Xudoyberganov Matrasul Matchonovich hayoti va ijodi haqida. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan o‘qituvchi Xudoyberganov Matrasul Matchonovich 1916 yil 4 mayda Xorazm Viloyati Shovot tumani Ko‘raklar kishlog‘ida tug‘ilgan, otasi Matchon bobo 1918 yilda vafot qilgan. Otasidan juda erta ayrilgan Matrasul ona tarbiyasida katta bo‘lgan.
1934 yili 7 yillik maktabni tamomlab 1938 yilgacha pedagogika bilim yurtida o‘qigan, 1939 yilda Urganch o‘qituvchilar instituta kirib 1941 yilda uni bitkazgan. 1953 yilda XDPIda sirtdan o‘qigan.
1931-35 yillarda Strelkov nomli 7 yillik maktabda boshlangich sinf o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan (shu maktabda ham o‘qigan, ham dars bergan).
1935-39 yillarda Beshmargan qishlogidagi 7 yillik Pushkin nomli maktabda oldin o‘qituvchi, keyin direktor bo‘lib ishlagan. 1941-42 yillarda Yangiariqdagi M. Gorkiy maktabida o‘quv ishlari mudiri, keyin direktor bo‘lib ishlagan.
1942-43 yillarda Kursk ostonalaridagi qonli front chizigida fashizmga qarshi qaqshatkich janglarda ishtirok etgan, bir necha bor yaralangan. Harbiy tibbiyot komissiyasi tomonidan harbiy xizmatga yaroqsiz deb topilgach, ona qishlog‘iga qaytarilgan.
1943-44 yillarda qishloqdagi Pushkin maktabida, 1944 yildan Shovot tumani markazidagi Strelkov nomli maktabda direktor bo‘lib ishlagan.
1948 yilda Shovot tumani Xalq ta’limi bo‘lim mudiri, 1953 yil Xorazm viloyat ijroqo‘mi kotibi, sentyabr 1953 yilda “Xorazm xaqiqati” gazetasi muxarrir o‘rinbosari, 1959 yildan 1980 yilgacha viloyat xalq ta’limi bo‘limining mudiri, 1980-81 yillarda “Xorazm xaqiqati” gazetasida bosh muxarrir o‘rinbosari, 1981-83 yillarda viloyatdagi o‘qituvchilar malakasini oshirish instituti direktori lavozimida ishlagan.
Ana shu davriy nashrdagi faoliyati mobaynida ijtimoiy turmushning dolzarb masalalarini tezkor ravishda ilg‘ab olib, mushtariylar e’tiboriga havola etish, ta’sirchan materiallar tayyorlash kabi sifatllari bilan yoshlarga ibrat ko‘rsatdi. U ijtimoiy turmushning barcha jabhalari, publitsistikaning rang-barang janrlarida birday samarali qalam tebratar, hayot kun tartibiga qo‘yayotgan masalalarni matbuot sahifalarida dadillik bilan ko‘tarib chiqar, shu bois uning har bir materiali jamoatchilik tomonidan iliq kutib olinardi.
1981 yilning o‘rtalaridagi ijodiy yig‘ilishlardan birida publitsistika janrining o‘ziga xos xususiyatlari, jurnalist mahorati haqida qizg‘in gap bordi. O‘shanda M.Xudoyberganov qalamiga mansub “Yashashdan maqsad” sarlavhali publitsistik material haqida ijobiy fikrlar bildirilib, unda voqelik, insonning burch-mas’uliyati haqidagi masalalar yuksak ko‘tarinkilik bilan talqin qilinganligi mamnuniyat bilan qayd etildi. “Insonga hayot bir marta beriladi. Va unda munosib yashash, o‘zidan yaxshi nom, el-yurt farovonligini oshirish yo‘lida yorqin izlar qoldirish har bir kishining chin insoniylik burchidir” deya nuqta qo‘yiladi publitsistik materialga.
M. Xudoyberganov 1983 yil noyabr oyida vafot etdi.
Manba.