Sahifamiz orqali buyuk o’zbek namoyondalari Jadidlar haqida ma’lumotlar, jadidlar rasmlari va ularning o’zbek xalqiga qilgan mehnatlari haqida batafsil o’qib olishingiz mumkin. Qatag’on qurbonlari, jadidlar ismi va rasmlari. Jadidlar haqida sherlar.
Jadidlar haqida ma’lumot.
Jadidchilik yoki jadidizm XIX asr oxiri XX asr boshida Turkiston, Kavkaz, Qrim, Tatariston hayotida muhim ahamiyat kasb etgan ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy, siyosiy harakat hisoblanadi.
XIX asrning 90-yillaridan Oʻrta Osiyoda tarqalgan. Jadidchilik ilk bor Qrimda 1980-yillarda Ismoilbek Gasprinskiy rahbarligida paydo boʻlgan. Jadidchilik harakati vakillari ko‘pincha o‘zlarini ilg‘or, keyinchalik jadidchilar deb atagan. O‘sha davrning ilg‘or kuchlari ayniqsa, ziyolilar mahalliy aholining dunyodan ortda qolayotganini sezib, jamiyatni isloh qilish zarurligini anglab yetdi. Jadidchilik mohiyatan siyosiy harakat edi.
Jadidlar ismi ro’yxati.
Turkistonda jadid ziyolilarining butun bir avlodi, o‘lka ma’naviy-ma’rifiy soha taraqqiyotiga, milliy madaniyatning rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan namoyandalari vujudga keldi.
- Samarqandda : Mahmudxo‘ja Behbudiy, Abduqodir Shakuriy, Said ahmad Siddiqiy Ajziy,
- Toshkentda : Munavvarqori Abdurashidxonov, Abdulla Avloniy, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Buxoroda Abdurauf Fitrat, Sadriddin Ayniy, Fayzulla Xo‘jayev,
- Farg‘ona vodiysida : Hamza Hakimzoda Niyoziy, Obidjon Mahmudov, Abdulhamid Cho‘lpon, Is’hoqxon Ibrat,
- Xivada : Bobooxun Salimov, Polvonniyoz hoji Yusupov va boshqalar edi.
Jadidchilikning asosiy g‘oyalari va maqsadlari Turkistonni o‘rta asrlar qoloqligi va diniy xurofotdan ozod qilish, shariatni isloh qilish, xalqni ma’rifatli qilish, Turkistonda muxtoriyat hokimiyatini o‘rnatish uchun kurashish, Buxoro va Xivada konstitutsiyaviy monarxiya va parlament, keyinchalik demokratik respublika tuzumini o‘rnatish orqali ozod va farovon jamiyat qurish, barqaror milliy valyutani muomalaga kiritish, milliy armiya qurish edi.
Keyinchalik Toshkent, Farg‘ona, Buxoro, Samarqand va Xivada erkin fikrli, ilg‘or fikrli kishilarning ma’lum guruhlar tomonidan ochilgan madaniy-ma’rifiy jamiyat va uyushmalardan jadidchilik harakati shakllandi.
Jadidlar harakatlari.
Jadidlar dunyoning ilg‘or davlatlaridan ko‘p jihatdan ortda qolgan Turkiston xalqlarini bo‘lajak fojialardan ogoh etish, jamiyat hayotini inqilobiy – zo‘rlik yo‘li bilan emas, balki tadrijiy-ma’rifiy yo‘l bilan ijobiy tomonga o‘zgartirish jadidchilik harakatining asosiy maqsadi, kurash usuli edi.
Millat istiqbolini o‘ylovchi taraqqiyparvar kuchlar xalqning deyarli barcha tabaqalari – hunarmand, dehqon, savdogar, mulkdor, ulamolar orasida mavjud edi. Ziyolilar dastlab chorizmga qarshi kurashni xalqni asriy qoloqlikdan uyg‘otish – siyosiy-ma’rifiy jabhadan boshlashga qaror qildilar. Jadidchilik harakati ana shunday tarixiy bir sharoitda Turkiston mintaqasida rivojlanish uchun o‘ziga qulay zamin topdi.
Jadid merosining yana bir muhim jihati ularning ta’lim sohasida sekulyarizm – dunyoviylikni targ‘ib etishidir. Ular jamiyatda, eng avvalo, yoshlar orasida turli diniy e’tiqodlarni hurmat qiladigan, bag‘rikenglik muhitini yaratish muhimligiga urg‘u berishgan. Munavvarqori Abdurashidxonov “Taraqqiy” jurnalidagi maqolasida bag‘rikenglik va inklyuzivlikni targ‘ib qiluvchi ta’lim tizimi zarurligini ta’kidlab: “Ta’lim diniy aqidalar va xurofotlardan holi bo‘lishi, o‘quvchilarning o‘z bilimlarini oshirishi va dunyoqarashini shakillantirishi mumkin bo‘lgan makonni ta’minlashi kerak”, degan edi.
Tavsiya etamiz: Jadidlar izidan respublika tanlovi hududiy bosqichi sanalari
Jadidlarning eng e’tiborga olgan masalalaridan yana biri shuki, Turkistonda xotin-qizlarning savodxonlik darajasi juda ham past ekanligi, ular faqatgina otinoyilar o‘z uylarida ochgan uy maktablarida o‘qib, o‘qish davomida 3-4 tagina diniy suralarni yodlab,so‘ng ular uy ishlari bilan shug‘ullanishi, nari borsa tikish-bichishni o‘rganishi, keyin esa jamiyatda qattiy qonun-qoidaga aylangan erta oila qurish majburiyatini olib, shu bilan bir umr to‘rt devor ichida yashashlarini qattiq tanqid qilib, erkak va ayollar teng haq-huquqga ega ekanliklari,bola tarbiyasi bilan asosan onalar tarbiyalaganliklari bois, millat taqdiri uchun ularning bilim saviyasini ko‘tarish va yangi maktablar tashkil etishni yoqlab chiqdilar.
Muxtasaraytganda, jahon taraqqiyoti yutuqlarini Turkistonga olib kelish istagida va yosh avlodni ma’rifatli qilish, ulardan Vatan uchun xizmat qiladigan yetuk olimlar, sanoat va qishloq xo‘jaligi sohalarining zamonaviy bilimdon, mutaxasislari, madaniyat arboblari yetishib chiqib, ular yurtini obod, farovon etishlariga ishonganlar.
Jadidlar faoliyatida madaniyatga, ma’rifatparvarlikka, yangilikka, taraqqiyotga intilish, yoshlarni, butun xalq ommasini shunga da’vat etish g‘oyalari ularning umrlari oxirigacha yetakchi fikr bo‘lib qoldi. Har qanday og‘ir sharoitda ular o‘z qarashlarini o‘zgartirmadilar. Jadidlarning ijtimoiy-siyosiy, madaniy-ma’naviy faoliyatlarini tahlil qilib va ularning asr boshidagi g‘oyaviy qarashlarini kelib chiqqan holda shuni aytishimiz o‘rinliki, ular Turkiston xalqlarini savodsizlik, qullik, qashshoqlikdan chor hukumati mustamlakachiligidan qutqarishga bel bog‘laganlar va shu yo‘lda yoshlar asosiy kuch bo‘lganini tushunib, ularning saviyasini oshirish uchun ko‘p sa’y harakatlar qilganlar.
Jadidlar haqida she’r.
Iqbol Mirzo she’ri.
Taqdir erkalatgan qizlar, yigitlar
Sohilda sayr qilib, atirgul hidlar.
Xayolchan boqadi gʼoziy shahidlar…
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.
Shaxsiy namuna yoʼq, chunki Ibrat yoʼq,
Olimlar juda koʼp, bitta Fitrat yoʼq,
Shu sabab majol bor, kuch bor, qudrat yoʼq,
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.
Ular gʼisht qoʼygan, biz toshlar otamiz,
Ular soʼz yigʼganlar, biz gap sotamiz,
Ular kun kutgan, biz oylik kutamiz,
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.
Tavallo, Qodiriy, Choʼlponlar qayda?
Hamzaxonlar qayda, Usmonlar qayda?
Ogʼiz juda katta, yuraklar mayda,
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.
Oʼshalar bizlarning bobolarmikan?
Bizdan oʼzlarini topolarmikan?
Bizni nabiram deb tan olarmikan?
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.
Ular maktab qurgan, biz uy quramiz,
Ular gʼoya surgan, biz oʼy suramiz.
Yoppa tomoshabin boʼlib turamiz,
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.
Qopogʼon davr edi, qattol, qatagʼon,
Otilib chiqqanni shartta otagʼon…
Bugun yuki yengil tuya yotagʼon…
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.
Oʼziga kelmaydi oʼzdan ketganlar,
Ixlos qoʼyib shayton dumin tutganlar…
Qani yurt deb oʼzini unutganlar?
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.
Sheʼr avjida birdan qalam sekinlar,
Buyuk ustozlarim nima derkinlar?
Soʼnggi jadid edi Аbdulla, Erkinlar…
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.
Ufqqa urilib, qaytib kelgan oʼq
Mening yuragimni teshib oʼtgan choʼgʼ.
Muallimlar serob, Аvloniylar yoʼq.
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.
Taʼlim-tarbiyani najot bilganlar,
Ilmiga oʼzlari amal qilganlar.
Qarang, amal deb oʼz jonin yulganlar,
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.
Maishat, toʼy, hasham bosh maqsad hamon,
Gapdan boshqa gap ham bor, ey qadrdon!
Hamma zamonda ham kelmaydi zamon,
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.
Zanglagan zehnimni charxlab beradigan,
Umrim savdosini narxlab beradigan,
Shu sheʼrni oʼgʼlimga sharhlab beradigan
Jadidlar yetishmayapti, jadidlar.
Jadidlar rasmlari.
Tavsiya etamiz: Abdulla Qodiriy hayoti va ijodi.
manba.