XIX asrning soสปnggi choragida tugสปilib, XX asrning oสปrtalariga qadar yashab ijod etgan Sadriddin Ayniy oสปzbek va tojik adabiyotlari taraqqiyotiga muayyan hissa qoสปshgan zullisonayn yozuvchidir.
U mansub boสปlgan yozuvchilar avlodi xalq va jamiyat hayotidan uzoqlashib qolgan mumtoz Sharq adabiyotiga yangi toสปlqin berishga, uni yangi tarixiy davrning gสปoyalari bilan boyitishga intildi.
Shu maสผnoda Sadriddin Ayniy va uning qalamkash birodarlari XX asrning 10-yillarida yangi tipdagi oสปzbek va tojik adabiyotiga poydevor qoสปydilar.
Sadriddin Ayniy 1878 yili Buxoro viloyatining Gสปijduvon tumaniga qarashli Soktare qishlogสปida tugสปildi. Oสปn bir yoshida ota va onasidan yetim qoldi.
Maสผrifatparvar otasi qoสปlidadastlabki taสผlimni olgan Sadriddin Ayniy 1890โ1899 yillarda Buxorodagi madrasalarda tahsil koสปrib, oสปz davriga yarasha puxta bilim egalladi. Kalkutta, Bogสปchasaroy, Ufa, Orenburg, Qozon singari shaharlarda nashr etilgan gazeta va jurnallar bilan tanishish, ayniqsa, Fitratning โMunozaraโ, โSayyoh hind qissasiโ singari asarlarini mutolaa etish boสปlajak yozuvchining dunyoqarashida inqilobiy oสปzgarishlarni vujudga keltirdi.
U amirlik tuzumining chiriganini, mamlakatni boshqarish usulini yangilash, demokratik islohotlar oสปtkazish va xalq ommasini maสผrifatlashtirish zarurligini sezdi. Sadriddin Ayniy ana shu tarzda yosh buxoroliklar harakatiga kelib qoสปshildi va oสปzbek jadid adabiyotining yorqin namoyandalaridan biriga aylandi.
Sadriddin Ayniy oสปsmirlik yillarida turmush tebratish uchun jismoniy mehnat bilan koสปproq shugสปullangan boสปlsa, ijtimoiy ongida roสปy bergan oสปzgarishlar tufayli keyinchalik aqliy mehnat yordami bilan kun kechira boshlaydi. Chunonchi, u tatar maktabida tarjimon boสปlib xizmat etadi. Shu asnoda muayyan malaka hosil qilgan Sadriddin Ayniy doสปsti Mirza Abdulvohid bilan birga uning hovlisida maktab ochadi.
1909 yilda esa โTazhib us-sibiyonโ (โBolalar tarbiyasiโ) degan oสปqish kitobini yaratadi. Yosh muallimning bu dastlabki pedagogik ishlari oสปsha davr uchun katta voqea boสปlgani sababli qattiq qarshilikka uchraydi.
โImtihonlar boshlangan pallada, โ deb yozadi u tarjimai holida, โ katta mullalar igสปvo boshlab, bolalarni kofir qiladi, deb bizning maktabimizga qarshi chiqdilar, ular amirga murojaat qilib, maktabimizni yoptirdilar va amirga qarashli boสปlgan kishilar bu bilan ham qanoatlanmay, Mirza Abdulvohidni olomon qilib oสปldirmoqchi boสปldilar. Ular Buxorodan qochib ketdilar, men bir muncha vaqg yashirinib yurdimโ.
Bunday taสผqiblar uzoq davom etdi. 1917 yil Fevral inqilobidan soสปng esa Sadriddin Ayniy faol ijtimoiy harakatdan uzoqlashganiga qaramay amir tomonidan yetmish besh tayoqlik jazoga hukm qilinadi.
Sadriddinning badiiy ijodga qiziqishi talabalik yillarida boshlangan. U dastlab Sifliy (Past), Muhtojiy va Jununiy (Telba), oสปn sakkiz yoshida esa โAyniyโ taxallusi bilan ijod qila boshladi.
Sadriddin Ayniyning 1917 yilga qadar yaratgan asarlari u qadar koสปp emas. U garchand inqilobga qadar boสปlgan davrda โOynaโ, โUlugสป Turkistonโ, โAl-islohโ, โHurriyatโโSadoi Turkistonโ, โTaraqqiyโ singari gazeta va jurnallarda oสปz sheสผrlari va maqolalari bilan yosh ijodkor sifatida qatnashadi, vaqt oสปtishi bilan jiddiy hayotiy mavzularga qoสปl urishga, davrning qon tomirini topishga intiladi.
Chunonchi, 1896โ1904 yillarda โGuli surxโ, โBazmโ singari katta mazmundan xoli sheสผrlarni yozgan boสปlsa, keyinchalik yaratgan โYoshlarga murojaatโ, โHasratโ, โNa oสปldi, yo rab!โ, โMoziy va holโ, โYerni yana sotmangโ singari sheสผrlarida jadid adabiyotining nafasi ufurib turadi.
โUstoz Ismoilbek janoblariโ degan marsiyada esa Sadriddin Ayniy jadidchilik harakatining otasi Ismoil Gสปaspirali vafoti munosabati bilan musulmon Sharqi oสปzining buyuk rahnamolaridan biridan mahrum boสปlganini aytadi.
Sadriddin Ayniy 1917 yilga qadar kechgan ijodida, boshqa jadidlar singari maqolanavislik (publitsistika) bilan ham samarali shugสปullandi. Uning โOynaโ jurnalida chop etilgan โHar bir millat oสปz tili ila faxr etarโ degan maqolasi muallifning 1915 yildayoq Turkiston xalqlari oสปrtasida oสปzbek tilining mavqeini koสปtarish vazifasini oสปz oldiga qoสปyganini namoyish etdi. U shu davrda nazariy xarakterdagi ishlar bilan band boสปlib qolmay, fors-tojik tilida โBuxoroi sharifโ, oสปzbek tilida โTuronโ gazetalarini nashr etishning tashabbuskorlaridan biri boสปldi.
โUshbu ikki gazeta, โ deb yozgan edi Sadriddin Ayniy, โ Italiya va Bolqon muhorabasi asnosida nashr boสปlgสปonlaridan har bir narsadan xabarsiz Buxoro aholisini tarihdan, siyosatdan, jugสปrofiyadan, Ovroสปponing umumiy ahvolidan, musulmonlarning halokat chuquriga tushayotganlaridan xabardor qildilar. Yoshlar boshiga adabiyot, qalam va oสปqimoq fikrlari tushdi. Otalar eslariga bola tarbiyasi va oสปqitmoq hollari keldiโ.
Sadriddin Ayniyning dastlabki ijodiy faoliyati toสปgสปrisida soสปz borar ekan, 1909โ1910 yillarda tuzilgan โTarbiyai atfolโ (โBolalar tarbiyasiโ) jamiyatini chetlab oสปtish mumkin emas. Sadriddin Ayniy ishtirokida tuzilgan bu jamiyat oสปz oldiga, birinchidan, keng xalq ommasi orasida maorif va turli adabiyotlarni tarqatish, ikkinchidan, isrofgarchilikka, maishatparastlikka va boshqa nojoสปya urf-odatlarga qarshi kurash, uchinchidan esa hukumatga qarshi keng tashviqot ishlarini olib borish vazifasini qoสปygan.
Xullas, Sadriddin Ayniy bu davrdagi ijodi va tashkilotchilik faoliyati bilan oสปzbek jadidchilik harakati va jadid adabiyotining shakllanishida muhim ahamiyatga molik ishlarni amalgaoshirdi. Uning bu boradagi xizmatlari Sadriddin Ayniy ijodiy faoliyatining munavvar sahifalaridan birini tashkil etadi.