Bosh sahifa » Tarixiy obidalar » Afrosiyob Samarqanddagi ko’hna shahar haqida.

Afrosiyob Samarqanddagi ko’hna shahar haqida.

by nafisa nafisa

Afrosiyob — Samarqandning qadimgi xarobasi. Bu nom bilan aytilishi  17-asrdan boshlab uchraydi. Qadimgi Samarqand Sug’d manbalarida Smarakanve deb atalgan. Miloddan avvalgi 4-asrda Samarqand Aleksandr Maqduniy qo’shinlari tomonidan istilo etilgach, yunon mualliflari kundaliklarida Marokanda sifatida eslatiladi. Marokanda Smarakanvening yunoncha tarjimasi.

Afrosiyob Samarqanddagi ko'hna shahar

Afrosiyob tarixi.

Movarounnahrda Somoniylar hokimiyat tepasiga kelgach, qadimgi Smarakanve 9-asrdan boshlab Samarqand deb atala boshlandi. 11-15-asrlarda turkiy tilda bitilgan adabiyotlarda Samarqand Semizkent sifatida uchraydi. 15-asrdan forsiy va turkiy tillardagi manbalarda bir xilda Samarqand nomi ishlatiladigan bo’ldi. Afrosiyob hozirgi Samarqandning shimoliy chegarasiga tutashgan keng bo’sh tepaliklar bo’lib, uning maydoni 219 gektar. Tepalikning shimoliy Siyob arig’i bilan chegaralangan. Janubiy tomondan “Eski shahar” deb atalgan Samarqandga qo’shilib ketgan. Shaharning dastlabki tarixi haqida yozma manbalarda ma’lumotlar juda kam uchraydi. Ko’hna shaharda o’tkazilgan arxeologik qazishlar esa bunday ma’lumotlarni ko’proq bermoqda.

Arxeologik qazishmalar bir necha metr qalinlikdagi madaniy qatlamlar qanday bo’lganligini ko’rishga, boylar va kambag’allarning uylarini, hunarmandlarning ustaxonalarini, savdogarlarning do’konlarini, ko’cha va maydonlarni, shohona saroylar va ibodatxona, masjid va madrasalarni, mudofaa inshootlarini, shaharning suv bilan ta’minlash tizimi va hokazolarni aniqlashga yordam beradi. Afrosiyob va uning topilmalariga qiziqish 1868 yilda Chor Rossiyasi tomonidan Samarqand bosib olingandan keyin boshlandi. Afrosiyobda dastlabki qazish ishlari bilan mayor Borzenkov (1874), podpolkovnik V. V. Krestovskiy (1883), sharqshunos olimlar N. I. Veselovskiy (1884-85, 1895), V. V. Bartold (1904) va V. L. Vyatkin (1905; 1912-13) lar shug’ullanishdi. 1919 yilda M. E. Masson, V. L. Vyatkin tadqiqot boshlagan joylarda qazish ishlarini davom ettirib, Somoniylar saroyi (9- asr) xarobalarini ochdi.

1925, 1929-30 yillarda V. L. Vyatkin Afrosiyobda qazish ishlarini davom ettiradi va uning turli davrdagi tarixiga oid ko’plab materiallar to’playdi. Ammo 1930 yillarga qadar Afrosiyobda olib borilgan arxeologik qazishmalar qadimgi Samarqand tarixiga doir juda kam materiallar bergan. Urushdan keyin O’zbekiston faning Tarix va arxeologiya instituti olimlaridan A. I. Terenojkin tomonidan Afrosiyobda jiddiy dala tadqiqotlari o’tkazildi. Natijada uning eng pastki qatlamidan miloddan avvalgi 6-5-asrlarga taalluqli buyumlar, uy-joy xarobalari topildi. V. A. Shishkin  va G’. G’ulomov (1967-70)lar rahbarligida olib borilgan keng ko’lamli arxeologik qazishlar natijasida qadimgi madaniy qatlam materiallari Afrosiyobning boshqa joylaridan ham topildi.

1966 yil 13 iyulda Afrosiyobni arxeologik jihatdan kompleks o’rganishni tashkil etish maqsadida Respublika hukumatining maxsus qarori qabul qilindi. Unga ko’ra, Afrosiyob “Arxeologik qo’riqxona” deb e’lon qilinib, uni o’rganish ishiga Toshkent va Samarqand davlat universitetlari hamda Madaniyat vazirligining San’atshunoslik instituti ham safarbar etildi. Aniq ilmiy rejalar asosida boshlangan arxeologik tadqiqotlar tufayli nafaqat shaharning ko’p asrlik yoshi, balki uning har xil davrlardagi tarixiy topografiyasi, shahar tarkibi, shahar hayotining rivojlanish bosqichlari, bosqinlar tufayli yuz bergan buhronlar davri aniqlandi. Samarqand ixshidlarining shohona saroyi ochildi.

Afrosiyobda topilgan arxeologik materiallar Samarqand miloddan avvalgi 8-5-asrlarda Sug’diyonaning Markaziy shahri sifatida vujudga kelganligini ko’rsatadi. Miloddan avvalgi 329 yilda shahar Aleksandr Maqduniy qo’shinlari tomonidan vayron etilgan, uning izlari hozirgacha shahar mudofaa inshootlarida yaxshi saqlangan. Miloddan avvalgi 3— 1-asrlarda, Kushonlar saltanati davrida shahar hayotida yuksalishlar yuz bergan. Miloddan avvalgi 3-asrda shahar qo’shaloq mudofaa devori bilan o’rab olingan.

U davrlarning qalin madaniy qatlami Afrosiyobning shimolida, uning arki a’losi joylashgan qismida yaxshi saqlangan. Arxeologik materiallar va yozma manbalarda ta’kidlanishicha, bu zamonda Samarqand orqali Buyuk ipak yo’li o’tgan, ichki va tashqi savdo, hunarmandchilik rivoj topgan. Ilk o’rta asrlarda Samarqand Sug’diyonaniig bosh shahri sifatida nufuzli mavqega ega bo’lib, shahar ijtimoiy va iqtisodiy xayotida tub o’zgarishlar yuz berdi. Badavlat dehqon xo’jaliklari kuchaydi, xuddi shu kezlarda ularning qasrlari joylashgan Afrosiyobning shim. qismi mudofaa devori bilan o’rab olindi.

Buxoro – Ark qo’rg’oni tarixi,fotosuratlari bilan

Bu holat Movarounnahr va unga qo’shni viloyatlarda ham yuz berdi. Bu davrda Samarqand hukmdorlari “Ixshid”, Buxoro hukmdorlari esa “Buxorxudot” deb atalgan. 712 yilda arablar fotihi Qutayba ibn Muslim qo’shin tortib kelganda, Samarqandning mudofaa devorlari mustahkam bo’lib, atrofida suv to’la xandaq bor edi. Qutayba Samarqandga Farg’ona, Shosh va turklardan yordamga kelgan lashkarlarni yenggach, ko’maksiz qolgan Sug’d hokimi G’urak noiloj u bilan sulh tuzdi, shaharning ichki qismi (Shahriston)ni arablarga bo’shatib berishga majbur bo’ldi. Arxeologik topilmalar Islomga zid bo’lgan haykal va devoriy rasmlarning ataylab qilich bilan chopilganini isbotlaydi. 9-asrning ikkinchi choragidan Movarounnahrda hokimiyat Somoniylar qo’liga o’tdi. Buxoro ularning markaziga aylandi. Shu davrda Samarqand iqtisodiy va madaniy jihatdan tez rivojlandi. Afrosiyobda Somoniylar davrida o’ymakor ganch naqshlar bilan bezatilgan saroylar, badavlat dehqon xonadonlari, masjid va madrasalar, hammom va kanalizasiyalar, tosh ko’chalar topilmoqda.

Shaharni suv bilan ta’minlash og’irligidan aholining ehtiyojini qondirish uchun shahar hayotining dastlabki yillaridayoq Darg’om tomonidan kanal qazib, suv keltirilgan. Ana shu kanal izlari hozirgi shahar xiyobonining Janubda, Alisher Navoiy haykali qad ko’tarib turgan maskanda ochib o’rganildi. Bu kanal Registon maydoni orqali Hazrati Xizr masjidi tomon yo’l olgan. Tarixiy manbalarga ko’ra Afrosiyobga Janubdan kiraverishda shahar xandaqi ustiga pishiq g’ishtlardan ravoqpi suvayirg’ich qurilib, uning tepasidan katta ariq o’tkazilgan. Bu ariqni “Juyi arziz” (“Qo’rg’oshin ariq”) deb ataganlar.

Ariq shu yerda uchga bo’lingan va shahar oralab Siyob arig’i bo’yiga borgan. 10-asrning oxirida Movarounnahrda hokimiyat Qoraxoniylar qo’liga o’tganida ham Samarqandda savdo, hunarmandchilik, shahar obodonchilik ishlari davom etadi. Shaharning hunarmandchilik qiyofasi kuchayib, zodagon dehqon qasrlari endi shahar tashqarisida, ularning dala hovlilarida markazlashadi.

Afrosiyob rasmlari.

Afrosiyob Samarqanddagi ko'hna shahar haqida.Afrosiyob Samarqanddagi ko'hna shahar haqida.

Samarqand shahri tarixiy yodgorliklari haqida.

manba

TAVSIYA ETAMIZ

Subscribe
Notify of
guest
0 fikr
Inline Feedbacks
View all comments

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar
0
Would love your thoughts, please comment.x
()
x