Erkin Vohidov she’rlari, asarlari, qasidasi. Erkin Vohidov ijodidan

Erkin Vohidov She'rlari
Erkin Vohidov

Erkin Vohidov she’rlari, asarlari, qasidasi. Erkin Vohidov ijodidan parchalar. Ushbu Erkin Vohidov ijodidagi sara she’rlarni o’qing. Yod oling.

Barcha shodlik senga bo’lsin

Barcha shodlik senga bo`lsin,
Bor sitam zorlik, menga.
Barcha dildorlik senga-yu,
Barcha xushtorlik menga.
Sen mening jonimni olgin,
Men sening darding olay,
Barcha sog`lik senga bo`lsin,
Barcha bemorlik menga.
Senga bo`lsin barcha husnu
Menga bo`lsin barcha ishq,
Kori xunxorlik senga-yu,
Mehru poydorlik menga.
Bu jahonning rohatin ol,
Bor azobin menga ber,
Senga bo`lsin barcha orom,
Barcha bemorlik menga.
Ol o`zing koshonlarni,
Menga qo`y mayxonani,
Barcha xushyorlik senga-yu,
Barcha hummorlik menga.
Senga bo`lsin nurli kunduz,
Menga qolsin qora tun,
Barcha gulshan senga bo`lsin,
Bor tikanzorlik manga.
Sen shahanshohlikni olgin,
Menga qullik bo`lsa bas,
Bor jafokorlik senga-yu,
Bor vafodorlik menga.
Mayli, ostonangda yotsam,
Mayli, quvsang tosh otib,
Bor dilozorlik senga-yu,
Bor dilafgorlik menga.
Senga she’rni bitsin Erkin,
Yirtib otmoq o`z ishing,
Kasbi inkorlik senga-yu,

Aybga iqrorlik menga.

Erkin Vohidov She'rlari
Erkin Vohidov

Kamtarlik haqida

Garchi shuncha mag`rur tursa ham,
Piyolaga egilar choynak.
Shunday ekan, manmanlik nechun,
Kibru havo nimaga kerak?

Kamtarin bo`l, hatto bir qadam
O`tma g`urur ostonasidan.
Piyolani inson shuning-chun
O`par doim peshonasidan.

Sevgi

O`n sakkizga kirmagan kim bor,
Bo`g`imgdan gul termagan kim bor.
Sen haqingda yozib to`rt satr,
Sirdoshiga asta ko`rsatib,
Qo`shni qizga bermagan kim bor.
Dastlab har kim qalam olgan on
Yonib seni kuylar begumon.
Maskan qurib har bir ko`ngildan,
Oshiqlarni qoldirib tildan,
Shoirlarni qilursan biyron.
Tushdim chog`i men ham domingga,
Ezgu hislar baxsh etding menga,
Hayotimga zar lavha bo`lding,
Ilk she’rimga sarlavha bo`lding,
Xayollarim ulfatdir senga.
Yuragimda his etdim qanot,
Tilsim kabi ochilur hayot,
Visoldagi damlarim shirin,
Hijrondagi g`amlarim shirin,
Kulib boqar menga koinot…
O`n sakkizga kirmagan kim bor,
Bog`ingdan gul termagan kim bor…

Qaro Qoshing

Qaro qoshing, qalam qoshing,
Qiyiq qayrilma qoshing, qiz.
Qilur qatlima qasd qayrab —
Qilich qotil qaroshing, qiz.
 
Qafasda qalb qushin qiynab,
Qanot qoqmoqqa qo`ymaysan.
Qarab qo`ygil qiyo,
Qalbimni qizdirsin quyoshing, qiz.

Rashkim

Seni yotlar tugul hatto —
Qilurman rashk o`zimdan ham,
Uzoqroq termulib qolsam
Bo`lurman g`ash ko`zimdan ham.
Ko`zim yongay senga nargis —
Ko`zin tiksa chamanlarda,
Yashirmam, lolaga rashkim
Ayon bo`lgay yuzimdan ham.
Degaylarki, charosu
Ol gilos olmish labingdan rang,
Labing tegsa hasad qilgum
Gilos birlan uzumdan ham.
Seni jonim dedim yolg`iz,
Seni qalbim dedim tanho,
Chimirding qosh, pushaymonman
Qo`pol aytgan so`zimdan ham.
Visol onida ko`z ochsa,
Ne tong, tongdan ko`ngilda ranj,
Judo qilgay meni oy yuz,
Xumor ko`z yulduzimdan ham.
Senga o`n to`rtda bog`landim,
Hanuz erkin bo`lolmas dil,
O`zim dog`man, aql kirmas,
To`zimsiz o`ttizimdan ham.

Donishmand tabib

Alqissa juda qadim,
Jaholatli zamonda,
Bir donishmand, ulug’ hakim,
O’tgan ekan jahonda.
U kun bo’yi giyoh terib,
Kezib bog’u biyobon,
Odamlarga shifo berib,
Yashar ekan shodumon.
Unga ming bir mushkul dardning,
Ayon bo’lib shifosi,
Odamlarning bora-bora
Ortaverdi ixlosi.
Tabobatga qalban, ruhan,
Fido qilib o’zini,
Oxir bir kun nashtar bilan
Ochdi ko’rning ko’zini.
Rivoj topmish sohib xislat,
Donishmandga madadkor,
Lekin qayda bo’lsa shuhrat,
Yonboshida hasad bor.
Davoxonlar, parixonlar,
O’quvchilar chilyosin,
Xullas yurtda bor nodonlar,
Boshladilar ig’vosin.
«Bandasiga bermoq doru,
Yaratganga isyondir
Demak tabib ishi makr-u,
O’zi esa shaytondir».
Bu so’zlarni chin deb bildi
Nodon, johil olomon,
Donishmandni sazo qildi,
Kaltakladi beomon.
Cho’g‘ temirda ko’ksin dog’lab,
Dorga osmoq bo’ldilar,
So’ng bo’yniga xarsang bog’lab,
Suvga bosmoq bo’ldilar.
So’ng suvni ham, xarsangni ham
Xayf bilib «shayton» ga,
«Yoqing» – dedi eng bosh hakam,
-«Olib chiqib maydonga»
Keng maydonga ustun ko’mib,
Bog’ladilar hakimni.
So’ng temirni o’tga qo’yib,
Dog’ladilar hakimni.
Buyurdilar: «Yoqing shitob,
Azroilning oshnasin»
Dedi : «kimga kerak savob,
Cho’p keltirib tashlasin»
«Savob» uchun kimdir o’tin,
Kimdir tashlar dona xas.
Hakim boshin mag’rur tutib,
Johil elga qaramas.
Shu payt tabib sari bir chol,
Asta kela boshladi,
Quchog’ida bir bog’ poxol,
G’aram uzra tashladi.
Dedi: «Asl tug’ilganda,
Basir edim men o’zi,
Sen duoning kuchi birla
Ochib qo’yding ko’r ko’zim.
Tangri bilib yaratgan ko’r,
Davo qilding ne uchun?
So’roqda men manglayi sho’r,
Nima deyman Mahshar kun.
Haq yo’lidan ozgan odam,
Davo qilib ne berding,
Meni bir yo’la u dunyo ham,
Bu dunyomdan ayirding.
Ko’rligimda bu dunyoni
Tasavvurda ko’rardim.
Dunyodagi bor odamni
Mushfiq bilib yurardim.
Shafqat ila kim nonu, kim
Chaqa tashlab ketardi,
Men ham shunga to’ygan edim,
Shu ham menga yetardi.
Qornim to’ysa saodatim,
Yo’q tuman xil tilaklar,
Ham ulfatim, hamsuhbatim,
Jajji shirin go’daklar.
O’ylar edim dunyoda bor
Musaffolik, soddalik,
Ko’zim ochib ilk bor ko’rdim,
Berahmlik, soxtalik.
O’g’irligu, fahshni ko`rib,
Jim yurarkan odamlar.
O’z do’stiga kulib turib,
Tig’ urarkan odamlar.
Bir yonga boq: Ayshu-ishrat.
Bir yonga boq: Ohu-voh,
Bu kun mening ko’nglimda g’ash,
Imonimda ishtiboh.
Derdim, yurtni bir bor ko’rsam,
Ko’rdim: ko’nglim to’q endi,
Yo’lda yotgan ko’rchalik ham,
E’tiborim yo’q endi.
Ado bo’ldim, to’yib ketdim,
Ado bo’lsam mayliga,
Yo qaytadan o`sha g’arib,
Gado bo’lsam mayliga.
Ko’r bo’lsam ham mayliga…
Bu so’zlarni eshitdi-yu,
Faryod urdi donishmand,
«Yoqing»- deya so’radi u,
«Olov bo’lsin sarbaland.
To’yib ketdim bu dunyodan,
Hech toqatim qolmadi,
Mendan shifo oldi olam,
Odam shifo olmadi.
Jaholatning zahri tekkan
Nodon, johil, gumrohlar,
Davosiga ojiz ekan,
Men kashf etgan giyohlar.
Ko’r ko’zlarga nur bahsh etdi,
Men kashf etgan giyohlar,
Qalb ko`zini ochmoqqa lek
Kamlik qildi hunarim.
Odamlarga men yaxshilik,
Qilmoq bo’ldim, netayin?
Manglayda shu ekan bitik,
Yoqing kuyib ketayin.»
O’t yoqdilar yondi gulxan,
Qaro bo’ldi samovot,
Jaholatning hukmi bilan
Ado bo’ldi buyuk zot.
Gulhan yondi ko’kka o’ralib,
Cho’gi har yon sochildi,
Shu olovdan elning, ajab,
Aql ko’zi ochildi.
Yigladilar aza tutib,
O’kindilar, kuydilar,
Yillar o’tib donishmandga
Oltin haykal qo’ydilar.
E, voh, hakim ko’zi bilan
Ko’rsaydi bu hurmatni,
Lekin olim o’zi bilan
Olib ketdi hikmatni…
Qo’y, ey, ko’nglim, sen bu qadar
Dahshatni kam o’ylagin,
Senga nasib bo’lgan davron,
Sozin chalib kuylagin.
Shukronalik, mayni ichib,
Yayrab qolgin har nafas,
Bu dunyodan bir kun kechib,
Ketguvchi bir biz emas.
Qo’y, ey, ko’nglim, Haq muhabbat,
She’r zavqiga qo’naylik.
O’tda yonish bo’lsa mayli,
She’r o’tida yonaylik.
Faqat bizga g’am u qadar,
Qayg’u hasrat yot bo’lsin,
To biz uchun jon berganlar,
Ruhi doim shod bo’lsin!