Bosh sahifa » Tarixiy obidalar » Buxoro amirining Kogondagi saroyi haqida

Buxoro amirining Kogondagi saroyi haqida

by nafisa nafisa

Buxoro amirining Kogondagi saroyi XX asr boshlarida Turkistonga rossiyalik imperatorning tashrifi munosabati bilan Sayid Abd-ad-Axad buyrug‘iga asosan, rus va buxorolik ustalar tomonidan tomonidan qurilgan.

Buxoro amirining Kogondagi saroyi haqida

Buxoro amirining saroyi.

1888 yil 26 fevralda birinchi poezd Buxoro xududiga kirib keldi.Temir yoʼlning kirib kelishi, avvalo, kiborlar toifasi uchun katta xursandchiliklarga sabab boʼldi. Buxoro amiri Sayyid Bahodir Аbdulahadxon 1885-1910 yillar mobaynida Peterburg, Moskva va Qrim shaharlariga oʼz oilasi, amaldorlari bilan koʼp bor sayr-sayohat qildi. Аmir Yalta, Kislovodsk, Pyatigorsk, Jeleznovodsk kabi kurort shaharlardagi eng bahavo, maʼdanli suvlarga boy boʼlgan yerlardan joy olib, qarorgohlarini tiklay boshladi. Shu jumladan 1894 yilda Аmir Аbdulahadxon oʼz hududida ham, chetdan keladigan mehmonlarni munosib tarzda kutib olish maqsadida qarorgoh qurdirishga ahd qiladi. Oʼz qarorgohini qurdirish gʼoyasi amir Аbdulahadxonga 1892 yil yaqin kishilari bilan Rusiya shaharlari boʼylab navbatdagi sayohatga chiqqan kezlarida tinchlik bermaydi. Kavkaz, Peterburg, Moskva, Kiev, Yalta, Bogʼchasaroy, Tiflis shaharlarida boʼlib, u yerdagi rus aslzodalari hashamatli hayoti bilan tanishgan amir barcha qulayliklarga ega boʼlgan milliy va yevropacha uslubidagi muxtasham bino barpo etishlariga farmon beradi.

Dastlab saroy Buxoro shahrining ichkarisida qurilishi koʼzda tutiladi, ammo Buxoroning koʼzga koʼringan diniy ulamolari bunga qatʼiy qarshilik koʼrsatishadi. Sababi, diniy ulamolar gʼayridinlarning Buxoroga kirishlariga moneʼlik qilishadi. Shundan soʼng saroy Buxorodan 12 km sharqiy qismdagi “Yangi Buxoro”, keyinchalik Kogon deb atala boshlangan shaharchada qurilishi toʼgʼrisidagi yagona toʼxtamga kelishadi. Saroy qurilishini Аmir Аbdulahadxon oʼz davrining mohir meʼmori Leontiy Nikolaevich Benuaga ishonib topshiradi. Oradan qariyb 2 yil vaqt oʼtgach Benua saroy loyihasini ishlab chiqib amir Аbdulahadxonga koʼrsatadi. Loyihada mehmonlarni kutib olish uchun kerak boʼladigan barcha qulayliklar koʼzda tutilgan edi: mexmonxonalar, tamaddixona, dam olish xonalari, yotoqxonalar, vannaxona, hashamatli kutish zallari, 2-qavatda hordiq chiqarish uchun maxsus ayvonlar Benuaning loyihasida har tomonlama puxta oʼylangan edi. Turgan gapki, loyiha amirga maʼqul boʼladi va saroy qurilishi boshlab yuboriladi.

Sitorai Mohi Xossa Buxoro amiri saroyi

Saroy qurilishi 1895 yilda boshlanadi va u Mavritaniya uslubida barokko1, ampir2 va arab usullari uygʼunlashgan holda buxorolik va russiyalik mohir ustalar ishtirokida barpo qilinadi. Caroy bezaklarida asosan ganch ishlatilgan boʼlib, har bir xona oʼziga xos tarzda, yuqori mahorat bilan bezatilgan. Bino ichki va tashqi qismi bir xil, juda xam murakkab joylashuv va tuzilishga ega boʼlib, qurilish ishlarida mohir muhandis Dubrovin boshchilik qilgan. Behisob ustunlaru, katta gumbazlar va minoralar saroyni yanada ulugʼvor hamda mahobatli qilib koʼrsatadi.

Saroy xonalarini ganchdan ishlangan Golland uslubida qurilgan pechlar yordamida isitishgan. Pechlar yagona sxemada ishlagan, yaʼni xona devorlari oraligʼi

“Barokko” italyanchadan “gʼalati”, “ortiqchalikka moyil” (nuqsonli marvarid) degan maʼnolarni anglatib, markazi Italiya boʼlgan XVII-XVIII asr Yevropa madaniyati xususiyati hisoblanadi. Barokko uslubi XVI asr oxiri XVII asr boshlarida soʼnggi yangilanish davrida Italiyaning Rim, Mantuya Venetsiya, Florentsiya shaharlarida paydo boʼlgan. Barokko davri “gʼarb sivilizatsiyasining” yuqori choʼqqisi sanalgan.

Аmpir — imperiya usuli — arxitektura va amaliy sanʼatdagi soʼnggi yuqori klassitsizm usuli. Ushbu usul Frantsiyada imperator Napoleon I hukmronligi davrida paydo boʼlib, XIX asr dastlabki uch oʼn yilligi davrida rivojlanib, ekletik oqimlar bilan almashgan.
boʼylab havo bemalol aylanishi uchun ochiq yoʼlakchalar sistemasi oʼtkazilgan boʼlib, pechlardan chiqayotgan issiqlik hech qanday toʼsiqqa uchramay xona devorlaridagi mana shu yoʼlakchalar orqali butun binoga tarqalib, xonalarni issiqlik bilan taʼminlagan. Xuddi shu devor orasidagi yoʼlakchalar orqali yozgi mavsumda binoning 3 metr chuqurlikka ega yertoʼla qismi tuynugi ochilib, yertoʼladagi salqin havo butun saroy xonalari boʼylab yoʼnaltirilgan. Shunday qilib Benua loyihasining ushbu tahsinga sazovor qismi yordamida saroy xonalari qishda issiq va yozgi mavsumda salqin harorat bilan muntazam ravishda taʼminlanib turilgan.

Saroyning toʼgʼri burchakli tarhida boʼylama oʼq boʼylab choʼzilgan yirik zallarning biridan ikkinchisiga oʼtiladi. Tarh markazida eng katta zal joylashgan. Аmir davrida turli xildagi katta yigʼilishlardan tortib, bazmlargacha mazkur zalda oʼtkazilgan. Zalning devorlaridagi boʼrtma shakldagi bezaklari ganchdan mohirona qilib ishlangan. Yettita Golland pechlari xona husniga husn qoʼshib, koʼrkamligini yanada oshirgan. Ushbu katta zalning pol va shift qismi almashtirilgan boʼlishiga qaramay, devordagi boʼrtma ganchkori bezaklari asl xolicha saqlangan. Har bir xona devorlaridagi anvoyi gulli bezaklardan sharqona ruh barq urib turibdi.

Binoning ikkinchi qavatiga ixcham aylanma zinapoya yordamida chiqiladi, xonalariga esa kungurador arkalar bilan bezatilgan ochiq ayvonchalar orqali oʼtiladi. Ikkinchi qavatning ayvon qismida Qurʼon kitobidan oyatlar arab alifbosida ganchkori bezaklar bilan gulkori qilib bitilgan. Xuddi shunday yozuvlarni binoning gʼarbiy tomonidagi kirish eshigi ustida qurilgan ayvon ustunlarida xam, yogʼoch oʼymakorligi sanʼati yordamida bezaklar berib yozilganligini koʼrish mumkin. Uchinchi qavatdan asosan zarur holatlarda xavfsizlik maqsadida foydalanilgan. Saroyning gʼarbiy eshigidan juda ham maftunkor milliy uslubdagi bezaklar bilan gulkori qilib bezatilgan xonaga kiriladi. Bu xona amirlik davrida qabulxona vazifasini bajargan boʼlib, mana bir asrdan ziyod vaqt oʼtganligiga qaramay devorlardagi mohirona chizilgan naqshu nigorlar haligacha oʼz jilosini yoʼqotgani yoʼq. Kishi koʼzini qamashtirgudek, xuddi kechagina chizilgani kabi barq urib turibdi. Xonaning sharqiy devorida Golland uslubida pech qurilgan, gʼarbiy devori sal yoysimon boʼlib, ikki qavatli derazalar (vitraj) oʼrnatilgan.

Saroyga jami uchta eshik orqali kirilgan boʼlib, uchalasi binoning uch tomonida joylashgan. Mohir meʼmor Benua bino loyihasini shunaqa mahorat bilan ishlab chiqqanki, saroyga bir eshikdan kirgan kishi butun saroyni aylanib, mutlaqo boshqa eshik orqali chiqishi mumkin.

Keyinchalik ushbu saroydan Mangʼitlar sulolasining soʼnggi vakili, Аbdulahadxonning oʼgʼli Аmir Sayid Olimxon xam Buxoroga kelgan yuqori lavozimli mehmonlar uchun qarorgoh sifatida foydalangan.

Chor Minor tarixiy yodgorligi tarixi.

1920 yildan soʼng ushbu binoda “Yosh buxoroliklar” tomonidan birinchi ayollar maktabi tashkil qilingan. 1946 yilda sobiq Temir yoʼllar vazirligining qaroriga asosan “Oʼzbekiston temir yoʼllari” davlat-hissadorlik temir yoʼl kompaniyasining Buxoro boʼlimi tashkil etilishi toʼgʼrisida qaror qabul qilingan va 1947 yildan ushbu boʼlim saroy binosida oʼz faoliyatini boshlagan. Аyni kunlarda Buxoro shaxridagi Temiryoʼlchilar saroyi sifatida ushbu binodan foydalanilmoqda. Temir yoʼl tarixiga oid juda koʼplab kitoblar binoda tashkil etilgan kutubxonadan oʼrin olgan. Kutubxona uchun ajratilgan xonalarning devor va shift kismidagi boʼrtma ganchkori bezaklari juda yaxshi xolatda saqlangan. Ushbu xonalar amir davrida tamaddixona vazifasini bajargan.

Аmir Аbdulahadxon davrida saroyning sharqiy va janubiy qismi hovlisida favvoralar ham boʼlgan, ammo ushbu favvoralar hozirgi kungacha saqlanib qolinmagan. Moxi-Xossa saroyi singari ushbu saroy ham dvijok yordamida elektr energiyasi bilan taʼminlangan. Saroy yer maydoni jami 4 gektardan iborat boʼlib, bogʼ qismida katalьpa, dub, yovvoyi kashtan, akatsiya va boshqa turli xildagi manzarali daraxtlar, tashrif buyurgan mehmonlarni nafaqat oʼz zamonasida, balki hozirgacha lol qoldirmoqda.

Saroy rasmlari

Buxoro amirining Kogondagi saroyi haqidaBuxoro amirining Kogondagi saroyi haqida

 

Abdulxoliq G’ijduvoniy ziyoratgohi

manba

 

 

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x