Bosh sahifa » Sherlar » Anbar Otin tarjimai holi.G’azallari va she’rlari

Anbar Otin tarjimai holi.G’azallari va she’rlari

by nafisa nafisa

Anbar Otin tarjimai holi.G'azallari va she'rlari

Anbar Otin hayoti.

Anbar Otin Farmonqul qizi (1870 — Qo‘qon — 1906) — o‘zbek shoirasi. Otasi Uvaysiyning jiyani. Onasi Ashurbibi oddiy kosib qizi. Anbar Otin Dilshod otin maktabida tahsil olgan. Anbar Otin she’rlar ijod qilish bilan birga mahallasidagi yosh qizlarga ta’lim va tarbiya bergani tufayli Otin nomiga ega bo‘ladi.

Anbar Otin o‘zbek va tojik tillarida ijod qilgan. Ijodda ko‘proq Uvaysiyga ergashgan. Navoiyni birinchi ustoz hisoblagan. Zamondoshlari Muqimiy, Furqat, Zavqiylar bilan tanish bo‘lgan. She’rlarida ularga murojaat qilgan, ular bilan bahslashgan.

O‘zbekcha she’rlari (48 ta)dan devon tuzgan. Undan 41 g‘azal, 4 muxammas, 1 qit’a, 1 masnaviy, 1 mustazod o‘rin olgan (1905). 70-yillarning boshida shoiraning 40 ga yaqin she’rdan iborat yana bir qo‘lyozma devoni, «Qarolar falsafasi» risolasi, 160 misralik «yakka bayt»lari topildi, tojikcha g‘azallaridan devon tuzish niyati bo‘lgan, ammo bor-yo‘qligi hozir noma’lum.

Anbar Otin she’rlari aksariyat ijtimoiy mavzuda. Zamona adolatsizligidan, mehnatchi xalqog‘ir ahvolidan so‘z ochadi, ma’rifatni ulug‘laydi. «Qarolar falsafasi» asarida ayollarning og‘ir qismati haqida hikoya qilinadi.

Anbar Otin she’rlari.

Ey go‘zal Farg‘ona, o‘zingni kel emdi, shod qil,
Har g‘azalni boshida, sen, o‘z otingni yod qil,
Qaydi bandni pora aylab, o‘zlugung ozod qil,
Qayg‘ulik qunlarni kuydur, barchasin barbod qil,
Emdi Turkistonda haqgo‘ylik ila faryod qil.

Bog‘laring pajmurda bo‘ldi zog‘larning poyidin,
Ko‘kraging sadpora bo‘ldi daydilarning yoyidin,
Katra-qatra qon tomodur o‘q teshkon joyidin,
Kip-qizil qonlar oqodur jabr ko‘rgon soyidin,
O‘z qo‘ling birla bu yurtingni o‘zing obod qil.

* * *

Ulg‘ayursan, sanda bor bo‘lsa adab,
Ulg‘ayursan, sanga yer ulsa adab,
Odam ersang, tashqi surata berma zeb,
Ona yurtingni hamisha ayla zeb.

* * *

Odami aqlu nazokatda suluv,
Bo‘lsa axloqi sadoqatda suluv.

* * *

Jahon ravshan ziyoyi ilmdandur,
Ko‘ngil sofi safoyi ilmdandur.

* * *

Murodingni hayoting ichra axtar,
Ki mavhum ilm ichinda bo‘lma axgar.

* * *

Dunyoni bilmakka idroking garov,
Zehn quymoqqa dili poking garov.
Yaxshi ish qilmoq uchun yo‘qsa o‘quv,
Sanga lozimdur o‘quv birlan o‘quv.

* * *

Kasb etar ohista-ohista kishi fazlu hunar,
Bog‘aro bulbul bolasi xushnavo kam-kam bo‘lur.
Murg‘i vahshini qilolmas hech kim yakbora rom,
Donayu domini qurding, mubtalo kam-kam bo‘lur.

Uvaysiy g’azallari va she’rlari to’plami

* * *

Kimki ma’rifatni etsa e’zoz,
Ani irfon etar, albatta, mumtoz.

* * *

Har kimki o‘zin uyladi, eldin xabari yo‘q,
Ul ablahi bedin ila savdo qila ko‘rma.

* * *

O‘z gunohingni so‘rab eldin o‘tin,
Nafrat uti ichra bo‘lmasdin o‘tin.

* * *

Kimki el g‘amidadur suxansanj,
Aning har so‘zi dunyoda ulug‘ ganj.

* * *

Odam ersang tashqi suratga berma zeb,
Ona yurtingni hamisha ayla zeb.

* * *

Xirad elig‘a kuksin tutdi qog‘oz,
Ham irfon ishqida qon yutdi qog‘oz.

* * *

Odam ersang ma’ni bil dona-dona,
Vatan erur senga ikkinchi ona.
So‘zlamasdin oldin so‘zingni sina,
Har bir so‘zdir umring ichinda sina.

* * *

Foydasiz so‘zlamasa qaysi til,
Ona til bo‘lg‘ay o‘sha til — ona til.

* * *

Tanga ozuqdur hamisha to‘g‘ri lafz,
Millatu tilga xiyonat o‘g‘ri lafz.

* * *

Yaxshi odamlar ishidan ibrat ol,
Ibratomuz xizmat aylab, izzat ol.

* * *

Chun qadam quyding bu yo‘lg‘a bo‘lma bematlab vale,
Faxri zillat bo‘l, talashma g‘urbati mansab vale.

* * *

Qoshki, kulbam aro yakbora yorim kelsalar,
Yo‘llarig‘a jon nisor aylay nigorim kelsalar.

* * *

g‘arazgo‘y ag‘yorlar so‘zig‘a bovar qilmakim,
Dilsiyohlik keltirur o‘rtada g‘ammoz ozgina.

* * *

Zulm bo‘lgon o‘lkada qolmaydi fayz,
Tonggacha kun nuridin olmaydi fayz.

* * *

Jahongir qo‘shinlarga qo‘ysa otash,
Aning boshig‘a bo‘lg‘usi balokash.

* * *
Kimekim mard erur insof lozim,
Bilurg‘a so‘z durin sarrof lozim.

* * *

Mehnatu aqlu vujud ittifoq,
Odamiyda bo‘lsa gar yaxshi tilak
Xalq uchun tebratgusi doim bilak.

Nodira g’azallari va she’rlar to’plami

Tarjimai hol.

Otam – Farmonquliyi Marg‘iloniy,
Onam – Ashurbibiyi Qo‘qoniy.
Alar belboqchi – bo‘zchi erdi kasbi,
Hamisha makkayidin erdi noni.
Ki, “bo‘zchi yolchimas belboqqa” doim,
Yana juft bo‘lmas erdi choponi.
Bizoat bo‘lmag‘ach uy erdi notinch,
Sanab bo‘lmas edi janjal soni.
Hayit kelsa hamisha g‘avg‘o bo‘lg‘ay
Ki, yo‘qdur yangi engildin nishone,
Arafa- iydi qurbon kechasida,
Ota-onam qo‘pordi g‘alayone.
Namoz kuni ikkisi ayrilishdi,
Bir uycha-hovlicha sotdilar oni.
Man ham ikki ukam bila bizlar,
Onam birla bo‘luvdik sarsoni.
Onam birla qolib biz ko‘chalarda,
Otam ketdi ba shahri Marg‘iloni.
Onam bir erga tegdi Beshqovoqqa,
Uni bor erdi chitgarlik do‘koni.
Yana bog‘I bor erdi bir tanobcha,
Ikki tanobcha yerda dehqoni.
Mani tarbiyat aylab, ham ukamni,
Hamisha berdi bizga bug‘doy noni.
Onam ko‘rdi yeti farzand andin,
Biri ko‘rqori bo‘ldi ko‘zi oni.
Mani uyga chiqardilar shaharga,
Zohidxo‘ja degan novvoy Qo‘qoniy.
Ul niyz qashshoq edi avvalda o‘zi,
Qari katta onosi-moli, joni.
Qiyinroq bo‘ldi, novvoy o‘zi tanho,
Kunimiz o‘tdi andak: choyi, noniy.
Mani farzandlarim to‘rt bo‘ldi-yu bas,
Mo‘minxo‘jam edi andak yomoni.
Bibixon – rohati, jonim anisim,
g‘ariblik, dardmanlik darmoni.
Etib qoldim, murabbim bo‘ldi shu qiz,
Aning birla topib jonim omoni.
Usmonxo‘jam-halimu qobilimdur,
O‘qutdi ustod Xayrulloxoni.
Mani dardimga qo‘shdi ming alamlar,
Vafoti etkan qizim Ominaxoni.
Shu dard birla ado bo‘ldim, yoronlar,
Bu yosh bog‘im bo‘lib tezda xazoni.
Na rohat ko‘rdimu, na orzuni
Ki, man yig‘lab g‘azal yozdim nihoniy.
Ayollar ishq so‘zini demakdin,
g‘azal yozmoqdin o‘zi erdi foniy.
Sahhofga yolborib necha varaqni,
Kitob ichiga joylab qo‘ydim oni.
Kimeki ko‘rsa, yod etsa zora,
Yorug‘lik bo‘lsa ul dunyoyi soniy.

G’azallari.

Jahon-og‘uga kelgan Anbar otinman,
g‘amu qayg‘uga kelgan Anbar otinman.

Yamon soatda keldim man jahonga,
Ini jodug‘a kelgan Anbar otinman.

Adab ahli oyoq ostida xordur,
Chunin yog‘dug‘a kelgan Anbar otinman.

* * *

Ey do‘st, jaholat ahlig‘a oshno bo‘la ko‘rma,
To kelguncha baxtu saodat shaydo bo‘la ko‘rma

Har kimki o‘zin o‘yladi, eldin xabari yo‘q,
Ul ablahi bedin ila savdo qila ko‘rma.

Ilmeki adab, ishqu muhabbatga yiroqdur,
Bilgilki san ul ilmni also bila ko‘rma.

Har kim amali el foydasig‘a jori emasdur,
Oning yuzini umringda san bir yo‘la ko‘rma.

Har mug‘bacha daf cholsa, ayo Anbari xushro‘y,
To oshiq emas, ishqida bag‘ring tila ko‘rma.

Barcha o’zbek shoir she’rlari

manba

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar