Erkin Vohidovning she'rlar to'plami
Bosh sahifa » Sherlar » Erkin Vohidovning sara she’rlar to’plami. E.Vohidov she’rlari. Ijodi

Erkin Vohidovning sara she’rlar to’plami. E.Vohidov she’rlari. Ijodi

Erkin Vohidovning sara she’rlar to’plami. E.Vohidov she’rlari. Ijodi

Erkin Vohidovning she'rlar to'plami
Erkin Vohidov she’rlari

Qaro qoshing

Qaro qoshing, qalam qoshing,
Qiyiq qayrilma qoshing, qiz.
Qilur qatlima qasd qayrab —
Qilich qotil qaroshing, qiz.

Qafasda qalb qushin qiynab,
Qanot qoqmoqqa qo`ymaysan.
Qarab qo`ygil qiyo,
Qalbimni qizdirsin quyoshing, qiz.

TAVSIYA ETAMIZ : E.VOHIDOV TARJIMAI HOLI >>

BU QIZIQ : O’ZBEGIM QASIDASI >>

Sevgi shunday navbahorki

Sevgi shunday navbahorki,
U tikandin gul qilur.
Toshga jonu til bag`ishlab,
Zog`ni ham bulbul qilur.

Sevgi shunday dard erurki,
Barcha bo`lg`ay mubtalo,
Mubtaloni neki qilsa
Telba bu ko`ngil qilur.

Sevgi shunday tangridirki,
Unga tengdur shoh, gado,
Qulni aylab shohu sulton,
Shohni bo`lsa qul qilur.

Sevgi shunday bir olovki,
Jonga undan yo`q omon,
Gulxanida o`rtab-o`rtab,
Bir kun oxir kul qilur.

Sevginingdir hukmi mutlaq,
Istasa shaydolarin
Chashmi giryonidan ummon,
Ohidan dovul qilur.

Sevgiga she’r bitding, Erkin,
Besabab ermaski, ishq —
Aylagach ko`ngulni ishg`ol,
She’r ila mashg`ul qilur.

Xayrli kech

Tilak qadrin bilar odamlar,
Yaxshi niyat qilar odamlar.
Do`stga tungi orom oldidan
Xayrli kech tilar odamlar.

Xayrli kech — hikmatli istak,
Bu istakni buyurmish yurak.
Xayrli kech — farahli tuning
Osoyishta, tinch bo`lsin, demak.

Yer yuzida yashagan inson
Mayliga, u qayerlik bo`lsin,
Tinch mehnatda kunlari shodon,
Kechalari xayrli bo`lsin.

Erkin Vohidovning sara she’rlar to’plami.

Barcha shodlik senga bo`lsin

Barcha shodlik senga bo`lsin,
Bor sitam zorlik, menga.
Barcha dildorlik senga-yu,
Barcha xushtorlik menga.

Sen mening jonimni olgin,
Men sening darding olay,
Barcha sog`lik senga bo`lsin,
Barcha bemorlik menga.

Senga bo`lsin barcha husnu
Menga bo`lsin barcha ishq,
Kori xunxorlik senga-yu,
Mehru poydorlik menga.

Bu jahonning rohatin ol,
Bor azobin menga ber,
Senga bo`lsin barcha orom,
Barcha bemorlik menga.

Ol o`zing koshonlarni,
Menga qo`y mayxonani,
Barcha xushyorlik senga-yu,
Barcha hummorlik menga.

Senga bo`lsin nurli kunduz,
Menga qolsin qora tun,
Barcha gulshan senga bo`lsin,
Bor tikanzorlik manga.

Sen shahanshohlikni olgin,
Menga qullik bo`lsa bas,
Bor jafokorlik senga-yu,
Bor vafodorlik menga.

Mayli, ostonangda yotsam,
Mayli, quvsang tosh otib,
Bor dilozorlik senga-yu,
Bor dilafgorlik menga.

Senga she’rni bitsin Erkin,
Yirtib otmoq o`z ishing,
Kasbi inkorlik senga-yu,
Aybga iqrorlik menga.

TAVSIYA ETAMIZ : E.VOHIDOV TARJIMAI HOLI >>

BU QIZIQ : O’ZBEGIM QASIDASI >>

Kamtarlik haqida

Garchi shuncha mag`rur tursa ham,
Piyolaga egilar choynak.
Shunday ekan, manmanlik nechun,
Kibru havo nimaga kerak?

Kamtarin bo`l, hatto bir qadam
O`tma g`urur ostonasidan.
Piyolani inson shuning-chun
O`par doim peshonasidan.

Erkin Vohidovning sara she’rlar to’plami.

Sevgi

O`n sakkizga kirmagan kim bor,
Bo`g`imgdan gul termagan kim bor.
Sen haqingda yozib to`rt satr,
Sirdoshiga asta ko`rsatib,
Qo`shni qizga bermagan kim bor.

Dastlab har kim qalam olgan on
Yonib seni kuylar begumon.
Maskan qurib har bir ko`ngildan,
Oshiqlarni qoldirib tildan,
Shoirlarni qilursan biyron.

Tushdim chog`i men ham domingga,
Ezgu hislar baxsh etding menga,
Hayotimga zar lavha bo`lding,
Ilk she’rimga sarlavha bo`lding,
Xayollarim ulfatdir senga.

Yuragimda his etdim qanot,
Tilsim kabi ochilur hayot,
Visoldagi damlarim shirin,
Hijrondagi g`amlarim shirin,
Kulib boqar menga koinot…

O`n sakkizga kirmagan kim bor,
Bog`ingdan gul termagan kim bor…

Do`st bilan obod uying

Do`st bilan obod uying,
Gar bo`lsa u vayrona ham,
Do`st qadam qo`ymas esa,
Vayronadir koshona ham.

Intizor har uy dilovar
Dilkusholar bazmiga,
Gar oyoq qo`sa qabohat
Yig`lagay ostona ham.

Yaxshi do`stlar davrasida
Ochilursan har zamon,
Ko`rkni shoda ichra topgay
Marvarid durdona ham.

So`rma mendan, kim diloro,
Do`stmi yo jonona deb,
Do`st mening ko`nglimdadir,
Jonimdadir jonona ham.

Qochma rostgo`y do`stlarning
Koxishu ozoridan,
Qaddi rost shamning tilidan
O`rtanur parvona ham.

Do`st qidir, do`st top jahonda,
Do`st yuz ming bo`lsa oz,
Ko`p erur bisyor dushman
Bo`lsa u bir dona ham.

Kim senga hamroz emasdir,
Beg`araz deb o`ylama,
Gohi dushmanlik qilurlar
Qo`l siqib do`stona ham.

Do`sti sodiq yo`q ekan deb
O`rtanib kuyma va lek,
Mehr uyin keng ochsang, Erkin,
Do`st bo`lur begona ham.

O`rtada begona yo`q

Ko`yida men tosh boshimni
Urmagan ostona yo`q,
Elda bor shunday masal:
Jon chekmasang jonona yo`q.

Sevgi vodiysida menga
Teng bo`lolgay qaysi Qays?!
Ko`nglim ochsam, ikki dunyo
Bu kabi afsona yo`q.

Shahr ichida holatimdan
Kulmagan bir oqilu
Xilvat ichra menga ulfat —
Bo`lmagan devona yo`q.

Ne ajabkim, mast bo`libman
Ko`zlaringga termilib,
Yetti iqlimda bu yanglig`
May yo`gu mayxona yo`q.

Ishq g`amin aytsam qalamga
Ich-etin kuydirdi ul,
Sevgidek o`t yo`q jahonda,
Men kabi so`zona yo`q.

Oq qog`ozim, senga Erkin
Ochdi pinhon ishqini,
Sen boru men bor, qalam bor
O`rtada begona yo`q

TAVSIYA ETAMIZ : E.VOHIDOV TARJIMAI HOLI >>

BU QIZIQ : O’ZBEGIM QASIDASI >>

Boshqa manbalar E.Vohidov haqida >>

Manba

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Oldest
Newest Most Voted
Inline Feedbacks
View all comments
She'rlar
TESTLAR
Darsliklar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x
Scroll to Top