Bosh sahifa » Farzand tarbiyasi » Muchal yil hisobi haqida. Muchalingiz qaysi yil?

Muchal yil hisobi haqida. Muchalingiz qaysi yil?

by nafisa nafisa

Muchal yil hisobi haqida. Muchalingiz qaysi yil?

Muchal yil hisobi haqida.

Muchal — yil hisobini yuritishning o‘ziga xos tizimi. Unga ko‘ra, har qaysi yangi yil 22 martdan boshlanadi hamda sichqon, sigir, yo‘lbars, quyon, baliq, ilon, ot, qo‘y, maymun, tovuq, it va to‘ng‘iz kabi o‘n ikki hayvondan birining nomi bilan ataladi. Shunga mutanosib ravishda har o‘n ikki yilda yangidan takrorlanadi.
Moziyshunoslar fikricha, Muchalning tub negizida aslida bundan qirq asrcha burun xitoyliklar tuzgan, yil nomlari har oltmish yilda muntazam takrorlanib turishiga asoslangan taqvim yotadi. Uning vujudga kelishiga o‘sha kezlardagi olam suv, olov, tuproq, metall va yog‘ochdan tashkil topgan hamda ular o‘zida ijobiy va salbiy xususiyatlarni mujassamlantiradi, degan tushuncha turtki bo‘lgan. Bu besh unsur “osmon shoxobchasi” deb nomlangan.
Samoning eng yorug‘ yoritqichlaridan Mushtariyning 12 yillik harakati yo‘li esa shuncha bo‘lakka bo‘lingan va harbiriga “yer shoxobchasi” deb ataluvchi 12 oy belgilari qo‘yib chiqilgan. Milodning boshlarida ularga kalamush, sigir, yo‘lbars, quyon, ajdaho, ilon, ot,qo‘y, maymun, tovuq, it, cho‘chqa kabi hayvonlar nomi qo‘shilgan. Bu belgilar Quyoshning yillik ko‘rinma harakati yo‘lida joylashgan Hamal, Savr, Javzo,Saraton, Asad, Sunbula, Mezon, Aqrab, Qavs, Jadiy, Dalv va Hut yulduz turkumlari egallagan hududlarga mos kelgan.Shu zayl qadimgi xitoyliklar besh belgili “osmon shoxobchasi” va 12 belgili “yer shoxobchasi”dan tashkil topgan hamda ularning ko‘paytmasi bo‘yicha oltmishyilni qamrab oluvchi, hozir ham Xitoy, Yaponiya, Koreya, Vetnam va Mongoliyada qo‘llaniluvchi siklik jadval taqvimini yaratishgan. Mohiyatan yondoshganda, bu aslida shamsiy-qamariy taqvim bo‘lgan. Chunki unda Oyning Yer atrofida aylanish davri, ilmiy tilda aytganda, sinodik oy 29 kecha-kunduz 12 soat 44 daqiqa 3soniya, Quyosh yassi doirasi markazining 21 martda ro‘y beradigan bahorgi teng kunlik nuqtasidan ketma-ket ikki marta o‘tishi uchun zarur vaqt 365 kecha-kunduz 5 soat 48 daqiqa 46 soniya deb olingan.

Tavsiya etamiz: TV dasturlar.

Shundan kelib chiqqan holda, yilning uzunligi oddiy yillarda 12 oylik qilib 354 kunga, kabi sayillarda 13 oylik qilib 384 kunga tenglashtirilgan. Taqvimdagi yillardan qaybiri 12 oylik, qay biri 13 oylik bo‘lishi ma’lum Oy fazasi, masalan, yangi oyning yilning aniq bir sanasiga to‘g‘ri kelishi davriga qarab belgilanadi. Budavr 19 yilga teng bo‘lib, shundan yettitasiga, ya’ni 2, 5, 7, 10, 13, 15- va 18-yillarga 13-oy qo‘shiladi, qolganlari 12 oydan iborat bo‘ladi. O‘tgan asrda ushbu taqvimning 19-yillik sikllari boshi 1924, 1943, 1962, 1981, 2000 yillarga to‘g‘ri kelgan.

Ba’zi qadimiy yozma manbalarga qaraganda, Muchal dastlab miloddan avvalgi III-II asrlarda yoxud Yunon – Baqtriya podsholigi davrida ko‘chmanchi chorvador xalqlar, ayrim dalillarga ko‘ra, misrliklar va xitoyliklar tomonidan joriyetilgan. Boshqa ma’lumotlar bo‘yicha esa, mazkur yil hisobi barcha turkiy, forsiy-qobuliy xalqlar, shuningdek, mo‘g‘ul, xitoy, tuva, oltoy, xakas, buryat, qalmoq va o‘zga millatu elatlar orasida qadimdan amalda bo‘lgan. Qandayligidan qat’i nazar, u keyinchalik Mo‘g‘uliston, Xitoy, Yaponiya, Hindiston, Misr,Iroq, Eron, Afg‘oniston, Markaziy Osiyo mamlakatlariga keng tapqalgan. O‘tmishdoshlarimiz odamning yoshini, tug‘ilgan va vafot etgan vaqtini, tarixiy janglar va buyuk voqealarni, yil va fasllarning nechog‘li kelishini shu taqvim asosida “yil ag‘darib” aniqlashgan.

Albatta, Muchal yillari to‘g‘risida turli millatlar turlicha fikr-xulosaga ega bo‘lishgan. Shu bois bir xalqning muayyan yil to‘g‘risidagi tasavvuri gohida ikkinchi xalqnikiga mos kelmagan. Ammo barchasida Muchal hisobiga kiritilgan hayvonlar xosiyatli va muqaddas sanalgan. O‘z navbatida, yillarning ba’zilari qut-barakali, ba’zilari qutsiz-barakasiz deb ta’riflangan va har birida ko‘p yillik hayotiy kuzatuvlarga tayangan holda oldindan bashorat qilingan qandaydir voqea-hodisalar sodir bo‘lishi kutilgan. Bu o‘rinda ko‘pincha ob-havoning qulay yo noqulay kelishi, qaysi yil kishilarga quvonch, omad va baxt ato etishi, qay biri g‘am-tashvish, omadsizlik va kulfat keltirishinazarda tutilgan. Aytaylik, Baliq yili seryog‘in keladi va ekinlardan mo‘lhosil ko‘tariladi. Negaki, bu “luqmai halol” suvda yashaydi. Tovuq yilida ham oziq-ovqat seroblashadi, lekin odamlarning tashvishi ortadi. Sababi, bu parranda asosiy ozig‘i bo‘lmish donni topib yeyish uchun hamma yoqni oyog‘i vatumshug‘i bilan obdon titkilab tashlaydi. Xuddi shuningdek, To‘ng‘iz yilida yog‘ingarchilik ko‘payib, narx-navo arzonlashsa-da, tez-tez qor yog‘ib, sovuq zabtiga oladi, boz ustiga, fitnalar avjiga chiqadi. Ilon yilida esa qishning qahri qattiqlashib, qurg‘oqchilik va qimmatchilik ro‘y beradi. Sigir yili kirsa, urush ko‘payadi, chunki bu zabonsiz jonivorlar bir-biri bilan tez-tez suzishib turadi.

Mahmud Koshg‘ariyning “Devonu lug‘otit turk” asarida yozilishicha, bunga o‘xshash e’tiqodiy tushunchalar turkiy xalqlar orasida ancha ommaviylashgan. Ular yillarning har birida o‘ziga yarasha betakror hikmat bor deb hisoblashgan va shunga taalluqli taxminlarni ilgari surishgan. Etnograf T.Potapovning aniqlashiga ko‘ra, qadimgi tuvaliklar sichqon, ot, qo‘y, it va to‘ng‘iz yillarini qutli, sigir, baliq (mahalliy aholi talqinida — ajdaho), ilon, maymun, tovuq yillarini qutsiz, yo‘lbars va quyon yillarini mo’tadil debbilishgan.

Tavsiya etamiz: Tadbir ssenariylar

Bulardan tashqari, ajdodlarimiz insonning taqdiri va fe’l-atvori ham ko‘p jihatdan uning muchaliga bog‘liq bo‘lishini mudom eslatib kelishgan. Chunonchi, Quyon yilida dunyoga kelgan o‘g‘il bola yaxshi odam bo‘lib voyaga yetadi, jamiyat uchun foydali ishlar qiladi, to‘kin-farovon hayot kechirib, uzoq umr ko‘radi, degan fikrni avlodlar qulog‘iga quyishgan.

Quyida muchal yilining milodiy taqvim bo‘yicha qaysi yillarga to‘g‘ri kelishini ko‘rsatuvchi jadvalni e’tiboringizga havola qilayotirmiz.

Agar siz muchalingizni topmoqchi bo‘lsangiz, avval tavallud yilingizga 9 sonini qo‘shing, so‘ngra yig‘indini 12 ga bo‘ling. Qoldiq sonni esa muchalingiz deb biling. Aytaylik, siz 1972 yili tug‘ilgansiz. Bu sanaga 9 ni qo‘shsak, 1981 gaaylanadi. Uni 12 ga bo‘lsak, 165 soni kelib chiqadi va qoldiq sifatida 1 qoladi. Jadvalda esa ushbu raqam qarshisida “Sichqon” yozuvi turibdi. U sizning muchalingizdir. Bordi-yu, amallar natijasi “nol”ga teng bo‘lsa, 12-muchalyilida dunyoga kelgan hisoblanasiz. Misol uchun, siz 1959 yili tug‘ilgan bo‘lsangiz, bu songa 9 qo‘shilganda, yig‘indi 1968 ga tenglashadi. U 12 gataqsimlansa, hech qanday qoldiq chiqmaydi, aniqrog‘i, “nol” paydo bo‘ladi. 1959 raqami esa jadvalning o‘n ikkinchi qatoridan o‘rin olgan. Demak, muchalingiz to‘ng‘iz ekanligi o‘z-o‘zidan ayon bo‘ladi.

Tavsiya etamiz: Iqlim oʻzgarishi va global isish mavzusidagi insho

manba

 

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar