistonda yashaydi.
Biz Rudolf Barxet bilan bog‘lanishga ko‘p harakat qildik, ammo imkoni bo‘lmadi. Ehtimol, Xo‘jayev faoliyatining to‘liq yoritilmagan tomonlari uning avlodlari bilan suhbat qilishimizga hamon to‘sqinlik qilayotgandir.
Zuhra Abduhalimova tayyorladi.
Manba.