Bosh sahifa » Insholar » Z.M.Bobur adolatli shoh va buyuk shoir mavzusida insho.

Z.M.Bobur adolatli shoh va buyuk shoir mavzusida insho.

by nafisa nafisa

Z.M.Bobur adolatli shoh va buyuk shoir mavzusida insho.

Zahiriddin Muhammad Bobur – adolatli shoh va buyuk shoir.

Reja:

  1. Shoh Bobur haqida.
  2. Bobur — sohibdevon sohir shoir.
  3. Bobur — badiiy tarjimon.
  4. Bobur — «Boburnoma» ijodkori.
  5. Bobur — fidoyi ota.
  6. Bobur xotirasiga ehtirom.

Shoh Bobur haqida.

Har bir xalqning tarixiy, madaniy-milliy qiyofasini aniq belgilovchi ulug‘ shohlari, buyuk olimlari, yirik adib va shoirlari bo‘ladi. Insoniyatning abadiyatga mansub ana shunday buyuk farzandlari safida Zahiriddin Muhammad Bobur ham o‘z o‘rniga ega. Kishilik tarixida Boburchalik shaxsiy imkon, iqtidor va fazilatlari beqiyos kishilar juda kam uchraydi. Bobur — buyuk podshoh, mumtoz shoir, nazariyotchi adabiyotshunos, faqih, tilshunos, san’atshunos, etnograf, hayvonot va nabotot olamining bilimdoni sifatida ko‘pqirrali faoliyat va ijod sohibi edi. Birgina «Boburnoma» uning yigirmadan ortiq sohalarga qiziqqanligiga yaqqol misoldir.

Shoh Bobur Bobur, birinchi navbatda, shoh, boburiylar sulolasining asoschisi. Balki, boburiylar jahon tarixida eng uzoq yillar(332 yil) hukmronlik qilgan sulola bo‘lib chiqar… U podshoh sifatida lashkar tortib shohlarga xos mag‘lubiyatlarning achchiq alamlariyu zafarlarning ulug‘vor nashidalarini surishni ko‘p marotaba o‘z boshidan kechirdi. Otasi singari ulug‘ himmatli va oliy maqsadli shaxs bo‘lganligidan Farg‘ona viloyatini kichik joy deb hisoblab, Samarqandga intildi. U yerda Shayboniyxondan yengilib, Kobulga keldi va keyin Hindistondek bepoyon yirik mamlakat hukmdoriga aylandi. Buyuk shoh Bobur Hindistonda temuriylarga xos ulug‘ bunyodkorlik an’analarini davom ettirdi: muhtasham qasrlar tiklash, ariq-kanallar qazish, bog‘-rog‘lar bunyod etish, adabiyot, ilm-fan rivojiga homiylik qilish, elni adolat bilan boshqarish singari fazilatlar keyinchalik Hindistonning buyuk Boburshoh: shoir va adib  2 farzandlari tomonidan chinakam ijobiy baholandi.

Hindistonning donishmand farzandi, buyuk davlat arbobi Javohirla’l Nehru o‘zining «Hindistonning ochilishi» va «Jahon tarixiga bir nazar» asarlarida Zahiriddin Muhammad Bobur haqida samimiyatga to‘liq ushbu fikrlarni izhor etgan: «Bobur — dilbar shaxs. Uyg‘onish davri hukmdorining haqiqiy namunasidir. U mard va tadbirkor odam bo‘lgan. Bobur o‘ta madaniyatli va jozibali insonlar orasida eng yetuk insonlardan biri edi. U mazhabparastlik kabi cheklanishdan va mutaassiblikdan yiroq edi… Bobur san’at va, ayniqsa, adabiyotni sevardi».

Tavsiya etamiz: Zahriddin Muhammad Bobur g’azallari. Bobur she’rlari

Bugun Hindistonning Panipat shahriga borgan kishi Zahiriddin Muhammad Boburning Sulton Ibrohim Lo‘diy bilan bo‘lgan tarixiy muzaffarona jangi manzaralarini shaharning ochiq osmoni ostidagi muzeyda ko‘rarkan, ulug‘ hind xalqining Boburga nisbatan hurmat-ehtiromi kuchliligiga amin bo‘ladi. Yoki Bangladesh poytaxti Dakka shahrini kezgan kishi «La’lbog‘-qal’a» tarixiy muzeyiga kirib Bobur va boburiylarga bag‘ishlangan xonalarni kezarkan, Bobur va uning vorislariga tegishli kiyimlar, uyro‘zg‘or buyumlari, harbiy qurol-aslahalar, Ustod Aliquli quygan toshotar to‘plar, miltiqlar — tufaklar, sovut, qilich-qalqonlar, dubulg‘a, ot kejimlarini(o‘q va qilich zarbasidan himoya qiluvchi yopinchiqlar), o‘sha davr kishilarini o‘z zamonlari liboslarida tomosha qilgan kishi Hindiston va Bangladesh xalqlarining Bobur va boburiylarga bo‘lgan hurmatlarini yorqin tasavvur eta oladi.

Buyuk tarixiy siymo sifatida Bobur shaxsi Yevropa va AQSh sharqshunos-tarixchi olimlari diqqate’tiborini o‘ziga jalb etgan. Ingliz tarixchisi Eduard Holden, avvalo, Boburni mashhur Yuliy Sezar bilan qiyoslashni lozim topadi: «Bobur fe’l-atvoriga ko‘ra Sezarga qaraganda sevishga arzigulikdir. Uning manglayiga yuksak fazilatli inson deb bitib qo‘yilgan». Zahiriddin Muhammad Boburning bolalik va o‘smirlik yillari haqida roman yozgan «Boburnoma»ning ingliz tarjimoni Uilyam Erskin Boburni Osiyo podshohlariga qiyosan shunday baholaydi: «Saxovati va mardligi, iste’dodi, ilm-fan, san’atga muhabbati va ular bilan muvaffaqiyatli shug‘ullanishi jihatidan Osiyodagi podshohlar orasida Boburga teng keladigan birorta podshoh topilmaydi».

Bobur — sohibdevon sohir shoir.

Bobur shuhratda daho Alisher Navoiyning yonida turadigan mumtoz so‘z san’atkori, shoir va Boburshoh: shoir va adib  3 adibdir. Badiiy mahorat bobida biror o‘zbek shoh va shoiri Bobur bilan bellasha olmaydi. She’riyat uchun xos bo‘lgan bir necha zaruratlar: nuktapardozlik(yangi fikrlar ayta olish mahorati), jozibali badiiy san’atlardan me’yorida ustalik bilan foydalanish sehrgarligi va ehtiros jo‘shib turgan rangin tuyg‘ular talqini boburona samimiy she’riyat fazilatlaridir. Buning ustiga uning mumtoz she’riyatga dadil kiritgan tarjimaihollik xususiyati ham Bobur she’riyatini alohida nurlantirib turadi. Ana shu keyingi xususiyat shoirning vatanparvarlik tuyg‘ulariga jon bag‘ishlaydi.

Tavsiya etamiz: Zahriddin Muhammad Bobur tarjimai hol.

U ona shahri, Vatani sog‘inchlarini she’rda ifodalar ekan, Hindiston shahanshohi beixtiyor o‘zining andijonlik g‘aribligiga kitobxon e’tiborini tortadi: Ne yerda bo‘lsang, ey gul, andadur chun joni Boburning, G‘aribingg‘a tarahhum aylagilkim, andijoniydur. Shoirona yurtsevarlik, vatanfidoyilik Bobur shaxsida shunchalik tantana qiladiki, buyuk imperator Bobur endi Andijondan yiroqlikni, garchi bu martaba Hindiston taxti bo‘lsa ham, qismatdagi yuz qarolig‘, deb hisoblaydi: Tole’ yo‘qi jonimg‘a balolig‘ bo‘ldi, Har ishniki ayladim xatolig‘ bo‘ldi.

O‘z yerni qo‘yib, Hind sori yuzlandim, Yo Rab, netayin, ne yuz qarolig‘ bo‘ldi?! She’r ta’sirchanligini ta’minlagan fikriy kashfiyot: tolesizlik, jonga balo orttirishlik, xato qilishlik, yuzi qarolik — bularning hammasi o‘z yurtidan bosh olib ketishda, g‘ariblikni bo‘yinga olishdadir. Kechagina Bobur o‘zining Kobulga tashrifi vaqtinchalik ekani, hamishalik(muqim) emasligiga iqror bo‘lgan edi: Beqaydmenu xarobi siym ermasmen, Ham mol yig‘ishtirur laim ermasmen. «Kobulda iqomat qildi Bobur» dersiz, Andoq demangizki, muqim ermasmen. Hech bir shoir Vatandan yiroqlik fojiasini Boburchalik ko‘ptomonlama va ta’sirchan ifodalay olmagan bo‘lsa kerak. Bobur g‘azallarining asosiy mavzusi oshiqona ehtiroslar, mushtoqliklar, yolvorishlar, iztiroblaru kuyib-yonishlardir.

Oshiqning mahbubaga iltijosi talqinida tazod usulida yigit yuzining kuzgi yaproqdek sarg‘ishu, suluvning lola yuzi qirmiziligiga diqqat tortilgani ta’sirchan: Xazon yaprog‘i yanglig‘ gul yuzung hajrida sarg‘ardim, Ko‘rub rahm aylagil, ey lolarux, bu chehrai zardim! Oshiqona munosabatlarning Bobur topgan ajabtovur ziddiyatiga qoyil qolmaslikning iloji yo‘q: oshiqning mahbubasi ayrilig‘iga sabr qilishi juda mushkul. Biroq uchrashuvda — visolda ham ularning chiqishmoqliklari bundan-da mushkulroq: Agarchi sensizin sabr aylamak, ey yor, mushkuldur, Sening birla chiqishmoqlik dog‘i bisyor mushkuldur.

Mizojing noziku sen — tund, men — bir beadab telba, Senga holimni qilmoq, ey pari, izhor mushkuldur! She’rda nur va soyalar jilvasi, ya’ni ma’no jihatidan qarama-qarshi so‘zlarni qo‘llash ta’sirchanlikni ta’minlovchi omillardan bo‘lib, buni tazod(zidlov) san’ati deyiladi. Odatda, baytda bir-biriga zid ma’noli ikki so‘z ushbu san’atning misralardagi ko‘rsatkichi bo‘ladi. Bobur tazod san’atidan foydalanishda mahorat ko‘rsatib, zid ma’noli ikki so‘zni emas, to‘rt so‘zni emas, olti so‘zni bir baytda qarama-qarshi ma’nolarda tiza oladi:

Netgaymen ul rafiq bilakim, qilur base, Mehru vafo — raqibg‘a, javru jafo — menga. Baytdagi o‘zaro zid ma’noli tazod ko‘rsatkichlarini tizib ko‘raylik: rafiq — raqib; mehr — javr; vafo — jafo. Oshiqqa jafokor, raqibga lutf-marhamatli ofatijon mahbubaning fe’l-atvori ana shunday zidlov usulida bir baytdayoq oydinlashadi. Alisher Navoiy badiiy tasvir vositalaridan iyhom san’atining «xossa ma’no» ifodalovchi unsurligini qayd etgan edi. Bobur she’riyati baytda bir yoki ikki so‘zni ikki ma’noda qo‘llash san’ati bo‘lgan iyhomga juda boydir. Chunonchi, uning quyidagi baytida «so‘rorim bor» birikmasi so‘ramoqchiman va so‘rmoqchiman ma’nolarida qo‘llangan: Labing bag‘rimni qon qildi, ko‘zumdin yosh ravon qildi, Nega holim yomon qildi, men ondin bir so‘rorim bor.

Bobur — badiiy tarjimon.

Zahiriddin Muhammad Boburning Xoja Ubaydulloh Ahror va ularning farzandu nevaralariga hurmat-e’tibori katta bo‘lgan. Xoja nevaralaridan ikki kishi Bobur xizmatida bo‘lgan. Ayniqsa, Xoja Kalonning Bobur bilan qadrdonligi bir umrlik xizmati bilan izohlanadi. Bobur Xoja Ubaydulloh Ahrorning fors tilida nasrda yozilgan «Volidiya» asarini she’riy usulda o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Xoja Ubaydulloh bu asarni otalarining tavsiyalari bilan yozgan: Otasi qilgan uchun taklife, Qildi oning otig‘a ta’life. Bobur ota sifatida bu asardagi ota tilidan farzandga aytilgan diniy-tasavvufiy o‘gitlarni o‘z farzandlariga yetkazish uchun ushbu kitobni nazmda ona tiliga o‘girgan.

Tavsiya etamiz: Alisher Navoiy buyuk o‘zbek adibi. Alisher Navoiy haqida insho.

Nega nasrda emas? Chunki nazmni xotirada saqlash imkoni kattadir. Qolaversa, nazmning hurmat va e’tibori nasrga nisbatan juda yuqori hisoblangan. Tarjimon tarjimani boshlash va oxiriga yetkazish sababini «Vaqoe’»da shunday bayon etadi(matn tabdili): «Juma kuni, oyning yigirma uchinchisida badanimda isitma zohir bo‘ldi. Shunday bo‘ldiki, juma namozini masjidda qiynalib o‘qidim. Ertasiga peshin namozini ehtiyot yuzasidan kitobxonada biroz muddatdan so‘ng o‘qidim. Indini, yakshanba kuni yana isitmam chiqdi, ozroq titradim.

Seshanba kechasi, safar oyining yigirma yettinchisida hazrat Xoja Ubaydullohning «Volidiya» risolasini nazm qilmoq fikri ko‘nglimga keldi. Hazratning ruhiga iltijo qilib, ko‘nglimdan kechirdimki: agar bu manzuma hazratga ma’qul bo‘lsa, xuddi «Qasidai Burda»ning qasidasi ma’qul bo‘lib, sohibi falaj kasalidan xalos bo‘lgani singari, men ham bu xastalikdan forig‘ bo‘lsam, nazmim qabul qilinganiga shu dalil bo‘lardi. Ushbu niyat bilan… risolani nazm etishga kirishdim. O‘sha kechaning o‘zida o‘n uch bayt yozdim. Xuddi atayin kelishilgandek, har kuni o‘n baytdan kam bitilmas edi. Darvoqe’, bir kungina bu ish qilinmadi. O‘tgan yili va balki har gal bu xastalikka chalinganimda, aqalli bir oy, qirq kun og‘rirdim.

Tangri inoyati bilan, hazratning himmatidan, payshanba kuni, oyning yigirma to‘qqizinchisida birozgina isitmaladim, keyin mutlaqo tuzalib ketdim. Shanba kuni, rabi ulavval oyining sakkizinchisida risola so‘zlarini she’rga solish nihoyasiga yetdi…».

Bobur — «Boburnoma» ijodkori.

Biz Zahiriddin Muhammad Boburning mumtoz shoir sifatidagi shuhratidan voqifmiz. Biz o‘zbeklar uchun Bobur boshqa barcha mumtoz shoirlarimiz kabi aziz va muhtaram. Biroq Boburga jahoniy shuhrat keltirgan asar uning «Devon»i, «Mubayyin»i yoki «Aruz risolasi» emas, balki «Boburnoma», yanada aniqrog‘i, uning turli tillarga qilingan tarjimalaridir.

XV—XVI asrlarda Xuroson va Movarounnahr, Hindiston va Afg‘oniston, Eron va Turkiyada fors tili va adabiyoti nufuzining qay darajada yuksak ekanligini «Boburnoma» kotibi va tarjimoni so‘zlari bilan izohlash mumkin: asarning fors tiliga o‘girilishi Hindistondan Turkiyagacha bo‘lgan juda ulkan hudud xalqlariga, ziyolilariga yetib bordi, degan ishonch edi. Kotib «Boburnoma»ni nazarda tutib yozmoqda: «Ushbu kitobkim, «Boburiya»dur, Bayramxonni o‘g‘li Mirzoxong‘a buyurdilarkim, turkiydin forsiyg‘a kelturgilkim, turkiy bilmog‘on xaloyiqqa oson bo‘lg‘ay». «Boburnoma»ni yana fors tiliga o‘girgan Rashid Axtar Nadviy Bayramxonning o‘g‘li Abdurahim Xonixononning ilk forsiy tarjimasi xususida to‘xtalib yozadi: «Shundan keyin jahon ahli birinchi marta buyuk tojdor(Bobur)ning so‘z mulkining ham shahanshohi ekanidan xabar topdi». Shoh, adib, shoir, lashkarboshi Boburning ,,Vaqoe’»(Voqealar), keyinchalik «Boburnoma» nomida shuhrat qozongan asari Zahiriddin Muhammad Boburning ongli hayoti va faoliyati muhim qismining kundaliksimon bayonidir.

Shuning uchun shoir bu asar va uning o‘z tarjimai holiga nechog‘li daxldorligi xususida bir ruboiysida shunday yozadi: Bu olam aro ajab alamlar ko‘rdum, Olam elidin turfa sitamlar ko‘rdum, Har kim bu «Vaqoe’»ni o‘qur, bilgaykim: Ne ranju, ne mehnatu, ne g‘amlar ko‘rdum. «Boburnoma», avvalo, yetuk badiiy asar. Badiiy tasvirga xos talqinlar, voqea-hodisalarni butun voqeiyligi bilan kitobxon ko‘z oldida gavdalantira olish, so‘z ustida san’atkorona ishlash, uslub baquvvatligi — bu uslubning bir xususiyati fikran saxiyligu ixcham bayon bo‘lsa, ikkinchi xususiyati — o‘zigagina xosligi va, eng muhimi, ta’sirchanlik ustuvorligidir.

Muallif garchand kamtarlik bilan ko‘pincha o‘zini chetroq tortib, «farmon berdim» o‘rniga «farmon berildi» tarzida matnda o‘z daxlini oldinga chiqarishdan tiyilsa-da, asardagi bosh qahramon — Boburning o‘zi bo‘lib qolaveradi. Farg‘ona, Kobul va Hindistondagi voqea-hodisalar ummonida Zahiriddin Muhammad Boburning o‘ktam shaxsiyati baralla ko‘zga tashlanadi.

Bobur — fidoyi ota.

«Boburnoma» ma’lumotlaridan biz Boburni o‘z ukalari, opa-singillariga g‘amxo‘r, xola va bo‘lalarining, tog‘alarining, xullas, barcha urug‘larining qadriga yetuvchi andishali inson sifatida taniymiz. Har ikki ukasini o‘zi bilan Kobulga, so‘ng Hindistonga olib ketdi; ularni tarbiyaladi va qadrladi. Pochchasi Mirzoxon Bobur taxtini olganda xolasi tufayli, xolavachchalarining yuzini qilib, u o‘limga mustahiq bo‘lsa ham, kechirdi. Farzand tarbiyasi masalasida ham Bobur idrokli ma’rifatparvar, talabchan ustoz maqomidagi padardir.

Humoyunga yozgan xatida uning yozuvidagi nuqsonlar, uslubidagi kamchiliklarni qayd etadi; hukmdorga xos bo‘lmagan xilvatparastlikni tanqid qiladi; ko‘p bilan ishlash, beklar bilan shug‘ullanish, kengashish shartligini uqtiradi. O‘zi ham otalik baxtidan surur topadi. Maqtovga xasis bo‘lgan Bobur Humoyunning axloq-odobi va kamolotiga juda yuqori baho beradi.

Bobur xotirasiga ehtirom.

O‘zbekiston va jahon olimlari sa’y-harakatlari, zahmatli ko‘pasrlik mehnatlari tufayli Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsi butun barkamolligi bilan tarixiy va adabiy siymo sifatida baralla qad ko‘tardi. Fanda boburshunoslik va «Boburnoma»shunoslik yo‘nalishlari yaqqol sezilib qoldi. XX asrgacha o‘zbek tarixchi va tazkirachilari asarlarida Bobur haqida ma’lumotlar berildi. Chunonchi, Bobur vafotidan 36 yil keyin Hasanxoja Nisoriy «Muzakkiri ahbob» nomli tazkirasida Bobur va boburiy ijodkorlarga katta o‘rin ajratgan.

Boburga bag‘ishlangan sahifadan iqtibos: «(Bobur) chig‘atoy sultonlarining eng sarasi va zo‘r shijoatlisi edi. Shamshir zarbi bilan Movarounnahr mamlakatlariga ega bo‘lib, uni saqlab qolishda ko‘p sa’y-harakatlar va jonini ayamasdan jahdu jadallar ko‘rsatdi. Mardona to‘qnashuvlar qildi. Ammo taqdir o‘qiga tadbir qalqoni dosh bera olmadi…» Tazkirachi Boburning Hindiston taxtiga ega bo‘lganini shunday baytda ifodalaydi: Humoyunfol Boburpodshoh shohi jahon bo‘ldi, Ki Hind olib, muxolif askariga komron bo‘ldi. (Ismoil Bekjon tarjimasi.)

Tavsiya etamiz:  9-Fevral Alisher Navoiyga bag’ishlangan tadbir ssenariysi

O‘zbekistonda Bobur hayoti va ijodini o‘rganish, asarlarining ilmiy akademik va ommaviy nashrlarini e’lon qilish asosan XX asrning 40- yillaridan boshlandi. Ushbu xayrli ish boshlanishiga muayyan ma’noda Alisher Navoiy tavalludi tantanalarining rejalashtirilishi va o‘tkazilishi ham turtki bo‘lgan, degan fikrlar bor. Boburning O‘zbekistonda tanilishi va o‘rganilishida olimlardan Abdurauf Fitrat, Maqsud Shayxzoda, Homil Yoqubov, Oybek, Olim Sharofiddinov, Porso Shamsiev, Sodiq Mirzaev, Aziz Qayumov, Vohid Abdullaev, Natan Mallaev, Botirxon Valixo‘jaev, Xosiyat Nazarova, Hamidulla Hasanov, Said Aliev, Aleksandr Samoylovich, Iya Stebleva, Mixail Sale, Sabohat Azimjonova, Saidbek Hasanov, Abdurashid Abdug‘afurov, Yoqubjon Ishoqov, Ibrohim Haqqul, Turg‘un Fayziev, Fozila Sulaymonova, Fathiddin Ishoqov, Hasanjon Qudratillaev, Ismoil Bekjon, Begali Qosimov, G‘aybulla Salomov, Ne’matulla Otajonov, Ansoriddin Ibrohimov, Rahim Vohidov, Hamidulla Boltaboev, Iqboloy Adizova, G‘afurjon Sotimov, Zokirjon Mashrabov, Sayfiddin Jalilov, adiblardan Pirimqul Qodirov, Xayriddin Sultonov, Qamchibek Kenjaning xizmatlari qayd etgulikdir.

Har nima bo‘lganda ham shoh va shoir Bobur asarlarining o‘zbek poeziyasi antologiyasiga, o‘rta maktab darsliklariga kiritilishi, 40- yillardayoq «Boburnoma»ning ikki kitob holida nashr etilishi, rus tiliga Mixail Sale tomonidan tarjima qilinishi va shu tarjima orqali boshqa tillarga o‘girilishi; Bobur davri, hayoti va ijodi haqida tarix, adabiyot fanlaridan nomzodlik va doktorlik dissertatsiyalarining yozilishi, Bobur asarlari uchun lug‘atlar tuzilishi, adabiyot va san’atda Bobur obrazining yaratilishi, O‘zbekistonda shoir nomining abadiylashtirilishi kabilar XX asrga mansubdir. Bunda 80- yillari Boburga nisbatan mafkuraviy xurujlar uyushtirilganini ham inobatga olmoq kerak bo‘ladi, albatta. Istiqlol yillari davomida Bobur va boburiylar haqidagi kitoblarning ko‘plab yaratilganini alohida qayd etishga to‘g‘ri keladi; yuzlab maqolalar, o‘nlab risola va monografiyalar buning yorqin dalilidir.

Hasanjon Qudratillaevning «Bobur armoni», Rahim Vohidovning «Biz bilgan va bilmagan Bobur», Iqboloy Adizovaning «So‘zumni ko‘rub anglag‘aysan o‘zumni…», Ansoriddin Ibrohimovning «Boburnoma» — buyuk asar», «Boburnoma»dagi hindcha so‘zlar», G‘afurjon Sotimovning «Boburiyzodalar», «Markaziy Osiyo va Hinduston tarixida boburiylarning o‘rni», Sayfiddin Jalilovning «Bobur va Yuliy Sezar», «Bobur haqida o‘ylar», Fathiddin Ishoqovning «Boburnoma» uchun qisqacha Boburshoh: shoir va adib  izohli lug‘at», Zokirjon Mashrabov va S. Shokarimovning «Asrlarni bo‘ylagan Bobur», Aziz Qayumov va Saidbek Hasanovning «Bobur ijodiyoti», Qamar Raisning «Bobur shaxsi va she’riyati», Shafiqa Yorqinning «Bobur devoni. Takmila»; Komron «Devon»i (ilmiy-tanqidiy matn), «Gulbadan Begim «Humoyunnoma», Rumer Godenning «Gulbadan» romani, Pirimqul Qodirovning «Bobur», «Avlodlar dovoni» romanlari, Xayriddin Sultonovning «Boburning tushlari», «Saodat sohili», «Boburiynoma» qissalari va ma’rifiy romani, Qamchibek Kenjaning «Hind sorig‘a», «Buyuklar izidan», «Andijondan Dakkagacha», «Andijondan Bag‘dodgacha» safarnomalari shular jumlasidandir.

Ulug‘ Istiqlol bilan deyarli tengdosh — 1992 yil fevralidan ta’sis etilgan Bobur xalqaro xayriya fondi ham Zahiriddin Muhammad Bobur abadiyatini ta’minlashda, Bobur va boburiylar asarlari, tarjimalari va ular haqidagi jahon olimlarining tadqiqotlarini qo‘lyozma, toshbosma va tipografik nashrlar holida o‘z vataniga — Andijonga olib kelishda ko‘plab xayrli ishlarni bajarmoqda.

Tavsiya etamiz: “Boburnomadan olgan taassurotlarim ” mavzusidagi insho

manba

TAVSIYA ETAMIZ

ILMLAR.UZ. 2023

Imtihon 2024
TESTLAR
Darsliklar
Tv dasturlar