Anusha xon hammomi Abulg‘ozixon (1603-1663) hukmronligi davrida 1657 yilda qurilgan,
Anusha xon haqida.
Anusha xon (Abu-l-Muzaffar Muhammad Anusha-xon) — 1663 – 1686 yillar shayboniylar sulolasidan bo‘lgan o‘zbek xiva xoni.
Abulg‘ozi xonning o‘g‘li va vorisi, otasining xonlik hukmronlik siyosatini mustahkamlashda davom etgan. Buxoro xonligiga bir qator bosqinchiliklar uyushtirgan, 1685 yil vaqtincha Samarqandni bosib olgan, biroq, tez orada uni tark etishga majbur bo‘lgan. 1669 hamda 1675 yillar Rossiya bilan savdo-sotiq hamda diplomatik munosabatlarni tiklashga harakat qilgan; 1668 yil podsho Aleksey Mixaylovichga maktub yo‘llaydi. Anushxonning hukmronligi davrida Xivada bir qator binolar, shu o‘rinda, Anushxon nomi bilan mashhur madrasa va hammom qurilgan, Shohobod va Yarmish kanallari qazilgan.
Anushxonning saroy amaldorlari fitnalari natijasida, xon taxtdan ag‘dariladi va ko‘z nuridan ayriladi. 1686 yil (Qozoq milliy ensiklopediyasiga asosan – 1687 yil) vafot etgan.
Maqbara haqida.
Anusha xon hammomi ancha murakkab tarh asosida qurilgan, hammomga Oqmasjid yaqinidagi gumbazli kichik xonadan kiriladi. Issiqni yaxshi saqlash uchun hammomning xonalari yer ostida ishlangan bo‘lib, tashqaridan faqat gumbazlar ko‘rinib turadi. Hammomda dahliz, kiyimxona, sovunxona, isiriqxona, issiq suv turadigan hovuzcha, go‘loh bor. Xonalarning o‘zaro bog‘lanishi qadimgi hammomlar tartibini takrorlagan. Hammomning go‘lohi oldida suv olinadigan quduq saqlanib qolgan. Suv tarnovlardan katta yomga yig‘iladi, o‘txonaning dudlari maxsus yo‘llar orqali hammom xonalari ostidan o‘tib isitadi va dudbo‘ron orqali tashqariga chiqib ketadi. Issiq suvli hovuz atrofidagi to‘rtta xona devordagi tuynuklar orqali suv bilan ta’minlanadi. Chuqur xonalar sahni shunday yo‘nalishda joylashganki, mag‘zavalar eng chuqurlikdagi xona orqali maxsus o‘ralarga oqib tushadi.
Bino ichkarisi g‘ishtdan gumbazlar tepasidagi tuynuk – darchalar orqali yoritilgan xonalarda bezak yo‘q, devor va gumbaz sathi suvga chidamli qorishma – hajja bilan suvalgan. Hajja ko‘l bo‘yidagi sho‘rhok tuproqdan maxsus usullar yordamida tayyorlanadi, u oq va qora hajja nomlari bilan mashhur bo‘lib, Xorazmdagi barcha qadimgi binolarning qurilishida ishlatilgan, hozirgi kunlarimizgacha qadimgi suvoqlar o‘z ahamiyatini yo‘qotgan emas.
Xonalar kichik bo‘lgani uchun ustalar oddiy tuzilishdagi gumbazlarni qo‘llashgan.
Birinchi eski hammom Polvon darvoza yaqinida joylashgan va juda sodda bo‘lib, yer tagida qurilgan faqat yuvinish xonasining gumbazi yer ustiga chiqib turgan. Bu hammom shahar aholisiga ko‘p yillar xizmat qilgan. Ikkinchi hammom Anushaxon hammomidir.
Samarqand tarixiy yodgorliklari haqida.
Hammom tashqi ko‘rinishidan noyob me’moriy obida bo‘lib, qurilishi jihatidan Sharqdagi boshqa hammomlardan tubdan farq qiladi. Binoning bir qismi yer tagida, yuvinish xonalari ham ana shunday usulda joylashgan. Tashqaridan esa binoning gumbazsimon ustki qismi ko‘rinib turibdi. Yigirmaga yaqin xonasi bor, hammomda beshta kishi xizmat qilgan. Ikkita hammomchi, go‘loh, ikkita suv tashuvchi meshkobchilar ishlagan. Ichkarida sartaroshxona ham mijozlarga xizmat qilgan. Hammomda yuvinish uchun tartib qat’iy o‘rnatilgan payshanba kuni martabali zotlar-xon va uning yaqinlari, juma kuni ulamolar, din arboblari, boshqa kunlari esa shahar aholisi va qishloqlardan kelgan kishilar yuvinganlar. Hammom xonlik tasarrufida bo‘lib, unga vaqf yerlari ham ajratilgan. Hammomga ayollar, bolalar, g‘ayridinlar va teri kasalliklari bilan og‘rigan kishilar kirishi man qilingan.Hammomni qizdirish uchun shahar ichkarisidagi turli chiqindilar ot, eshak tezaklaridan, hovlilardan chiqqan ortiqcha chiqindilarini yoqib ishlatganlar. Bu esa shahar ichini, havosini toza saqlashga xizmat qilgan. Xonalar pol tagidagi maxsus quvurlar yordamida qizdirilgan, isitish xonasi bo‘lib oldidagi quduqdan ehtiyot uchun suv olib ishlatilgan. Markaziy katta xona tevarak-atrofdagi xonalarning barchasi biror bir vazifani bajargan. Birlarida yuvinish, issiq bug‘dan toblanish mumkin bo‘lsa, boshqalarida tibbiy uqalash seanslari o‘tkazilgan.
Sharqda issiq bug‘dan bod, oyoq-bo‘g‘im xastaliklarini davolashda foydalanganlar. Uqalashning bir qator usullari bo‘lib asab, qon-tomir, organizmning turli qismlaridagi og‘riqlarga naf berishini tabiblarimiz yaxshi bilishgan. Bunga orom berish emas, tabiblar davolash vositasi deb qaraganlar. Bu ish muntazam tarzda bajarib kelingan. Bundan tashqari hammomda alohida xona bo‘lib, u yerda tish og‘rig‘iga davo qilinib, tish olingan, Xivada tish davolash ham o‘tmish asrlardan rivojlanib kelgan.
Qishloq joylarida tish olishni temirchi ustalar, sartaroshlar bajargan. Anushaxon hammomida tish davolab, olishdan tashqari, xafaqon xastaligiga duchor bemorlardan qon ham olingan. Xafaqon («qon bosimi») dardiga mubtalo kishilardan ortiqcha qon olish orqali qon bosimi normallashtirilgan. Bu usul sharqda qadimdan an’ana bo‘lib kelgan.
Anusha xon hammomida mijozlar tanasini yuvish bilan birga o‘z sog‘liqlarini ham tiklashgan. Hammomda mijozlar uchun choyxona bo‘lib o‘zaro suhbatlashib, hordiq chiqarishlariga barcha sharoitlar yaratilgan. Xuddi shu choyxona vazifasini bajargan maxsus xonada oddiy choydan tashqari, shifobaxsh o‘simliklarning ildizi, bargi, mevasi va gulidan damlangan choy va boshqa dorivor suyuqliklar tayyorlangan. Hammomni aynan o‘zida giyohlardan tayyorlangan turli xastaliklarga shifo damlamalar savdosi yo‘lga qo‘yilgan. Anushaxon hammomi o‘z davrida shahar aholisiga beminnat xizmat qilgan, uni o‘z davrini ixtisoslashgan shifoxonasi desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Hammom qayta ta’mirlanib, bugungi kungacha shahar aholisiga uzluksiz xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Anusha xon hammomi tashqi va ichki ko‘rinishi chet ellik sayyohlarda kun sayin qiziqish uyg‘otib kelmokda.