Bosh sahifa » Tarixiy obidalar » Abdulxoliq G’ijduvoniy maqbarasi ziyoratgohi va rasmlari

Abdulxoliq G’ijduvoniy maqbarasi ziyoratgohi va rasmlari

by nafisa nafisa

Xo’ja Abdulxoliq G’ijduvoniy XII asrning birinchi choragida G’ijduvonda tug‘ilgan. U dastlabki ta’limni otasi Abduljamildan hamda xususiy muallimlardan olgan. Shundan so‘ng Balxga borib Xoja Fazliddin qo‘lida o‘n bir yil tahsil olgan. Marv, Saraxs, Tus singari Xuroson shaharlariga safar qiladi. Saraxsda mashhur alloma Yusuf Hamadoniy bilan uchrashib, bir umrga ustoz-shogird bo‘lib qoladi.

Ziyoratgoh tarixi

Xo’ja Аbdulxoliq G’ijduvoniy tasavvufning yirik namoyandasi, mashhur avliyo, Xojagon nomi bilan shuhrat qozongan Oʼrta Osiyo tariqatining asoschisi va rahnamosi, 1103 yilda Buxoro yaqinidagi yirik savdo-sotiq karvon yoʼllaridan boʼlmish Gʼijduvon qishlogʼida maʼrifatli oilada tugʼilgan. Oʼz qishlogʼida dastlabki maʼlumotni olgach, 22 yoshida ilmini takomilga yetkazish maqsadida Buxoroga keladi. Bu yerda oʼsha davrning yirik olimlari va tasavvuf namoyandalaridan yetarli taʼlim oladi. Аyniqsa, uning mashhur tasavvuf rahnamosi Аbu Yaʼqub Yusuf Hamadoniy (vaf. 1140 y.) bilan uchrashuvi muhim ahamiyatga ega boʼldi. Yusuf Hamadoniy uni soʼfiylik tariqatiga jalb qildi.

Abdulxoliq G’ijduvoniy dunyoqarashining poklanishida malomatiya taʼlimoti va qalandarlar harakati anchagina taʼsir koʼrsatdi. Oʼzining bir qancha hajm jihatdan katta boʼlmagan risolalarida tasavvufiyzohidlik bilan shugʼullangan dindor, eʼtiqodli musulmon nuqtai nazaridan kelib chiqib, shariat ahkomlari va paygʼambar alayhissalom sunnatlarini hamda tasavvufdagi yangiliklarni ildiz oldirib, mustahkamlashni targʼib qildi. Xalq ommasi – oddiy raiyat bilan yaqinlashish va ularning diniy eʼtiqodiga xizmat qilish xojagon tariqatining asosi edi. Tasavvufning boshqa tariqatlaridan farqli oʼlaroq Gʼijduvoniy soʼfiylar uchun maxsus xonaqohlar qurish va ularda yashashni maʼqullamas edi.

Buxoro tarixiy va arxitektura yodgorliklari va rasmlari

Abdulxoliq G’ijduvoniy oʼz taʼlimotining sakkizta asosiy qonun – yoʼl-yoʼriqlarini ishlab chiqdi. Uni tushida koʼrib, tasavvufdan gʼoyibona ruhiy taʼlim olgan va Gʼijduvoniyni oʼziga ustoz deb bilgan Bahouddin Naqshband (1318–1389) bu sakkizta yoʼl-yoʼriqlarni toʼlaligicha qabul qildi va ularga oʼzi yana uchta qoʼshdi hamda jahon miqyosida shuhrat qozongan Naqshbandiya tariqatiga asos soldi.

Mutafakkir oʼz ruboiysida zikrni bunday talqin etadi:

Jono, labam az zikri tu xomoʼsh mabod,
Yodi tu zi xotiram faromoʼsh mabod.
Har jo zi shumo ba lab hadise goʼyand,
Zarroti vujudi man ba juz goʼsh mabod.

Ruboiy Ergash Ochilov tarjimasida bunday jaranglaydi:

Bir lahza tilim tin olmasin zikringdan,
Bir lahza dilim toʼxtamasin fikringdan.
Har uzvi quloqqa aylanar jismimning
Har qayda soʼz ochsalar sening zikringdan.

Avliyo nasihatlari

Ey, mening oʼgʼilginam, senga nasihat qilayin, taqvo (parhezgarlik)ni oʼzingga shior qilib ol, ibodat vazifalarini doimo bajar. Oʼz holatingni har doim kuzatuvchi boʼl. Haq taolodan doimo qoʼrquvda boʼl. Xudoi taoloning, Rasulullohning, ota-onaning va barcha mashoyixlarning haq-huquqlarini ado qiluvchi boʼlki, bu xislatlar bilan Haq taoloning roziligiga musharraf boʼlursan.

* * *

Xoh oshkora boʼlsin, xoh pinhona boʼlsin, xoh Qurʼonga qarab boʼlsin, xoh yoddan boʼlsin, Qurʼon oʼqishni aslo tark qilma. Qurʼonni fikr bilan, qoʼrquv va yigʼi bilan oʼqi. Barcha ishlarda Qurʼonga rujuʼ qilgilki, Qurʼon xalq uchun Haq taoloning hujjatidir.

She’rlar to’plami

Ilm qidirishdan bir qadam ham uzoqlashma, fiqh ilmi va hadis ilmini oʼrgan. Taqlidchi soʼfiylardan uzoq boʼlginki, ular din yoʼlining oʼgʼrilaridir va musulmonlarni yoʼldan uruvchidirlar.

* * *

Hamisha sunnatga amal qil, oʼtmishdagi ulugʼ ulamolarning mazhab (yoʼllar)idan yurginki, har qanday bidʼat makruhdir. Yoshlar va ayollar bilan doimiy suhbatda boʼlma. Bidʼatchilar va boylar bilan ulfat boʼlmaginki, ular seni dindan ayiradilar. Suhbat qursang, faqirlar bilan qur, oʼz yukingni oʼzing koʼtar, halol yeginki, halollik yaxshiliklarning kalitidir. Haromdan qochginki, aks holda Haq taolodan uzoqlashasan… Halol yeginki, bundan ibodatning halovatini topasan…

* * *

Yaxshi nomga ega boʼlay desang, nom chiqarma. Nafsing xor boʼlishi uchun koʼp safar qil. Mashoyixlarning hurmatini joyiga qoʼy….Birovning maqtoviga uchma. Birov yomonlasa, xafa boʼlma. Xalqning maqtashi yoki yomonlashi sen uchun befarq boʼlsin. Xalq bilan chiroyli muomala qil. Doimo adab saqla. Barcha holatda yaxshiga ham, yomonga ham lutfu marhamat bilan muomala qil.

Abdulxoliq G’ijduvoniy rasmlari

Abdulxoliq G'ijduvoniy

Yetti Pirlar – Sayid Amir Kulol haqida.

manba

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x