Xivadagi Juma masjidi haqida batafsil ma’lumotlar.

Xiva Juma masjidi — Xiva (Xorazm)dagi meʼmoriy yodgorlik 10—18  asrlar. Ichan qalʼanmnt markaziy qismida Oma darvoza va Polvon darvozalarni birlashtiruvchi koʻchada joylashgan.

Juma masjidi haqida.

Ming yildan ziyod tarixga ega bo‘lgan Jome masjidi  o‘ziga xos qurilishi va hajmi bilan ajralib turadi. Bu bino Ichon-qal’aning sharqiy va g‘arbiy  darvozalarini birlashtiruvchi yo‘l o‘rtasida joylashgan bo‘lib, bir qavatli tekis tomli qilib qurilgan. Masjidga to‘rt tomondan ham kirish  eshiklari o‘rnatilgan bo‘lib, uning bosh eshigi shimolga qaratilgan   ikki tavaqali darvozadir. Bu darvoza tavaqalariga arab tili,  suls  xatida quyidagi hadis yozilgan,
Amallarning yaxshisi najot beruvchisidir,
Mol-mulkning yaxshisi kifoyat qiluvchisidir.
Masjidning 213 ta  (o‘ra)  ustunli ichki  maydoni  55×45 metr bo‘lgani holda, uning balandligi 4,5 metr.  Besh mingga yaqin kishi  namoz o‘qishi mumkin bo‘lgan bu masjidda yog‘och o‘ymakorligi san’atining qadimgi va eng chiroyli namunalari   hozir ham o‘z vazifasini bajarib turibdi. Bu ustunlarning ayrimlari XIII-XV asrlarda ishlangan bo‘lsa, katta ko‘pchiligi  XIX-XX asrlarga taalluqli.
Bugungi kungacha saqlangan bu   ustunlarning 12 ta eng qadimgilari  X-XII asrlarda ishlangan. Ustunlarning ko‘pligi, ularning ming yil ichida tuzatilgani xorazmlik yog‘och o‘ymakor ustalarning ishlariga baho berish imkonini beradi. Agar e’tibor qilinsa, ustundagi naqshlarning turli-tuman va bir-biridan chiroyliligi kishi diqqatini tortadi. Eng e’tiborli tomoni shuki, ustunlar qadimiylashib borgani sayin ulardagi go‘zallik orta boradi. Bu narsa naqshlarning chuqurligi, mayda-nafisligida ko‘rinadi. X-XI asrda ishlangan ustunlarga tarixiy ma’lumotlar yozilgan bo‘lsa, XV-XVI asrlardan ularga hadislar yozilib boshlangani ma’lum bo‘ladi.
X asrda Xorazmga kelgan  arab sayyohlari Al-Istahriy va Al-Muqaddasiylarning guvohlik berishlaricha, masjid IX-X asrlarda bunyod etilgan.
Ko‘pdan beri yashab kelayotgan xivaliklarning aytishlariga qaraganda, ko‘hna masjid eskirib qolgan va uning o‘rniga ikki yuz yillar oldin xuddi o‘sha reja asosida ancha kengaytirib hozirgi masjid bino qilingan. Tarixiy ma’lumotlarga qaraganda masjid   1788 yilda Abdurahmon mehtarning katta o‘g‘li Abdurahim boy tomonidan qayta qurilgan. Masjidning kun chiqar tomonidagi kichkina maqbaraga Abdurahmon mehtar dafn qilingan.
Masjid kirish eshigiga yopishtirib qurilgan  minoraning balandligi 42 metr bo‘lib, undan    muazzin kuniga besh mahal   azon aytib, xalqni namozga chaqirgan. Masjid 1983 yildan sayyohlar tomosha qilishi  uchun ochib qo‘yilgan.

Masjid rasmlari.