Sayid Mohi Ro’yi Johon majmuasi – Xivadagi meʼmoriy yodgorlik (1884). Said Muhammad Maxruyjon maqbarasi atrofida barpo etilgan Madrasa, qorixona, maqbaradan iborat majmua.
Sayid Mohi Ro’yi Johon.
Xiva shahrining shimoliy qismida joylashgan sayid A’loaddin xo‘ja eshon nomli (shu bugungi kunlarimizgacha Chodirli eshon deb nomlangan) ko‘hna qabriston yaqinida Sirchali ariq bo‘yida Qalandarxona yonida Qo‘ng‘irot sulolasi vakillarining bir talay qabrlari, shu qabrlarga atab qurilgan mahsura, maqbara, madrasa va masjidlar bugungi kunlarimizgacha o‘z ulug‘vorligini yo‘qotmay shahrimizga ko‘rk bag‘ishlab turibdi. Ushbu ulug‘ maskanda Xiva xonlaridan Eltuzarxon (1804-1806 yy) va uning yaqinlari, Rahimqulixon ibn Olloqulixon ( 1842-1845 yy), Muhammad Aminxon (1845-1855 yy) va inisi Muso to‘ra, Sayid Muhammadxon (1855-1864 yy), Muhammad Rahimxon soniy (1864-1910 yy) va nevarasi Temurg‘ozi to‘ra ibn Isfandiyorxon, hamda xon oilasiga mansub o‘ttizdan ziyod inoqlar, to‘ralar, sayidlar va Muhammad Rahimxon soniyning tog‘asi Ibrohimxo‘ja (1889 yilda vafot qilgan) va uning o‘g‘li vaziri akbar Islomxo‘ja (1872- 1913 yy) yaqinlari bilan, shoir va tarixchi Muhammad Yusufbek Bayoniy (1840- 1926 yy) o‘z qarindoshlari bilan abadiyat uyqusida barhayot yotishibdi.
Ushbu maskan to‘g‘risida Muhammad Rizo Erniyozbek o‘g‘li Ogohiy (1809-1874 yy) Muhammad Aminxonga bag‘ishlangan “Jome al-voqeoti sultoniy” asarida shunday ma’lumot beradi:- “ Muarrix Muhammad Aminxon 1855 yilda urushda o‘lgandan keyingi voqealar to‘g‘risida to‘xtalib. Ul voqeai hayratangiz va hodisai kulfatomuz vuqu’idin besh-olti kun so‘ng Oxal takasidin bir jamoakim, xizmatkorlig‘ va hovoxohlik jodasin masluk tutar erdilar, peshbinlik yuzidin ixlosmandlik ayon qilib, izhori xizmat qilmoq uchun podshohi sa’id shahidning va shahzodai mag‘furi marhum Muso to‘raning humoyun jasadlarini qatlgohlarida muzallat tufrog‘idin olib, izzat mahfasig‘a soldilar. Abdulla mahram va Erniyoz mahramning dog‘i o‘liklarin tevalarga yuklab, sur’ati tamom bila Saraxsdan Xorazm jonibig‘a tavajjuh ko‘rgizdilar. Xivaning Gandimiyon qishlog‘idagi Muso to‘raning hovlisida xon va shahzodani mayitlarini yuvib, kafanlab ota urug‘larini so‘ngi oshyoni bo‘lmish, qudvatulatqiyo hazrati sayyidi A’loaddin xo‘ja alayhirahmaning javori fayzosorida Imorat mavze’idakim, aboang‘an jada xoni, mag‘firatpanohning marqadu qabrgohidur, eltib dafn qildilar”.
Xorazm tarixiy va zamonaviy obidalari fotojamlanma.
Muhammad Yusufbek Bayoniy o‘zining “Shajarai Xorazmshohiy” asarida Sayid Muhammadxon vafoti to‘g‘risida to‘htalib “ Sayyid Muhammadxon hazrati qutb avliyo shamsil atqiyo Olavuddin xo‘ja eshon alayhi rahmaning javori fayz osorlarida Imorat mavze’ida, o‘zlarining qubbai oliylarida madfun bo‘ldilar”,- deb yozadi. Muhammad Rahimxon soniy 1884 yilda ona tomondan qarindoshchiligi bo‘lgan Shabbozlik avliyo Sayyid Muhammad Mohiro‘yi jahon nomiga va o‘zi uchun otasi Sayid Muhammadxon qabriga yaqin joyda hashamatli bir maqbara qurdirgan. Hozir bu joyda bir xonada Sayyid Muhammad Mohiro‘yi jahon, ikkinchi katta gumbazli xonada Sayid Muhammadxon, Muhammad Rahimxon soniy, Temurg‘oziy to‘ralarni qabrlari bor.
Muzey fondida,1920-yilda XXShJ ning Markaziy ijroiya qo‘mitasining maxsus qaroriga ko‘ra tajribali muxandis Matkarim (naqqosh) Ne’matullaev tomonidan chizilgan Xiva shahrining bosh rejasi saqlanmoqda. Bu reja juda mukammal bo‘lib, tarixiy—topografik va etnografik tadqiqodlarga suyangan holda ishlangan.
Unda bayon qilinishicha Xiva shahri va atrofida shu davrda quyidagi binolar bo‘lgan.
1. Xivada 65-ta madrasa bo‘lib ularning 54-tasi shaharda, 11-tasi shahar atrofida joylashgan.
2. Xivada 79-ta masjid bo‘lib ularning 64-tasi shaharda 15-tasi shahar atrofida joylashgan.
3. Xivada 141 ta qorixona va 57-ta mahsura ( yakka qabrga qilingan maxsus vaqfkorlar)larda jami 340 nafar qorilar bo‘lib, ular yiliga 5643 ming botmon (16-kg) g‘alla va 4430 –tillo pul xizmat xaqi olishgan
• Pahlovon Mahmud maqbarasi atrofida – 14 ta
• Obdol bobo qabristonida – 6 ta
• Uch avliyo maqbarasida – 17 ta
• To‘rt shobboz majmuasida – 13 ta
• Qoralambobo qabristonida – 6 ta
• Sayid Mohi Ro‘yi Johon majmuasida – 74 ta
Shundan ko‘rinib turibdiki, Xiva shahridagi Sayid Mohiro‘yijahon majmuasi o‘z davrining mahobatli inshootlaridan biri bo‘lgan, hozirgi kunlarimizda ushbu aziz maskan ta’mirlanmoqda va kelajakda mahalliy va chet ellik sayyohlarning qadam ranjida qiladigan joyiga aylanadi.
Samarqand tarixiy yodgorliklari haqida.