Bosh sahifa » Sherlar » Avaz O’tar g’azallari. Avaz O’tar ijodi.

Avaz O’tar g’azallari. Avaz O’tar ijodi.

by administrator

avaz-otar-gazallari

Avaz O’tar hayoti va ijodi to’liq >>>

Avaz O‘tar – Avaz Polvonniyoz (O‘tar) o‘g‘li (1884.15.8- Xiva-1919) — o‘zbek ma’rifatparvar shoiri. Dastlab maktabda, so‘ng Xivadagi Inoqiy madrasasida o‘qidi. 18 yoshlarida shoir sifatida xalq o‘rtasida tanildi. Muhammad Rahim Soniy (Feruz) Avaz O‘tar iste’dodiga katta e’tibor bergan, uni saroyga taklif qilib Tabibiyni unga ustoz tayin etgan. Ammo, Avaz O‘tar saroy hayoti bilan chiqisholmay, uni tark etadi.
20-asr boshlarida ko‘zga tashlanayotgan milliy uyg‘onish, istiqlol g‘oyalari Avaz O‘tar ijodiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Avaz O‘tar ijodida erkparvarlik, ozodlik, ma’rifatparvarlik g‘oyalari, turmush illatlariga qarshi qaratilgan hajvlar paydo bo‘la boshlaydi, bu davrda shoir yuksak insoniy fazilatlarni, chinakam insoniy muhabbatni tarannum etuvchi lirik she’rlar, qitalar, ruboiylar yozdi. Avaz O‘tar ijodida alohida o‘rin tutgan hajviy she’rlar turkumi — «Faloniy» ham shu davr mahsuli. Avaz O‘tar «Millat», «Hurriyat»; «Topar erkan, qachon», «Xalq», «Zamon» va boshqa she’rlarida millat taqdiri va kelajagini yangicha talqin etadi. Ayrim she’rlari o‘sha davr vaqtli matbuoti («Oyina», «Vaqt», «Mulla Nasriddin» va boshqa)da bosilgan. 2 devoni («Saodat ul-iqbol», «Devoni Avaz») va qator bayozlarga kiritilgan g‘azallari yetib kelgan. Devonlarining qo‘lyozma nusxalari O‘zbekiston Fanlar Akademiyasi Sharqshunoslik institutida (inv. ? 942, 7102, 3451) saqlanadi. Respublikada maktablar, ko‘cha va xiyobonlarga Avaz O‘tar nomi berilgan. Xivada uy-muzeyi tashkil etilgan, haykali o‘rnatilgan. U haqda badiiy asarlar yaratilgan (E. Samandar «Erk sadosi» dostoni, A. Bobojon «G’azal fojiasi» dramasi, S. Siyoyev «Bir chora zamon istab» qissasi va boshqa).

Avaz O’tar hayoti va ijodi to’liq >>>

G‘AZALLAR

Qo‘y, ey pari paykar, qadam aylab karam bosh ustina,
Qahru g‘azab tarkin qilib, chin solmag‘il qosh ustina.

Zohid ul oydin ijtinob etsa ne tong, ahbobkim,
Gar tushsa o‘lgay lam’ai xurshid xuffosh ustina.

Izhor etib bedodu kin oyinini beshak manga,
Borsam izidin ul go‘zal tosh otg‘usi tosh ustina.

Hosidlig‘ aylab bu zamon, kim berdi der ahli jahon,
Kiysa yangi xil’at agar qashshoqi qallosh ustina.

Garduni dun zulmu sitam ozoda elga qilg‘usi,
Javru jafo oyinini fosh aylabon fosh ustina.

Bo‘yla muravvatsiz zamon ahli erurkim, ey Avaz,
Gar topsa fursat bergusi og‘u qo‘shub osh ustina.

* * *

Vafou mehr erur borho xisol manga,
Netongki yetsa agar ishq aro kamol manga.

Nechuk murod ila maqsad topay jahon ichra,
Hamisha toli’ erur baxt aro vabol manga.

Raqib xayli erurkim g‘aniy bu olamda,
Alarning atlasidin ahsan eski shol manga.

Davomat o‘lg‘usidur odatim vafo bila mehr,
Yetishgusi bu jihatlar bila zavol manga.

Agarchi ziynati ko‘p jomi jam ne hojatdur,
Ki yaxshidurki topilsa sinuq safol manga.

Avaz netongki ul oy qomatini hajrida,
Alamning ostida qad bo‘lsa bo‘yla dol manga.

* * *

Ey ko‘ngul, ishq ichra kirding jon kerakmasmu sanga
Kofiri chashmin ko‘rub, imon kerakmasmu sanga.

Yor ruxsorig‘a boqmassan magarkim, zohido,
Oftob ila mahi tobon kerakmasmu sanga.

G‘ayr kuyining tamannosin qilursan, ey rafiq,
Yoki ayg‘il jannati rizvon kerakmasmu sanga.

O‘zga dilbar la’lini o‘pmak gar istar esang,
Degil, ey dil, ul labi xandon kerakmasmu sanga.

Ey ko‘z, etgung orzu g‘ayri sumanbar orazin,
Emdi ul oraz mahi raxshon kerakmasmu sanga.

Soqiyo, man hastag‘a may bermayin dog‘ aylading,
Yoki miskini hazin mehmon kerakmasmu sanga.

Ey Avaz, nazm aylading asru sharaf afshon suxan,
Yodgori daftari devon kerakmasmu sanga.

* * *

Har kishining dardi bo‘lsa, arz qilsun yorg‘a
Qolmag‘ay tokim hamisha hajr aro ozorg‘a.

Shoyad aylab rahm ahvolig‘a yori vasl aro
Mayli rag‘bat qilmag‘ay ixlos ila ag‘yorg‘a.

Ey ko‘ngul, oshuftasan, ajz ila izhor aylagil
Nechakim noz etsa ham ul zulfi anbar borg‘a.

Eyki istarsan davomat dahr ishqi behjati
Chek mihan, gulshanda gul payvand bo‘lmish xorg‘a.

Qilmag‘il dashnom, ey oromijon, g‘ayrig‘akim
Bersa bo‘lmas podzahri talx har bemorg‘a.

Ixtiyor etma qo‘lingdin kelmas ishni dahr aro
Qim nedin ta’nu malomat el qilur beorg‘a.

Ey Avaz, nazmingda kelturma har el alfozini,
Kim barobarlig‘ sadaf qilmas duri shahvorg‘a.

Avaz O’tar hayoti va ijodi to’liq >>>

* * *

Ey parivash bevafolig‘ aylama,
Kim ko‘p emdi pur jafolig‘ aylama.

Eyki istarsan tarabni dahr aro,
Ishq aro bedast-polig‘ aylama.

Oqil ersang asli ishq ichra kirib,
Notavonu benavolig‘ aylama.

Gar muroding yetmas ersa yorg‘a,
G‘ayr kuyida gadolig‘ aylama.

Kim tariqi faqr aro solik esang,
Xisravi kishvar kusholig‘ aylama.

Ey Avaz, bo‘lsang g‘aribu notavon,
Xonu boyg‘a oshnolig‘ aylama.

* * *

Vahki hamdam bo‘lmadim bir lahza jononim bila
Ko‘nglum olg‘on dilbaru sho‘xi suxandonim bila.

Soati bir maskan ichra jomi sahbo ichmadim
Ul nigori sarv qomat la’li xandonim bila.

Avvalo ardim hamisha komronu komgor
Vasl aro sarmast o‘lub, ul chashmi fattonim bila.

Necha yildurkim yutub xunobi hasrat beadad,
Jonima yetdim bu yanglig‘ dog‘i hijronim bila.

Ey Avaz, bir umr o‘tdi vasl aro mahrum o‘lub,
Sa’y qildim yetmadim maqsudg‘a jononim bila.

* * *

Bo‘lg‘usi, ey dil, muyassar vasli jonon, g‘am yema,
Kim oning kelmakligiga bordur imkon, g‘am yema.

Topg‘usi tabdil subhi vasl birla oqibat,
Nechakim tul o‘lsa gar ham shomi hijron, g‘am yema.

No‘sh qilsang yor ilgidin agar jomi tarab,
Dur sandin bo‘lg‘usi anduhi davron, g‘am yema.

Tiyri mujgoni bila qoning to‘kulsa har qachon,
Bergusi la’li labi kayfiyati jon, g‘am yema.

Laylivashlar suhbatindin ijtinob etgan uchun,
G‘am yemishmu erdi Majnuni biyobon, g‘am yema.

Hajr aro bo‘lsang Avazdek bekasu oshufta hol,
Bo‘lg‘usi, ey dil, muyassar vasli jonon, g‘am yema.

* * *

Dilbarimning bor manga atvori xo‘b,
Ham adovu ishvayu raftori xo‘b.

Bo‘lg‘usi albatta mandek beshikib,
Kimning ersa husn aro dildori xo‘b.

Oshiqi sodiqning ey, ahbob eli,
Bor haqiqatda bari kirdori xo‘b.

Hurdin ham ishq xayli ko‘ziga,
Ko‘rinur beshak o‘zining yori xo‘b.

Kurmagay aslo g‘amu mehnat yuzin
Qaysi oshiqning esa g‘amxori xo‘b.

Ey Avaz, bor jumlai devon aro,
Xo‘blug‘da ul ikov guftori xo‘b.

Avaz O’tar hayoti va ijodi to’liq >>>

* * *

So‘rmadi holimni, yorab, oshnolardin birov,
Ul muruvvatsiz, sitamgar, bevafolardin birov.

Yor ko‘yida qilib g‘ammozlik izhorini,
Soldi boshimg‘a qaro kun pur jafolardin birov.

Aylamaskim, aylasa gar ta’na jumla el manga,
Ko‘rmadi hajr ichra man ko‘rgan balolardin birov.

Baski qildi jabru, zulmu, qahru, kiynu ham itob,
Bovar aylab g‘ayr so‘zin dilrabolardin birov.

Noz ila ajzu niyozimni ko‘ziga ilmayin,
Nozaninlig‘ ko‘rguzub, sohib adolardin birov.

Vasl naqdin istabon nokomu mardud o‘ldimu,
Ko‘yi mahbub ichra man yanglig‘ gadolardin birov.

Ey Avaz, ko‘rgan malolu, hasratu, ranju, ano,
Yo‘q jahon mulkida sandek benavolardin birov.

* * *

Har dam manga yuz sitam qilursiz,
Sabru xiradim adam qilursiz.

Ming dardga mubtalo qilib voy,
Chashmimni chunonki nam qilursiz.

G‘ayri sariga borib, chu paydo
Jonimda tuman alam qilursiz.

Bir umr g‘aming yuki tagida,
Ey sho‘x, qadimni xam qilursiz.

Qahring kelibon hamisha mandin.
Pinhon rux, ayo sanam, qilursiz.

Bag‘rimda qo‘yarg‘a dog‘ uza dog‘,
Ag‘yor eliga karam qilursiz.

Bechora Avazni furqat ichra,
Oromini mun’adam qilursiz.

* * *

Man chekmagan dardu mehnat qolmadi,
Boshimga kelmagan ofat qolmadi.

O‘lgali yetishdim yora yetguncha,
Manga yuzlanmagan kulfat qolmadi.

Chekib dardu alam yerdan turg‘udek
Jismimda zarracha quvvat qolmadi.

Judolikning har bir kuni qiyomat,
Anda man ko‘rmagan shiddat qolmadi.

Erlarning boshig‘a tushub savdolar,
Ahli himmatlarda himmat qolmadi.

Hijronida o‘tub umrim tamomi,
Yorimg‘a yetarga fursat qolmadi.

Muhabbatsiz ahli olam, ey Avaz,
Go‘yo onlarda bu xislat qolmadi.

* * *

Ohkim, qildi falak, ayru diyorimdan mani,
To yiroq solmoqqa bir gulrux nigorimdan mani.

Xotirim oshufta bo‘lsa ayb qilmang, negakim,
Soldi ayru charx ahbob ila yorimdan mani.

Hodisoti dahrdin boshimga yuz savdo tushub,
Qolmadi osor qo‘lda ixtiyorimdan mani.

Yuzlanib bechoralig‘ har dam judolig‘ dog‘idan,
Qolmagay andak asar sabru qarorimdan mani.

Ne manga yoronu hamdam, ne manga bir mehribon,
Shum iqbolim ayurdi, yo‘qu borimdan mani.

Yor uchun jonim fido qilsam agar ermas ajab,
Qim ayon oshiqlig‘im afg‘onu zorimdan mani.

Ey Avaz, qilma taajjub borho noshod esam,
Kim xabar olmas birov holi nazorimdan mani.

* * *

Bukun, ey do‘stlar, yori vafodorimni sog‘indim,
Anisu mehribon mahbubi g‘amxorimni sog‘indim.

Yana faryodu afg‘on aylasam ayb aylamashlarkim,
Hamul shamshod qomat lola ruxsorimni sog‘indim.

Ko‘rub oy ila kunning kecha-kunduz ichra anvorin,
Hamul husn avjida mehri pur anvorimni sog‘indim.

Hanuz ayyomi furqat ranju dardining asiriman,
Visoli ichra ko‘rgan hazzi bisyorimni sog‘indim.

Jamoli birla erdi ko‘zlarim subhu maso ravshan,
Hamul xurshed siymo sho‘x dildorimni sog‘indim.

Erurman bekasu bedastu poyu xastayu mahzun,
Taajjub qilmangiz ul behjat osorimni sog‘indim.

Netongkim, ey Avaz, bo‘lsam malulu telbai miskin
Demakka holim ul donoyi asrorimni sog‘indim.

* * *

Mandin xabar olmas oshnolar,
Begona misol bevafolar.

Hijron aro zoru notavonman,
Tortib necha un ila navolar.

Jonimni fidoyi yor qildim,
Ishq ichra chekib tuman jafolar.

Molimni yo‘lida aylabon sarf,
Mandin hazar etgusi gadolar.

Nokom bo‘lub rasolig‘imdin,
Maqsudg‘a yetdi norasolar.

Har lahza qilur hujum sonsiz,
Boshimg‘a firoq aro balolar.

Kosh erdi agar ijobat o‘lsa,
Baskim Avaz aylagan duolar.

SHE’RLAR

XALQ

Yo‘q jahon mulkida bizdek ojizu bechora xalq,
Zulm tig‘i birla bo‘lgan bag‘ri yuz ming pora xalq.

Bir necha avbosh bunda hukmronlig‘ aylasa,
Qolmag‘ay ori na yanglig‘ mehnatu ozora xalq.

Ne alarda bor durur ilmu adolatdin asar,
Ne ajabkim, topmasa dog‘i dilig‘a chora xalq.

Yetgan ofatni boshig‘a doimo taqdir deb,
Hasratu armon bilan ketgusi bora-bora xalq.

Bo‘lmayin onlarda hech millat, vatanni saqlamoq,
Bo‘ldi qurbon bu sababdin doimo ag‘yora xalq.

Xalqi olamni bari aylar taraqqiy kun-bakun,
Biz tanazzul aylabon qoldiq, edik ne kora xalq,

Ko‘zlarin ohista-ohista agar ochsa zamon,
Ey Avaz, bo‘lmas buningdek borho ovora xalq.

MILLAT

Topar erkan qachon, yorab, hayoti jovidon millat,
Topib ilmu hunar birla maorifdin nishon millat.

Vatanparvar — fidoiy firqalar to bo‘lmayin paydo,
Na mumkin topmog‘i o‘lgan taniga toza jon millat.

Fido millat yo‘lig‘a molu jon etmak kerak har kim,
Bo‘lay desa agar avlodi mashhuri jahon millat.

Ochib har bir sarida maktabing unvonin aylab cho‘x,
Taraqqiy aylamasmi o‘qubon behaddu son millat.

Bu yanglig‘ olam ahlidin keyin qolmay yurush ayla,
Avaz, bo‘lg‘ay uyonib komgoru komron millat.

TIL

Har tilni biluv emdi bani odama jondur,
Til vositai robitai olamiyondur.

G‘ayri tilini sa’y qiling bilgali, yoshlar
Kim ilmu hunarlar rivoji andin ayondur.

Lozim siza har tilni biluv ona tilidek,
Bilmakka ani g‘ayrat eting, foydali kondur.

Ilmu fan uyiga yuboringlar bolangizni,
Onda o‘quganlar bori yaktoyi jahondur.

Zor o‘lmasun onlar dog‘i til bilmay Avazdek,
Til bilmaganidin ani bag‘ri to‘la qondur.

MAKTAB

Ochinglar, millati vayronni obod etgusi maktab,
O‘qusin yoshlarimiz, ko‘nglini shod etgusi maktab.

Dilu jon birla el maktab ocharga ijtihod etsin,
Nedinkim bizni g‘am, qayg‘udin ozod etgusi maktab.

Ko‘ngullarning sururi, dag‘i ko‘zlar nuridur farzand,
Alarning umrini albatta obod etgusi maktab.

Ota birla onaga farz o‘qutmoq bizni majburiy,
Ki bizni yaxshilik qilmoqda mu’tod etgusi maktab.

Qayu millatga bizdek gar nasimi inqiroz yetsa,
Anga albatta mustahkamlik ijod etgusi maktab.

Bu ne navmidlikdur, maktab ochsaq, oqibat bizni
Arusi kom ila maqsudga domod etgusi maktab.

Avaz, himmatni qil oliy ocharga emdi maktabkim,
Baloyi jahlu nodonlikni barbod etgusi maktab.

FIDOYI XALQIM

Fidoyi xalqim o‘lsun tanda jonim,
Bo‘lub qurbon anga ruhi ravonim.

Gar o‘lsam darbadar mazlumlar uchun,
Budur maqsudi qalbi notavonim.

Mani solsa fano yo‘liga davron,
Yurur ustimdin avlodi zamonim.

Umidim — yashasin maktab bolasi,
Alar har biri bir sheri jayonim.

Na yaxshi o‘ylakim, ma’qulu manzur,
Avaz, xalqim uchun to‘kulsa qonim.

BAYTLAR

Ilmu fan uyiga yuboringlar bolangizni,
Anda o‘quganlar bori yaktoi jahondir.

* * *

Do‘stlarim bo‘lsun desang ahli jahon,
Xulqi xushluqni qil odat, ey Aziz.

* * *
Ne yaxshi o‘ylakim, ma’qulu manzur,
Avaz xalqim uchun to‘kulsa qonim.

* * *

Gul kabi bevaqt g‘uncha ochib noz qilma,
Bulbul kabi beparda nag‘ma-yu ovoz qilma!
G’ayri tilni sa’y qiling bilg‘ali yoshlar,
Kim ilmu hunarlar rivoji andin ayondir.
Lozim sizga biluv har tilni ona tildek,
Bilmakka oni g‘ayrat eting, foydasi kondur.

* * *

Agar har kimsa seni sevmas, borma aning sori.

* * *

Gar pushaymon o‘lmayin desang, yana,
Bo‘yla ahvoli qabohat aylama.

* * *

Furqat boshingga tushmayin vuslatni qadrin bilmading,
Ranj ila mehnat chekmayin rohatni qadrin bilmading.

* * *

Rostliqqa zavol bo‘lmas emish, biling!
Vafo ahliga ichmaklik jahonda,
Haqiqatda erur dushvor savgand.

* * *

Dikar nahle chekib mehnat birovlar,
Vale andin kurar rohat birovlar.
SIPOHI PORA ISTAR

Sipohi pora istar
Mulla ijora istar,
Bechora chora istar,
Bir chora zamon bormu?

BILING, USHBU ZAMON G‘AMNOKIDURMAN

Biling, ushbu zamon g‘amnokidurman,
Kuyib o‘rtangan elning xokidurman,
Avazkim, nazm ellin cholokidurman,
Boshin olmoqqa xonning pokidurman.

Avaz O’tar hayoti va ijodi to’liq >>>

Manba

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x