Amir Temur bog’lari – Amir Temur Samarqand atrofida bunyod ettirgan bog’lar.
Amir Temur bog’lari
Buyuk bobomiz Amir Temur bunyod etgan bog‘lar jahon bog‘dorchilik tarixida alohida o‘rin egallaydi. Sohibqiron tarixini o‘rganish bilan shug‘ullangan barcha muarrixu-olimlar Turon Sultonining bog‘dorchilik san’atidagi salohiyatini e’tirof etib, o‘z asarlarida u insho etgan bog‘larni ta’rifu-tasnif aylaydilar.
Firdavsmonand deb madh etilgan Samarqand tuprog‘i azal-azaldan bog‘lar mamlakati sanalgan. Ming yilcha burun bu tuproqqa kelgan Istahriy shunday ma’lumot yozib qoldirgan edi: “Biron tepalikka chiqib, atrofga nazar tashlaydigan bo‘lsangiz, Samarqand So‘g‘dida, shuningdek, Samarqandning o‘zida ham nigohingiz ko‘kalamzorga va yoqimli joylarga tushadi. Uning yaqinida dov-daraxtsiz tog‘lar va changi fig‘on urayotgan dashtlar yo‘q. Samarqand So‘g‘di biz tilga olgan uch joy orasida eng go‘zalidir, chunki u Buxoro chegarasiga qadar So‘g‘d (Zarafshon) daryosi bo‘ylab o‘ng va chap tomondan uzilmay davom etib keladi. Uning kattaligi shunchaki, ko‘kalamzor va bog‘lar orasidan sakkiz kun yurasan. Bu doimo suv oqib turadigan ariqlar bilan o‘rab olingan yaxlit bog‘lardir, o‘tloqlar va dalalar o‘rtasida esa hovuzlar bor.
Amir Temur zamonida Zarafshon vohasi Istahriy ta’riflagan go‘zalligini saqlab qolgan edi. Sohibqiron faxr bilan aytar ekanki: “Mening bir bog‘im borki, u Buxorodan Samarqandgachadir”. Yana aytar ekanlarki: “Shoh bo‘lsang-da, bog‘ yarat, gado bo‘lsang-da bog‘ yarat, bir kuni mevasidan totarsan”. Qudratli saltanat poytaxti tevaragida Amir Temur tomonida bunyod etilgan bog‘lar xususida muarrix Abu Tohirxo‘ja Samarqandiy shunday yozadi: “Samarqandda Amir Temur Ko‘ragon soldirgan bog‘larkim, Eram gulistoni rashk qilar darajada, yettita ekan:
Bahouddin Naqshbandiy maqbarasi.
Birinchisi – Bog‘i Shimol – Samarqand shimolida. Devori Qiyomat ichida. Ikkinchisi – Bog‘i Baland. Uchinchisi – Bog‘i Behisht. To‘rtinchisi – Bog‘i Chinor. Bu ikki bog‘ shaharning kunchiqar tomonida. Beshinchisi – Bog‘i Dilkusho bo‘lib, Konigilning janub tomonida. Konigil Ko‘hak daryosining yoqasida, Samarqandning eng go‘zal va chiroylik yeridir. Oltinchisi – Bog‘i Zog‘on – Shovdor tumanining shimol tomonida voqedir. Yettinchisi – Bog‘i Jahonnamo – Anhor tumanida bo‘lib, tog‘ etagiga yaqin yerda, Samarqandning janubida bunyod qilingandir”.
Biz Abu Tohirxo‘ja hazrat Sohibqiron tiklagan bog‘larning hammasini sanamagani uchun sanoqda davom etamiz: Sakkizinchi bog‘ning nomi Bog‘i Nav. To‘qqizinchisi – Bog‘i Bo‘ldu. Bu bog‘ taxminan Bog‘i Dilkushoga yaqin yerda joylashgan. O‘ninchisi – Bog‘i Naqshijahon – Cho‘ponota tepaligining janubiy etaklarida bo‘lgan. Tadqiqotchilar bu bog‘ni Amir Temur bino etgan dastlabki bog‘lardan biridir deb hisoblaydilar. Bobur mirzoning yozishicha, bog‘ Obi Rahmat arig‘i yoqasida joylashgan. O‘n birinchisi Bog‘i Davlatoboddir. U Samarqandning janubida, Termizga ketish yo‘lining chap tomonida, Bog‘i Dilkusho bilan Bog‘i Jahonnamo oralig‘ida barpo etilgan. Yana bir hujjatga ko‘ra, Darg‘om arig‘i yoqasida bo‘lgan. O‘n ikkinchi bog‘ Sohibqiron zamonida amirzoda Shohruh sharafiga yoki mirzoning o‘zi tomonidan tiklangan bog‘ bo‘lib, u kitoblarda “Bog‘i amirzodayi Shohruh” nomi bilan tilga olinadi. O‘n uchinchisi – Bog‘i Maydon. O‘n to‘rtinchisi – Bog‘cha. O‘n beshinchisi – Gulbog‘ yoxud Taxtiqoracha bog‘i.
Samarqanddagi Registon maydoni tarixi va rasmlari